03.08.2021
590

“Allohning (rahmati) dunyo osmoniga nozil bo‘lishi” hadisi haqida

Salafiy firqalar Alloh taologa nisbat noloyiq ma’nolarni talqin qilmoqdalar. Jumladan, ular “Alloh taolo zoti bilan osmonda, demagan kishi kofir bo‘ladi, U arshga ko‘tarilib o‘rnashgan, dunyo osmoniga o‘zi tushadi” kabi tajsim va tashbeh aqidalarini ilgari surmoqdalar.

Moturidiylar va ash’ariylardan iborat ahli sunnaning solih salaf va xalaf (avvalgi va keyingi) ulamolari bu mavzudagi oyat va hadislarga aynan, zohiriy, yuzaki ma’no berib yondashmaganlar. Shuningdek, Alloh lafziga izofa qilingan “yad”, “vajh”, “ruh” kabilarni va yuqoridagilarni tushuntirishda tafviz yoki ta’vil yo‘lini tutganlar, tajsim, ta’til va tashbeh yo‘liga o‘tmaganlar.

Batafsil:

Afsuski, Qur’on va sunnatda kelgan Alloh taoloning sifatlarida na tafviz, va na ta’vil yo‘lini tutmay, tajsim va tashbeh yo‘lidan yurib, Ibn Taymiyaning bugungi kundagi izdoshlari bo‘lmish soxta salafiylar ummat yoshlarining ongini zaharlashda davom etmoqdalar.

 Quyida Imom Molikning “Muvatto” kitobi sharhiga oid silsilaviy darslari asnosida mashhur olim Sa’id Kamaliyning “Dunyo osmoniga Alloh nozil bo‘lishi” mazmunidagi hadislarni sahih fahm bilan tushunish yuzasidan aytgan fikrlarini qisqacha keltirib o‘tamiz.

  “Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Robbimiz tunning oxirgi uchdan bir qismi qolganda dunyo osmoniga “nozil” bo‘lib: “Menga duo qiluvchi bormi, ijobat qilay, Menga istig‘for aytadigan bormi, mag‘firat qilay...”, mazmunidagi uzun hadislari sahih rivoyat hisoblanadi.

Salafi solihlar mazkur hadisdagi “nuzul”ni tafviz qilib, “Alloh taolo nuzulni O’ziga nisbat berib, O’z Zotiga loyiq bo‘lib, “nuzul” qiladi. Biroq, U Zotning nuzul qilishi maxluqlarining nuzuli kabi emasdir. Tepadan pastga tushish, egallab turilgan makonni tark etib, boshqa bir bo‘shliqni to‘ldirish kabi maxluqlarga xos xususiyatlardan pokdir. Zero, makon va tomonlarning bari maxluq bo‘lib, Xoliqning O’zi yaratgan makonning ichida bo‘lishi amri maholdir”, deydilar.

Ayrim olimlar esa, Alloh taoloning ushbu fe’lini zohiriy ma’nosiga yo‘yishdan, U Zotni maxluqotlariga tashbeh qilishdan saqlanish uchun ularni ta’vil qiladilar. Shunga ko‘ra ular “Alloh taolo nuzul qiladi” iborasini “Alloh taoloning rahmati, farishtasi, amri dunyo osmoniga tushadi”, deb aytadilar. Zero, nassda buning misollari ko‘pdir. Masalan, Qur’oni karimdagi Yusuf surasining 82-oyatida “vas’alil qoryatal latiy kunnaa fiihaa” - “Biz bo‘lgan shahardan so‘ra...”, deyiladi. Oyatdagi mazkur iboradan esa xabarni shaharning o‘zidan emas, balki uning ahlidan so‘rash tushuniladi. Zero, aqli bor odam ushbu oyatni ro‘kach qilib olib, shaharning binolari va buyumlaridan savol so‘rash kerak, demaydi. Boshqacha qilib aytganda, oyatda “ahl” so‘zi tushirib qoldirilgan bo‘lib, ma’no “vas’al ahlal qoryatil latiy kunnaa fiyhaa” –­ “Biz  bo‘lgan shaharning ahlidan so‘ra...” tarzida bo‘ladi. “Bu gapni butun shahar biladi” iborasi kabi. Xuddi shunga o‘xshab, yuqoridagi hadisda kelgan “Yanzilu Robbuna ilaa samaaid dunya...” iborasi ham “Yanzilu amru Robbina...” yoki “Yunzilu Robbuna rohmatahu...”, deb ta’vil qilinadi.

    Demak, mazkur ikki yondashuv – tafviz yoki ta’vil, Allohni maxluqotlarga o‘xshatish (tashbeh) va U Zotga jism va makonni nisbat berish (tajsim) kabilardan xoli bo‘lgan salomat yo‘ldir.

    Biroq, bir toifa “Biz “nuzul” so‘zi arab tilida nimaga dalolat qilsa, shunday tushunamiz. Demak, Alloh taolo har tunda dunyo osmoniga Zoti bilan O’zi tushadi”, deb aytadilar. Bunday zalolatdan  Alloh asrasin! Nahot ular “nuzul” faqatgina bir ma’noda qo‘llanilmasligini, masalan “nazalat darajatul harora” – “havo harorati tushdi”, deyilgandagi “nuzul”da jismning bir joyni tark etib, boshqa joyni egallashi ma’nosi yo‘qligini anglamasalar. Agar arab tilidagi “nuzul” fe’li ular da’vo qilayotgandek, faqatgina jism bilan harakat qilish ma’nosini anglatsa, nega unda arablarning asli va vahiy shohidlari bo‘lgan Abu Bakr, Umar va Aliy va boshqa sahobalarda bu kabi mushkil savollar yuzaga kelmagan? Bir so‘zning ko‘pgina ma’nolari bo‘lishi oddiy haqiqat-ku. Masalan, nufuz va obro‘si baland, ko‘p ishga qodir kishiga nisbatan “qo‘li uzun”, deyilganda hech kim uning jimoniy qo‘lining uzunligini tushunmaydi-ku.

   Aslida bu kabi ma’nodagi hadislarning aytilishidan nima maqsad qilingan? Ulardan bandalarning sahar vaqtlarida Robbilariga iltijo qilib, istig‘for aytishlariga targ‘ib qilinganmi yoki hadis ishora qilgan amrlarni bir chetga otib, aqdaviy janjalga kirishish buyurilganmi?! Alloh taologa nuzulning jismoniy mazmundagi zohiriy ma’nosini nisbat berayotganlarning qanchasi tunnning oxirgi uchdan bir qismida turib Robbilariga munojat qilyaptilar o‘zi?!...”

  Sa’id Kamaliyning mulohazalarini shu yerga kelganda to‘xtatib, o‘zimizga savol beraylik. Qachon biz – musulmonlar bir oyat va hadisni eshitganimizda undan munozara uchun masala yasashni tark etib, amal qilishga o‘tamiz? Qachon sahobalarning yo‘lidan yuramiz? Yoki siz biror-bir kitob yoki boshqa manbada ikki sahobiyning bir-biri bilan Allohning zoti va sifatlari borasida talashib-tortishgani haqidagi xabarni uchratganmisiz?

Alloh yaratgan maxluqotlari va ne’matlari haqida tafakkur qilinglar, uning zoti haqida emas!” (hadis).

Salafi solihlar kerak bo‘lgan o‘rinlarda haqni qaror toptirish uchungina munozara qilardilar. Bizlar esa, raqib tomonni mag‘lub etib, sharmanda qilish uchungina janjalga sho‘ng‘iymiz. Natija ham shunga yarasha. Zotan, “Amallar niyatlarga bog‘liqdir” (hadis).
Jo‘rayev Jahongir   
 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi  

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry