21.06.2023
261

Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!

Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne’mat ekanini ta’kidlab, shunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Tarixiy haqiqat shundan iboratki, ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyatning rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog‘liq bo‘lgan.

Ma’lumki, islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in’om etilgan ulug‘ ne’mat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qur’oni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar mo‘minlik, tinchlik va bag‘rikenglik mavzulariga bag‘ishlanganini e’tirof etadilar. Jumladan, Qur’oni karimda bayon qilinadiki: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz. Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).

Tinchlikning ilohiy ne’mat ekani Nabiy alayhissalomning quyidagi hadislarida qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni so‘ranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq ne’mat berilgani yo‘q” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).

O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgani tarixiy haqiqatdir. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Bugungi kunda 16 xil konfessiyaga amal qiluvchi 130 dan ziyod millat vakillari yagona ahil oila bo‘lib, tinchlik-xotirjamlikda yashab, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida birgalikda faoliyat olib bormoqdalar.

Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish maqsadida, amalga oshirayotgan g‘oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqda. Qator davlatlar, xususan, ko‘plab musulmonlar istiqomat qiluvchi yurtlar siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan kechirmoqdalar. Mazkur mamlakatlarda odamlar og‘ir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zo‘ravonliklar va xavfsizlikning yo‘qligi sharoitida kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar hajmi ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.

Darhaqiqat, Payg‘abarimiz alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdurki, bundan ko‘p odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu bo‘lib qolayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz.

Ushbu holat dunyodagi davlatlarning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat’i nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar ulug‘ ne’mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Shu o‘rinda Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisni eslash o‘rinlidir: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (“Sunani Termiziy”, 2346-hadis).

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy barqarorlik jamiyat hayotining osoyishtaligi bilan tavsiflanadi. Barqarorlikka tinch-totuvlik va uni mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratish, turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolar va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni, davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, fuqarolar o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuv va sherikchilik bardavomligini ta’minlash orqali erishiladi.

Aksincha, xalq orasida buzg‘unchilik g‘oyalarini tarqatish orqali beqarorlik keltirib chiqarish esa tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Islom ta’limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka raxna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to‘kishdan ham og‘ir gunoh sanaladi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir” (Anfol surasi, 25-oyat).

Islom ulamolari Qur’oni karimda tinchlikka, odamlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga raxna soluvchi amallarni qilmaslikni buyurilganini ta’kidlaydilar: “...Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat). Mazkur suraning 60-oyatida: “...Allohning rizqidan yeb- ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!..” deb marhamat qilingan.

Shuningdek, islom ta’limoti odamlarni millati, dini, jinsi yoki qarashlaridan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini himoya qiladi hamda ularga zulm qilishdan qaytaradi. Qur’oni karimda: “...biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!..” (Moida surasi, 8-oyat) deyilgan.

Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Bugungi tahlikali zamon tinchlikni ta’minlash faqat davlatning vakolatli idoralari vazifasi degan noto‘g‘ri tushunchalardan voz kechish, Vatan taqdiri uchun astoydil qayg‘urib yashashni taqozo etayotganiga barchamiz guvohmiz.

Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy bo‘lishi lozim. Ya’ni insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan notinch­likning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.

Ayniqsa, axborot manbalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, ma’naviyat va ma’rifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan g‘arazli urinishlarga qat’iy qarshi turishimiz kerak. Mazkur yo‘nalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda bo‘lishlari shart.

Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o‘z ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona g‘oyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi. Ulamolarimiz vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg‘u emasligi, balki uni quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etish lozim ekanini ta’kidlaydilar:

– Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;

– jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo‘lida harakat qilish (silai rahm, qo‘shnilarga yaxshilik, o‘zaro yordam, bir-birlariga yaxshilikni sog‘inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

– Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab- asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o‘zini bag‘ishlash, bu yo‘lda tamani yaqinlashtirmaslik va h.k.);

– Vatan erki, hududi yoki obro‘siga qarshi g‘oyaviy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Ta’kidlash joizki, Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning e’tiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulug‘ ne’mat deya e’tirof etgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.

Shu nuqtayi nazardan fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo‘lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni nafaqat to‘g‘ri qabul qilishlari, balki e’tiqodan qo‘llab-quvvatlashlari hamda bor imkoniyatlari bilan yordam berishlari lozim. Tahdidlarning oldini olishga qaratilgan aynan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashab, dindorlarimiz ibodatlarini xotirjam va emin-erkinlikda ado etmoqdalar.

Qayd etilganlardan bugungi tahlikali zamonning o‘zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, dunyoda kuchayib borayotgan xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo, mintaqada ro‘y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvurlar shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur sanaladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘liq katta hamda bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne’matning bardavom bo‘lishi – uning shukri ado etilishiga bog‘liqdir. Ne’matning salmog‘iga qarab shukr ham har xil bo‘ladi. Ba’zi ne’matlarning shukri tilda “alhamdulillah” deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne’matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin. Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne’matdir. Bu ne’matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, o‘rta yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga yetish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne’matning shukrini ado etgan bo‘ladilar.

“Diniy-ma’rifiy suhbatlar” kitobidan
Manba: https://iiau.uz/ 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...
ISLOMDA VATAN TUSHUNCHASI
Vatan, Alloh taoloning bizga ato etgan eng ulug‘ ne’matidir. Ne’mat bo‘lganda ham, har kuni, har on fikr yuritiladigan, har dam...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry