17.08.2021
1427

“TARIXI TABARIY” ASARINING TURKIY TARJIMALARI

Islom tarixi bo‘yicha eng muhim manbalardan sanaluvchi, “Tarixi Tabariy” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Tarix ar-rusul val-muluk” (Payg‘ambarlar va hukmdorlar tarixi) asari Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy tarafidan yozilgan. Asar tili arabcha bo‘lib, muallif uni 303/915-916 yilda yozib tamomlagan. Asar olamning yaratilishdan to 302/915 yilgacha bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga oladi. Mazkur asar Somoniy amiri Mansur ibn Nuhning buyrug‘i bilan 963 yilda vazir Bal’amiy tarafidan fors tiliga tarjima qilingan. Bal’amiy tarjima davomida sanadlarni chiqarib tashlash orqali asar hajmini anchagina qisqartirish barobarida Eron tarixiga doir ba’zi ma’lumotlarni ilova ham qilgan. Shuning uchun mazkur tarjima “Tarixi Bal’amiy” nomi bilan ham shuhrat qozongan.

Movarounnahr va unga qo’shni hududlarida “Tabariy tarixi”ning mazkur forscha tarjimasi keng tarqalgan edi. Xo‘sh, asosiy qismi turkiyzabon bo‘lgan mintaqa xalqi ushbu tarjima bilangina kifoyalanib qoldimi? Yoki muhtasham tarix kitobi turkiy (eski o‘zbek) tilga tarjima qilingan edimi?

Albatta, Imom Tabariy qalamiga mansub tarix kitobining turkiy tarjimalarini yaratish bo’yicha bir qator urinishlar bo’lgan. Bu borada asarning Usmoniylar davrida bir necha bor g’arbiy turk tillariga tarjima qilinganini ta’kidlab o’tish joiz. Biroq, bu o’rinda biz asosan eski o’zbek tilidagi tarjimalarga to’xtalib o’tishni maqsad qildik.

Bulardan birinchisi Rossiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Tarixnoma”[1] nomli qo‘lyozma asar bo’lib, mazkur asar “Tarixi Tabariy”ning turkiy tarjimasi hisoblanadi. Uning tarjimoni Shayboniy hukmdorlardan Ko‘chkunchixonning kotibi Vohid Balxiydir. Mazkur tarjima bevosita arab tilidan emas, balki Bal’amiy tarixidan qilingan tarjima edi. Vohid Balxiy kitobni Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullatifxon istagi bilan tarjima qilganini takidlagan. Tarjima 1521 yilda boshlanib, 1522 yilda nihoyasiga yetkazilgan.

Asarning Rossiya Milliy kutubxonasidagi bizga ma’lum yagona qo‘lyozmasi 819 varaqdan iborat bo‘lib, dastlabki to’qqiz varag‘i kirish qismi hisoblanadi. Qo‘lyozma nasx xatida bitilgan. Faqatgina Qur’oni karim oyatlari va arabcha atoqli otlar suls xatida yozilgan. Asarning tili esa chig‘atoy turkchasi hisoblanadi.

Shuningdek, keyingi davrlarda ham “Tabariy tarixi”ni tarjima qilish bo’yicha ishlar olib borilganini ko’rishimiz mumkin. Xususan, “Sharq qo’lyozmalari to’plami”da asarning XIX asrda amalga oshirilgan uyg’ur va o’zbek tillaridagi ikkita tarjimasidan so’z yuritiladi.

Uyg’ur tilidagi tarjima Yorkent hokimi Mirzo Muhammad Husayn Hokimbekning buyrug’i bilan tayyorlangan. O’zbek tilidagi tarjima esa Xorazmda amalga oshirilgan bo’lib, asarni tarixchi Muhammad Yusuf Bayoniy Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz taklifiga binoan o’zbek tiliga tarjima qilgan. Ikkala tarjima ham fors tilidagi Bal’amiy tarjimasiga asoslanadi.

Mazkur ikki tarjimadan uyg’ur tilidagisi Sharqshunoslik institutining qo’lyozmalar fondida 9470, o’zbekchasi esa 1229 raqami ostida saqlanadi.

Xulosa o’rnida aytish mumkinki, hozircha bizga “Tarixi Tabariy”ning ikkita o’zbekcha va bitta uyg’ur tilidagi tarjimasi ma’lum.

[1] Asarning elektron variantini quyidagi link orqali yuklab olish mumkin: http://turuz.com/book/title/tarixname-shex-safi-gorganindan-buqesinden-chalinmish-kitablar 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry