09.08.2021
332

Hanafiya aqidasi moturidiya nomi bilan tanildi

Imom Murtazo Zabidiy (1145-1205 h./1732-1790 m.) “Ithof as-sodat al-muttaqin” asarida naql qiladi [2/14]:

“Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va Abu Hanifaning o‘g‘li Hammodlar o‘zlari ilmda peshvo bo‘la turib, muxoliflar bilan kalom ilmi bo‘yicha o‘zlariga yarasha munozara qilganlar.    Shuningdek, Imom Abu Hanifa o‘z zamonida ushbu ummatning mutakallimi bo‘lgan”.

So‘ngra imom Zabidiy imom A’zamning “al-Fiqh al-akbar”, “al-Fiqh al-absat”, «al-Olim val-mutaallim», “Vasiyat”, “Usmon Battiyga maktub” kitoblari haqida so‘z yuritadi.

Yuqoridagilardan ma’lumki, ushbu kitoblar imomning o‘z ta’lifotlaridandir. To‘g‘ri, mazkur kitoblarda tilga olingan bu masalalarni imom o‘zining Hammod, Abu Yusuf, Abu Muti’ Hakam bin Abdulloh Balxiy va Abu Muqotil Hafs bin Muslim Samarqandiy kabi (Alloh rahmat qilsin) shogirdlariga imlo qilib bergan.

Shuningdek, ayrimlari ularni jamlagan va quyidagi bir guruh imomlar ulardan qabul qilib olgan: imomning nabirasi Ismoil bin Hammod, Muhammad bin Muqotil Roziy, Muhammad bin Samoat, Nasir bin Yahyo Balxiy, Shaddod bin Hakam va boshqalar, sanadi imom Abu Mansur Moturidiyga qadar yetib boradi”. Mana shu to‘liq hanafiylikdir!

Salafiylar faqat o‘zlarinigina ahli sunnaga mansub, deb da’vo qilmoqdalar. Aslida, ming yildan beri butun ummat ahli sunnaning asl namoyondasi va eng haqli merosxo‘ri, deb bilittifoq tan olib kelayotgan va hozirga qadar ko‘p sonli ahli sunna ulamollari e’tirof etib kelayotgan moturidiy va ash’ariylarni faqat kam sonli ayrim salafiylargina “bid’atchi firqa, adashgan toifa”, deb tuhmat e’lon qilmoqdalar, quyidagi fitnali, shubhali savollarni qo‘zg‘amoqdalar:

  1. Nega bitta ahli sunna deb emas, balki moturidiya va ash’ariya deb ikki xil nomlandi, o‘zaro farqlarni kelishib, bir bo‘lib olishsa bo‘lmaydimi? 
  2. Agar moturidiya qarashlari Abu Hanifa qarashlariga muvofiq bo‘lsa, nega fiqhda hanafiya deb, aqidada esa moturidiya deb nomlandi? 

Ularning birinchi savoliga qarshi beshta savol bilan javob beramiz:

  1. Nega to‘rt mo‘‘tabar fiqhiy mazhab ahli sunna deb emas, balki hanafiya, molikiya, shofe’iya, hanbaliya deb nomlangani umum e’tirof etilgan?
  2. Nega hozirda ayrim salafiy voizlar vahhobiya, ba’zilari esa salafiya asl ahli sunnaning mazhabi deya ikki xil atamoqdalar? 
  3. Nega ular tayanadigan Ibn Taymiya ham o‘zining “Majmu’atul-fatovo” asarida to‘rt mo‘‘tabar fiqhiy mazhabni ahli sunna deb, salafiya haqida hech narsa demagan? 
  4. Nega Ibn Taymiyani hanbaliy olimlar oldida tavba qilib, o‘zini “man ash’ariyman”, dedi, ahli sunna yoki salafiy man demadi?
  5. Salafiya-vahhobiya atamalarining o‘zi keyin paydo bo‘lgan, demak bu bid’at da’vodan boshqa nima?!

Ikkinchi savolga javob: ahli sunnaning sof aqidasini bayon qilgan imom Abu Hanifaning ta’limotini imom Abu Mansur Moturidiy uning asos solgan uslubida davom ettirib, rivojlantirdi. Adashgan oqimlarning bid’at qarashlariga raddiyalar berishda nafaqat Qur’on va sunnatni naql qilish bilan kifoyalandi, balki aql, mantiq, kalom va falsafa usullarini ham qo‘llagan holda ahli sunnaning sof aqidasini bayon qilgan, shubhali savollarga aniq ilmiy javoblar berdi. Keyinchalik, shogirdlarining ham xizmatlari bilan bir butun yaxlit aqidaviy maktab sifatida shakllandi va ahli sunnaning moturidiya madrasasi deb nomlandi hamda u zot ahli sunnaning imomi deb tan olindi.

Tojiddin Subkiy (728-771 h./1328-1370 m.) ta’biri bilan aytganda, hanafiylar, shofe’iylar, molikiylar va hanbaliylarning fozillari aqidalarda bitta qo‘ldir, ularning hammasi ahli sunna val jamoadir. Ular sunnat shayxi Abulhasan Ash’ariy va hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiy yo‘li bilan Alloh taologa e’tiqod qiladilar. Ular bu yo‘ldan aslo og‘ishmaganlar. Hanafiy va shofe’iylardan bir guruhi ushbu yo‘ldan og‘ishib mo‘‘tazilaga, hanbaliylardan bir guruhi esa mujassimaga ergashganlar. Molikiylarni esa Allohning o‘zi asragan, ularni ash’ariyadan boshqa aqidada ko‘rmadik. To‘rt mazhab ulamolari qabul qilib olgan va aqida deb rozi bo‘lgan tahoviya aqidasi ash’ariya aqidasini o‘z ichiga qamrab olgan. Ummatning salafi – o‘tganlari ushbu aqidadadir. Tahoviyning aqidasi, Qushayriyning aqidasi va murshida deb atalgan aqida ahli sunna val-jamoa asoslarida mushtarakdir. (Tojiddin Subkiy. Muid an-ni’am va mubid an-niqam. – Bayrut: Muassasa al-kutub as-saqofiya, 1986. – B. 62).

Shuningdek, tarixda ayrim murji’a aqidasidagilar furu’-fiqhda o‘zlarini hanafiyaga nisbat berganlar. Shuning uchun ulardan farqli ravishda hanafiya-moturidiya iborasi qo‘llaniladi. Ayrim asarlarda ahli sunna aqidasiga nisbatan umumiy tarzda ash’ariya atamasi zikr qilinib, undan moturidiya ham nazarda tutilishi ko‘pchilikka ma’lum.

Xo‘sh, imom Abu Hanifa kimlarga raddiya bergan? “al-Fiqh al-akbar” matnidagi mavzular, jumlalarning tuzilishi aynan bid’atchi firqalarning da’volariga javob tarzda, undovli bayon qilinadi. Unda ayrim furu’-fiqhiy masalalar ham kiritilgani, ahli sunnaning boshqa adashgan firqalardan farqli masala bo‘lganidandir. Xo‘sh, imom Abu Mansur Moturidiy-chi, aksar, xususan, “Kitob at-Tavhid” asarining bosh mavzusi bo‘lgan raddiyalar kimlarga qaratilgan edi? Albatta, bid’atchilarga. Ahli sunnaning sof aqidasini ularning qo‘zg‘agan shubhalaridan himoya qilish maqsadida o‘zlarining mantiqiy uslublarini ham qo‘llagan.

Afsuski, bugun bid’atchi firqalar ahli sunna da’vosi bilan asl ahli sunna bo‘lgan ash’ariy va moturidiylarga tosh otmoqda. Kalom ilmidagi naql va aql uyg‘unligi usulidan foydalanganligini ayb, deb qoralamoqdalar. 

Bir misol, o‘quvchilarga boshlang‘ich sinfda matematika fanidagi hisoblashning asosiy tamoyillari sodda shaklda o‘rgatiladi. Unga ko‘ra toq son ikkiga bo‘linmaydi (3:2), kichik sondan katta son ayrilmaydi (2-3). Yuqori sinflarda esa murakkablashib boradi. Unga ko‘ra esa, toq son ikkiga bo‘linadi, natija qoldiqli chiqadi, kichik sondan katta sonni ayrish mumkin, natija manfiy son chiqadi, va hokazo.

Xuddi shunday, ilk hijriy asrlarda musulmonlar aqidasi sodda va ravon anglatilgan, mutashobeh masalalarni qo‘zg‘aganlarning ixtiloflari tezda bostirilgan, bunday savollarni berish bid’at deb baholangan yoki “uning ma’nosini Alloh biladi”, deb tafviz qilingan. Lekin vaqt o‘tishi bilan bunday savollarni ko‘pchilik bera boshlagan va ularga javob bermaslikning umuman iloji bo‘lmay qoldi. Mantiqiy savollarga mantiqiy javoblar berish maqsadida masalaga yaqin ma’no berib ta’vil qilishni taqazo etgan. Avvalgi uch asrdagi “salaf” ahlining uslubi asosan tafviz, keyingi “xalaf” ahlining uslubi esa ko‘pincha ta’vil bo‘ldi. Bu qat’iy taqsim emas, balki har ikkisida ham ikkala uslub uchraydi. Sahoba va tobeinlar tafsirlarida ham ko‘plab ta’villarni ko‘rish mumkin. Bu alohida mavzu.

Yana bir misol, Qur’onda bir mavzuda bir jumla kelgan bo‘lsa, ushbu mavzuda bir nechta hadis keladi, keyingi o‘rinlarda uning tafsir va sharhlarida yanada ko‘plab qavllar naql qilinadi. Huddi shuningdek, aqida borasidagi masalalar dastlab qisqa matnlar bilan kifolangan bo‘lsa, keyingi davr olimlari ularni sharhlash va yanada kengroq bayon qilish uchun ko‘plab jild asarlar bitganlar.

Jahongir Tohirov

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry