29.05.2023
174

HIJRAT: ASLIYAT VA NOTO‘G‘RI TALQIN

Ezgulik dini bo‘lgan Islom dini kishilarni tinchlik va barqarorlikka, o‘zaro birlik va hamjihatlikka, bag‘rikenglikka, millatlararo totuvlikka targ‘ib qiladi. 

Arab tili lug‘atida «Hijrat» so‘zi, «biror narsani tark etish», «bir narsadan qalban va jismonan uzilish», «bir joyni tashlab boshqa joyga ko‘chib o‘tish»  kabi ma’nolarda ishlatiladi. 

Islom tarixiga nazar solsak Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam dastlab Makkada qiyinchilik bilan bo‘lsada islom da’vat qildilar. Natijada, ba’zilarning qalblari islom nuri bilan munavvar bo‘lib taskin topdi. Ammo, vaziyat keyinchalik vaziyat yanada og‘irlashgach Alloh taolo musulmonlarga hijrat qilishni buyurdi. Dastlab sahobalar va keyinchalik Payg‘ambarimizning o‘zlari ham Madina shahriga hijrat qildilar ya’ni ko‘chib o‘tdilar.

Abu Abdulloh Foqihiy o‘zining «Axbaru Makka» (Makka xabarlari) asarida yozishicha, Ibn Abbos roziyallohu anhu uxlayotganida yostig‘i tagidagi hamyonini o‘g‘irlab ketishadi. O‘g‘rini ushlashib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga olib boradilar. Shunda o‘g‘ri o‘z qilmishini ushbu mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi ekanligi bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni jazolashni buyuradilar. Keyin unga Makkaga qaytishni va o‘z yurtida yashashini aytib, “Hijrat to‘xtatildi!” deya hukm qiladilar. Mazkur voqeadan hijrat allaqachonlar to‘xtatilganini, shuningdek, asli hijrat yaxshilik ekani, uni qilaman deb, odam har qanday yomonlikni qilishi mumkin, degan fikrning naqadar noto‘g‘ri ekanini bilib olamiz. Demak, vatanni sotib, o‘z yurti odamlariga yomonlikni ravo ko‘rib aslo hijrat qilib bo‘lmas ekan!

Aslida vatan, ona vatan sog‘inchi, unga mansub bo‘lish har narsadan ustun turadi. O‘zga yurtlarda ham hech qachon o‘z yurtini, vatan obodligini, vatan sog‘inchini unutmaslik darkor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va uning davridagi musulmonlarga eng ko‘p yordam bergan musulmonlar madinalik ansorlar edi. Ular o‘zlarining fidoyiliklari, mehmondo‘stliklari, beg‘araz yordamlari ila islom payg‘ambarining ko‘nglini olgan edilar. Biroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar hijrat bo‘lmaganda edi, ansorlardan biri bo‘lgan bo‘lardim!» deya lutf qilganlar. Hanafiy olimlaridan bo‘lmish Abu Ja’far at-Tahoviy ushbu hadisni sharh qila turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zga vatandan, ya’ni makkalik bo‘lgani bois o‘zlarini ansorlar jumlasiga kiritmaganlar, degan. Bu yerda ansorlar naqadar ulug‘ insonlar bo‘lgani bilan birga ularga o‘zini mansub qilish naqadar ulug‘ fazilat bo‘lsa ham, lekin inson hech qachon o‘z vatanidan kecha olmasligi, vatanni tanlay olmasligi, balki har bir inson o‘z ona yurtiga, ota vataniga sodiq farzand bo‘lishi lozimligi ma’lum bo‘ladi.

Hijrat qiluvchilar esa muhojir bo‘lib, Qur’oni karimda ular haqiqiy mo‘minlar, Alloh huzurida ularning darajalari buyukligi haqida bir qancha oyatlar bilan madh etildi. Jumladan, Anfol surasining 74-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَالَّذٖينَ اٰمَنُوا مِنْ بَعْدُ وَهَاجَرُوا وَجَاهَدُوا مَعَكُمْ فَاُو۬لٰٓئِكَ مِنْكُمْؕ

«Keyinroq imon keltirib, hijrat qilgan va sizlar bilan birga (yov bilan) kurashganlar, aynan o‘shalar (ham) sizlardandirlar». 

Qur’oni karimda bu kabi oyatlar ya’ni Alloh va uning rasulining yo‘lida hijrat qilishga haqidagi ko‘plab oyatlarni uchratish mumkin. Xo‘sh Qur’oni karim va sunnati nabaviyyadagi haqiqiy hijrat shumi? Alloh yo‘li va Rasulining yo‘lidan murod aslida nima edi. Bugungi ba’zi «to‘dalar» da’vo qilayotgan, musulmonlarni vatangado, olislarda xoru zor qilayotganlar tomonidan ilgari surayotganlar o‘z manfaatlari yo‘lida talqin qilayotgan hijrat bu butunlay noto‘g‘ri talqindir. Zero, ko‘plab oyati karimalar va hadisi shariflarda haqiqiy hijrat nima ekanligi ko‘ramiz. Masalan Alloh taolo Mudassir surasining 5-oyatida shunday marhamat qiladi:

وَالرُّجْزَ فَاهْجُرْۙ

«Nopokliklardan uzoq turing»

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ko‘pgina hadislarida «haqiqiy hijrat» harom, gunoh va yomon amallarni tark etish, «haqiqiy muhojir» esa bulardan o‘zini tiyib, Allohga itoat qiluvchi va qullik qiladigan kishi ekanligini ta’kidlaganlar. 

«Haqiqiy muhojir Alloh harom qilgan narsalarni tark qiluvchidir» (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).

Yoki boshqa bir hadisda Rasulimiz alayhissalom: «Asl mujohid Allohga toat qilishda o‘z nafsi bilan jihod qilgan kishidir, Haqiqiy muhojir esa xato va gunohlarini tark etgan kishidir», deya marhamat qiladilar. (Ibn Hibbon rivoyati). 

Shuningdek, yana boshqa bir rivoyatda:

«Bir kishi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Yo Rasululloh! Qaysi hijrat fazilatliroqdir» deya so‘radi: Rasululloh esa «Alloh harom qilgan narsalarni tark qilishingdir» deya javob berdilar» (Imom Nasoiy va Imom Abu Dovud rivoyati).

Darhaqiqat har doim go‘zal dinimiz insonni poklikka, to‘g‘rilikka, haq yo‘lga targ‘ib qilib kelgan. 

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Hijrat – yashirin va oshkora barcha fahsh ishlarni tark etish, namoz o‘qish va zakot berishdir. Shu ishlarni qilsang, turgan joyingda vafot etsang ham, sen muhojirsan».

Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, yuqoridagi Anfol va Muddassir suralarida qayd etilganidek, yomonliklarni tashlab, butun vujudingiz bilan Allohga ibodat qilish, taqvo qilish, Alloh va Uning Rasuliga hijrat qilish demakdir. 

Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz aytadilar: «Fitna va buzg‘unchiliklar paytidagi ibodat men uchun hijratdir» (Imom Muslim rivoyati). 

Umuman olganda ushbu hijrat borasidagi oyat hamda hadislardan ma’lum bo‘ladiki, Alloh man qilgan gunohlarni tark etib, Alloh va Rasuliga itoat qilish niyatida «Alloh yo‘lida» hijrat qilgan «muhojir» mo‘min bo‘la oladi. 

Afsuski, hozirgi kunda islom dinining muqaddas tushunchalari bo‘lmish «hijrat»ni o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanuvchilar go‘yoki, «hijrat» qilib ketganlar qilgan hijratlaridan qaytishlari gunoh bo‘larkan, hijratlarini tark etmoq durust emas ekan shunga o‘xshash fitnali asossiz gaplar avj olib borayotganligi ham juda ayanchlidir. Islom dini ilm dinidir. Ilmsizlikning, jaholatning oxiri voy bo‘lishi aniq. Islomiy tushuncha va masalalarni noto‘g‘ri tushunib olish yoki boshqalarga noto‘g‘ri yetkazish orqali musulmonlarning boshiga bugun juda ko‘p tashvishlar, muammolar va fitnalar tushmoqda. Afsuski, bugun butun dunyo musulmonlari jaholat va nodonlik qurbonlari bo‘lmoqdalar. Ana shunday, insonni jaholatga va alaloqibat halokatga giriftor qiladigan tushunchalardan biri “hijrat” bo‘lib, uning shar’iy istilohdagi ma’no-mazmunini va hukmini bilmaslik oqibatida ayrim musulmonlar falokatga yuz tutmoqdalar. Sahih hadisi sharifda: لا هجرة بعد فتح مكّة – “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, deyilgan. U oldin farz qilingan hijratning hukmini bekor qiluvchidir. Ana shu hadisi sharifga binoan ahli sunnat va jamoat ta’limotidan og‘ishmagan musulmonlar va ularning ulamolari insonning yashab turgan joyidan boshqa joyga ko‘chib ketishi bir paytlar farz bo‘lgan hijratning hukmini bekor qilingan, deb tushunganlar. Ayniqsa, hanafiy olimlari ilm tahsili yoki kasbu kor maqsadida zarurat yuzasidan vaqtinchalik hijrat bo‘lishi mumkinligini aytganlar, xolos. Lekin, jami musulmonlar va butun dunyo islom ulamolari azaldan hijratning ma’naviy turini to qiyomatgacha boqiy deb hisoblaydilar. Ushbu ma’naviy hijrat insonning gunoh va yomonliklardan tavba qilib, toat va yaxshilik tomon ko‘chishi, yo‘nalishidir.

 

 

Joniyev Muzaffarxon 

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot 

markazi direktori v.v.b.,

 tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 5 juz. ToshkentSharq2008 
  2. Abu Abdulloh Foqihiy. Axbaru Makka. Makka 1407/1986-87, Muqaddima, I. 
  3. Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal ibn Hilol ibn Asad Shayboniy (vaf. 241/855): Musnad. – Bayrut: “Muassasa ar-risola”, 1421/2001. L. Birinchi nashr.
  4. Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy (Oltin silsila). – T:. Hilol-Nashr. 2014. 
  5. Hamidulloh Beruniy. “Hozir hijrat bormi?!”. http://ahlisunna.uz/hozir-hijrat-bormi/ 

 

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry