24.08.2021
459

Akademiyaga “Qur’oni karim va tajvid” kurslarining ilk tinglovchilari qabul qilindi

Ilm-fan va diniy bilimlarga doimo rag‘bati hamda qiziqishi yuqori bo‘lgan yuksak ma’rifatli xalqimizning talab va ehtiyojidan kelib chiqib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari tashkil etildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur o‘quv kurslarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un Gʻofurov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori Abror Abduazimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, o‘quv kursi tinglovchilari, doktorantlar, tadqiqotchilar hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, “Qur’oni karim va tajvid” kurslarining bugungi kundagi ahamiyati, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish borasida islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi.

– Bugungi kun tarixiy voqea bo‘ldi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov. – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari ochildi. Albatta, bu xalqimizning azaliy orzusi edi. Mazkur voqea keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir yorqin namunasidir. Xabaringiz bor, 2018-yildan boshlab, yetakchi diniy ta’lim muassasalari qoshida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyat boshlagan edi. Joriy yilda respublikadagi boshqa diniy ta’lim muassasalarida ham “Qur’on karim va tajvid” kurslari tashkil etilyapti.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida faoliyat boshlagan o‘quv kurslarining dastlabki bosqichida 60 nafar tinglovchi qabul qilinib, mashg‘ulotlar uch oy davom etadi.

– Mazkur o‘quv kurslarining maqsadi Qur’onni tajvid bilan, qoidalariga ko‘ra o‘qish va aholimizning shu yo‘nalishda ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori Abror (Muxtor Ali) Abduazimov. – Zotan, ajdodlarimizning Qur’onga bo‘lgan e’tiborlari doimo baland, tarixda iz qoldirgan allomalarimizning barchasi yoshlik paytidan Qur’on o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, muhabbati kuchli bo‘lganini ko‘ramiz. Chunki Qur’on boshqa ilmlarga eshik ochadi. Qaysi mamlakatda Qur’on o‘rganishga bo‘lgan e’tibori baland bo‘lsa, o‘sha yurtda rivojlanish bo‘lgan. O‘sha davr tarixda yorqin davr sifatida e’tirof etilgan. Imom Buxoriy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi bobolarimiz Qur’onni ilk dastlabki ta’limot sifatida qabul qilishgan. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan mazkur o‘quv kurslari xalqimizning talab-takliflari asosida tashkil etildi. Qur’ondan xabari bo‘lmagan, boshlang‘ich darajadagi o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan kurslar bilan bir qatorda Qur’ondan birmuncha xabari borlar uchun ham kurslar tashkil etilmoqda.

O‘quv kurslarining ochilish marosimidan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Qur’oni karim va tajvid” kurslari ilk tinglovchilarining dars mashg‘ulotlari auditoriyalarda davom etdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry