20.08.2021
324

IMOM BUXORIYNING “XALQ AF’OL AL-IBOD” ASARIGA OID NOXOLIS TALQINLAR

Asar qo‘lyozmasida keltirishicha, imom Buxoriy jahmiylarga raddiya bergan ushbu asarinishogirdlariga h.256-yilda og‘zaki aytib berganligini uning shogirdi Firabriy qayd qilgan. Bugungi kunda ayrim adashgan firqalar ushbu asarni noto‘g‘ri talqin etib, u orqali moturidiy va ash’ariylarni noxolis ayblab, jahmiylarga o‘xshatmoqda. Asarning 10 ta bobida keltirilgan aqidaviy masalalarni quyidagi 2 ta guruhga jamlash mumkin:

  1. Allohning sifatlari.
  2. Bandalarning fe’llari.

1.  Allohning sifatlari. Allohning uluv, istivo, kalom, ru’ya kabi sifatlarini jahmiy va mo‘‘taziliylar inkor etadi, jahmiylar esa, Allohga hulul nisbatini beradi. Ularga javoban Sufyon ibn Uyayna aytadi: “Yetmish yildan buyon Amr ibn Dinor kabi mashoyixlarimizni uchratdim ularning barchalari “Qur’on Allohning kalomi, u maxluq (yaratilgan) emas degan.”  Vahb ibn Jarir aytadi: “Jahmiylar zindiqlardir, ular Alloh arshga istivo qilmagan, deyishni xohlaydilar”. Bu bilan istivoni butunlay inkor qilganlar.

Imom Buxoriy jahmiylarga raddiya berar ekan, xuddi hozirgi kunning mujassimalariga ishora qilib, ibn Muborakdan shunday naql qiladi: “Biz jahmiylar aytganidek, U (Alloh) yerda, mana bu yerda, demaymiz, balki Arshga istivo qilgan, deymiz”. Bu raddiyani hozirgi kun “jahmiylari” – salafiy mujassimalar o‘zlariga qurol qilib olib, Ahli sunna val jamoaga qarshi qo‘llaydilar. Ash’ariy va moturidiylar Allohga makon nisbatini bermaydi, ibn Muborak esa, “Alloh taolo arshga joylashdi”, degan, deb da’vo qiladilar. Ammo, “joylashdi” emas, “istivo qildi” degan. Bundan shu narsa anglanadiki, na imom Buxoriy va na ibn Muborak Alloh taoloni arsh ustida, yerda yoki hamma joyda demadilar, oyati karimada qanday kelgan bo‘lsa shunday dedilar xolos. «Albatta, Robbingiz Allohdir, (U) osmonlaru yerni olti kunda yaratgan, so‘ng arshga istivo qilgan» (Yunus surasi, 3-oyat).

2. Bandalarning fe’llari. Asarda kelishicha, Huzayfa (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisda “Nabiy (a.s.): Albatta, Alloh barcha usta-hunarmandni va uning yasagan narsasini ham yaratadi”, dedilar. Ba’zilar o‘sha payt: «..sizni ham, qilayotgan narsalaringizni ham Alloh yaratgan..» (Saffot surasi, 96-oyat) oyatini tilovat qilishgan”[1]. Bandalarning ovozi, darslari, qiroatlari va harakatlari bandalarga mansub bo‘lib, “bandalarning amallari”, deb nomlanadi. Bu esa ularning yaratilganini anglatadi.  Bandalarning harakatlari, tovushlari, kasb qilishlari va yozuv yozishlari maxluqdir. Ammo, tilovat qilingan, mushaflarda sobit qoluvchi, satrlarda yozilgan, qalblarda tushunilgan, bayon etuvchi Qur’on u Allohning kalomi bo‘lib, yaratilgan emas. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi: «Yo‘q! U (Qur’on) ilm berilganlar ko‘ksidagi ochiq-oydin oyatlardir» (Ankabut surasi, 49-oyat)[2].

Buxoriy bandalarning tovushlari yaratilgan ekanini ochiq bayon etgan. Chunki, u fe’llardan iboratdir. Demak, tilovat yaratilgandir. Negaki, tilovat Qur’onni talaffuz qilishdan boshqa narsa emas. Tilovat va undagi tovushlar yaratilgan, degani sababli Buxoriyga “Qur’onni talaffuz qilishim yaratilgandir” deb, aytgani  nisbat berilgan[3].

Shuningdek, Buxoriy Alloh taologa ovoz sifatini isbot etib, quyidagi hadislarni zikr qiladi. Jobir ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Unays (r.a.) dan rivoyat qilgan hadisda “Nabiy (a.s.) shunday dedilar: Alloh bandalarini to‘plab, uzoqdagi ham xuddi yaqindagi eshitganidek eshitadigan ovoz bilan “Podshoh Menman! Dayyon (jazo-mukofot beruvchi) Menman!” deb nido qiladi. Bunda Alloh taoloning ovozi maxluqotlar ovoziga o‘xshamasligiga dalil bor. Chunki, Alloh taoloning ovozini uzoqdagi ham xuddi yaqindagi eshitganidek eshitadi, deydi[4].

Asar ko‘plab dalillarni o‘zida jamlagan, muammo va chalkashliklarni hal qilgan, ahli sunna va boshqalar o‘rtasidagi gumonlar tufayli fitna, nizolarga sabab bo‘lgan, jahmiylarning fitnalari, Qur’on maxluq yoki maxluq emasligi, uni talaffuz qilish masalalarida bir to‘xtamga kelishda islom ummatiga ulkan foydalar va manfaatlar keltirgandir. Undagi dalillar moturidiy va ash’ariylardan iborat ahli sunna val-jamoa ta’limotiga muvofiqdir. 

[1] B. 68-70.

[2] B. 26.

[3] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Xalqu af’ol al-ibod. Tadqiqotchi: Dr. Abdurrahmon Umayra. Jidda: Dor Ukkoz, 2-nashr. – B. 25.

[4] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Xalqu af’ol al-ibod va ar-rad ala al-jahmiya va ashob at-ta’til. Tadqiqotchi: Fahd ibn Sulaymon al-Fahid. J. 2. Ar-Riyod: Dor Atlas al-Hazro’, 2005. – B. 240 – 241.

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry