04.08.2021
534

SALAFIYLARNING MOTURIDIYLARGA SAVOLI:

Nima uchun sizlar Payg‘ambar (sav) dan rivoyat qilingan ohod hadislarni aqidaga olmaysizlar-u, Abu Hanifaga nisbat berilgan “al-Fiqh al-akbar” kitobining rivoyatida majhul shaxslar bo‘lsa ham, nega uni aqidangizga asos qilib olgansiz?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning 

Sunniy aqiydalar” kitobidan javob:

Bu savolga ikki xil javob bo‘lgan:

1. Jumhuri ulamolar, ohod hadislar (agar sahih bo‘lsalar ham) faqat zonni ifoda etadi, ilmi yaqinni ifoda etmaydi, deganlar.

2. Ba’zi hanbaliy ulamolar, ohod hadislar, agar sahih bo‘lsalar, ilmi yaqinni ifoda etadi, deganlar. 

Sizlar bizning istilohimizga tushunmabsizlar. Biz, zonn ­– ohod  hadis bilan aqiyda sobit bo‘lmaydi, deganimizda inkor qilgan inson islom doirasidan butunlay chiqib ketadigan aqiyda ruknlarini ­– Alloh taoloning mavjudligi, Payg‘ambarlarning haqligi kabi masalalarni ko‘zda tutganmiz. Hech qanday ixtilofsiz aqiydaning far’iy masalalarida ohod hadislarni, agar ular sahih bo‘lsa, qabul qilishga qaror qilganmiz.

Batafsil:

Qabr azobi, Munkar va Nakirning savoli, Sirot, Havz, Mizon, Shafoat kabi ko‘plab aqiyda masalalari aynan ohod hadislar bilan sobit bo‘lgan. Ahli sunna ulamolari ohod hadis, har qancha sahih bo‘lsa ham, u bilan inkor qilgan kishini iymondan ajratadigan aqiyda sobit bo‘lmaydi, deganlar. 

Hozir ana shu gapni tutib olib, musulmonlarni sal narsaga kofirga chiqaradiganlar ko‘payib ketgan. Ba’zi bir hadisi shariflarda, ma’lum gaplarni aytgan yoki ishlarni qilganlarga kufr yoxud shirk nisbati berilgan. O’sha hadislar sahih bo‘lishi mumkin. Lekin hammasi ohod hadislar. Ulamolar hatto mutavotir hadis bilan ham insonni dindan chiqdi, deb hukm qilish mumkin emas, deb ittifoq qilganlar. Mazkur ohod hadislardagi kufr va shirk esa odamni iymonidan butunlay judo qiladigan kufru shirk emas, balki, kichik kufr va kichik shirk hisoblanadi. Ya’ni, kufr va shirkka oid bir ish qilgan hisoblanadi. Ularni qilgan xatokor inson tavba qilmog‘i lozim bo‘ladi. 

Muhaqqiq ulamolar ta’kidlaydilarki, e’tiqod masalalari qat’iy va mutavotir xabarlar bilan sobit bo‘lganidek, ohod xabarlar bilan ham sobit bo‘ladi. 

Ammo hukm jihatidan ikkisining orasida farq bo‘ladi. Qur’oni karimda qat’iy sobit bo‘lgan va hadisi shariflarda mutavotir ravishda kelgan e’tiqod masalalarini inkor qilgan shaxs kofir bo‘ladi. 

Ohod hadislar ila sobit bo‘lgan e’tiqodiy masalalarni rad qilgan odam esa kofir bo‘lib islomdan chiqib ketmaydi, balki fosiq bo‘ladi.

Zamondosh ulamolarimizdan Muhammad Abu Zahra va Muhammad Nosiriddin Alboniylar ohod xabarlar bilan e’tiqod masalalari sobit bo‘lishini salaf ulamolarning gaplari asosida isbot qilganlar. 

Shayx Muhammad Abu Zahra rahmatullohi alayhi, aslida aqiydalarning sobit bo‘lishi faqat ta’vilni qabul qilmaydigan Qur’on oyatlari va mutavotir sunnat bilangina bo‘ladi. Ohod xabarlarga kelsak, ularni qabul qilish vojibligini ta’kidlash bilan birga ular orqali aqiyda qat’iy ravishda sobit bo‘lmasligini aytishimiz kerak. Mutavotir bo‘lmagan sunnatda ba’zi aqiydaga oid narsalar zikr qilingan, biz ularni qabul qilamiz, rad qilmaymiz. Ammo buni inkor qilganlarni kofir demaymiz, degan ma’nodagi gaplarni yozganlar.

Jumladan, Muhammad Nosiriddin Alboniy, «ba’zilar aqiyda faqatgina qat’iy dalil, oyat va mutavotir hadis bilangina sobit bo‘ladi degan fikrga borganlar. Bu bid’at qavldir. Shariatda asli yo‘q qavldir. Salafi solihlar bu gapni aytmaganlar va ulardan buni biror kishi naql ham qilmagan», deb yozgan. 

Avvalgi o‘tgan ulamolarning barchasi, ohod xabarlar aqiydaga hujjat sifatida qabul qilinadi, ularning ko‘pi ilmi yaqiynni ifoda qiladi, deganlar. O’sha ulamolarning safida Ibn Saloh va Ibn Kasir rahmatullohi alayhimolar ham bor.

Ko‘pchilik paytlarda ohod xabarlardan bir nechasida bir masala zikr qilinadi va ular jamlanib ma’naviy mutavotir degan darajani oladi.

Ba’zi kishilar o‘zlari diniy ilmlardan bexabar bo‘lsalar ham o‘zlaricha bu ishlarga aralashib yuradiganlar, o‘zlarining qabr azobini inkor qilishlariga bahona topish uchun Alloh taoloning «Najm» surasidagi «Ularda bu haqda hech qanday ilm yo‘q. Gumondan boshqa narsaga ergashmaslar. Albatta, gumon haqiqat o‘rniga o‘tmas» oyatini dalil qilib, azobi qabr ohod hadis bilan sobit bo‘lgan, u esa gumonni bildiradi, Qur’oni Karimda esa gumon qoralangan, deyishgan emish.

Har bir ilmning o‘z istilohlari bo‘lgani kabi aqiyda ilmining ham o‘z istilohlari bor. Unda mutavotir xabar bilan sobit bo‘lgan narsani ilmi yaqiyn bilan sobit bo‘ldi, deyiladi. Mutavotir xabar bilan sobit bo‘lmagan narsani «zonn» bilan sobit bo‘ldi, deyiladi. Bu yerdagi «zonn» bizdagi gumon ma’nosini anglatmaydi. Balki ilmi yaqiyn darajasida bo‘lmagan ilm ma’nosini anglatadi. 

Eng muhimi, «zonn» bilan «zonn»ning farqi bor. Ohod xabar aqiydada hujjat bo‘lmaydi, degan ilmsizlarning «zonn»ni bilan imom Buxoriy, imom Muslim kabi Islom ummatining jumhuri tan olgan imomlar rivoyat qilgan sahih hadisda, Alloh taolo ma’sum qilib qo‘ygan zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan, Alloh taolo ma’sum qilib qo‘ygan ummat musulmon ummati naql qilgan «zonn»ning, albatta, farqi bo‘ladi.

Bu haqda hadis ilmlarining ulkan bilimdoni, ulumul hadisdan musulmon ummati ijmo’ ila e’tirof qilgan kitoblar yozgan mashhur olim Ibn Saloh o‘zlarining «Muqaddima» nomli kitoblarida quyidagilarni yozadilar:

«Albatta, dastlab ixtiyor qilgan mazhabimiz to‘g‘ri ekani menga ayon bo‘ldi. Chunki xatodan ma’sum bo‘lgan kimsaning «zonn»ni xato bo‘lmaydi. Ummat esa o‘z ijmo’ida xatodan ma’sumdir».

Bu haqda ustoz AbdurRahmon Hasan Habannakal Maydoniy o‘zlarining «al-Aqiyda al-Islomiya va ususuha» nomli kitoblarida quyidagilarni yozadilar:

«Ba’zi ohod hadislar aqoiddan bir qismini o‘z ichiga olgandir. Ularni Islom ummati o‘zining avvalgi asrlarida hech qanday inkorsiz qabul qilib olgandir. Bas, shu sababdan o‘shal hadislar mutavotir martabasiga ko‘tarilgandir. Musulmonlar ularning ma’nosini hech bir inkorsiz qabul qilgani uchun ularni ma’naviy mutovotir deyiladi. U esa lafzi mutovotir bo‘lgan xabar ifoda etgan narsaning xuddi o‘zini ifoda etadi».

Aqoid ilmining bobokalonlari, ohod hadislarni aqiydada hujjat qilib bo‘lmaydi, deganlarni qattiq qoralaganlarini ham aytib o‘tishimiz lozim. Bunga misol tariqasida «Talxiysi sharhi aqoidi tahoviya» kitobidan iqtibos keltiramiz:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih yo‘l bilan sobit bo‘lgan shar’iy  narsalar va bayonlar hammasi haqdir».

Sharh: Muallif rahmatullohi alayhning bu gaplari Jahmiya, Mu’attila, Mo‘‘tazila, Rofiza mazhablariga raddiyadir. Chunki ular hadisni inkor qilganlar. Hamda bu buzuq ishlariga quyidagi dalillarni keltirganlar: 

«Hadislar va xabarlar mutavotir (ko‘p kishilar tomonidan rivoyat qilingan hadislar) va ohod (oz kishilar tomonidan) rivoyat qilingan hadislarga bo‘linadi». 

«Mutavotirning rivoyat suyanchig‘i kuchli va qat’iy bo‘lsa ham dalolati qat’iy emasdir. Chunki lafziy dalillar qattiq ishonchni ifoda qilmaydi». 

(Shuning uchun ular sifatlarga dalolat qiluvchi Qur’oni Karim oyatlarini ham inkor qilib, buzuq ta’villar qilganlar). 

Yana ular ushbularni aytadilar: 

«Ohod xabarlar ilmni ifoda qilmaydi. Ularni rivoyat suyanchig‘i jihatidan ham, matni jihatidan ham hujjat sifatida ishlatib bo‘lmaydi». 

Ular shundoq, deb Allohni tanish, Uning ismlari, sifatlari va ishlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali tanish eshigini yopganlar. Odamlarga o‘zlarining vahmdan iborat xayoliy muqaddimalarini aqliy qat’iyatlar va ishonchli dalillar, deb taqdim etganlar. Aslida esa u narsalar sarobdan boshqa narsa emas. Eng ajablanarlisi, ular o‘sha safsatalarni vahiydan ustun qo‘yganlar. Vahiy orqali kelgan narsani qo‘yib, o‘sha safsata xayolga amal qilishga da’vat qilganlar. Har bir bid’atchi toifaning odati o‘zi shu, u vahiyni o‘z bid’atiga solishtiradi. ¤ziga muvofiq kelgan narsani, bu ishonchli, deb qabul qiladi, muvofiq kelmagan narsani esa shubhali, deb rad etadi. Yoki bu narsani faqat katta ulamolar va ulug‘ mujtahidlargina fahmlaydi, deydi. Yoki buzib ko‘rsatib, o‘z buzg‘unchiligini ta’vil, deb ataydi. Ta’vil qiluvchi kofir emas, deydi».

Ohod hadislar haqidagi bahsni yana ham mukammal bo‘lishi uchun «Hadis va Hayot» nomli asarimizning birinchi juzidan uzunroq bir iqtibos keltirishga ijozat bergaysiz:

«Islomda eng nozik masala, e’tiqod masalasi ekanligi hammaga ma’lum. Ayni ana shu e’tibordan Alloh taolo aqiydaning javhariy – asl masalalarini, boshqacha qilib aytganimizda ruknlarini Qur’oni karim orqali sobit qilgandir. Chunki bu sohada bir so‘z bilan kishining iymoni kufrga, jannati do‘zaxga aylanib ketishi mumkin.

Shuning uchun ham aqoid ilmi ulamolarimiz Qur’oni karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan dalil hadisi shariflarni aqiyda bobida dalil qilaroq qandoq shartlar ila qabul qilish kerakligi haqida  tortishganlar. Tortishuv asosan jumhuri ulamolar bilan ba’zi hanbaliylar orasida bo‘lgan.

O’rtaga birinchi qo‘yilgan masala, zonn (gumon) ila aqiyda sobit bo‘ladimi, yo‘qmi, degan masala bo‘lgan. Oddiy holatda bu savol qiziq tuyulishi turgan gap. Gumon bilan bir ish qilib bo‘lishi mumkin emasligini hamma yaxshi biladi. Undoq bo‘lsa, ulamolar aqiydaga o‘xshash o‘ta nozik masalaga gumonni aralashtirib nima qiladilar, deyishimiz mumkin.

Lekin aqiyda ilmi ulamolari istilohida zonn – gumon; zinhor, zarracha ham shubha ko‘tarmaydigan, qat’iy, ilmi yaqinning darajasiga yetmagan sahih ilmni anglatishini bilganimizdan so‘ng hech ham ajablanishga o‘rin qolmaydi. Bu savolga hamma baravariga, zonn – gumon ila aqiyda sobit bo‘lishi mumkin emas, deb javob bergan.

Keyin ohod hadis (albatta, sahih bo‘lish sharti ila) zonni ifoda etadimi yoki ilmni, degan masala o‘rtaga qo‘yilgan. Bu jumladagi «ilm»dan murod, aqoid ulamolari istilohida, zarracha shubhasi yo‘q ilmi yaqinni ifoda etishini ham aytib qo‘yishimiz lozim. 

Ma’lumki, ohod hadis deyilganda, yolg‘onga kelishib olishlari mumkin bo‘lmagan darajada ko‘p sondagi kishilar rivoyat qilmagan hadis tushuniladi.

Bu savolga kelganda ikki xil javob bo‘lgan:

1. Jumhuri ulamolar, ohod hadislar (agar sahih bo‘lsalar ham) faqat zonni ifoda etadi, ilmi yaqinni ifoda etmaydi, deganlar.

2. Ba’zi hanbaliy ulamolar, ohod hadislar, agar sahih bo‘lsalar, ilmi yaqinni ifoda etadi, deganlar. Avval hamma zonn bilan, ilmi yaqinsiz, aqiyda sobit bo‘lmaydi, degan edi. Endi jumhuri ulamolar, ohod hadislar (agar sahih bo‘lsalar ham) zonni ifoda qiladi xolos, demoqdalar. 

Undoq bo‘lsa, aqiyda sobit bo‘lishi uchun faqat mutavotir, ya’ni, yolg‘onga kelishib olishlari mumkin bo‘lmagan ko‘p sondagi roviylar rivoyat qilgan hadisgina yarar ekanda? 

Lekin aqiyda bo‘yicha keltirilgan dalillarga qarasak, ko‘plab narsalar ohod hadislar ila sobit bo‘lganini ko‘ramiz. Yana hayron qolamiz. 

Jumhuri ulamolarga, siz muhtaramlar, ohod hadis ila aqiyda sobit bo‘lmaydi, deysizlar. Ammo biz qarab ko‘rsak, qabr azobi, Munkar Nakrning savoli, Sirot, Havz, Mizon, Shafoat kabi ko‘plab aqiyda masalalari aynan ohod hadislar bilan sobit bo‘lgan ekan-ku, deb so‘raymiz.

Ular bizga, gapingiz juda to‘g‘ri, biz hech qachon siz aytgan narsalarni va yana siz aytmagan ko‘pgina narsalarni ohod hadislar bilan sobit bo‘lmaydi, deganimiz yo‘q. Sizlar bizning istilohimizga tushunmabsizlar. Biz, zonn bilan, boshqacha qilib aytganda, ohod hadis bilan aqiyda sobit bo‘lmaydi, deganimizda aqiyda ruknlarini, inkor qilgan inson Islom doirasidan butunlay chiqib ketishi, Alloh taoloning mavjudligi, Payg‘ambarlarning haqligi kabi masalalarni ko‘zda tutganmiz. Shuning uchun hammamiz hech qanday ixtilofsiz aqiydaning far’iy masalalarida ohod hadislarni, agar ular sahih bo‘lsa, qabul qilishga qaror qilganmiz, deydilar.

Ana endi hamma narsa ravshan bo‘ldi. Islom aqiydasining asosi hisoblangan, iymonning rukni bo‘lgan, Alloh taologa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, Qur’oni Karimga, Qiyomat kuniga, farishtalarga, Qazoi qadarga va boshqa shunga o‘xshash «Dindan deb bilishlik zarur hisoblangan», iymon keltirmagan odam butunlay dindan chiqib kofir bo‘ladigan narsalarning sobit bo‘lishi uchun ilmi yaqiniy lozim ekan. Bu esa Qur’oni Karim kuchidagi dalilni taqozo qiladi. Darhaqiqat, mazkur narsalar Qur’oni Karim ila sobit bo‘lgan. Bunga hech kim xilof qilmaydi.

Lekin afsuski, ohod hadis ilmi yaqiniyni ifoda qiladimi, degan tortishuv natijasi keyinchalik ba’zi bir noqulayliklar keltirib chiqardi. 

O’sha masalada, jumhuri ulamolar; Ahli Sunna va jamoa, Molikiysi bo‘lsin, Shofe’iysi bo‘lsin, Hanafiysi bo‘lsin, Hanbaliysi bo‘lsin va yana boshqalari bo‘lsin ohod hadis, har qancha sahih bo‘lsa ham, u bilan inkor qilgan kishini iymondan ajratadigan aqiyda sobit bo‘lmaydi, deganlar. 

Muhaddislar va ba’zi qavllarga qaraganda Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi, ohod hadis ila ilmi yaqiniy, binobarin, inkor qilgan kishi kofir bo‘ladigan aqiyda sobit bo‘ladi, deganlar.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry