01.07.2023
103

Qurbon hayiti – inson qadri va ijtimoiy himoyani ulug‘lashga qaratilgan bayram

SHUKUH

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, xalqimizning maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu gʻoyalarini oʻzida yaqqol ifoda etadigan Iyd al-Adho ­­– Qurbon hayiti jamiyatimizda insonparvarlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuygʻularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak fazilatlarni kamol toptirish maqsadida mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlanmoqda. 

Bu yilgi bayram, ayniqsa, oʻzgacha shukuh va fayz bilan oʻtmoqda. Buni odamlarning yuz-koʻzlaridagi quvonch va tillaridagi shukronalik soʻzlaridan yaqqol anglash mumkin. 

Yana bir muhim jihat, Qurbon hayiti munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga koʻplab xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari nomidan qutlov maktublari kelishi davom etmoqda, oʻz navbatida, Prezidentimiz tomonidan ham chet el davlatlari rahbarlariga tabriknomalar yuborilmoqda. Bayram tom maʼnoda oʻzaro mehr-oqibat ramzi oʻlaroq, xalqaro aloqalarning yanada mustahkamlanishiga sabab boʻlmoqda. 

Shuni alohida aytish lozimki, Prezidentning Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Qurbon hayiti tabrigi yurtdoshlarimizni benihoya xursand qildi, ayniqsa, muborak manzillarda Haj amallarini bajarayotgan hojilarimizga haqiqiy bayram kayfiyatini baxsh etdi. 

Bayram tabrigida xalqimizning olijanob qadriyatlarini asrab-avaylash, ajdodarimizning boy ilmiy merosini tiklash va faol targʻib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish, bayram kunlarida oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash kabi ezgu tashabbuslarning tilga olingani, qolaversa, soʻnggi yillarda inson qadrini ulugʻlash bosh gʻoyasi asosida amalga oshirilayotgan amaliy saʼy-harakatlar tom maʼnoda yurtimizda ijtimoiy himoya va inson qadri masalasiga berilayotgan alohida eʼtiborning yuksak namunasi sifatida ekani qayd etilgani ayni haqli eʼtirof. 

Bugun mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqdi. Buni yangi Oʻzbekistonning tashqi va ichki siyosatidan tortib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalaridagi tub islohotlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. 

Mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash hamda tinchlik-totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil, puxta oʻylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda. 

Eʼtiborlisi, yurtimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ishlarni har jabhada koʻrish mumkin. Xususan, turli gʻarazli kuchlar taʼsirida diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib kirib qolgan insonlarning kechirilishi yoki “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afgʻonistonda ogʻir ahvolga tushib, chorasiz qolgan ayollar va bolalarning Oʻzbekistonga olib kelingani, ular yangilanayotgan, inson erki va huquqlari qadrlanadigan yurtimizda yangi hayot boshlagani buning yaqqol misolidir. 

Shuningdek, adashib jinoyatga qoʻl urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan fuqarolarning afv etilishi xalqimizga xos ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasidir. 

Vijdon va din erkinligini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi olib borayotgan siyosatning ustuvor vazifalaridan sanaladi. Shu bois, soʻnggi yillarda respublikamizda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlar olib borilmoqda. Bu borada vijdon erkinligining huquqiy asoslari mustahkamlanib, qonunchilikning inson huquqlariga oid xalqaro andozalar asosida takomillashtirilgani ham yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir. 

Yana bir asosiy jihat, diniy taʼlim tizimidagi yangiliklar alohida muhim oʻrin tutadi. Islom dini rivoji yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, targʻib etish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, uchta yirik oliy diniy taʼlim va 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurtlari faoliyat yuritmoqda. 

Qashqadaryo viloyatida kalom ilmining atoqli namoyandasi Abu Muin Nasafiy, Namangan viloyatida tasavvuf taʼlimotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida Suzuk ota yodgorlik majmualari bunyod etilgani, koʻplab masjid, madrasa va diniy obidalar qayta qurilayotgani yoki taʼmirlanayotgani, ayniqsa, Imom Buxoriy hazratlarining Samarqand viloyatidagi yodgorlik majmuasini mutlaqo yangi, zamonaviy holda barpo etish ishlari shiddat bilan davom etayotgani hamda ziyoratga kelayotgan xalqaro ekspert va xorijiy mehmonlarning yuksak eʼtirofi va hayratiga sabab boʻlayotgani quvonarli hol, albatta. 

Qolaversa, oʻzining mahobati va ilmiy salohiyati tufayli maʼrifat maskaniga aylanishi kutilayotgan ­– Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos oʻrin tutadigan mazkur ilm-maʼrifat markazi hozirdanoq oʻz mahobati, amalga oshirayotgan maʼnaviy, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda. 

Yangi Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlari koʻz oʻngimizda oʻzining koʻngillarga quvonch eltuvchi epkinlari bilan roʻy-rost namoyon boʻlyapti. Bugun davlatimizning eʼtiqod erkinligi, diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik, inson qadri va ijtimoiy himoya borasida, ezgu siyosati xalqaro hamjamiyatning ham eʼtiborini qozondi.

Shu oʻrinda, mavzuga aloqador yana bir eʼtiborli jihat: Haj va Umra ziyoratlari sifat va son jihatdan yangi bosqichda tashkil etilayotgani diqqatga sazovor. 

Yurtdoshlarimiz muborak Umra va Haj amallarini ado etishi uchun yaratilayotgan qulayliklar yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistondan Hajga boruvchilar soni keskin ortdi. 2019-yilda 7200 nafar yurtdoshimizga bu baxt nasib etgan boʻlsa, 2022-yilda bu raqam 12 000 ni tashkil etdi. Saudiya Arabistoni tomoni bilan olib borilgan muzokaralardan soʻng joriy yil Oʻzbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilandi. 

Joriy Haj mavsumiga kvotaning oshirilgani, shubhasiz, yurtimiz ziyoratchilari uchun katta xushxabar boʻldi. Bu yil yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba bunday katta adadda ziyoratga bordi. 

Qolaversa, shu yil eshitish va koʻrishida nuqsoni boʻlgan yurtdoshlarimizning 34 nafari, shuningdek, 1400 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning umra ziyoratiga borib-kelishi tom maʼnoda inson qadri va ijtimoiy himoya borasidagi ezgu siyosatning mahsulidir. 

Albatta, mazkur keng koʻlamli islohotlar, yengilliklar, qulayliklar zamirida koʻpmillatli xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari roʻyobi mujassamdir. 

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi kunda keng koʻlamli islohot va tub oʻzgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq va manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, bu borada ulkan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, koʻlami va miqyosi tobora kengayib borayotgan bunday amaliy ishlar yangi Oʻzbekistonni barpo etish, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsadlarimizga uygʻun va hamohang boʻlib, barcha yurtdoshlarimizni ana shu gʻoyalar atrofida yanada birlashtirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidlash lozim. 

Mehr-oqibatli, saxovatli xalqimizga, tinch-osoyishta yurtimizga mana shunday bayramlar yarashadi. Binobarin, buning shukronasini qilish, yangi bunyodkorlik ishlarida birdam boʻlish, buyuk kelajak sari shahdam qadamlar tashlash, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda bir yoqadan bosh chiqarib, birlashish – bizni maqsad sari olib boruvchi yagona yoʻldir. 

Oʻz navbatida, taraqqiyotimizning yangi bosqichida barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlar koʻlami va ahamiyati jihatidan gʻoyat muhim boʻlib, Oʻzbekistonning musulmon dunyosida islom sivilizatsiyasi markazi, ilm-maʼrifat oʻchogʻi sifatida eʼtirof etilishiga sabab boʻlmoqda. 

Ishonchimiz komilki, Oʻzbekistonda 2023-yil davomida kuzatilayotgan ham tarixiy, ham ezgu tashabbuslar, shubhasiz, yurt ravnaqi va istiqboliga xizmat qiluvchi chora-tadbirlarning boshlanishi. 

Inson manfaatlari, ijtimoiy himoya masalasi pirovard maqsadga aylangan jonajon yurtimizning har kuni xushxabar va ezgu voqealarga boy boʻlaversin.

Sodiq TOSHBOYEV, 

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 30-iyun, 129-son

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry