BIR INSON TAQDIRI O‘ZGARISHI, BAXTIYOR YASHASHIGA HISSA QO‘SHISH – ULKAN SAODAT
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusini katta qiziqish, zo‘r hayajon bilan o‘qib chiqdim. So‘zlarga e’tibor qaratdim: eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar “Vatan”, “xalq”, “Milliy manfaat”, “obodlik”, “Yangi O‘zbekiston”, “yoshlar”, “adolat”, “taraqqiyot” ekani mendagi hayrat va shukronalik hissini chandon oshirdi.
Intervyuda so‘nggi 5 yil davomida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning samarasi, erishilgan yutuqlar shunchalik samimiyat bilan kamtarona tushuntirib berilganki, sog‘lom fikrli har bir inson yuragiga, qalbiga yetib boradi. Ko‘z oldimizda ro‘y bergan, ammo ko‘pchiligimiz ilg‘amagan, tabiiy, shunday bo‘lishi kerakdek tuyulgan har bir yangilik, har bir tashabbus va o‘zgarishlar zamirida qanchalik matonat, uzoqni ko‘ra bilish va mavjud muammolarga ko‘z yummasdan, yechimiga jonfidolik ko‘rsatib, mamlakat taraqqiyotida yangi, tub burilishlar amalga oshirilgani yaqqol namoyon bo‘ladi.
Buni quyidagi fikrlarda ham his qilish mumkin: “Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib-bilmaganga, ko‘rib-ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi”.
Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ishni boshlagan kunlardanoq mustaqillikning dastlabki yillarida erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lmasdan, mustabid tuzum davridan va bir necha o‘n yilliklar davomida o‘tib kelayotgan mavjud muammo hamda o‘zibo‘larchilik kayfiyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ro‘y-rost ko‘tarib, ularni tez fursatda, adolatli hal qilishga kirishdi. Buni zahmatkash va ilm-ma’rifatga tashna xalqimizning eng og‘riqli muammosi bo‘lib kelgan o‘zligini tiklash va kelajak avlodlar manfaati uchun to‘liq saqlash, diniy e’tiqodi hamda so‘z erkinligidek qaltis va zalvorli mavzulardagi turli cheklov va sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida boshlangan keng qamrovli islohotlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar mohiyatida xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-madaniy yuksalishiga, milliy o‘zligini idrok etishiga, qaddini tiklab, qadrini anglashiga ustuvor ahamiyat qaratilib, shu asnoda mamlakat va elning iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish muddaosi mujassam bo‘ldi. Buning samarasida esa xalqimiz o‘z tarixida necha bor bosib o‘tgan noyob hodisa – Renessans – uyg‘onish, qayta tiklanish, yuksalish bosqichiga erishayotgani ham dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgan haqiqatdir.
Intervyudagi diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar haqidagi fikrlar ham e’tiborga molik va xalqimiz uning mazmun-mohiyatida qanday buyuk maqsadlar borligini bugun faxrlanib e’tirof etmoqda.
Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlar chindan ham avvalgi yo‘qotilgan yillar o‘rnini to‘ldirdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu e’tirof xalqimiz tomonidan alohida quvonch bilan bildirilmoqda. Haqiqatan, qalbdagi, imon-e’tiqoddagi kemtiklik, ta’bir joiz bo‘lsa, jarohat o‘rnining bitishi uchun malham, imkoniyat berildi.
Bugun barcha sharoit va imkoniyatlarga ega, baxt ichida tug‘ilib, shodu xurram hayot kechirayotgan yoshlarda savol tug‘ilishi mumkin: jarohat nimada edi?
Sobiq ittifoq davrida xalqimizning dinga e’tibori, ibodat e’tiqodi shu darajada “bo‘g‘ilgan” ediki, “din – afyun” g‘oyasidan kelib chiqib, namoz o‘qigan, hatto o‘z ota-onasining ta’ziyasida ishtirok etgan odam “jinoyatchi” sifatida lavozim vazifasidan bo‘shatilgan yoki ma’muriy, hatto jinoiy jazo choralari ko‘rilganini keksa avlod unutgani yo‘q. Bu – bugungi yoshlarimiz o‘zlariga xulosa chiqarishi kerak bo‘lgan achchiq haqiqat.
Yana bir jihat: Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillarida ezgu, hur, taraqqiyparvar fikr va tashabbuslar bilan birgalikda ayrim g‘arazli kuchlar ta’sirida, afsuski, turli nomaqbul g‘oya va “ommaviy madaniyat” singari xatarlar ham kirib keldi. Hali oq-qorani to‘liq anglamagan ayrim yoshlar, ming taassufki, ana shu aldov va yolg‘on va’dalarga bilib-bilmay ergashib, ko‘p holatda aziyat chekdi. Bu borada ham Prezident Shavkat Mirziyoyev yuksak bag‘rikenglik namoyon qildi, siyosiy irodasi bilan 20 mingdan ziyod eldoshimiz “maxsus qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi. Xatolari kechirilib, aziz hayotini to‘g‘ri yo‘lda davom ettirishiga imkon berildi. Bu odil qaror esa dunyoning nufuzli davlat va tashkilotlari tomonidan ham tan olinib, bag‘rikenglik siyosatining yorqin namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. Adolatli e’tirof. Shunday emasmi?! Aslida, bu yoqimli hissiyotni mazlum holida adolat ko‘rgan insonlar ko‘proq tuyadi. Joylarga chiqqanimizda bu tuyg‘uni ana shunday insonlarning ko‘zlarida porlab turgan minnatdorlik nurlarida ko‘rdik.
Ayniqsa, Prezidentimizning tashabbusi bilan 5 marotaba “Mehr” operatsiyasi doirasida dunyoning turli nuqtalarida bo‘layotgan urush o‘choqlaridan necha-necha hamyurtlarimiz, ayollar va bolalarning yurtimizga olib kelinishi, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratib berilishi – oqibat, mehr ko‘rsatilgani yaqin va uzoq tarixda kuzatilmagan insonparvarlik namunasi, desak, xato bo‘lmaydi. Shu o‘rinda Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida xizmat safarida bo‘lganimizda xorijlik jurnalistlar bilan suhbatimiz yodimga tushdi. Ular yurtimizdagi “Mehr” operatsiyasi tafsilotlari bilan tanishib, O‘zbekiston liderining tashabbusi “Buyuk insonlarga xos bag‘rikenglik namunasi bo‘ldi”, deya ta’kidlagan edi.
Yangi O‘zbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil o‘rtaga qo‘ymoqda. Mamlakatimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi va hayotga tatbiq etilmoqda. Bu xayrli tashabbusning ezgu samarasini butun dunyo ahli o‘z taqdirida ko‘rajak!
Intervyuda ta’kidlanganidek, islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy, ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, 3 ta yirik oliy diniy ta’lim va 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurtlari faoliyat yuritmoqda.
Darvoqe, 1971-yilda Toshkent islom instituti diniy maqsadlardan ko‘ra ko‘proq siyosiy qarashlar tufayli tashkil etilgan bo‘lsa, bugun mazkur muassasa tom ma’noda haqiqiy diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarini tayyorlaydigan fayzli ilm-fan maskaniga aylandi. Unda xorijning ham taniqli olim va mutaxassislari kelib faoliyat ko‘rsatmoqda.
Samarqanddagi Hadis ilmi oliy maktabi eng zamonaviy, raqamli texnologiyalar asosida tashkil etildi. Joriy yilgi qabul jarayonlari esa shaffof, talabchanlik bilan yangi tartib-tamoyillar asosida amalga oshirildi.
Quvonarlisi, bir vaqtlar butun dunyoga o‘zini ko‘rsatgan Mir arab oliy madrasasi bugun o‘z qaddini yana tiklamoqda. Chindan ham bu yurtning yuksak salohiyatli mutaxassislari Yaqin Sharq hududlarida ham e’tibor va hurmat qozongan. Ushbu ta’lim maskanida bilim olayotgan yoshlarimiz ajdodlariga munosib bo‘lishi shubhasiz. Binobarin, hozirda diniy ta’lim o‘quv dasturlari yanada takomillashtirilmoqda. Yoshlarimiz eng zamonaviy sharoitlarda, ilg‘or fan dasturlari asosida ta’lim olayotgani quvonarli.
Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos maydon bo‘ladigan mazkur ilm-ma’rifat markazi hozirdanoq o‘z mahobati, amalga oshirayotgan ma’naviy, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda.
Haqiqatan, bugun “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilingani jamiyatdagi juda ko‘p masalalarni yechdi. U xoh diniy ta’lim yoki jamiyatdagi faoliyat ma’nosida bo‘ladimi – mutlaqo yangi qonun o‘z vaqtida qabul qilindi. Ushbu qonunning ishlab chiqilishi, tahrirdan o‘tkazilishi jarayonlarida ham muhtaram Prezidentimizning bevosita ishtirok etganini faxrlanib aytishimiz kerak. Zero, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun o‘zining xalqchilligi va jamiyatdagi barcha masalalarga eng haqqoniy va adolatli javob berishi bilan ahamiyatlidir.
Birgina misol, shu kunga qadar diniy tashkilotlarni ochish masalasida ham juda katta muammolar bor edi. Bitta tashkilotni ochish tugul, o‘sha tashkilotni ta’mirlash, g‘ishti tushib ketsa, qaytadan qo‘yish uchun ham ruxsat olish natijasi mavhum qat’iy talab edi. Aytish kerak, so‘nggi yillarda yurtimizning olis-yaqin hududlarida 60 ga yaqin yangi masjid qurildi. 540 dan ziyod masjid butunlay zamonaviy uslubda qaytadan ta’mirlandi. 100 dan ziyod masjidda kapital va joriy ta’mirlash jarayoni ketmoqda. Shu o‘rinda boshqa diniy konfessiya vakillariga bo‘lgan e’tibor ham ortib bormoqda. Oxirgi uch yilni oladigan bo‘lsak, boshqa dinlarga mansub bo‘lgan 21 ta diniy tashkilot ochildi va ular faoliyat yuritayotgan inshootlar ta’mirlandi. Ya’ni diniy bag‘rikenglik tamoyili jamiyat hayotida to‘laqonli o‘z ifodasini topdi.
Yana bir muhim masala: yaqin kunlarda Haj va Umra ziyorati qayta tiklanadi. Albatta, pandemiya tufayli ushbu muqaddas diniy amallarni bajarish imkoniyati cheklanib qoldi. Biroq o‘z o‘rnida e’tirof etish lozimki, Haj ziyorati uchun ilgari 3,5 mingta kvota ajratilgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 5 mingtaga ko‘tarildi. So‘nggi 2 yil oldin mazkur raqamlar 7200 taga yetdi. Shuningdek, oxirgi yillarda 10 ming nafar musulmon Umra ziyoratini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sakkizta viloyatda Umra amalini bajarish uchun talabgorlarning navbatda turishiga ehtiyoj qolmadi: bugun ariza bersa, ertaga uchib ketishi mumkin bo‘ldi. Buni yaqin o‘n yillarda ham hatto tasavvur qilish juda qiyin edi. Shu tariqa, diniy ehtiyojlar nafaqat qog‘ozda, balki amaliyotda to‘laqonli ta’minlanmoqda. Bularning barchasi yurtimiz mo‘min-musulmonlari tomonidan alohida quvonch va shukronalik bilan qabul qilinayotir.
Diniy adabiyotlarni chop etish masalasida erishilgan yutuqlar va imkoniyatlar ham tahsinga loyiq. So‘nggi besh yilda shu qadar ko‘p diniy adabiyotlarga ruxsat berildiki, boshqa xorijiy manbalarni izlash, qidirishga hojat qolmadi. Belgilangan tartibda chop etilishga ruxsat berilgan adabiyotlarning 60-70 foizi moʻtabar manbalarning asliyatdan tarjimasi hisoblanadi. Qolganlari esa bevosita yangi diniy adabiyotlar bo‘lib, bugungi kunda xalqimizni qiziqtirayotgan yo‘nalishlar va ehtiyojlardan kelib chiqilgani bilan ahamiyatli. Aytish mumkinki, bu borada ham tom ma’noda Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yildi.
Albatta, bugun zamon bilan hamnafas bo‘lish barobarida diniy-ma’rifiy saytlar tashkil etilishiga ham ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli 14 ta hududdagi 100 dan ortiq diniy-ma’rifiy saytlar aholining barcha diniy sohadagi muammolari, savollari, turli ehtiyojlariga to‘laqonli javob berib kelmoqda. Muslim.uz saytida onlayn tarzda savol-javoblar rukni tashkil etilgan. Bu ruknga foydalanuvchi xohlagan paytida murojaat qilib, har qanday masalaga diniy nuqtai nazardan tezkorlik bilan javob olishi mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, diniy-ma’rifat, vijdon erkinligi sohasidagi islohotlar Prezidentimiz intervyusida muxtasar bayon etilgan bo‘lsa-da, uning samarasi ko‘pmillatli va tabiiyki, ko‘pkonfessiyali xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari ro‘yobida o‘z ifodasini topmoqda.
Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
raisining birinchi o‘rinbosari,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2021-yil 28-avgust, 174-son
Izohlar