01.04.2023
195

Farzandlarimizni komil inson qilib tarbiyalash orqali ularni g‘oyaviy xurujlardan asraylik!

O‘zbek oilasi serfarzandlik, bolajonlik, oilaparvarlik kabi ijobiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Serfarzandlik o‘zbek oilasining alohida belgisidir. Bizda ko‘p bolalik onalar soni boshqa mintaqalardagiga nisbatan ancha ziyod. O‘zbek oilasidagi bolajonlik, farzandlar va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, oilalarda turli avlod vakillarini birga yashashi va birga xo‘jalik yuritishlari, mehnatsevarlik, mehmondo‘stlik kabi ijobiy xususiyatlar oliy qadriyat hisoblanadi.

Farzandlarimizni komil inson qilib tarbiyalash eng muhim vazifadir. Chunki jamiyat a’zolarining yaxshi xulqli, halol va pok bo‘lishini orzu qilamiz, ammo o‘sha jamiyatning kelajagi bo‘lmish bolalar tarbiyasi haqida qayg‘urmasak, niyatlarimiz sarobligicha qolaveradi.

Tarixdan ma’lumki, har bir jamiyatda hech qaysi bir tuzum va hech qaysi bir din yoshlar ta’lim-tarbiyasiga beparvo bo‘lgan emas. Islom tarixiga nazar solsak ham dinimiz yoshlarga qanchalik g‘amxo‘rlik qilganini ko‘ramiz. Musulmonlar bu vazifani o‘zlarining asosiy ishlari deb belgilashgan. So‘zimiz isboti uchun musulmonlarni Makka mushriklari bilan bo‘lib o‘tgan ilk to‘qnashuv “Badr” voqeasini eslash kifoya. Asir tushgan mushriklarni ozod qilish shartlaridan biri “Madinalik o‘nta bolaga o‘qish va yozishni yaxshi o‘rgatish”, deb Payg‘ambarimiz (s.a.v) belgilab qo‘ydilar. Vaholanki, bu davrda musulmonlar moddiy tomondan anchagina mushkul vaziyatda edilar. Asirlarni moddiy mablag‘lar evaziga ozod qilsalar ham bo‘lardi. Lekin asosiy maqsad yosh avlodni bilimli, savodli qilib tarbiyalash edi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida aytilishicha: “Farzandlaringizni odobli etib tarbiyalashlaringiz har kuni bechoralarga yarim so’ donni sadaqa qilishingizdan yaxshiroqdir”. (Imom Termiziy).

Har bir ota-ona farzandini solih, ma’naviy barkamol inson bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi. Ana shu orzu umidlar ro‘yobga chiqishida Islom dini bayon etgan ko‘rsatmalarga amal qilish ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘z hadislari orqali bu ko‘rsatmalarni bayon qilgan: “Farzandlaringizni itoatkorlikka, qaytarilgan narsalardan saqlanishga buyuringlar. Ana shular ularni do‘zaxdan asraydi”, deganlar (Ibn Jarir rivoyati).

Yana bir hadisda Rasululloh (s.a.v): “Farzandlaringizni hurmatlanglar va ularning odobini go‘zal qilinglar” (Ibn Moja rivoyati) degan bo‘lsalar, boshqa bir hadisda: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deb marhamat qilganlar.

Mamlakatimiz aholisining aksariyat qismini yoshlar tashkil etadi. Yosh avlodni kelajakda odob-axloqli, ilmli bo‘lib yetishishlariga avvalo kimlar mas’ul degan savol tug‘iladi. Ularning odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasi mas’uliyati uyda ota-ona, ta’lim dargohlarida muallim va ustozlarining zimmasidadir. Haqiqatan, tadbirli, ziyrak ota-ona bolalarini ibratli xulq, chiroyli muomala, mehribonlik, kamtarlik, yaxshi nasihat, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi vositalardan foydalangan holda tarbiyalaydi. Shundagina bolalar ezgulik, o‘zgalarga hurmat ko‘rsatish, mehribonlik qilish muhitida ulg‘ayadi. 

Yosh avlodda sog‘lom e’tiqodni tarbiyalashda oila va oila a’zolarining roli yetakchilik qiladi. Shu sababli biz kichik yoshli o‘quvchilarda e’tiqod tarbiyasini eng muhim omil sifatida e’tirof etamiz. Xalqimiz qadim-qadimdan oilani muqaddas dargoh, yangi avlod tarbiya qilinadigan asosiy tarbiya o‘chog‘i deb biladi. Farzand tarbiyasida oilaning o‘rni katta ekani xalqimizning “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan hikmatida ham o‘z ifodasini topgan. Sog‘lom e’tiqodni shakllantirish yurtimizda asrlar davomida shakllangan islom dinida e’tiqod tarbiyasining mazmuniga maxsus to‘xtalish zarurligini taqozo qiladi. O‘quvchilarda vijdoniylikni tarbiyalash sog‘lom e’tiqodni shakllantirishning markaziy vazifasi bo‘lib, undan maqsad har bir bola o‘zining o‘quvchilik, farzandlik, vatanparvarlik, bo‘lajak fuqarolik burchlarini mukammal anglashiga va ularga amal qilishga, doimo va hamma joyda rostgo‘y bo‘lishga, milliy odobga, vatanparvarlikka, dinlararo bag‘rikenglikka, milliy g‘ururga intilish va unga zid hatti-harakatni taniy bilish hamda ularga qarshi turish, va’da bersa mukammal bajarishga, bilmagan holda xato yoki gunoh qilsa, darhol o‘zi kechirim so‘ray olishga, yolg‘onchilik, subutsizlikni doimo, hamma joyda qoralashga qodirlikni shakllantirishdan iborat.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yoshlar o‘rtasida ma’naviy tarbiyani yanada mustahkamlashimiz, targ‘ibot-tashviqot ishlarida yigit-qizlarning bugungi dunyoqarashi, bilimi, xabardorlik darajasi va albatta, qiziqishlari, talab-ehtiyojlarini to‘la hisobga olishimiz muhimdir. Chunki ular millatning kelajagi, bugungi bunyodkorlik ishlarini ertaga ishonch va e’tiqod bilan davom ettiradigan, yangi yuksak marralarni egallaydigan vorislardir.

A.G‘ANIYEV,

“Ko‘kaldosh” islom ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy masalalar 

bo‘yicha mudir o‘rinbosari

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry