10.08.2021
329

SOXTA SALAFIYLAR “AL-FIQH AL-AKBAR” IMOM ABU HANIFAGA OID EMASLIGINI ISBOTLAY OLMADI!!!

Soxta salafiylar “Fiqhul akbar” Imom Abu Hanifaga oid emasligi” deb atalgan video darsida “Fiqhul akbar” go‘yo Imom Abu Hanifaga oid emasligi borasida 16 ta kitobdan dalil keltirgan. Biroq, ulardan faqat 3 tasigina o‘rta asrlarda yozilgan manbalar. Bittasi esa XIX asr manbasi. Qolgan barcha asarlar, ya’ni 12 tasi XX-XXI asrlarda, ya’ni bizning davrimizda yozilgan. Demak, din dushmanlari bo‘lgan dinsizlar “Fiqhul akbar” Imom Abu Hanifaga oid emas, degan shubhani o‘rtaga tashlagandan keyin chiqqan va aytish mumkinki, ularning ta’sirida bitilgan kitoblar. Shuning uchun, ular e’tibordan soqitdir! 

Aslini olganda, biror narsani isbotlash uchun manbalarga murojaat qilinishi lozim. Butun dunyo manbashunoslari va ilm ahli bunga ittifoq qilgan. XX-XXI asrlarda, ya’ni bizning davrimizda yozilgan asarlar manba bo‘lolmaydi, ular adabiyotlar hisoblanadi. Adabiyotlardan emas, manbadan dalil keltirish kerak! Manba bilan adabiyotni ajrata olmagan odam tadqiqotchi va olim bo‘la olmaydi!  

Masalan, Alboniy (“Muxtasar al-Uluv”), Ibn Oshur (“at-Tahrir va-t-Tanvir”) va Nosiriddin al-Hijoziy (“an-Nafha”) yaqinda olamdan o‘tganlar.

Bo‘lib ham, soxta salafiylar keltirayotgan Safar Havoliy (“Sharh Aqoid at-Tahoviya”), Ibn Abdurahmon Xammis (“Sharh Aqoid at-Tahoviya” va “Usuliddin”) va Abdulaziz al-Humaydiy (“Baroat al-aimma al-arba’a”) hozirda hayot salafiy olimlari va ularning asarlari. Hasan Saqqof esa davrimizdagi shia-ash’ariylikning targ‘ibotchisi bo‘lgan olim. “al-Fiqh al-akbar”ni kim yozganini hanafiylarning o‘zlari yaxshi biladimi yoki salafiylarmi?! Insof bilan shu savolga javob berish kerak!

Shu bilan birga, aslida musulmon bo‘lmagan sharqshunoslar tomonidan bitilgan ensiklopediya – “Doirat al-maorif al-islomiya”dan iqtibos keltirayotganidan ham yetarlicha ilmga ega bo‘lmagan bu fitnachilarning aslida kimlarga xizmat qilayotganini sezish qiyin emas. U tilga olgan az-Zirikliy (“al-A’lom”) va Fuod Sezgin (“Tarix at-turos al-arabiy”) ham o‘sha sharqshunoslardan ta’sirlangan musulmon tadqiqotchilari hisoblanadi. 

Soxta salafiylar XIX asr manbasi bo‘lmish “al-Favoid al-bahiya”dan: “Abu Mute’ al-Balxiy Imom Abu Hanifaning shogirdi va “Fiqhul akbar” kitobining muallifidir”, degan iqtibosni olib keltirgan. U hindistonlik hanafiy olimi, faqih va muarrixi Abdulhay al-Laknaviy asari. Biroq, fitnachilar ushbu asardagi shu iqtibosni o‘zlari ko‘rmagan. Agar “al-Favoid al-bahiya”ni ko‘rganida, bu muallif tomonidan boshqa bir olimning kitobidan keltirgan iqtibosi ekanini anglagan va shu kitobning shu betidagi 4 qatorgina yuqorisida muallifning o‘zi bunday deb qo‘yganini ko‘rgan bo‘lardi:

أبو مطيع البلخي راوي الفقه الأكبر  عن أبي حنيفة

“Abu Mute’ al-Balxiy – “al-Fiqh al-akbar”ning Abu Hanifadan qilgan roviysidir!”.

Yoki soxta salafiylar bu iqtibosni xalqdan yashirdimikin?!

Biz hanafiy-moturidiylar haqiqatdan ham Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning roviysi ekanini aytamiz-ku!

“Sahihi Buxoriy”ning roviylari soni nechta ekanini bilasizmi? Imom Buxoriy hazratlaridan “Sahihi Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylar orasida 6 nafari to‘g‘risida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Hozirda mavjud “Sahihi Buxoriy”ning variantlari ana shu olti nafar olimning biriga borib tutashadi. Roppa-rosa 14 nafar roviy esa Imom Buxoriy hazratlarining birgina Muhammad ibn Yusuf al-Firabriy degan shogirdidan “Sahihi Buxoriy”ni qabul qilib olgan. Bugun o‘qilayotgan “Sahihi Buxoriy” ana shularning rivoyati hisoblanadi. 

Imom Molik hazratlarining “al-Muvatto” asarining 30 ga yaqin rivoyatlari borligini molikiylarning o‘zlari qayd qilishgan bo‘lsa, Muhaddis ad-Doraqutniy hazratlari uning 22 xil rivoyati va roviysi borligi haqida alohida risola bitgan.

Biror kitobning roviylari borligi va hatto ularning ko‘pligi shu kitobning mualliflik masalasini hech qachon shubhaga qo‘ymaydi! Soxta salafiylar nega shubhalanadi, hayronman!

Endi, “olimlar” tilga olgan o‘rta asrlar mualliflari Imom az-Zahabiy (“Ta’rix al-islom”), as-Safdiy (“al-Vofiy bi-l-vafoyot”) va ad-Dimashqiy (“Shazarot az-zahab”) hanafiy bo‘lmagan olimlar bo‘lib, iqtiboslarida faqat Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning sohibi ekani qayd qilingan, xolos. “Sohib” so‘zi hamma vaqt ham muallif ma’nosida kelavermasligini aytgan holda, bu iqtiboslarda Imomi A’zam Abu Hanifa hazratlarining “al-Fiqh al-akbar”ga tegishli emasligi qat’iy aytilmaganini ta’kidlay olamiz. Bu keltirilgan iqtiboslarda “al-Fiqh al-akbar” Abu Hanifaga tegishli emas”, degan gap qani? Shu savolga javob topguncha yana bir savolni ularga berishimiz lozim:

Soxta salafiylar o‘zi nechta “al-Fiqh al-akbar” asari borligini bilarmikin? Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning sohibi deb aytilayotgan yuqoridagi iqtiboslarda agar boshqa bir “al-Fiqh al-akbar” haqida so‘z ketayotgan bo‘lsa “olimlar” nima qiladi? Yoki u bu kitoblardagi naqlni aqlidan ham ustun qo‘yib taassublarcha boqib turaveradimi? 

Xullas, ularning bu chiqishi yaxshi tayyorlanmagan, manba va adabiyotlarni pala-partish ko‘rib-chiqqan, o‘zining dav’osini isbotlashda dalillari yetarli bo‘lmagan holda namoyon bo‘lgan bo‘lib chiqdi. U “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli emasligini isbotlay olmadi, isbotlay olmaydi ham!

Qani, o‘rta asrlardagi birorta olimning “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli emas, degan ochiq-oydin gapini keltirsin-chi!

Qani, o‘rta asrlardagi birorta hanafiy olimining “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli emas-ov, degan shubhasini keltirsin-chi!       

Salafiylar ming yillik hanafiy-moturidiylarning ishonchlarini suiiste’mol qilib, qalblariga shubha oralatib dushmanlar nog‘orasiga o‘ynayotgan kimsadir!

Bizning esa “Fiqhul akbar”ni Abu Hanifaga tegishli va mansub ekanligida ishonchimiz komildir!

Hamidulloh Beruniy.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

10.08.2021 12:53
Assalomu alaykum
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry