27.08.2021
1426

OILA – BAXT QASRI

Afsuski, bugun ayrim kishilar ushbu haqiqatni anglamayaptilar. Oila qurish katta mas’uliyat. U islom ta’limotiga ko‘ra “nikoh” bilan bog‘lanadi, “taloq” bilan oila buziladi. Jiddiy sababsiz oilani buzish esa, og‘ir gunohdir. Taloqdan so‘ng ayol kishi “idda” saqlashi – 3 hayz miqdorida boshqa turmushga chiqmay o‘tirishi shart. Aks holda keyingi nikoh bog‘lanmay, zino sodir bo‘lishi, tug‘ilajak farzand “valadi zino” bo‘lish xavfi bor. 

«Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» degan ma’nolarni bildiradi. Shariat istilohida esa «Idda – ayol kishi erining vafotidan yoki u bilan ajrashganidan so‘ng saqlashi lozim bo‘lgan muddatdir». Bu hukmning shariatga kiritilishi bir necha hikmatlarga egadir:

Birinchisi – idda orqali eridan ajragan ayolning homiladormi, yo‘qmi ekani aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchisi – idda orqali o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.

Uchinchisi – er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi. Yana boshqa hikmatlari ham bor.

 

«Taloq» so‘zi lug‘atda «moddiy va ma’naviy tugunni yechish» degan ma’noni anglatadi. Shar’iy istilohda esa «Taloq – maxsus lafz ila nikohni ketkazish yoki halolligini nuqsonga uchratishdir». «Maxsus lafz»dan murod «taloq» yoki uning ma’nosini anglatuvchi lafzdir. «Nikohni ketkazish» esa nikoh aqdini yechib, oradagi ma’naviy bog‘lanishni yo‘qotish deganidir. Bu uch taloq ila yuzaga kelib, undan so‘ng taloq qilingan ayol o‘zini taloq qilgan kishiga halol bo‘lmay qoladi. «Halolligini nuqsonga uchratish» deganda, bir taloq qo‘ysa, uch taloq haqqidan bitta kamayib, xotinning unga halolligi nuqsonga uchrashi nazarda tutilgan. Dunyo tarixiga va hozirgi kunga nazar soladigan bo‘lsak, taloq masalasida turli tushuncha va hukmlar mavjudligini ko‘ramiz.

Ba’zilar taloq chegarasiz bo‘lishini xohlaydilar. «Erkak kishi xohlagan paytida, xohlaganicha taloq qo‘yaversa, hech kimning ishi bo‘lmasa va hech qanday hisob-kitob ham bo‘lmasa», deb orzu ham qilishadi. Arab johiliyatida xuddi ana shunday hukm bo‘lgan.

Albatta, bu hukm xususan, ayol kishi uchun katta zulmdir. U bechora eriga sal yoqmay qolsa, eri hech qanday mas’uliyatni his qilmay, qo‘yib yuboraveradi. Yana xohlagan paytida qaytarib olaveradi. Bu narsa istalganicha takrorlanishi ham mumkin. Bunda nikohning muqaddasligi, hurmati mutlaqo qolmaydi.

Ikkinchi yo‘l, avval aytib o‘tilganidek, taloqqa ruxsat bermaslik. Bu hukm avval ham bo‘lgan, hozir ham bor. Ba’zi masiyhiy diniga mansub mazhablar shunga amal qiladilar. Aslida bu hukm yaxshi niyat bilan joriy qilingan bo‘lishi mumkin. Lekin bu inson tabiatini hisobga olmagan hukmdir. Inson, nima bo‘lganda ham, inson. Turmushda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Turli sabablarga ko‘ra, er-xotin bir-biriga yoqmay qolishi, oilaviy turmushni davom ettirish mutlaqo mumkin bo‘lmay qolishi mumkin.

Bu turmush tajribalarida guvohi bo‘lib turilgan narsa. Natijada taloqni man qilgan jamiyatlarda ko‘plab muammolar chiqib yotibdi. Bir vaqtlar nikohdan o‘tib, er-xotin bo‘lgan kishilar allaqachon er-xotinlikni yig‘ishtirgan bo‘lsalar-da, rasmiy hujjatlarda er-xotin hisoblanadilar. Qaytadan oila qurishga rasman ruxsat yo‘qligi uchun ikkisi ham zino yoki o‘ynash tutish yo‘li bilan jinsiy hayot kechiradilar. Demak, bu hukm ham to‘g‘ri emas.

Uchinchi yo‘l islomiy yo‘ldir. Allohning oxirgi va mukammal dini – Islomda bu masalada o‘rtacha yo‘l tutilgan va taloqqa ruxsat berilgan. Ammo bu narsa ma’lum shart-sharoit va chegara doirasida bo‘lishi yo‘lga qo‘yilgan. Avvalo, taloq noiloj qolganda qo‘llaniladi. U Alloh uchun eng yomon ko‘rilgan haloldir. Bu narsalar avvalo, yaxshilab tushuntirilgan. Qolaversa, taloqning soni uch taloq bilan chegaralab qo‘yilgan. Uch taloqdan keyin xotin boshqa erga tegishi lozim bo‘lib qoladi.

Shu yerga kelganda, «Taloq qilish haqqi kimda bo‘lgani ma’qul?» degan masala ham ko‘ndalang bo‘ladi. Ba’zilar «Taloq qilish hukmi qozilik yoki sud mahkamasining haqqi bo‘lishi kerak», deyishadi. Ammo tuzukroq o‘ylab ko‘riladigan bo‘lsa, nikohni buzishdek nozik ish qozilik mahkamasiga xos ish emas. Chunki er-xotin orasidagi munosabatlarning hammasi ham begona kishilarni oraga solib, talashib-tortishadigan narsa bo‘lmaydi. Bunday holatda kim behayoroq, kim mahmadonaroq bo‘lsa, o‘sha yutib chiqaveradi. Buni hayotiy tajribalar ham takror-takror ko‘rsatib turibdi.

Shuningdek, «Taloq xotin kishining haqqi bo‘lishi kerak» degan fikr ham noto‘g‘ri. Avvalo, xotin kishi tabiatan achchig‘i tez, ehtirosi tufayli shoshib hukm chiqaruvchi bo‘ladi. Buning ustiga, u oila qurish uchun urinishda umuman hech qanday qiyinchilik ko‘rmagan va sarf-xarajat qilmagan bo‘ladi. Nikohning buzilishidan u unchalik moddiy zarar tortmay, yana yangidan mahr va sovg‘a olishi mumkin. Gapni qisqa qilsak, agar xotin kishiga taloq qilish haqqi berilsa, oilalar buzilishi ko‘payib ketishi tayin.

Islom esa taloq haqqini erkak kishiga bergan. Chunki erkak kishi oilada rahbar hisoblanadi. Oilaning obro‘si uning obro‘si bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun oilani buzishdan oldin erkak kishi ko‘p o‘ylaydi. Bolalar ham otaning nomida bo‘ladilar, bu masala ham erkakni iloji boricha oilani saqlab qolishga undaydi. Oila qurish uchun barcha harakatlarni va sarf-xarajatlarni ham erkak qiladi. Xotinga mahr beradi, uy-joy hozirlaydi, to‘y qiladi va hokazo. Agar u xotin qo‘yib, yana yangidan uylanadigan bo‘lsa, bu savdolar ham yangidan boshlanadi.

Eng muhimi, musulmon er iloji boricha taloq qilmaslik ruhida tarbiya topgan bo‘ladi. Umuman, Islom jamiyatida taloqqa eng noxush narsa sifatida qaraladi. «Taloq qilishdan Allohning arshi larzaga keladi» degan tushunchaga ega bo‘lgan musulmon er o‘zining bu huquqini eng oxirgi chora sifatidagina qo‘llaydi. Zero, taloq hadisi sharifda ta’kidlanganidek, Alloh eng yomon ko‘rgan halol narsa hisoblanadi.

Musulmon shaxsning amaliy hayotiga oid shar’iy hukmlarni bayon qiluvchi fiqh kitoblarida taloq haqida batafsil so‘z yuritilishi insonning baxt-saodati uchun qo‘shilgan hissadir, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

– Xulu’.

«Xulu’» so‘zi lug‘atda ko‘proq «kiyimni yechish» ma’nosida ishlatiladi. Chunki er-xotin Qur’on ta’biriga ko‘ra, bir-biriga kiyim o‘rnida bo‘ladi. Shariat istilohida «Xulu’ – xotin kishining arz qilib, bir narsa berib, eri bilan ajrashishidir». Er-xotinning birga yashashga ilojlari qolmasa, agar birga tursalar, gunoh ish sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lib qolsa, xotinning erdan ko‘ngli to‘lmasa, ajrashishni istab, eriga fidya (to‘lov) berib, uni rozi qilib, ajrashib ketsa bo‘ladi.

– Jinsiy ojizlik.

«Jinsiy ojizlik» arab tilida «aniyn» deyiladi va bu so‘z ayolni istamaydigan erkakka va erkakni istamaydigan ayolga nisbatan qo‘llanadi. Shar’iy istilohda esa jinsiy olati bo‘lsa ham, ayollarga yaqinlik qila olmaydigan yoki juvonga yaqinlik qilib, bikrga yaqinlik qila olmaydigan, ba’zi ayolga yaqinlik qilib, boshqasiga qila olmaydigan erkak «aniyn» deyiladi. Bu ojizlik uning yaratilishidagi zaiflik, yoshi qari bo‘lganligi yoki sehrlangan bo‘lishi oqibatida vujudga keladi. Ana shunday odam uylanganidan keyin aybi zohir bo‘lganda qanday hukmlar joriy bo‘lishini quyida keladigan matnlar orqali o‘rganamiz. Er yaqinlik qila olmaganiga iqror bo‘lsa, qozi unga bir qamariy yil muhlat beradi. Ramazon va ayolning hayz kunlari ham hisoblanadi. Ikkovidan birining bemorlik muddati bunga kirmaydi. Agar o‘sha yil davomida er ayolga yetisha olmasa, ayol talab qilsa, qozi oralarini ajratib qo‘yadi. Shunda bir boin taloq tushadi.

 Manba:  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Mukammal saodat yo‘li” kitobidan

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

01.02.2024 05:51
Assalomu alaykum mening savolim shundan iboratki agar o'rtaga taloq tushsa ayol idda saqlaydi erkak kishi xam idda saqlaydimi?
30.12.2022 12:11
Uch taloqqa yo'l bormi.bir kishi tovuqdan qon chiqarib nikxlab qoydi.ma'lum summa olib.nikoxlab qo'ydi.bu xaloll boladimi.
30.12.2022 12:11
Uch taloqqa yo'l bormi.bir kishi tovuqdan qon chiqarib nikxlab qoydi.ma'lum summa olib.nikoxlab qo'ydi.bu xaloll boladimi.
30.12.2022 12:11
Uch taloqqa yo'l bormi.bir kishi tovuqdan qon chiqarib nikxlab qoydi.ma'lum summa olib.nikoxlab qo'ydi.bu xaloll boladimi.
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry