31.05.2023
88

INSONLAR G‘AFLATDA BO‘LGAN IKKI NE’MAT

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sog‘liq va bo‘sh vaqtni tojirning sarmoyasiga o‘xshatganlar. Tojir ko‘p foyda olishi uchun sarmoyasini biror ishga tikib, aylantiradi. Agar u foyda ololmay sarmoyasini tugatib qo‘ysa, qanchalar ziyonga kirganini bilasizmi? Sog‘liq va bo‘sh vaqt ham musulmonning sarmoyasi bo‘lib, Alloh bu ikkisini unga dunyoda ham, oxiratda ham foyda beradigan ishlarda qo‘llashi uchun ato etgan. Agar ularni behuda zoye qilib, befoyda ishlarga sarflasa, katta zarar ko‘radi.

Aksar insonlar hayot lahzalaridan unumli foydalanishga e’tibor bermay g‘aflatda yuradilar. O‘ylaydilarki, sog‘liq davomli bo‘ladi va bo‘sh vaqt har doim topiladi. Hadis esa ularga bu qo‘rqinchli uyqudan uyg‘oninglar, deydi. Zero, uyg‘onmasalar hech bir foyda ololmay hasrat-nadomat qilib qoladigan kunga yo‘liqadilar. Shayx Orifiy aytadi: “Vaqtning o‘tishiga boqardim. Kecha ketidan kunduz, kunduz ketidan kecha kelaverardi. Shu asnoda umrim ham o‘tayapti”.

Payg‘ambarlar insoniyatga bu ikki ne’mat qo‘ldan ketishidan oldin ularning qadriga yetishni o‘rgatish uchun yuborilganlar. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: qarishingdan oldin yoshligingni, bemor bo‘lishingdan oldin sog‘ligingni, kambag‘allikdan oldin boyligingni, bandligingdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘lishingdan oldin tirikligingni” (Ibn Muborakning “Zuhd va Raqoiq” kitobi, “at-Taxsiys ’ala toatillah” bobi, 2-hadis).

Qarilik eshik qoqishidan oldin yoshligingizni g‘animat biling. U holatda sizda agar xohlasangiz, tog‘ni urib talqon qiladigan to‘lib-toshgan kuch-quvvat, agar istasangiz, yulduzlarni qucha oladigan oliy himmat, agar xohlasangiz qiyinchilikni tan olmaydigan mardlik va jasurlik bo‘ladi. Qarilik kelgach, himmat pasayadi, quvvat ketadi. Endi sizni harakatga undovchi narsa topilmaydi.

Boyligingizni g‘animat biling. Kambag‘allik yetib bankrot bo‘lishingizdan oldin pullaringizni yaxshilik ishlariga ishlating. Zero, mol-dunyo kelib-ketuvchi. Agar undan oxiratingiz yo‘lida foydalanib qolmasangiz, behuda yo‘q bo‘lib ketib, afsuslanib qolasiz.

Shayx Tahonaviy rahmatullohi alayh mav’izalaridan birida bunday deganlar: “Dakka shahrida bir hokim vafot etdi. Uning bir o‘g‘il va bir qizi bor bo‘lib, meros ikkalasiga tegdi. Ikkala farzand takabbur va isrofda bemisl edilar. Bir marta bola gugurt yoqqandi, uning hidi yoqib qoldi. Bu uning xobbisiga aylandi. U ketma-ket gugurt yoqib, hididan bahra olardi. Bola shu yo‘sinda boyligini tugatdi. Qiz esa bir safar bozorga chiqib, mato sotib olgandi. Matoni kesganda chiqadigan qaychining ovozi unga ajib tuyuldi. Bu ish uning xobbisiga aylanib, oldiga matolarni yig‘ib, qaychida kesardi va huzurlanardi. Shunday qilib, qiz ham mol-mulkini tugatib bitirdi. Hokimning ikki merosxo‘ri hech vaqosi yo‘qligidan bozorda tilanchilik qilishga o‘tdi”.

Xulosa shuki, boylik o‘rnini kambag‘allik egallashidan oldin mol-dunyoingizni yaxshi yo‘llarda ishlatib, undan foydalanib qoling. Oxirat tijoratingiz sarmoyasi bo‘lmish hayotingizni g‘animat biling.

Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

asar va maqolalari asosida

Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi Abdulhodiy Gʻiyos tayyorladi.

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry