03.04.2023
154

Islom tinchlik dinidir

Islom, o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik dinidir. U insonlarni barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Ammo dinni niqob qilib, uning nomidan ish olib borayotgan ekstremist va terrorchi oqimlarning chirkin faoliyati Islom dini va musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Xo‘sh, ularning jihod borasidagi qarashlari qay darajada asosli? Aslida, jihodning mohiyati nima?

Dastlab “jihod” mazmunida islomni himoya qilish va yoyish uchun qilingan sa’y-harakat, g‘ayrat qilish ma’nosi tushunilgan. Shu bois Makka davrida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam va sahobalar Alloh taoloning: «(Ey Muhammad,) Rabbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..» (Nahl surasi, 125-oyat), degan ko‘rsatmasi asosida ish yuritgan.

Keyinchalik Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tganlaridan so‘ng Islom dini va musulmonlar jamiyatini himoya qilish maqsadidagina harbiy mazmundagi jihodga ruxsat berilgan. Jumladan, Haj surasining 39-oyatida: «(Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan (musulmon)larga mazlum bo‘lganlari sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir», deyiladi. Bundan ko‘rinadiki, jangu jadal ma’nosidagi jihodga faqat mudofaa, muqarrar dushman hamlasini daf etish uchungina ruxsat berilmoqda.

Ming afsus, ayrimlar “jihod” deyilganda uning urush ma’nosidan boshqalarini inkor etish, boz ustiga, terrorchilik bilan bog‘liq jinoyatlarni ham “Alloh yo‘lidagi jihod” deb e’lon qi­lishmoqda. Ayniqsa, ekstremist va terrorchi oqimlarning bosqinchilik urushini “jihod” deb e’lon qilishi va bu yo‘lda o‘zini portlat­gan, begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan kimsalarni “shahid” deb atayotganlari dinimiz ta’limotiga mutlaqo ziddir. Vaholanki, Islom dinida jon Allohning eng buyuk va qadrli ne’matlaridan biri deb qaraladi.

Manfur kimsalar o‘z qilmishlarini muqaddas Islom uchun kurash, musulmonlarni birlashtirish yoki xalifalik qurishga qaratilgan amallar deya o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar. Agar jihod, ular aytganidek, Islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lar edilar. Biroq bunday yo‘l tutmadilar.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda:

“Musulmonlarning afzali, qo‘lidan va tilidan musulmonlarga ozor yetmaydiganidir. Mo‘minlarning afzali esa, xushxulqlirog‘idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalar­dan o‘zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va xohishiga qarshi qilinadigan jangdir”, deyiladi.

Bundan tashqari, soxta salafiylarning jihodni “Islomning oltinchi arkoni” deb atashlari dindagi katta buzg‘unchilikdir. Agar ular nazarda tutgandek, jihod Is­lomning oltinchi arkoni bo‘lganida edi, o‘n to‘rt asr ilgari Payg‘ambar Muhammad alayhissalom musulmonlarni besh ruknga emas, balki olti ruknga amal qilishga buyurgan bo‘lardilar.

Qur’oni karimning: «...Ana, endi bugun diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomning din bo‘lishiga rozi bo‘ldim...» (Moida surasi, 3-oyat) degan oyati nozil bo‘lgan vaqtda Islom dini besh arkondan iboratligi va bundan keyin ular hech qachon o‘zgarmasligi ta’kidlangan.

Yana bir hadisda esa Payg‘ambar alay­hissalom: “Sizlardan kim mendan keyin yashasa, tez orada ko‘p ixtiloflarni ko‘ra­di. Mening sunnatim va mendan keyingi hidoyat topgan roshid xalifalar sunnati sizlarga shart bo‘ladi. Ularni qattiq tutingiz va oziq tishlar bi­lan tishlangiz. Shariatda yangi paydo qilingan narsalardan saqlaningiz. Zero, (shariatda) har bir yangi paydo qi­lingan narsa – bid’at va har bir bid’at za­lolatdir”, deganlar.

Soxta salafiylar esa Islomning besh arkoniga qanoat qilmay, jihod borasida g‘uluvga ketib, uni shariatning “Oltinchi arkoni” deb atashlari juda taajjublanarlidir. Bu esa mazkur hadisda ta’kidlangan dindagi bid’at bo‘lib, albatta, u o‘z ergashuvchilarini zalolat sari yetaklaydi. Ana shu holatning o‘zi insonni sergaklikka chorlashi, jihod masalasida g‘uluvga ketishdan saqlanishi uchun kifoya qiladi. Zero, jihod borasida g‘uluvga ketish boshqa dindagilarga nisbatan bosqinchilik bo‘lishidan tashqari, Islom ahkomlariga qarshi chiqish va ularni oyoqosti qilish bilan barobardir.

Qisqasi, Islom jangu jadal dini emas, balki tinchlik, hamjihatlik dinidir.

Shukrullo JO’RAYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi  ilmiy xodimi

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry