07.04.2023
161

MUSULMONNING HIJRATI GUNOHLARNI TARK ETISHIDA…

Bugungi kunga kelib adashgan oqimlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda insonlarni o‘z mamlakatini tark etish va qonli urushlar bo‘layotgan hududlardagi jangari guruhlarga qo‘shilishga da’vat qilib, bu amalni «hijrat» ekanini da’vo qilayotganini ko‘rish mumkin. Ammo ming afsuslar bo‘lsinki, bu soxta va’dalarga ergashib, mo‘may daromad yoki savob umidida o‘z oilasi va tinch-totuv hayotini tark etib, o‘zga yurtlarda xor bo‘layotgan yurtdoshlarimiz ham mavjud. Bunga sabab ularning aksari diniy tushunchalarning mohiyatini to‘liq anglamasligi yoki soxta da’volarga «ixlos» qilib, ko‘r-ko‘rona ergashishi hisoblanadi.

Islom – ilm-ma’rifat dini bo‘lib, insonlarni gunoh bo‘lmagan barcha narsalarning mohiyatini anglash va ilm bilan unga amal qilishga chaqiradi. Ayniqsa, diniy masalalarda o‘zbilarmonlik va shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Hijrat va unga tegishli masalalar ham shunday amallar qatoriga kiradi.

«Hijrat» so‘zi arab tilida «ajramoq», «tark etmoq» ma’nolarini beradi. Hijratning shar’iy ma’nosi esa – Alloh taoloning roziligi yo‘lida «Kufr diyori»ni tark etib «Islom diyori»ga ko‘chishga aytiladi. Musulmonlarning avval Habashistonga, keyinchalik payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rahnamoligida 622 yil Makkani tark etib, Madinaga borganliklari hijratga misol bo‘ladi. Ushbu hijratga Alloh taoloning buyrug‘i bilan birga ularning joni, e’tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan jismoniy va boshqa shakldagi tajovuz o‘ta kuchayganligi sabab bo‘lgan.

Demak, ta’rifdan ma’lum bo‘lmoqdaki, shariatda katta savob va’da qilingan hijrat maqomiga yetishish uchun Alloh taoloning roziligi yo‘lida «Kufr diyori»dan «Islom diyori»ga ko‘chish kerak ekan. Aks holda bu shar’iy hijrat bo‘lmaydi, farz yoki vojiblik kasb qilmaydi, balki oddiy bir manzildan boshqasiga yashash uchun ko‘chish bo‘lib qoladi.

Shu bois, hozirgi kunda musulmonlarning bir joydan boshqa hududga ko‘chishlari dindagi va’da qilingan hijrat maqomida emas, balki yashash, o‘qish yoki ishlash uchun qilingan harakat sanaladi.

Ammo ulamolar musulmon inson hijrat maqomini topishi mumkin bo‘lgan «gunohlarni tark etish» ma’nosidagi ikkinchi amal borligini va kim agar bu ishni amalga oshirsa, savob olishini ta’kidlanganlar. Bu haqida Payg‘ambar Muhammad alayhissalom shunday deydilar: «Albatta, hijrat ikki xislatdir; gunohlardan chetlanish hamda Alloh va Rasuliga ajralib kelish…» (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom shunday deganlar: «Hijrat qiluvchi – xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir» (Imom Ibn Moja rivoyati)

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda: “Rasululloh alayhissalom aytganlar: «Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yo‘lida hijrat qilgan kishidir», deyiladi. Ulamolarni hadisni sharhlab, undagi «hijrat»dan murod «tark qilishdir», deganlar.

Shuningdek, bu borada islom fiqhining «Namoz kitobi»da «Namozda imom bo‘lishga kimlar haqliroq?» degan masalada mujtahid ulamolarning hukmi keltirilgan. Namozda imom bo‘lishga kimlar haqliroq? degan savolga faqih Nosiruddin Samarqandiy «al-Fiqh an-nofe’» kitobida: “Musulmonlar orasida sunnatni yaxshi biladigani, agar ular barobar bo‘lsa, Qur’onni yaxshi biladigani, agar ular barobar bo‘lsa, vara’ (parhezkor) inson deb javob beradi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qavmga Allohning kitobi (Qur’on)ni yaxshi biladigani imom bo‘ladi. Agar ular barobar bo‘lsa, sunnatni yaxshi biladigani imom bo‘ladi. Agar ular barobar bo‘lsa, avval hijrat qilgani imom bo‘ladi. Agar ular barobar bo‘lsa, yoshi kattasi imom bo‘ladi», degan hadisini keltiradi. 

Nosiruddin Samarqandiy mazkur hadisni sharhlab, «Allohning kitobi (Qur’on)ni yaxshi biladigani»lar so‘zidan Qur’on oyatlarining ma’nosini yaxshi bilganlar va uni tajvid qoidalari bilan qiroat qila oladiganlar tushunilsa, «avval hijrat qilgani» so‘zidan Madinaga hijrat qilganlarni nazarda tutilganini ta’kidlaydi. Ammo 630 yilda Makka shahri musulmonlar qo‘liga o‘tganidan so‘ng Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «(Makka) fathidan keyin hijrat yo‘q» degan (Imom Buxoriy rivoyati). Shu bois uchinchi shart faqih ulamolar tomonidan hadisda zikr etilgan «avval hijrat qilganlar»dan «vara’ (parhezkor) gunohlarni tark etgan inson»ga o‘zgartirilgan. Chunki boshqa hadisda: «Vara’ning eng oliysi gunohlardan hijrat qilgan (kishi)dir», deyilgan. 

Demak, yuqoridagi hadis va ular asosida chiqarilgan hukmdan ma’lum bo‘ladiki, bugungi kunda musulmonlarga amal qilishi lozim bo‘lgan eng afzal hijrat vara’ (parhezkor), ya’ni gunoh-ma’siyatlardan o‘zini saqlash va ularni tark etishdir. Shu bois islom ulamolari bir ovozdan agar inson o‘zidagi ayb va gunohlarni to‘g‘ri anglagan holda ularni isloh qilib, yaxshi xulqlarga o‘zgartirsa, taqvodorlik maqomi bilan bir qatorda hijrat maqomiga ham ega bo‘lishini ta’kidlaganlar. 

Bekzodbek MUXTAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi 

Malaka oshirish markazi kafedra mudiri,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manba: iiau.uz

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry