04.04.2023
189

INSON AQL-ZAKOVATINING O‘RNI VA AHAMIYATIGA YUKSAK E’TIBOR Bashariyat bugungi kunda ham bunday g‘oyalarga katta ehtiyoj sezmoqda

MOTURIDIYA TA’LIMOTI

O‘zbekiston zaminidan islom dini va umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Imom Moturidiy kabi buyuk mutafakkir allomalar yetishib chiqqan. Ularning bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan durdona asarlari, insoniyat ravnaqiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan ta’limotlari jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilgan. 

E’tiborlisi, Sharqda kuzatilgan har ikki Renessans davrida ham ajdodlarimiz ham dunyoviy, ham diniy ilmlar bo‘yicha jahonning eng ilg‘or olimlari qatorida bo‘lgan. Ular orasida buyuk vatandoshimiz, kalom ilmi asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy yorqin faoliyati hamda islom olamidagi yuksak mavqei bilan alohida ajralib turadi.

Sharafli maqom

Alloma zamondoshlari hamda keyingi davr mualliflari tomonidan haqli ravishda “Alamul-huda” – “Hidoyat bayrog‘i”, “Imomul-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqidati ahlis sunna” – “Ahli sunna aqidasini to‘g‘rilovchi”, “Imomul-mutakallimin” – “Mutakallimlar imomi” kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan. Imom Moturidiyning insoniyat oldidagi eng katta xizmatlaridan biri musulmonlar o‘rtasida aqidaviy masalalarda ixtiloflar avj olib, turli buzg‘unchi oqimlar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish orqali parokandalikka sabab bo‘layotgan bir vaqtda moʻtadil ta’limot asosida jamiyatni jipslashtirishga muvaffaq bo‘lganida yaqqol namoyon bo‘ladi. 

Allomaning ustozlar silsilasi hanafiylik mazhabi asoschisi Imom Abu Hanifaga borib taqalishi, shuningdek, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad orqali Abu Hanifaning to‘rtinchi avlod shogirdi bo‘lgani u asos solgan aqidaviy mazhabning nubuvvat bulog‘idan suv ichgan naqadar haqqoniy va xalqchil ta’limot ekanini tasdiqlaydi. 

Hozirga vaqtda jamiyatda kuzatilayotgan mafkuraviy ziddiyatlarning yuzaga kelish sabablarini tahlil qilgan kishi ushbu ixtiloflarning katta qismi islom niqobi ostidagi buzg‘unchi oqimlar faoliyati mahsuli ekaniga guvoh bo‘ladi. Zamon rivojlanib, aholi o‘rtasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari ortib borishiga muqobil ravishda ijtimoiy tarmoqlarda din nomidan gapiruvchi, biroq, aslida, dinga umuman aloqasi bo‘lmagan mutaassib shaxslar faoliyati ham tobora kuchayib bormoqda. Natijada bunday buhronli mafkuraviy kurashlar jarayonida islom dinining insonparvarlik mohiyatini jamoatchilikka keng targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida moʻtadil ta’limotni tarqatish, shu asosda Vatanimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash har qachongidan ham dolzarb vazifaga aylanib bormoqda. 

“Qurolingni ilmdan yasa”

Imom Moturidiyning mutaassib oqimlarga qarshi kurash metodologiyasi uning o‘z davrida mavjud bo‘lgan bunday oqimlar faoliyatiga batamom barham berib, musulmonlarning e’tiqodiy birligi va hamjihatligini ta’minlay olganida o‘z isbotini topgan. Ushbu metodologiyaning asosini allomaning “Qurolingni ilmdan yasa”, degan hikmati tashkil qilgan. 

Hozirgi vaqtda faoliyat yuritayotgan mutaassib oqimlarning tarixiy-g‘oyaviy ildizlari uzoq o‘tmishdagi “salaf”lariga borib taqalishini hisobga oladigan bo‘lsak, moturidiylik ta’limoti bugungi kunda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda, aholida yot g‘oyalarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitet shakllantirishda ulkan amaliy ahamiyatga ega ekani ravshanlashadi. Bu jihat Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish muhim vazifa etib belgilab olinganida ham yaqqol ko‘rinadi.

Mustaqillikdan so‘ng yurtimizda Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi, moturidiylik ta’limoti tadqiqi yuzasidan muayyan ilmiy izlanishlar olib borilgan bo‘lsa-da, bu borada tom ma’nodagi ishlar bundan bir necha yillar muqaddam boshlangan, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. 

Ustuvor yo‘nalishlardan biri

Davlatimiz rahbari Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining 2016-yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasida so‘zlagan nutqida “Moturidiya ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu, o‘z navbatida, ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Insoniyat bugungi kunda ham bunday g‘oyalarga katta ehtiyoj sezmoqda. tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlarga yetkazish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”, deb ta’kidlagan edi. 

2020-yil 3-5-mart kunlari “Imom Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda jahonning yetuk moturidiyshunos olim va mutaxassislari tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO) Bosh kotibi doktor Salim al-Malik allomaning ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish zaruratiga to‘xtalib, “Imom Abu Mansur Moturidiy islom tafakkuri tarixida muhim o‘rin tutadi. U hijriy II asrda Movarounnahrda paydo bo‘lgan va islom olamida tarqalgan sunniylik maktabi asoschisi hisoblanadi”, deya fikr bildirdi. 

Islom olamida Imom Moturidiy shaxsi yuksak qadrlanishidan tashqari, uning yana bir muhim jihati borki, bu u asos solgan ta’limotning bugungi g‘oyaviy kurashlar avj olgan globallashuv davrida jamiyatda uchrayotgan ayrim bahsli aqidaviy masalalarga yechim topish, jumladan, buzg‘unchi oqimlarning g‘oyalariga qarshi dalillar asosida raddiyalar berishda muhim amaliy ahamiyatga ega ekani bilan ifodalanadi. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni tizimli tashkil qilish, shu asosda mutaassiblikka qarshi kurashning ilmiy- nazariy asoslarini ishlab chiqish zarurati pishib yetilgan edi. 

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan

Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi qarori asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Markaz oldiga jamiyatda uchraydigan diniy-aqidaviy muammolarga hanafiy-moturidiylik mazhabi asosida yechim topish, Imom Moturidiy va uning izdoshlari merosini o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini targ‘ib qilish, shu asosda yosh avlodni umuminsoniy ezgu qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida islomning ilm-ma’rifat, ma’naviy barkamollik, tinchlik, taraqqiyot hamda bunyodkorlikka chorlovchi g‘oyalarini jamoatchilikka yetkazish kabi muhim vazifalar qo‘yildi. 

Imom Moturidiy nomi bilan atalgan xalqaro ilmiy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi jahon hamjamiyati, xususan, shu sohada faoliyat yuritayotgan olim va mutaxassislar tomonidan uzoq kutilgan yangilik sifatida qabul qilindi. Jumladan, Bosniya sobiq muftiysi Mustafo Cherich ushbu tashabbusni yuqori baholab, “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini biz yashab turgan asrdagi eng ulug‘vor ish deb hisoblayman”, deya ta’kidladi. Xorijlik yetuk moturidiyshunos olim, professor, doktor Said Fuda ham markaz tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratib, Abu Mansur Moturidiyning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini tiklashga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor ekaniga urg‘u berdi. Turkiyaning Anqara universiteti professori, doktor So‘nmez Qutlu esa markazni dunyo bo‘yi cha o‘z yo‘nalishida ochilgan ilk ilmiy muassasa sifatida e’tirof etdi. 

Ta’limot va tadqiqotlar

Markazda tashkil qilingan moturidiylik ta’limoti tadqiqotlari, zamonaviy islom tadqiqotlari, tarjimalar hamda nashrlar deb nomlangan bo‘limlarda yurtimiz allomalari, xususan, Imom Moturidiy va izdoshlari merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish, asarlarining ilmiy-izohli tarjimalarini yaratish, aholiga moʻtadil ta’limotni yetkazishga qaratilgan xalqchil risolalarni nashr qilish, mutaassiblikka qarshi kurashning ilg‘or jahon tajribasini o‘rganish, nufuzli xalqaro tashkilotlar va atoqli olimlarning terrorizm qoralab chiqarilgan fatvolarini tahlil va tarjima qilish, ixtilofli aqidaviy masalalar yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, yosh avlodni yot g‘oyalardan asrab-avaylash choralarini ko‘rish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Shuningdek, ushbu ishlar mahalliy hamda xalqaro ko‘lamda keng e’tirof etilayotgani e’tiborga molik. Jumladan, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi rahbari, doktor Ali Erbashning “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ma’rifat va madaniyatimiz negizlari bo‘lgan fikrlar va asarlarni qaytadan butun dunyoga tanitish borasidagi ishlarini yuksak baholayman”, degan e’tirofini keltirib o‘tish kifoya. 

“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida markaz tomonidan joylarda ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish yuzasidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham muntazam tashkil etilmoqda. Hozirgi vaqtga qadar mahalla, maktab, o‘rta maxsus hamda oliy ta’lim muassasalarida, shuningdek, turli davlat idora va tashkilotlarida 300 dan ziyod tadbir o‘tkazilib, jami 50 ming nafarga yaqin yurtdoshimizga islom dinining asl mohiyati hamda islomga yot oqimlarning buzg‘unchi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, markazda mutaassib oqimlar ta’siriga tushib qolgan fuqarolar bilan ishlash, moturidiylik aqidaviy mazhabida keng o‘rin berilgan moʻtadil ta’limot asosida ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash bo‘yicha ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunda ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish hamda mutaassib shaxslarni ijtimoiy reabilitasiya qilish bo‘yicha jahonning ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy uslublardan keng foydalanish orqali samarali natijalarga erishib kelinmoqda. 

Targ‘ibot, tashviqot, ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlar

Respublika bo‘ylab maktab va mahallalarda muntazam o‘tkazib kelinayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari natijasida yoshlar ongida islomning tinchlikparvar va ma’rifatparvar din ekani haqidagi to‘g‘ri tushunchalarni shakllantirishga erishildi. E’tiborlisi, moturidiylik ta’limoti manbalari asosida tayyorlangan xalqchil risolalar, internet hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilinayotgan audio, video va infografika shaklidagi materiallar, markaziy telekanallar orqali efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvlar, gazeta va jurnallarda chop etilayotgan maqolalar, turli tanlovlar, nashrlarning audio talqinlari aholini to‘g‘ri yo‘lga boshlash, xususan, yoshlarni mutaassib oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda o‘tkazilgan tadbirlar xalqimiz orasida islom ta’limotini keng targ‘ib qilishga, shu asosda jamiyatda bag‘rikenglik tamoyillari yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. 

Hozirgi vaqtda markaz ICESCO, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish tashkiloti (IRCICA), Misrning al-Azhar universiteti, Islom tadqiqotlari akademiyasi, Turkiyaning Anqara, Yildirim Boyazid universitetlari, Qo‘lyozmalar markazi, Malayziyaning Islom tadqiqotlari markazi, Islom ilmlari universiteti, Islom tafakkuri instituti, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi nufuzli universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan anglashuv memorandumlarini imzolab, hamkorlikda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar hamda ijobiy o‘zgarishlarni dunyo afkor ommasiga yetkazishga xizmat qilmoqda. 

Markaz huzurida xorijlik hamda mahalliy olim va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy hay’at tashkil etilganini nafaqat yurtimiz, balki jahon moturidiyshunosligidagi eng muhim voqeliklardan biri sifatida baholash mumkin. Bugungi kunda hay’at majlislari muntazam o‘tkazilib, dunyoning eng ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlarini markaz faoliyatida qo‘llash, sohaga oid dolzarb masalalarning ilmiy yechimini topish, ular yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, hay’at a’zolarining mutaassiblikka qarshi qaratilgan murojaatnoma va bayonotlari e’lon qilinmoqda. Hay’at tarkibida Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Afg‘oniston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlarning yetuk olimlari hamda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan moturidiyshunos mutaxassislari jamlangan. 

Markazning asosiy yutuqlaridan biri, shubhasiz, Imom Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on” (Qur’on ta’villari) hamda “Kitob attavhid” (Tavhid haqida kitob) asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasi bo‘ldi. Ushbu tarjimalar xalqimiz orasida islom ta’limoti haqidagi xolis tushunchalar shakllanishida, yot g‘oyalarning asossizligini anglab yetishda, islomning moʻtadil va ma’rifatparvar din ekanini yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirga qadar “Kitob at-tavhid” asari to‘liq, “Ta’vilot al-Qur’on” asarining 29-juzi, 27-28-juzi va 25-26-juzi tarjimasi nashr qilinib, xalqimizga yetkazildi. Shu bilan birga, ushbu kitoblarni xalqimizga sodda va tushunarli uslubda yetkazish maqsadida “Ta’vilotdan durdonalar” rukni ostida xalqchil risolalar ham chop etilmoqda. 

Moturidiy izdoshlari

Imom Moturidiyning izdoshlari bo‘lgan Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Sirojiddin O‘shiy, Abu Shakur Solimiy, Alouddin Samarqandiy, Abu Lays Samarqandiy, Sa’duddin Taftazoniy kabi allomalarning asarlari ham ulkan tarbiyaviy-axloqiy ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan asrab- avaylash, ularni milliy va diniy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash maqsadida “Umdat al-aqoid” (Aqoid ustuni), “Kitob as-savod al- a’zam” (Katta jamoa kitobi), “Bad’ al-amoliy” (Imlolarning boshlanishi), “Aqida at-Tahoviya” (Tahoviy aqidasi), “Usul ad-din” (Din asoslari), “Javohir al-kalomiya” (Kalom javohirlari) kabi aqidaviy risolalar ham o‘zbek tilida nashr etildi. Ushbu manbalar moturidiylik ta’limotini xalqimizga yetkazishda muhim qo‘llanma hisoblanadi. Ushbu tarjimalarda yurtimiz hamda jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma manbalardan foydalanilgani, zamonaviy bosma nashrlar bilan qiyosiy o‘rganilgani ularning yuksak ilmiy saviya da tayyorlanishini ta’minlagan.

Yurtimizda ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganish, shu asosda yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganidan kelib chiqib, “Buyuk ajdodlarimiz”, “Movarounnahrlik o‘n mufassir”, “Movarounnahrlik o‘n muhaddis”, “Movarounnahrlik o‘n mutakallim”, “Movarounnahrlik o‘n faqih”, “Movarounnahrlik o‘n mutasavvif” kabi xalqchil risolalar nashr qilindi. Ularning chop etilishi keng jamoatchilik, xususan, yoshlarni buyuk allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishtirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularda insoniyat sivilizatsiyasi rivojida munosib o‘rniga ega bo‘lgan ulkan moddiy-ma’naviy merosga daxldorlik hissini uyg‘otishga, shu asosda vatanparvarlik tuyg‘ularining yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi. 

Markazda islomshunoslikka oid zamonaviy masalalar ustida tizimli izlanishlar olib borish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirga qadar jamiyatda diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash hamda moʻtadil ta’limotni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Dolzarb raddiyalar”, “Mutaassiblikka qarshi moʻtadillik: metod va tahlillar”, “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar” kabi adabiyot va qo‘llanmalar nashrga tayyorlanib, keng jamoatchilikka taqdim etildi. Muntazam chop etib kelinayotgan “Moturidiylik” jurnali sahifalarida e’lon qilinayotgan mahalliy hamda xorijlik mutaxassislarning ilmiy maqolalari ham islomshunoslikda bugungi kun uchun dolzarb sanalgan muammolarning ilmiy-nazariy yechimlarini hal qilishda asqatmoqda. Qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar esa xalqaro ko‘lamdagi ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari, mahalliy hamda xorijiy nufuzli nashrlardagi ilmiy maqolalar, markaz rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga videodarslar, infografik materiallar shaklida joylashtirilayotir. Mahalliy hamda xorijiy mamlakatlar telekanallarida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti, markaz faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar, intervyular, gazeta va internet saytlarida e’lon qilib borilayotgan maqolalar Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni, ajdodlarimizning ma’rifatga yo‘g‘rilgan ilmiy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. 

Mustahkam ilmiy asos

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi keng ko‘lamli islohotlar, inson huquq va erkinlarini ta’minlash, xususan, uning qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishini ham bevosita mazkur islohotlar samarasi sifatida baholash mumkin. Markaz yaratilgan imkoniyat va qulay shart-sharoitlardan foydalangan holda, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish yo‘lida dadil odimlamoqda. Bu jamiyatimiz ravnaqi, hamyurtlarimizning ong va dunyoqarashini yuksaltirish, yoshlarda turli oqimlarning g‘oya va mafkuralariga qarshi kuchli immunitet hosil qilish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega. Negaki, islomni niqob qilgan, ayniqsa, yoshlarni o‘z domiga tortayotgan bunday yot kuchlarga qarshi turishda, ilmiy asosda raddiyalar berishda aynan Imom Moturidiyning merosi barcha musulmonlar uchun mustahkam ilmiy asos, ishonchli dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. 

Ta’kidlash kerakki, mehnatkash va fidoyi xalqimiz uchun azaldan ezgulik, xayru saxovat, muruvvat, ma’naviy-ruhiy poklanish oyi bo‘lib kelgan Ramazon oyida muqaddas dinimiz, xususan, moturidiylik ta’limotida keng yoritilgan, insonparvarlik va tinchlikparvarlik kabi qadriyatlarni asrab-avaylash, doimo to‘g‘ri yo‘lda, o‘zaro mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lish haqidagi ko‘rsatmalarga amal qilish har qachongidan ham dolzarbdir. Bu esa moturidiylik ta’limotini o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish orqali yuzaga chiqadi. Shu sababli ushbu moʻtadil ta’limot bugungi kun nuqtai nazaridan yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat hamda yot g‘oyalarga murosasizlik ruhida tarbiyalashda kuchli tarbiyaviy-axloqiy manba bo‘lib qoladi.

Jamoliddin KARIMOV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

“Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muhim tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda. Ayniqsa, markazda islomshunoslikka oid klassik manbalarni tarjima qilish yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor. Turkiyada bu kabi markazlar mavjud emasligi, shuningdek, klassik manbalarning chiroyli va xalqchil shaklda o‘quvchilarga taqdim qilinmasligi katta kamchilik hisoblanadi”. 

Hilmi DEMIR, 

doktor, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 4-aprel, 64-son

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry