30.08.2023
657

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)

Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining asosini tashkil etadi. Ammo bugungi kunda dinni niqob qilib, uning nomidan ish olib borishga intilayotgan ekstremistik va terrorchi oqimlarning chirkin faoliyati muqaddas islom dini va tinchliksevar musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Xo‘sh, buzg‘unchi oqimlarning jihod borasidagi qarashlari qay darajada asosli, jihodning mohiyati nimada?

Jihod so‘zi arabcha «jahada» fe’lidan olingani, «g‘ayrat qilmoq», «harakat qilmoq», «intilmoq», «zo‘r bermoq», «bor kuchini sarflamoq», «kurashmoq», «mehnat qilmoq» kabi ma’nolarni anglatishi bugungi kunda ko‘pchilikka ma’lum. Diniy istilohga ko‘ra, jihodning nafs, shayton va yov bilan kurashishdek turlarining mavjudligi, ularning mazmun-mohiyati haqida mo‘tabar manbalarda yetarlicha tushuntirishlar berilgan.

Dastlab «jihod» mazmunida islomni himoya qilish va yoyish uchun qilingan sa’y-harakat, g‘ayrat qilish ma’nosi tushunilgan. Shu bois Makka davrida Payg‘ambar (alayhis-salom) va sahobiylar Alloh taoloning: «(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!», (Nahl, 125) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar. 

Keyinchalik, ya’ni Muhammad (alayhis-salom) Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tganlaridan so‘ng islom dini va musulmonlar jamiyatini tashqi dushmanlardan mudofaa qilish maqsadidagina harbiy mazmundagi jihodga ruxsat berilgan. Jumladan, «Haj» surasining 39-oyatida: «(Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo‘lganlari sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir», deyiladi. Bundan ko‘rinadiki, jangu jadal ma’nosidagi jihodga mudofaa, muqarrar dushman hamlasini daf etish maqsadida ruxsat berilmoqda.

Taassufki, hozirda jihod deyilganda uning urush ma’nosidan boshqalarini inkor etish, boz ustiga terrorchilik bilan bog‘liq jinoyatlarni ham Alloh yo‘lidagi jihod, deb e’lon qilish holatlari ortib bormoqda. Ayniqsa, ekstremistik va terrorchi oqimlarning mutaassiblik bilan yo‘g‘irilgan g‘arazli maqsadlari yo‘lidagi bosqinchilik urushini «jihod» deb e’lon qilishi va bu yo‘lda o‘zini portlatgan va boshqa begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan kimsalarni «shahid» deb atayotganlari dinimiz ta’limotlariga mutlaqo ziddir. Vaholanki, islom dinida jon ne’matiga Allohning eng buyuk va qadrli ne’matlaridan biri, deb qaraladi. Bu ne’matning qadriga yetmaganlarga ulkan azoblar borligi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab ko‘rsatmalar kelgan. Jumladan, Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda shunday deyiladi: Alloh taolo marhamat qilurki: "Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim»[1].

Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Muslimdan rivoyat qilingan yana bir hadisda ham shunga oid masala bayon etilgan. Unda aytilishicha,«Kimki o‘zini tog‘ tepasidan tashlab o‘ldirsa, o‘lgandan keyin ham jahannamda shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O’zini suvga tashlab yoki osib yoki kuydirib o‘ldirgan kishilarning hukmi ham uning hukmi bilan barobardir»[2].

Yuqoridagi hadislar faqat o‘zini o‘ldirgan kimsa haqida bo‘lsa, o‘zi bilan birga begunoh insonlar o‘limiga sabab bo‘layotgan shaxslarning gunohi undanda og‘irroq bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi: «Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay», (Niso, 93).

Jihod harakatini terror yo‘li orqali amalga oshirayotgan kimsalar o‘z qilmishlarini muqaddas islom uchun kurash, musulmonlarni birlashtirish yoki islom xalifaligini qurishga qaratilgan amallar, deya o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar. Agar jihod, ular aytganidek, islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Payg‘ambar (alayhis-salom)ning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lar edilar. Biroq Payg‘ambar (alayhis-salom) bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, yangi paydo bo‘lgan musulmon jamiyatini himoya qilish uchun hamda yurtga bostirib kirishi muqarrar bo‘lgan dushmangagina urush e’lon qilganlar.

Shu bilan birga Muhammad (alayhis-salom) Makkadan Madinaga kelganlaridan so‘ng qilgan dastlabki ishlaridan biri musulmonlar jamoasi va hududdagi turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro tinch-totuv yashashni ta’minlashga qaratilgan shartnoma tuzish bo‘lgan. 622 yilda tuzilgan bu shartnoma «Madina sahifasi» nomi bilan mashhur bo‘lib, unda yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar o‘zaro hurmat asosida yashash, ularning o‘z diniy e’tiqodini amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilmaslik, kabi muhim masalalar o‘rin olgan edi. Islom dini hamma davr va har qanday vaziyatda tinch-totuvlikning barqaror bo‘lishidan manfaatdor bo‘lganini uning tarixi ham namoyon etadi.

Davomi bor...

Shukrullo JURAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro 
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

 

[1]Саҳиҳи Бухорий, 3304-ҳадис.

[2] Саҳиҳи Муслим, 187-ҳадис.

Qo‘shimcha malumot

Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...
ISLOMDA VATAN TUSHUNCHASI
Vatan, Alloh taoloning bizga ato etgan eng ulug‘ ne’matidir. Ne’mat bo‘lganda ham, har kuni, har on fikr yuritiladigan, har dam...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry