30.03.2021
481

ABU BAKR IYODIY

(vaf. 361/971 y.) 

Abu Bakr Iyodiy iyodiylar sulolasining vakili hisoblanib, Abu Ahmad Iyodiyning ukasidir. Uning “al-Masoil al-ashriya” nomli asari mashhur bo‘lgan. Abu Bakr Iyodiy Adid ad-Davla tomonidan rasmiy lavozimlarga tayinlangan. U Imom Moturidiydan so‘ng, Abu Salama Samarqandiydan oldin vafot etgan. U Imom Moturidiyning zamondoshi, Samarqandning mashhur olimlaridan biri bo‘lgan, mahalliy aholi o‘rtasida yuksak hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan.

Ibn Zakariyoning “Sharh Jumal usul ad-din” asarida keltirilgan rivoyatda qayd etilishicha, faqih Abdussamad ibn Ahmad Arbinjoniy Imom Moturidiy vafot etganida Abu Bakr Iyodiyning: “Ummatning olimlari diniy ilm va hukmlarni o‘rgatishda payg‘ambarlar kabidir. O’tmishda bir payg‘ambarning umri o‘z yakuniga yetib, hal qilinishi lozim bo‘lgan yangi masalalar yuzaga kelganida, ularning yechimini topishi lozim bo‘lgan olimlar qolmasa, yangi payg‘ambar yuborilgani kabi, ushbu ummatning ichida ham har bir asrda vafot etgan olimlarning o‘rniga yangi olimlar keladi yoki qiyomat boshlanadi. Chunki Alloh taolo bandalarni to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchilardan mahrum qilmaydi”, – deganini keltirgan.

Muhammad ibn Ibrohim Hosiriyning “al-Haviy fil fatovo” nomli asarida keltirilgan rivoyatda qayd etilishicha, bir kishi Abu Bakr Iyodiydan o‘zining ahli sunna val jamoa mazhabida ekanini qanday yo‘l bilan bilish mumkinligi haqida so‘raganida, Abu Bakr: “Kimning ilmi ahli sunna val jamoaning ilmi, Allohning Kitobi, Rasulullohning sunnati va salaf faqihlarning so‘zlariga muvofiq bo‘lsa, u ahli sunna val jamoa mazhabidandir”, – deb javob bergan.

Yuqorida keltirilgan rivoyatlar Abu Bakr Iyodiyning samarqandlik hanafiy olimlari o‘rtasida yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Jumladan, Ibn Zakariyo uni ahli sunna val jamoaning bayroqdori deb e’tirof etgan. Shu bilan bir qatorda, uning Imom Moturidiyning ta’ziyasida aytgan so‘zlari ham Abu Bakr Iyodiy va Imom Moturidiylar Samarqandning ilm ahli orasida alohida mavqega ega bo‘lganidan dalolat qiladi.

Abu Bakr Iyodiy o‘zining ayrim aqidaviy qarashlari aks etgan “al-Masoil al-ashriya al-Iyodiya” asarini vafotiga yaqin yozib tugatgan hamda xalqni mo‘‘taziliylik g‘oyalaridan uzoq bo‘lishi uchun uni odamlarga e’lon qilgan.

Abu Bakr Iyodiy ushbu kitobida o‘nga yaqin aqidaviy masalani yoritib bergan. Jumladan:

  • bandalarning fe’llarini yaratuvchi, shubhasiz, Allohdir. Bandalarning fe’llari Allohning qazosi va mashiati (xohishi) orqali paydo bo‘ladi;
  • Alloh azaliy xoliq (yaratuvchi)dir. Uning ilmi va sifatlari azaliydir. Ushbu sifatlar na Allohning O’zi va na boshqasidir;
  • idrok va ihota qilmasdan turib Alloh taoloni oxiratda ko‘rib bo‘lmaydi. Biroq Alloh taolo ko‘rishni istagan bandasiga istagan shaklda O’z jamolini lutf qiladi;
  • Qur’on Allohning kalomi bo‘lib, u maxluq (yaratilgan) ham emas, muhdas (keyin paydo bo‘lgan) ham emas;
  • gunohi kabira sodir etgan mo‘minlarning holati Alloh taoloning mashiati (xohishi)dadir. Alloh xohlasa, O’z lutfi bilan ularni mag‘firat qiladi, xohlasa, adolati bilan ularni qilgan gunohlariga yarasha jazolaydi. O’z jazosini olgan har bir mo‘min oxir-oqibatda jannatga kiradi;
  • bandalar uchun foydali (aslah) yoki foydasiz bo‘lishidan qat’i nazar, Alloh taolo xohlagan ishni xohlagan shaklda qilishga qodir. Alloh taolo O’z ishiga javobgar emas, bandalar esa javobgardirlar;
  • Muhammad alayhissalomning gunohi kabira qilgan mo‘minlarni shafoat qilishlari haqdir;
  • qabr azobi haqdir;
  • Alloh taolo, albatta, bandalarning duolarini qabul qiladi, bandaning duosida hikmat va foyda bor;
  • har qanday qadar (taqdir), xoh u xayrli bo‘lsin, xoh yomon bo‘lsin, Allohdandir.

Hosiriyning ta’kidlashicha, yuqorida sanab o‘tilgan o‘nta masala o‘sha davrda Samarqand hanafiylarining asosiy e’tiqodiy qoidalari sifatida e’tirofga etilgan, ularga ishonmaganlar esa “sohib ash-sharr val bid’at” (bid’at va gunoh egalari) hisoblangan. Biroq Abu Bakr Iyodiy davrida uning ushbu asari ahli sunna val jamoa olimlari o‘rtasida asosiy manba sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qola olmagan. Chunki Imom Moturidiy ushbu o‘nta masalani kengroq tarzda va boshqa aqidaviy masalalarni ham yoritgan holda o‘zining “Kitob at-tavhid” asarida yoritib bergan. Shu tariqa Imom Moturidiy siymosi va uning asarlari III-IV/IX-X asrlarda turli adashgan oqimlarga qarshi kurashda asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan. Biroq Imom Moturidiy hayotlik vaqtida uning ta’limoti alohida maktab sifatida e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, hanafiylik ta’limotining bir qismi sifatida tan olingan.

Qo‘shimcha malumot

QIVOMUDDIN ITQONIY
Olimning to‘liq ismi Qivomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar ibn Amir G‘oziy Farobiy Itqoniy bo‘lib, u 1286 yilda Sayhun daryosi...
ABU SALAMA SAMARQANDIY
Allomaning to‘liq ismi Abu Salama Muhammad ibn Muhammad Samarqandiy Buxoriy bo‘lib, u haqda bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. Uning...
ABU SULAYMON MUSO IBN SULAYMON JUZJONIY
(vaf. 200/816 y.) Abu Sulaymon Juzjoniy o‘z davrining mashhur faqihlari hisoblangan Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniylardan ta’lim olgan....

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry