01.06.2023
103

MAZHABLARNING AHAMIYATI

Ulamolar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vorislari bo‘lib, ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ilmni meros qilib olishgan va uni bizga osonlashtirib berishgan. Ularning ko‘pchiligi tobe’inlar bo‘lib, sahobalarni ko‘rishgan va ular bilan yuzma-yuz turib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam haqlarida eshitishgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

أصحابي كالنجوم بأيهم اقتديتم اهتديتم

Mening ashobim yulduzlarga o‘xshashadi, ularning qaysi biriga iqtido qilsalaring, hidoyat topasizlar.

Ular ilmda yo‘lchi yulduzga o‘xshashadi, ularning qaysi biriga ergashilsa, to‘g‘ri yo‘l topiladi. Haqiqatan, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashganlar va ul zotning noiblari bo‘lishgan. Xususan xulofoi roshidin rizvonullohi alayhim ajma’in. Ularga tobe’inlarning faqih va muhaddislari, tobe’inlarga esa taba’a tobe’in olimlar ergashishdi. Agar ular bo‘lishmaganda biz hidoyat topmagan bo‘lar edik. Alloh taolo ularni o‘z rahmatiga olgan va mehnatlari evaziga ajru hasanotlar bersin. Ular to‘g‘ri yo‘lda ekanliklari uchun o‘zlariga ergashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdi. Kimki, ularning bittasi hidoyatda, qolgani zalolatda – desa, xato qiladi. 

Sahoba va ummat mujtahidlari islom ummatga rahmat bo‘ldi, dinni osonlashtirdi hamda undagi qiyinchiliklarni ketkazdi. Ummatda mujtahidlar ko‘p o‘tdi, ularning har qaysisiga ergashgan jamoa bo‘lgan. Ularning barchasi shariatni to‘g‘ri tushunish va uni xalqqa to‘g‘ri yetkazish uchun bor imkoniyatlarini sarflashgan. Ummatda mujtahidlar ko‘p bo‘lgani Alloh taolo bandalariga bergan bir fazldirki, unga shukr qilish lozim bo‘ladi. Endi o‘sha mujtahidlar ichida mazhablari mashhur bo‘lgan, tariqatlariga amal qilingan hamda dalillari ravshan bo‘lganlari bo‘ldi. Ana shunday odamlar ishonchini oqlay olgan mazhab sohiblari to‘rtta bo‘lib, ular: Abu Hanifa Ko‘fiy, Molik ibn Anas, Ahmad ibn Hanbal va Imom Shofe’iydirlar. Birinchiga ikkinchisi asrdosh, ba’zi rivoyatda ikkinchisi birinchisining shogirdi hisoblangan. Uchinchisi to‘rtinchining shogirdi, to‘rtinchi ikkinchiga va to‘rtinchining ba’zi shogirdlariga shogird hisoblangan. Bulardan boshqa mujtahidlar ham bo‘lishgan, lekin ularga ergashuvchilar ozchilikni tashkil qilgan. Ummatning ko‘pchiligi shu to‘rt mazhabga ergashishdi. Ahmad ibn Hanbal mazhabi Bag‘dod atrofida tarqaldi, ammo bu mazhab boshqa mazhablarga nisbatan kam tarqaldi. Molikiy mazhabi Mag‘rib va Hijozning ba’zi shaharlarida tarqaldi. Shofe’iyning mazhabi Hijozning ko‘pgina shaharlarida, Yamanda, Hindistonning ba’zi shaharlarida, Dakan, Xuroson va Turonning ba’zi shaharlarida tarqaldi. Abu Hanifa mazhabi Bag‘dod tomonlarda, Misr, Rum, Balx, Buxoro, Samarqand, Isfahon, Sheroz Ozarbayjon, Jurjon, Zanjon, Tus, Bistom, Astrobod, Marg‘ilon, Farg‘ona, Domg‘on, Xorazm, G’azna, Kirmon, Hindiston, Sind, Dekan, Yamanning ba’zi shaharlari va boshqa o‘lkalarda tarqaldi.

Xullas, mazhab shariat yo‘lini bizga oson qilib beruvchi, uning tushunarsiz joylarini anglatuvchi vositadir. Agar mazhablar bo‘lmaganida ba’zi bir hayotiy muammolarga yechim topa olmagan bo‘lar edik. Qolaversa mazhab bizga ahkomlarga qanday amal qilishni osonlashtirib bergan ravon yo‘ldir.

 

Abbosxon Abdullayev - Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry