04.04.2023
125

AQIDAVIY ADASHUVDAN SAQLANISH

(Moturidiylik ta’limotida Alloh taoloning sifatlari talqini)

Islom dini ta’limotida Allohning sifatlari mavzusi muhim ahamiyatga ega. Alloh taoloning sifatlari Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflarda zikr etilgan. Ularning barchasi qadimiy, azaliy sifatlardan. U mukammal sifatlar bilan sifatlangan va ulardan birortasi maxluqotlarning sifatiga o‘xshamaydi. Salafi solihlar “Asmoul husna” (go‘zal ismlar) mavzusini katta e’tibor bilan o‘rganganlar. Ayni bu yo‘lni xalaf ulamolari ham davom ettirganlar. Salaf va xalaf ulamolari Alloh taoloning sifatlarini “Uni O‘ziga munosib bo‘lmagan narsalardan poklash” degan maqsadda o‘rganganlar.

Salaf ulamolari deb birinchi uch asrda yashab o‘tgan musulmonlar tushuniladi. Ular zamonasida hali falsafiy qarashlar dinga aralashmagan, aqidaviy ixtiloflar, oqimlar urchimagan davr bo‘lgan. Shu bois ular boshqa ilmlar qatori “Aqoid” ilmini falsafiy qarashlar bilan qorishtirmay, sodda va ixcham tarzda o‘rganishib, shogirdalriga bayon qilib berganlar. Jumladan, Abu Hanifa rahmatullohi alayh “al-Fiqhu al-Akbar” asarida: “U maxluqotlaridan hech biriga o‘xshamaydi. Unga maxluqotlaridan hech biri o‘xshamaydi. Uning barcha safatlari maxluqlarning sifatlariga ziddir. U ilmimizga o‘xshamaydigan ilm bilan biladi. U qudratimizga o‘xshamaydigan qudrat ila qodir bo‘ladi. U ko‘rishimizga o‘xshamaydigan ko‘rish bilan ko‘radi. Alloh taolo Qur’onda yuz, qo‘l va jonni zikr qilgan bo‘lib, ular U zotning kayfiyatsiz sifatlardir”.

Imom Buxoriyning shayxi Nu’aym ibn Hammod sifatlar borasida shunday degan: “Kim Allohni Uning maxluqotlariga o‘xshatsa, kofir bo‘libdi. Kim Alloh O‘zini-o‘zi vasf qilgan narsani inkor qilsa, kofir bo‘libdi. Alloh va Uning rasuli vasflagan narsada o‘xshatish yo‘q. Kim ochiq-oydin oyatlar va sahih xabarlarda kelgan narsalarni Allohning jaloliga loyiq ravishda isbot qilsa va Undan nuqsonlarni rad etsa, hidoyat uzra bo‘ladi”.

Salafi solihlar sifat masalasida tafviz (topshirish), ya’ni aslam (tinch) yo‘lni tutganlar. Chunki, u davrda sifatlarni ta’vilsiz qanday bo‘lsa, shundayligicha tushunish salaflarni yo‘li bo‘lgan. Ularda sifatlarni ta’vil qilishga ehtiyoj ham, zarurat ham bo‘lmagan. Xuddi bu aksariyat hadis va oyatlarni izohsiz, sharhsiz tushunishlariga o‘xshaydi. Salafi solihlar davri soddalikka asoslangani bilan o‘ziga xos ahamiyatga molikdir. Jumladan, buning misolini “istava ala-l-arsh” masalasida ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan avlodlar bu oyatning ma’nosini Allohga havola qilishib, bu haqda so‘z ochishmagan. Chunki u vaqtda hamma yaxshi tushunchaga ega bo‘lgan, sodda hayot kechirishgan va turli fitnalarga duchor bo‘lishmagan. Shu bilan birga ushbu masalani ko‘tarib turadigan ba’zi shaxslar ham topilgan. Lekin ko‘pchilik ularni fitnachi, deb nomlab o‘z fikrlarini tarqatishlariga yo‘l qo‘ymagan.

Imom Molik rahmatullohi alayhning tutgan mavqiflari hammaning tahsiniga sazovor bo‘lgan. Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi imom Molikning huzuriga kirib istivo haqida so‘ragan ekan. Shunda Imom Molik: “Istivo ma’lum. Uning qandoqligi noma’lum. Unga imon keltirish vojib. Uning haqida savol berish bid’at. Sen bid’atchi ekansan! Chiqaringlar, buni, mening oldimdan!” degan ekanlar.Salafi solihlarimiz shu yo‘l bilan Alloh subhanahu va taoloning pokligi, o‘xshashi yo‘qligi va boshqa barcha kamolot sifatlariga bo‘lgan to‘g‘ri e’tiqodni saqlab turishgan. Vaqt o‘tishi bilan Islom davlati hududlari kengayib, turli xalq, din, falsafa va mafkuraga ega odamlar ham Islomni qabul qilishdi yoki musulmonlar bilan aralashib yashay boshlashdi. Tabiiyki, ular o‘zlarining eski fikr va tasavvurlaridan birdan va to‘la uzilib chiqa olmas edilar. Shu bilan bir vaqtda Islom dushmanlari ham doimiy ravishda turli ig‘volar qilib turishar edi. Ular musulmonlarning aqiydalariga putur yetkazish maqsadida turli shubhali masalalarni g‘oyat ustalik bilan o‘rtaga tashlashar edilar. Ana shundoq masalalarning eng kattalaridan biri, Alloh taoloning sifatlariga oid oyat va hadislarning zohiriy ma’nolarini olishib, musulmonlarning aqidasiga zarar yetkazishga urinish bo‘lgan. 

Allohning qo‘li, ko‘zi yoki boshqa U pok zotga nisbat berilgan sifatlar ta’rifida fitna qo‘zg‘ab kishilarni zalolatga ketkazish boshlandi. Anchagina toifalar bu masalada kufrga ketdilar. Endi salafi solihlarga va imom Molikka o‘xshab, bu masalada savol berish bid’atdir, deb fatvo chiqarish ish bermaydigan holga keldi. Balki, shunga o‘xshash masalada savol so‘ramaydigan odamning o‘zi qolmadi. Ana shundoq nozik bir paytda Abu Mansur Moturudiy kabi buyuk allomalar aqiydaning sofligini saqlab qolish uchun katta xizmat qildilar.

Buzg‘unchilar, Allohning Arshga istivo qilishi, unga barobarlashishidir, degan bo‘lsalar, xalaflar, ya’ni-keyingi ulamolarimiz, yo‘q, unda Allohga nuqson nisbati berilgan bo‘ladi, shuning uchun istivoni Alloh taoloning boshqa barkamol sifatlariga mos ravishda tushunmoq kerak dedilar. Shu tariqa istivo-quvvati va sultonligi ila ega bo‘lmoqdir, degan ta’vil qilindi. Bunda ham xuddi salafi solihlarga o‘xshab Alloh taoloni turli nuqsonlardan poklash qasd qilingandir. Ham salaf, ham xalaf ulamolarimizning maqsadlari bir bo‘lgan. Faqat maqsadga yetish uchun o‘z zamonlariga va sharoitlariga mos yechimni yo‘l tutganlar.

Xalaf ulamolari turli talqinni ko‘taradigan Allohning sifatlarini Uning sha’niga mos ta’vil qilishga harakat qilganlar. Ularning tutgan ushbu yo‘llari ulamolar orasida “ahkam” (puxta) yo‘l deb e’tirof etilgan. Ular “mushabbiha”, “mu’attila” va “mujassima” kabi oqimlarning fitnalaridan jamiyatni asrab qolish uchun ham sifatlarni Allohning sha’niga munosib tarzda bayon qilishga majbur bo‘lganlar.

“Mushabbiha” toifasi Alloh taoloning sifatlarini maxluqotlarning sifatlariga o‘xshatish g‘oyasini o‘rtaga tashlagan bo‘lsa, “mu’attila” tarafdorlari Alloh taoloning sifatlarini inkor qilishni ko‘tarib chiqishgan. “Mujassima”lar esa, Alloh taologa jism nisbatini berishadi. Xalaflar yashagan asr o‘ta darajada tahlikali bo‘lganki, hatto oddiy xalq ham Alloh taoloning “yuz, yad” kabi sifatlarining kayfiyatini bilishga urunishgan. Ular Alloh taoloning “yadi”, “yuzi” borasida salaflar kabi sodda qarashga ega bo‘lmaganlar. Ularning qarashlariga falsafiy mushohada daxl qilishi natijasida, Allohning zoti, sifati va ismi borasida falsafiy mushohada yuritishga o‘tganlar. Shu bois ham Abu Mansur Moturidiy “Aqida” ilmining usuli va far’ini yanada takomillashtirishga harakat qildilar. Shu yerda xalaf ulamolari Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni ta’vil qilishda havoyi nafsga qarab emas, arab tili qoidalariga va eng muhimi, diniy ta’limotlar asosiga qarab ish olib borganlar. Yana bir bor ta’kidlaymizki, salafning mazhabi o‘z vaqtida to‘g‘ri va afzal bo‘lgan. Xalaflarni siffat mavzusida “ahkam” yo‘lni tutishlariga sharoit majbur qilgan. Aslida, mazkur ikki yo‘nalishning maqsadi ham Alloh taoloni aybu nuqsondan poklash bo‘lgan.

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry