17.08.2021
350

ABUL HUSAYN BASHOG’ARIY

Moturidiylik ta’limoti bo’yicha ilk davrga oid hamda muhim manbalardan biri “Sharh jumali usulid-din” asari bo’lib, bugunga qadar uning muallifi borasida aniq ma’lumot yo’q edi. Garchi ba’zi o’rinlarda asar Ibn Yahyo ismli olimga nisbat berib kelingan bo’lsa-da, bu ma’lumotni asoslovchi qat’iy dalillar mavjud emasdi. Istanbul universiteti Ilohiyot fakulteti professori Shukru O’zen 2021 yil 16 iyun kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil qilingan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” nomli ilmiy-amaliy konferensiyada o’z maqolasi bilan ishtirok etib, Ibn Yahyo shaxsiyatini aniqlashga imkon beruvchi ma’lumotlarni taqdim qildi, asarning ayni shu olimga tegishli ekanligi borasida xulosa berdi.

Olim taqdim qilgan ma’lumotlar quyidagilardan iborat:

Men ushbu qimmatli asar muallifining kimligiga doir dalillar topdim va uning ismi Abul Husayn Muhammad ibn Yahyo ibn Is’hoq Bashog‘ariy ekanligini aniqladim. Ushbu yangilik menga muallif haqida yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritish imkonini berdi. Aslida Bashog‘ariy hijriy V asrning peshqadam moturidiy mutakallimlaridan bo‘lgan Nuriddin Sobuniyning “al-Muntaqo” nomli asari orqali bizga avvaldan tanish edi. Abu Salama Samarqandiyning “Jumalu usulid-din” nomli asariga Bashog‘ariyning yozgan sharhi moturidiy kalom maktabi nuqtayi nazaridan asarning asli kabi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero asar ushbu maktab va ta’limot haqida nodir va asl ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan.

“Sharh jumali usulud-din” asarining Bashog‘ariyga nisbat berilishi. Bashog‘ariyning to‘liq ismi va kunyasini keltirgan holda “Sharh jumali usulid-din”dan iqtibos berilgan ikki muhim manba mavjud. Bulardan birinchisi Ahmad ibn Ali Maymurg‘iyning “az-Zavoid ‘alal-favoid” nomli Imom Rustufag‘niyning qarashlari saralangan asari bo’lib, unda Bashog‘ariyning ismi to‘liq holda zikr qilingan va unga tegishli asarning nomi uch o‘rinda “Sharh jumali usulid-din” shaklida berilgan. Ba’zi o‘rinlarda esa kitobning nomi keltirilmasdan undan naqllar qilingan. Ikkinchi manba esa Ahmad ibn Muso ibn Iyso ibn Ma’mun Kissiyning “Majmu’ul havadis van-navazil” nomli asari hisoblanadi. Unda asar nomi “Sharhu usulid-din” nomi bilan zikr qilinib, Shayx Abul Husayn Muhammad ibn Yahyo Bashog‘ariyga nisbat berilgan. Shuningdek, Bashog‘ariyning mana shunday asar yozgani haqida Nuriddin Sobuniy uning qalamiga mansub “Kashful g‘avomiz fi ismatil-anbiyo” asariga yozgan “al-Muntaqo” nomli muxtasarida uch bora asar nomi bilan birga zikr qilgan. Biroq, hozirgacha tadqiqotchilar tomonidan bularning Nuriddin Sobuniyga oidligi yoki “Sharh jumali usulid-din”dan boshqa asar ekanligi fikri ilgari surib kelingan.

Olimning tarjimai holi

Mumtoz hanafiy kitoblarida Bashog‘ariyning biografiyasiga doir ma’lumotlarni uchratmaymiz. Biz esa “Kashful g‘avomiz”ning  muxtasari bo‘lgan “al –Muntaqo”, “Sharh jumali usulid-din” va Ahmad ibn Ali Maymurg‘iyning “az-Zavoid ‘alal favoid” nomli asarlariga asoslangan holda Bashog‘ariy haqidagi ba’zi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdik.

1. Nisbasi

Bu asarlarda berilgan ma’lumotlarga tayangan holda uning ismi Abul Husayn Muhammad ibn Abu Zakariyo Yahyo ibn Is’hoq al-Bashog‘ariy deb belgilandi. U nisbat berilgan Bashog‘ar haqida ansob va geografiya kitoblarida ma’lumot kelmagan. Shu bilan birga Faxriddin Ali Safiy ibn Husayn Koshifiyning “Rashahot aynil hayot” nomli asarida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, Bashog‘ar Samarqand yaqinidagi, shaharning shimoli-sharqida joylashgan katta bir qishloq bo‘lib, shahardan 12 farsah (taxminan 72 km) uzoqlikda joylashgan. Koshifiy qishloqning nomini birma-bir harflari va harakatlari bilan keltirgan holda “Bashog‘ar” deb o‘qilishi kerakligini ta’kidlagan. Darhaqiqat, Google maps internet tarmog‘ida ta’riflangan ushbu hududda Peshog‘ar shaklidagi joy mavjudligini ko‘rish mumkin. Mazkur joy bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Jizzah viloyati sharqiy tarafida, Zomin tumani hududida, Bahmal tog‘ining shimoliy etaklarida joylashgan. Shu bilan birga ushbu hududning sharqiy tarafida “Beshpshagor” nomli kichik bir qishloq ham mavjud. Bu holatda Peshog‘ariy nisbasi ancha to‘g‘ri bo‘lishiga qaramasdan, yagona yozma manba bergan ma’lumotni asos qilib olishni muvofiq deb bildik.

2. Oilasi.

“Sharh jumali usulid-din”da olimning oilasidan faqatgina otasi haqida qisqagina ma’lumot kelgan. O’zi “ustozim va otam” deb zikr qilgan Abu Zakariyo Yahyo ibn Is’hoq haqida uning Imom Moturidiyga ustozlik qilgan Abu Nasr Iyoziyning xos talabalaridan bo‘lganini, uning fiqh darslariga o‘n besh yil davomida qatnaganini ta’kidlaydi. Abu Zakariyo Abu Nasr Iyoziy turklarga qarshi olib borilgan yurishlarda asir tushgan vaqti ustozining o‘g‘li Abu Ahmad bilan birgalikda uning yonida edi. Abu Nasr o‘g‘liga Abu Zakariyo bilan birga vatani Samarqandga qaytishini buyurgan va ular birgalikda Samarqandga qaytishgan. Bu orada hali yosh bo‘lgan Abu Zakariyo Bandagu nomi bilan tanilgan shayx Abu Ja’far Muhammad ibn Ahmad Zahabiyning darslariga qatnab hanafiy mazhabiga doir ilmini oshirgan. Shuningdek, riyozat ilmini o‘rganishga kirishib, tasavvufdan tahsil ola boshlagan.

3. Ustozlari

Otasi Abu Zakariyo Yahyo ibn Is’hoq haqida “ustozim” deb so‘z yuritishidan ilk tahsilni otasidan olganligini tahmin qilishimiz mumkin. U uzoq vaqt tahsil olgan ustozlari yoki shayxlari haqida biror ma’lumot uchratmagan bo‘lsak-da, quyida nomlari keladigan olimlardan turli o‘rinlarda “...uning o‘zidan eshitdim” deb naql qilishi ularga shogird bo‘lganligidan darak beradi:

1. Abul Hasan ibn Ali ibn Sa’id Rustufag‘niy

2. Abu Bakr Iyoziy. Keltirgan bir hikoyasi orqali u Iyoziyning janozasida qatnashgani ma’lum bo‘lmoqda.

3. Abul Hasan Ali ibn Ismoil Fog‘iy. Bashog‘ariy bu zotni siqa va ishonchli kishi ekanligini ta’kidlagan.

4. Faqih Abdussamad Ahmad Albinjaniy.

4. Shogirdlari

Bashog‘ariyning Samarqand jome masjidi va ushbu hududdagi Chokardiza mahallasida joylashgan “Fuqaho va mashoyix” masjidida dars bergani haqidagi ma’lumotga asoslangan holda uning shogirdlari juda ko‘p bo‘lganini tahmin qilishimiz mumkin. Biroq, uning darslariga qatnashgani ma’lum bo‘lgan “az-Zavoid ‘alal favoid” asarining musannifi Ahmad ibn Ali Maymurg‘iydan boshqa biror-bir shogirdining nomini aniqlay olmadik.

5. Tug‘ilgan va vafot etgan sanasi

Bashog‘ariyning tug‘ilgan va vafot etgan sanasiga doir aniq ma’lumot mavjud emas. Shu bilan birgalikda yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan uning hijriy IV asr boshlari hamda ushbu asr oxirlari orasida yashab o‘tganligini tahmin qilishimiz mumkin.

Asarlari

Bashoğariyning “Kashful g’avomiz” nomli asarida: “iymonda istisno masalasini yozgan kitoblarimizning aksarida yetarli shaklda qalamga oldik” degan so’zlaridan, uning ko’plab kitoblar yozgani anglashiladi. Biroq, bu kitoblarning uchtasidan tashqari qolganlarining adadi, mavzulari va nomlarini bilmaymiz. Bir boshqa asar yozishga niyat qilganini ta’kidlab o’tgan bo’lsa ham, bu asarni yozgan yoki yozmaganligi haqida ham ma’lumotga ega emasmiz.

 1) “Sharh jumali usulid-din”. Ushbu asar manbalarda “Sharhu usulid-din” va “Sharhul usul” nomlari bilan ham kelgan. Mavjud bo’lgan yagona nusxasida uning ko’chirilgan sanasi hijriy 677 yil ya’ni milodiy 1279 yil juma kuni ekani bildirilgan. Afsuski, ushbu nusxaning muqaddima qismi va davomidagi yana 3-5 varaqlik bo’limlari nuqsonli bo’lib, avvalgi bo’limlarda ham ba’zi sahifalari tushib qolgan. Matn tas’hih qilingan bo’lishiga qaramasdan, ba’zi yozuv xatoliklari uchrab turadi. Ilhom Qosimiy tarafidan asarning noma’lum shorihga nisbat berilgan holda zamonaviy nashri amalga oshirilgan (2015 yil Bayrut).

2) “Kashful g’avomiz fi ahvolil anbiyo”. Bashoğariyning eng mashhur asari. Manbalarda ko’proq “Ismatul anbiyo” nomi bilan uchragan ushbu asarning bizgacha yetib kelgan bittagina qo’lyozmasi aniqlangan. Nuriddin Sobuniy tarafidan “al-Muntaqo” nomi bilan qilingan muxtasari esa Mehmet Bulut tarafidan 2003 yilda Bayrutda tahqiq qilingan holda nashr etilgan.

 3) “Kitobul bayon”. Bu asarning mavjudligi haqida Ahmad ibn Ali Maymurg’iyning naqllari asosida bilib olamiz.

4) “Kitob zikril ahvo”. Bashoğariy “Sharh jumali usulid-din”ning oxirida, Ahli sunna muxolifi bo’lgan 72 firqa mavjudligi haqida so’z yuritib, ulardan har birining nomi, kelib chiqishi va Ahli sunnaning ularga bergan javoblarini “Kitob zikril ahvo” nomli asarida keltirishini aytib o’tgan. Biroq, boshqa asarlarda mazkur asardan iqtibos keltirilmagani bilan birga muallifning yozishni niyat qilgan ushbu asarini tamomlab-tamomlamagani haqida ham ma’lumot majud emas.

Qarashlari

1. Bashog‘ariy “Sharh jumali usulid-din”da Samarqandda Ahli sunna olimlari Juzjoniyya va Iyoziyya nomli ikki guruhga ajralganini ta’kidlaydi. Otasining Abu Nasr Iyoziy bilan ustoz-shogird munosabatida bo‘lgani va o‘zining Iyoziyning o‘g‘illari Abu Ahmad va Abu Bakrlar bilan yaqinligi, asarida boshqa Samarqand olimlariga nisbatan ularning biografiyasiga kengroq joy ajratishi, Abu Ahmad Iyoziy qo‘lida tahsil olgan Abu Salamaning asariga sharh yozgani kabi jihatlarni e’tiborga olgan holda Bashog‘ariyning Iyoziyya madrasasiga yaqin bo‘lganini tahmin qilish mumkin.

2. Kalom ilmiga oid qarashlari nuqtai nazaridan aslan Imom Moturidiy maktabidan hisoblanuvchi Bashog‘ariyning asarlarida tez-tez keltirilgan iqtiboslardan Imom Moturidiyga va ayniqsa uning shogirdi Rustufag‘niyga xayrixoh bo‘lgani ma’lum bo‘lmoqda. Shu bilan birga vaqti-vaqti bilan Imom Moturidiyga oshkora qarshi chiqqan o‘rinlari ham uchraydi. Bulardan ba’zilarini sanab o‘tadigan bo‘lsak:

A. Imom Moturidiy eshitish uchun ovozni shart qilgani sabab “Allohning kalomi eshitilmaydi” deb fikr bildirar ekan, Bashog‘ariy faqih Abul Lays va bir qator muhaqqiq so‘fiylar kabi joriy odatga ko‘ra bo‘lmasa ham, Allohning ba’zi bandalariga lutf o‘laroq kalomini haqiqatan eshittirishi mumkinligi qarshini ilgari surgan. Bu borada uni Moturidiyning muxolifi sifatida ko‘rgan olim esa Rukniddin Samarqandiy hisoblanadi.

B. Imom Moturidiy “Va Biz Sizdan yelkangizni ezib turgan og‘ir yukingizni olib qo‘ydik” (Sharh, 2-3) oyatida kelgan vizr so‘zi “og‘ir yuk, mas’uliyat va gunoh ma’nolarida kelgan bo’lsa-da, mufassirlarning aksari tarafidan gunoh deb sharhlanishi”ni nomuvofiq ko‘rib, bu so‘zni “payg‘ambarlik yuklari/mashaqqatlari” shaklida sharhlash to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlagan. Bunga qarshi ravishda Bashog‘ariy esa “Bu oyat gunohga yo‘yilsa, hammaning o‘z holiga ko’ra gunohi deyish mumkin, Payg‘ambar alayhissalomning gunohlari boshqalarning gunohi kabi emas. Ammo payg‘ambarlar xalq sodir etgan katta va kichik gunohlardan ma’sumdirlar” deb, ko‘pchilikning sharhiga moyillik bildiradi.

S. Imom Moturidiy Qur’oni karimning Payg‘ambar alayhissalomga xitob qilgan 94-surasi – “Inshiroh”da kelgan oyatlarni boshdan oxirigacha tafsir qilishga kirishmaslik kerakligini himoya qilar ekan, Bashog‘ariy Imom Moturidiyning ushbu yondashuviga qo‘shilmay, “Payg‘ambarning sharafini bilish eng muhim ehtiyojlardan sanaladi. Shoyad bu yerda payg‘ambarning sharafi bayon etilgan bo‘lsa, uning afzalligini bilish va qalban pok tuyg‘ular ila u zotga hurmat ko‘rsatish uchun buning ustida tafakkur yuritish kerak. Agar zohiran nuqson paydo qiluvchi biror narsa bor bo‘lsa, u holda oyatlarni u zotning sha’nlariga munosib tarzda sharhlash uchun yana tafakkur qilish kerak” degan so‘zlarni aytadi.

3. Bashog‘ariy boshqa aqidaviy firqalariga nisbatan juda ham masofali va ashaddiy munosabatda bo‘lgan. O’zi qadariyya-mu’attila deb zikr qilgan Mo‘tazila hamda mushabbiha deb keltirgan Karrormiya mazhablariga mansub kishilarning aslida imonlari yo‘q ekanini ilgari suradi. Zohiran shahodat keltirganlari va islomni amalda tatbiq qilganlari sabab shari’at ularni kofir deyishimizni man etadi, deydi. Shuningdek, Rustufag‘niydan keltirgan iqtibosi bilan ushbu mazhab mansublariga zakot berish joiz emasligini takidlagan.

4. O‘zi hanafiy mazhabiga ergashgani Bashog‘ariyni boshqa fiqhiy mazhablarning qarashlarini tanqid qilishga undagan. “Kitobul bayon” nomli asarida keltirgan naqlida shofe’iy mazhabining ba’zi namoyondalarini qattiq tanqid qilganini ko‘rish mumkin.

5. Asarlarida ba’zi vaqtlarda tasavvufiy qarashlarni ilgari surgan Bashog‘ariy tasavvuf ahli ulug‘larining so‘zlari va manoqiblariga ham to‘xtalib o‘tgan. Bular qatorida Abu Hazma Xurosoniy, Abul Husayn Nuriy, Junayd Bag‘dodiy, Antokiy, Abul Abbos ibn Ato Bag‘dodiy, Muhammad ibn Fazl Balxiy, Hakim Termiziy, Abu Bakr Shibliy, Abulqosim Hakim Samarqandiy va Abu Ali Juzjoniylarni sanab o‘tishimiz mumkin.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry