24.05.2023
222

ULAMOLARNI HAQORAT QILISHNING OQIBATI OG‘IRDIR

Ulamolarni g‘iybat qilish oddiy odamlarni g‘iybat qilishdan ham ko‘ra gunohi og‘irroq ekanligida shak-shubha yo‘q. G‘iybat esa gunohi kabira – katta gunohlar jumlasidandir.

Ayrim olimlar esa bu ishni hatto kufr deb aytganlar. Ya’ni, ularning fikricha, ulamolarni masxaralagan, ularni haqorat qilgan yoki kamsitgan kimsaning o‘zi o‘sha zahoti dindan va musulmonchilikdan chiqqan, xotini taloq, so‘ygan jonliqi harom, o‘lsa janoza o‘qilmaydigan, musulmonlar qabristoniga ko‘milmaydigan bo‘lib qoladi. Aslida, biz takfirga qarshimiz! Takfir bu muayyan musulmon shaxsni kofirga chiqarish, uni kofir deb atashdir. Takfir bugungi davrimizning eng katta balolaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun, ulamo va ahli ilmlarni masxaralagan, ularni haqorat qilgan yoki kamsitgan muayyan kimsani kofir deb e’lon qilishdan yiroqmiz. Biroq, gunohning gunoh ekanligini aytish lozim bo‘lganidek, kufrning kufr ish ekanini aytish ham ulamolar, ahli ilmlarga lozimdir. Bu bilan ulamo va ahli ilmlarni masxaralagan, ularni haqorat qilgan yoki kamsitgan kimsalarni ogoh qilinadi va ularga tanbeh berilgan bo‘ladi.

Bu ishlarni o‘zlarining kasbu kori qilib olgan, o‘zlarini “pitnachi” deb turib faxrlanadigan, oqibati noma’lum nokaslar ham bor. Holbuki, ayrim nobop va yomon ulamolarning aybi-nuqsonlarini aytish, ularning xato qilmishlaridan ommani ogohlantirish, ularning buzuq e’tiqodlarini ko‘rsatib berish har kimning ishi emas, ahli ilmlarning ayblarini maxsus qidiruvchilarning ishi ham emas, balki haqiqiy ahli sunnat va jamoatdagi ulamolarning ittifoqlari, kelishuvlari, maslahatlari hamda, eng asosiysi, ilmiy-ma’rifiy yo‘l bilan bo‘ladigan, ilmiy raddiya uslubida amalga oshiriladigan vazifalardir. 

Bugun ko‘p tarqalayotgan, odamlarni o‘zining domiga tortib ketayotgan ishlardan biri, eng katta, ammo, yashirin bostirib kelayotgan fitnalardan biri bu ulamolarni masxaralash, ularga ta’na qilish, ahli ilmlarni kofirlikda ayblash, ularni haqorat qilish, ularning qilgan yoki aytgan ishlarini kinoya bilan gapirish, shaxsning o‘zini emas, hatto ilmini kamsitish, ilmini masxara qilish va ilmini haqorat qilish kabi jarayonlardir. Bu – insonning imoniga zarar qilishiga, uning yetti pushtidan aslo va yana aslo, mutlaqo va yana mutlaqo ulamo va ahli ilm chiqmasligining kafolatidir! Buni unutmaslik lozim! Mening bu gapimga ishonmasangiz, bizning imom-domlalarimizni, ulamolarimizni, shayxlarimizni, ahli ilmlarimizni haqorat qilishni va masxara qilishni o‘zining kasbi-kori qilib olgan odamlarning oilasini, farzandlarini, zurriyotlarini, qarindosh-urug‘larini surishtiring, kuzating. Allohga qasamki, ularning kasofati bularga ham urgan bo‘lib chiqadi. Ularning o‘zlaridan ham, yetti pushtidan ham, oilasidan ham qorilar, ahli ilm ulamolar chiqmaydi! Agar ular bu qilmishlaridan tavba qilmasalar, o‘zlari o‘zlarining aziz imonlariga zarar yetkazib qo‘yganlarini yaqin qiyomatda bilib oladilar.

Dinga nisbatan ishonchsizlikning eng ko‘zga ko‘ringan turlaridan biri haqqoniy ulamo va ahli ilmlarning aytayotgan shar’iy hukmlarini masxara qilish, oshkora inkor qilish, istehzo bilan gapirish, shar’iy hukmlarni o‘ta yengil sanashdir. Aslida, shar’iy hukmlarga amal qilmaslik kufr emas, lekin ularni inkor qilish kufr ekanligini, amallar tarki kufr emas, balki hurmatni tark etish kufr ekanligini aslo unutmaslik kerak! Burhoniddin az-Zarnujiy rahimahulloh “Ta’lim al-mutaallim” asarida: “Bilginki, tolibi ilm ilmga ilm va uning ahlini ulug‘lash, o‘z ustoziga ta’zim qilish va uni behad hurmat etish bilangina erishadi va foyda topadi. “Har kim (istagan) narsasiga faqat hurmat qilish bilan yetadi. Har kim istagan narsasidan faqat hurmatni tark etish va ta’zimni yo‘qotish bilan mahrum bo‘ladi”, deyilgan. Yana “Hurmat qilish toatdan (itoatdan) yaxshiroq”, deyilgan. Zotan, inson gunoh-u ma’siyat bilan kofir bo‘lmaydi-yu, shubhasiz, gunohni yengil sanash va hurmatni tark qilish bilan kofir bo‘lib qolishini o‘ylamaydimi?!” deganlar (Burhoniddin az-Zarnujiy. Ta’lim al-mutaallim. – Bayrut: al-maktaba al-islomiy, 1981. – B. 78). 

Ilm va ilmli kimsa boshqalardan ko‘ra hurmatga va izzatga sazovor ekaniga, uning darajasi boshqalarga nisbatan yuqori ekaniga shak-shubha yo‘q. Bu haqida Alloh subhonahu va taolo o‘z Qur’onida bayon qilgan:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَأُوتُوا الْعِلْمَدَرَجَاتٍ وَاللَّهُبِمَا تَعْمَلُونَخَبِيرٌ {11}

“Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala, 11).

Mazkur oyati karimada Alloh subhonahu va taolo ilm ato etilgan kishilarning darajalari yuksak, martabalari baland ekanini bayon qilmoqda. Bu yuksaklik va balandlik sababi ilmdir, unga amal qilish emas. Zotan, ilm Alloh taoloning sifatidir. Ilmiga amal qilgan olimlarning oxiratda ham martabalari baland va yuksak bo‘lishiga shubha yo‘q. Biroq, musulmonlar bu dunyoda ham, dunyoviy amallarda ham ahli ilmlarning kim bo‘lishidan qat’i nazar hurmat va izzat qilinishiga mas’uldirlar. Jumladan, bu holat mazkur oyati karimaning o‘zida aks ettirilgan. Ya’ni, ahli ilmlar uchun “davrani kengaytiring!”, deyilsa, davrani kengaytirib, ularga o‘z joyini bo‘shatib berish kerakligi, agar ahli ilmlar: “turingiz!” deyilsa, turib ketish lozim ekani oyati karimada ko‘rsatib berilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا قِيلَ لَكُمْ تَفَسَّحُوا فِي الْمَجَالِسِ فَافْسَحُوا يَفْسَحِاللَّهُ لَكُمْ وَإِذَا قِيلَ انشُزُوا فَانشُزُوا...

“Ey, mo‘minlar! Qachonki, sizlarga yig‘ilishlarda: “(davrani) kengaytiringiz!” – deyilsa, bas, kengaytiringiz, Alloh sizlarga ham (kerak paytida keng) joy berur. Yana qachonki, “turingiz!” – deyilsa, darhol turingiz!” (Mujodala, 11).

Qur’oni karimning “Hujurot” surasining avvalida Alloh subhonahu va taolo o‘z rasulini hurmat qilish, ulug‘lash lozimligini keskin iboralar bilan ta’kidlagan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida u zotdan oldin gapirmaslikka, bir-birovga ovozni ko‘tarmaslikka, u zotning muborak nomlarini aytib chaqirmaslikka, u zotni uzoqdan baqirib chaqirmaslikka, u zoti sharifdan beruxsat biror ish qilmaslikka, hatto qurbonlikni u zotdan oldin so‘yib qo‘ymaslikka, ro‘zani u zotdan oldin boshlamaslikka buyurilgan:

يَا أَيُّهَاالَّذِينَ آمَنُوا لَا تُقَدِّمُوابَيْنَ يَدَيِ اللَّهِ وَرَسُولِهِوَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٌ {1}يَا أَيُّهَاالَّذِينَ آمَنُوا لَا تَرْفَعُواأَصْوَاتَكُمْ فَوْقَ صَوْتِ النَّبِيِّوَلَا تَجْهَرُوالَهُ بِالْقَوْلِكَجَهْرِ بَعْضِكُمْ لِبَعْضٍ أَن تَحْبَطَ أَعْمَالُكُمْ وَأَنتُمْلَا تَشْعُرُونَ {2} إِنَّ الَّذِينَ يَغُضُّونَ أَصْوَاتَهُمْ عِندَ رَسُولِ اللَّهِ أُوْلَئِكَ الَّذِينَامْتَحَنَ اللَّهُ قُلُوبَهُمْ لِلتَّقْوَىلَهُم مَّغْفِرَةٌوَأَجْرٌ عَظِيمٌ {3} إِنَّ الَّذِينَ يُنَادُونَكَ مِن وَرَاء الْحُجُرَاتِ أَكْثَرُهُمْ لَا يَعْقِلُونَ {4}

“Ey, imon keltirganlar! Alloh va uning payg‘ambari oldida (ikkisining iznisiz biror so‘z yoki ishni) taqdim etmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir. Ey, imon keltirganlar! Amallaringiz o‘zingiz sezmagan holingizda zoye bo‘lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmangiz va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag‘al so‘z) qilgandek baland ovoz qilmangiz! Allohning payg‘ambari huzurida ovozlarini past qilgan kishilar – aynan o‘shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan zotlardir. Ular uchun mag‘firat va ulkan mukofot bordir. (Ey, Muhammad!) Albatta, (xotinlaringiz yashaydigan) hujralar ortidan turib, Sizni chaqiradigan kimsalarning ko‘plari (andisha va farosat bilan) aql ishlatmaydilar” (Hujurot, 1-4).

Mazkur oyati karimalarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ovozlaridan o‘z ovozini ko‘tarishdan, baqirishdan, baland va dag‘al so‘zlar aytishdan qaytarilgan. Eng ahamiyatlisi, bunday ish qilishni “o‘zi sezmasdan amallarni zoye’ qilish, amallarning habata bo‘lib ketishi”, deb ta’riflangan. Ovozlarini baland qilib chaqiradiganlarni aqlsiz ekani bildirilgan. Buning aksi bo‘lgan ishni qilish, ya’ni ovozlarni past qilish dillarida taqvosi borligining alomati ekanini uqtirilgan. Bu oyati karimalar payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hurmati ne chog‘li baland va yuksak ekanini ko‘rsatadi. Ibn Kasir rahimahulloh o‘z tafsirlarida bunday yozganlar:

 “Bu odoblar yordamida Alloh taolo mo‘‘min bandalariga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ulug‘lab, ehtirom qilib, hurmat ko‘rsatib va ta’zim qilib muomala qilishlari to‘g‘risida adab o‘rgatgan” (Ibn Kasir. Tafsir Qur’on al-azim. 4-jild. – Qohira: Dor al-g‘add al-jadid, 2007. – B. 186).

Ibn Kasir rahimahulloh aytishlaricha, ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabrlari olidida ovoz ko‘tarish ham xuddi tirikliklarida makruh bo‘lgani kabi makruh bo‘ladi, deganlar.

Shu bilan birga, mazkur oyati karimalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning merosxo‘rlari bo‘lmish ahli ilmlarning hurmati va izzati lozimligini bildiradi. Chunki, tafsirlarda ushbu oyati karimalar ahli ilmlarning hurmatiga dalolat qiladi, deyilgan. Taniqli hadis roviysi, mashhur olim Hammod ibn Zayd rahimahullohning huzurlarida bir kishi kulganida, u zot: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan keyin u zotning hadislari aytilayotgan majlisda kulishni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotliklarida u zotning huzurlarida kulish deb hisoblayman!”, deb o‘sha kuni ilmiy darslarini bermay qo‘ygan ekanlar.   

Hanafiy mazhabidagi fatvo to‘plamlarining eng ulug‘i deb tan olingan “Xulosat al-fatovo” asarining “Kufrga sabab bo‘luvchi lafzlar” bo‘limining “Ilm va ulamolarni kamsitish” faslida bunday deyilgan:

مَنْ أَبْغَضَ عَالِمًا بِغَيْرِ سَبَبٍ ظَاهِرٍ خِيفَ عَلَيْهِ الْكُفْرُ

“Kimki biror olimga zohir – ochiq sababsiz nafrat qilsa, unga kufr xavfi tug‘iladi!” (Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid al-Buxoriy. Xulosat al-fatovo. 4-jild. – Laknau: Navolkishvar, 1911. – B. 388).

Mazkur fatvo “Fatovoyi Olamgiriya”da bunday deyilgan:

فِي النِّصَابِ مَنْ أَبْغَضَ عَالِمًا مِنْ غَيْرِ سَبَبٍ ظَاهِرٍ خِيفَ عَلَيْهِ الْكُفْرُ

“an-Nisob”da kelganki, kimki biror olimga zohir – ochiq sababsiz nafrat qilsa, unga kufr xavfi tug‘iladi!” (17/77). 

Mazkur fatvo “Fatovoyi Tatorxoniya”da:

مَنْ شَتَمَ عَالِمًا أَوْ فَقِيهًا مِنْ غَيْرِ سَبَبٍ خِيفَ عَلَيْهِ الْكُفْرُ

“Kimki biror olimni yoki faqihni sababsiz so‘ksa, uning kofir bo‘lib qolishi xavfi bor!”, deyilgan (Olim ibn al-Alo al-Hindiy. Fatovoyi Tatorxoniya. 7-jild. – Devband: Maktaba Zakariyo, 2010. – B. 335). 

Bu yerda “zohir-ochiq sabab”dan maqsad shaxsiy va insoniy kelishmovchilik bo‘lishi mumkin. Qaysidir olim bilan kimningdir shaxsiy adovati, o‘zarokelishmovchiligi bo‘lishi mumkin. Biroq, olimning ilmi, kitobdan aytgan gapi, chiqargan fatvosi tufayli unga, uning kim bo‘lishidan qat’iy nazar, nafrat ko‘rsatish mumkin emas. Chunki, ilm Alloh taoloning sifatidir. Ilmni Alloh taoloning o‘zi beradi. Ilm Allohning atosi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning taqsimotlari, payg‘ambarlarning merosidir! 

Janobi payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qilganlar:

وَ إِنَّمَا أَنَا قَاسِمٌ وَ اللهُ يُعْطِى

“Albatta, men (ilmni) taqsimlovchiman. Alloh esa ato qiluvchidir!” (Buxoriy, 1/71; Abu Ya’lo, 10/5855; Ahmad, 4/16978; Bazzor, 2/7718; Tabaroniy, 15/915). 

Nonning ushog‘i ham non bo‘lganidek, hurmatga loyiq bo‘lganidek ilmning ozi ham, ko‘pi ham ilmdir, hurmatga sazovordir. Olim o‘z ilmini suiiste’mol qilsa, xato gapirsa, uning qilmishi ilmiy-ma’rifiy yo‘l bilan unga tushuntirilishi, raddiya qilinishi mumkin. Lekin, aslo haqorat yo‘li bilan emas! Jumladan, “Xulosat al-fatovo”da yana bunday deyilgan: “Agar solih insonga, yaxshi ishlar qilib yurgan kimsaga: “Uning (yoki sening) diydoring menga cho‘chqani ko‘rgandekdir!”, desa, unga kufr xavfi tug‘iladi!” (Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid al-Buxoriy. Xulosat al-fatovo. 4-jild. – Laknau: Navolkishvar, 1911. – B. 388).

Chunki, eng yomon odamlarning ham qilmishlarini yomon ko‘riladi, aslo o‘zlarini yomon ko‘rish kerak emas. Komil musulmon xuddi shifokor kabi bo‘lmog‘i kerak. Kasal yoki bemorning kasallikka chalingani va bemor bo‘lib qolgani uchun shifokor urushmaydi, haqorat qilmaydi. Balki, muloyimlik bilan unga mehr-shafqat ko‘rsatadi. Ulamolar esa insoniyatning eng afzalidirlar. Ularning yomonlari esa hurmat va ehtiromga sazovor oliy darajali bemor kabidirlar. 

Mazkur fatvoga ko‘ra hayoti solih ishlarni qilishga bag‘ishlangan ulamolar, ahli ilmlar va imom-domlalarni ilmlari sababidan haqorat qilishning kufr ekaniga shak-shubha yo‘q!

Maqolada aytganimizdek, bugun ko‘p tarqalayotgan, odamlarni o‘zining domiga tortib ketayotgan ishlardan biri, eng katta, ammo, yashirin bostirib kelayotgan fitnalardan biri bu ulamolarni masxaralash, ularga ta’na qilish, ahli ilmlarni kofirlikda ayblash, ularni haqorat qilish, ularning qilgan yoki aytgan ishlarini kinoya bilan gapirish, shaxsning o‘zini emas, hatto ilmini kamsitish, ilmini masxara qilish va ilmini haqorat qilish kabi jarayonlardir. Bu mutlaq fikr erkinligi, har kimning boshqaga nisbatan muomalasining erkin bo‘lishi kabi vayronkor g‘oyalar natijasi bo‘lib, u – insonning imoniga zarar qilishiga, alaloqibat hatto yurtlarni vayron qilishga olib keladigan holatlardir. Hatto jinoyatchi mahbusni ham so‘kish, haqorat qilish va masxaralash diniy shariatga ko‘ra ham, dunyoviy qonunlarga ko‘ra ham mumkin emas. Oddiy erkin shaxslarni haqoratlaganga shariat ham qonun ham jazo ta’yinlaydi. Endi, u ulamo va olim bo‘ladigan bo‘lsa, uni so‘kish, haqorat qilish va masxaralash gunoh ustiga gunoh bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.

Qaysidir ahli ilmning ilmi, kitobdan aytgan gapi, chiqargan fatvosi tufayli unga, uning kim bo‘lishidan qat’iy nazar, nafrat ko‘rsatish mumkin emas. Chunki, ilm Alloh taoloning sifatidir. Ilmni Alloh taoloning o‘zi beradi. Ilm Allohning atosi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning taqsimotlari, payg‘ambarlarning merosidir! Agar o‘sha ahli ilm xato va noto‘g‘ri fatvo chiqargan bo‘lsa ham haqorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki, u “Qur’on” va hadisi shariflardan noto‘g‘ri va xato tushunchasi sababli fatvo olayotgan bo‘ladi. Uning fatvosining haqorat qilinishi shar’iy ilmning haqorati hisoblanadi. Xato va noto‘g‘ri fatvo haqorat bilan emas, balki ilmiy dalillar va usullar bilan raddiya qilinishi lozim. Bu ming yillik ahli sunnat va jamoat ta’limotiga ergashgan musulmonlarning an’anaviy odatidir.

Alloh taolo barchaga odob-axloq qoidalariga amal qilishga, shariat ulamolari va olimlarini hurmat qilishga, shar’iy ilmlar va fatvolarga nisbatan ehtirom tuyg‘usiilan yashashga     tavfiq         bersin.

 

Hamidulloh Aminov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Ilmiy tadqiqot bo‘limi katta ilmiy xodimi

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry