31.03.2023
163

ILM AHLINI E’ZOZLASH IYMON, KAMSITISH ESA NIFOQ ALOMATIDIR!

Islom ilm dini. Islom ilm egalarini qadrlaydigan, hurmatini o‘rniga qo‘yadigan ulug‘ dindir. Alloh taolo Qur’oni karimda ilm egalarini maqtab, ularni yuksak darajalarga ko‘tarishi haqida va’da bergan. Jumladan, Mujodala surasida shunday marhamat qiladi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ

Alloh sizlardan imon keltirganlarni, xususan, ilm berilganlarni darajalarga ko‘taradi” (Mujodala surasi/11).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan ham ilm egalarining qadri va sharafi haqida juda ko‘p hadislar bor. Jumladan bir hadislarida janobimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

إن الله وملائكته وأهل السموات والأرضين حتى النملة في جحرها وحتى الحوت ليصلون على معلم الناس الخير

Alloh, Uning farishtalari, osmon va Yer aholisi, hatto uyasidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarga mag‘firat tilab duo qilishadi”. (Imom Termiziy).

Odamlarga halol-harom, oqu-qorani o‘rgatadigan olimlarning sharafi shu darajada. Alloh jamiki jonzotlarga ilm egalarini hurmat qilishni, ularning haqqiga duo qilishni, qadriga yetishni tayinlagan va ta’lim bergan. Allohga iymon keltirgan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashgan har bir musulmon ilm egalarini qadrlashi, ko‘nglini olishi, ularning haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilishi kerak. Bu ishni Yer, osmon va hatto dengizdagi jamiki jonivorlar Allohning amri bilan zimmalaridagi burchlari o‘laroq ado etishadi. Faqatgina kofir va munofiqlar bundan mustasno.

Kofirlar, iymoni xalqumidan nariga o‘tmagan yuzaki musulmon munofiqlar esa din va ma’rifat ulashuvchi ilm egalarini yomon ko‘rishadi. Ularni ko‘rganda yuragi siqiladi. Yutuqlaridan halovatini yuqotadi. Ular maqtalganda esa g‘ashlari kelib, ijirg‘anib o‘tirishadi. Ularning haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilish o‘rniga, ularni qarg‘aydi, haqoratlaydi. Ularga nisbatan bo‘htonlar qilishadi.

Kuni kecha hukumatimiz mutasaddilari tarafdan Respublikadagi jamiki masjid xodimlariga Qurbon hayit munosabati bilan moddiy yordam ajratildi. Hukumatimiz mehrob sohiblari davlatning e’tiboridan chetda emasligini, ular ham shu xalqning bir bo‘lagi va bugungi og‘ir pandemiya davrida davlat g‘aznasidan nafaqa olishga haqli ekanliklarini e’tirof etishini namoyon qildi.

Qalbida zarracha iymoni bor Vatandoshlarimizning hammasi bundan xursand bo‘ldi, shodlandi. Allohga hamdlar aytildi. Ha, haqiqatan Allohning baytida xizmatda turganlarga rasman moddiy yordam qilinishi xursand bo‘lishga arzigulik ishda.

Xalqqa shariat ahkomlarini yetkazuchi mehrob sohiblari esa hukumatning bu qo‘llovini yuksak ehtirom sifatida qabul qildilar va shu ishni boshida turgan barcha kattalarga duo qilishdi. Zotan, islom shunga buyuradi. Alloh har qanday yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishni ta’lim beradi.

Ammo, imom domlalarga ko‘rsatilgan bu izzat-ikrom ortidan ba’zi birovlar tinchini yo‘qotdi. O’zlarini qo‘yarga joy topa olmasdan ijtimoiy tarmoqlarda “Imomlarga nega pul beriladi? Ular nima ish qildi o‘zi?” – degan savollar bilan tutaqib rosa jirillashdi. Imomlar sha’niga bo‘htonu uydirmalar qilishdi. Bu qiliqlari bilan esa aslida o‘zlarining kim ekanliklarini xalqqa ko‘rsatib berishdi.

Ya’ni, ular olimlarni qadrlaydigan, ulug‘laydigan, haqqiga mag‘firat so‘rab duo qiladiganlar safida emas, aksincha, ilm-ma’rifat tarqatuvchilarni yomon ko‘radigan, yutuqlaridan kuyib yonadigan, sha’nlariga haqorat yog‘diradigan munofiqlar safida ekanliklarini isbotlab berishdi.

Aslida ilm egalariga kelib turgan moddiy va ma’naviy ko‘mak yo‘liga to‘sqinlik qilish munofiqlarning ishi. Alloh taolo Qur’oni karimda ularning bu ishlari haqida shunday xabar bergan:

هُمُ الَّذِينَ يَقُولُونَ لَا تُنفِقُوا عَلَى مَنْ عِندَ رَسُولِ اللَّهِ حَتَّى يَنفَضُّوا وَلِلَّهِ خَزَائِنُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَلَكِنَّ الْمُنَافِقِينَ لَا يَفْقَهُونَ

Ular “Allohning Rasuli huzuridagilarga ehson qilmanglar, toki tarqab ketishsin” deydiganlardir. Holbuki, osmonlaru Yerning xazinalari faqat Allohnikidir, lekin munofiqlar bilishmaydi”. (Munafiqun surasi/7).

Madinada Abdulloh ibn Ubay degan bir munofiq bo‘lardi. U o‘zining oshna-og‘aynilariga: “Allohning Rasuli atrofidagi odamlarga moddiy yordam qilmanglar, shundaa ular tirikchilik bilan ovora bo‘lib tarqab ketishadi va Muhammad yolg‘iz qoladi” – deb uqtiradi. Ya’ni, din xizmatida turgan musulmonlarga berilayotgan nafaqalar yo‘liga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ladi.

Lekin Alloh o‘sha Ibn Ubay va u kabi fikrlovchi boshqa munofiqlarga uqtirib qo‘ydiki, Yer va osmonlardagi jamiki boylik va xazinalar Allohniki va ularni O’zi xohlaganidek taqsim qiladi. Xohlagan bandasiga boylik beradi, xohlaganiga bermaydi. Ammo bu haqiqatni munofiqlar qayerdan bilsin?! Bu e’tiqodni bilish va anglash uchun sof fahm-farosat kerak. Qalbi gina-kuduratga to‘la munofiq va munofiqsifatlarda bu fazilat qayerdanam bo‘lsin?!

Imom-domlalarga berilgan mablag‘ ham Aslida Allohniki va Allohning taqsimoti ila imomlarning qo‘liga yetdi. Alloh shuni istadi, xohladi, amr qildi va sababalarini qoim qildi. O’zi suygan kimningdir qalbiga ilm ahllarining holidan xabar olishni ilhom qildi va shu bilan o‘z irodasini amalga oshirdi. Bundan norozi bo‘lish, Allohning hukmiga norozi bo‘lishdir. Allohning hukmiga esa kofir va munofiqlar norozi bo‘ladi.

Azizlar, bilasizmi oramizda qancha-qancha namozxonlar bor, namozni qaysidir domlaning maruzasidan ta’sirlanib boshlagan. Qancha-qancha halol savdogarlar bor. Savdo ishida halollik nechog‘li muhimligini qaysidir imomning ma’ruzasidan olgan. Bugungi kunda imomlardek xalqqa keng ma’rifat tarqatayotgan kim bor?! Shunday imomlar borki, kitoblar yozyapti, diniy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda alohida-alohida vebsaytlar yurgizishyapti. Mehrobdan turib xalqni islomiy ruhda tarbiyalayapti. Janozaga borsa ham, ma’rakaga borsa ham odamlarga nimanidir o‘rgatyapti. Bularni haqqiga dengizdagi baliqlaru, uyasidagi chumolilar istig‘for tilab turganda, ortidan kurakda turmas gaplar qilish bizga yarasharmikin?!

Aziz dindoshlar! Shuni yaxshi bilaylik, Allohning dinidan biror hukmni bilgan va uni kimgadir o‘rgatadigan odamning yutug‘idan shodlanmoq chin musulmonlik alomati. Ularning yutuqlaridan kuyunish esa munofiqlik alomati. Ana endi siz o‘z jamoangizni tanlang!

 

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry