27.03.2023
315

AHLI SUNNA VAL JAMOANING VASILA TO‘G’RISIDAGI QARASHLARI

Bugungi kunda ayrim shaxslar tomonidan musulmonlarning ba’zi amallari sababli adashgan, fosiq va hatto kofirlikda ayblash, ularning amallarini shariatga xilof va bid’at amal sifatida baholash holatlari kuzatilmoqda. Bid’at va shariatga xilof deb aytilayotgan amallar jumlasiga vasila masalasi ham kiradi. Qayd etish lozimki, mutaassib kishilarning vasila, ya’ni tavassul borasidagi tor qarashlari Qur’on va sunnaga zid bo‘lish bilan bir qatroda ahli sunna va jamoa ulamolarining qarashlariga mos kelmaydi.

Vasila lug‘atda “yaqinlashish”, “daraja”, “vosita”, degan ma’nolarni anglatadi. Istilohda, maqsadga eltuvchi har qanday vositaga “vasila”, deyiladi. “Tavassul” so‘zi solih amallar bilan Allohga qurbat hosil qilish va Alloh taologa yaqinlashish ma’nolarida ishlatiladi.

Vasila qilish Qur’on, sunna, sahobalarning amallari bilan o‘z isbotini topgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَابْتَغُوا إِلَيْهِ الْوَسِيلَةَ.

Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringiz”. (Moida surasi, 35-oyat)

Bu oyati karimadagi tirik yoki vafot etgan shaxslarni va solih amallarni vasila qilishni o‘z ichiga oladi. 

أُولَئِكَ الَّذِينَ يَدْعُونَ يَبْتَغُونَ إِلَى رَبِّهِمُ الْوَسِيلَةَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ وَيَرْجُونَ رَحْمَتَهُ وَيَخَافُونَ عَذَابَهُ إِنَّ عَذَابَ رَبِّكَ كَانَ مَحْذُورًا.

Ana o‘sha duo qilayotganlari Robbilariga vasila izlarlar, qaysilari yaqinroq ekanini (bilmoq uchun). Uning rahmatini orzu qilurlar va azobidan qo‘rqurlar. Albatta, Robbingning azobi hazir bo‘lishga loyiqdir (Isro surasi, 57-oyat).

Manbalarda vasilaning quyidagi ko‘rinishlari kelgan:

1. Alloh taoloning ismi va sifatlarini vasila qilish. Bunga Qur’oni karimning quyidagi oyati dalil bo‘ladi:

وَلِلَّهِ الْأَسْمَاءُ الْحُسْنَى فَادْعُوهُ بِهَا وَذَرُوا الَّذِينَ يُلْحِدُونَ فِي أَسْمَائِهِ سَيُجْزَوْنَ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ.

Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, Unga o‘sha (ism)lar ila duo qiling va Uning ismlaridan og‘adiganlarni tek qo‘ying. Yaqinda qilgan amallariga yarasha jazolanurlar” (A’rof surasi, 180-oyat).

2. Solih amallarni vasila qilish. Vasilaning bu ko‘rinishi joizligiga barcha ummat ittifoq qilgan. Bu turdagi vasilani tavassulni shirk deydigan soxta salafiylar ham qabul qiladilar. Unga Ibn Umar (r.a.)ning Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilgan mashhur hadisi kuchli dalil sifatida keltiriladi. Unda aytilishicha, uch nafar kishi yomg‘irdan saqlanish uchun tog‘dagi g‘orga kirib oladilar va tog‘dan bir xarsang tosh tushib, chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Shunda ular g‘ordan chiqish uchun qilgan xolis solih amallarini vasila qilib, Yaratganga duo qiladilar. Natijada g‘or og‘zi ochilib, ular erkinlikka chiqadilar. Bu rivoyat solih amallarni vasila qilish mumkin ekaniga inkor etib bo‘lmaydigan dalil hisoblanadi.

3. Tirik solih kishilarni vasila qilish. Vasilaning yana bir ko‘rinishi avliyoullohlardan hojatlarini so‘ramay, balki ularga iltimos qilib: “Bizni murodimiz hosil bo‘lishi uchun haqqimizga duo qiling” deyshlikdir.

Bunda kishi o‘z hojatini Alloh taolodan so‘rab berishini muqarrab bandalardan iltimos qiladi va ular Alloh taolodan uni murodi hosil bo‘lishini so‘rab duo qiladilar. Bunday qilish sunnat amal hisoblanib, Nabiy alayhissalom zamonalaridan to hozirgi kungacha barcha musulmonlar bir-birlaridan duolarida eslashlarini iltimos qiladilar. Musulmonlar o‘zaro bir-birlari haqqiga duo qilishlari durustligi haqida hadisda shunday deyilgan:

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ عُمَرَ اسْتَأْذَنَ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم فِى الْعُمْرَةِ فَأَذِنَ لَهُ, فَقَالَ: يَا أخي لاَ تَنْسَنَا من دعائك. فقال عمر: هي أحب إلي من الدنيا.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan umraga izn so‘radilar. Bas, unga izn berib: “Ey, birodarim! Duoingda bizni esdan chiqarma” dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “U dunyo(dagi narsalar)dan yaxshiroqdir” dedi” (al-Musnadul jome). Lekin, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror Payg‘ambar qabriga borib, ulardan haqlariga duo qilishlarini so‘raganliklari rivoyatlarda mavjud emas. Sahobiy va tobeinlar ham o‘zaro bir-birlarining haqqiga duo qilishni iltimos qilganlar. Lekin, ulardan birortasi muqarrab bandalar qabriga borib, ulardan o‘zlari haqqiga duo qilishlarini so‘raganliklari sobit emas. Solih insonlarni vasila qilishga quyidagi hadis dalil bo‘ladi:

عَنْ أَنَسٍ رضي الله عنه أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رضي الله عنه كَانَ إِذَا قَحَطُوا اسْتَسْقَى بِالْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ فَقَالَ: اللَّهُمَّ إِنَّا كُنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّنَا فَتَسْقِينَا وَإِنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِعَمِّ نَبِيِّنَا فَاسْقِنَا قَالَ فَيُسْقَوْنَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

“Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qahatchilik bo‘lganida Abbos ibn Abdulmuttalib ila istisqo qildi: “Ey bor Xudoyo! Albatta, biz Senga Payg‘ambarimiz ila tavassul qilar edik. Sen bizni serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimizning amakisini vasila qilamiz. Bizni serob qilgin”, dedi. Yana: “Serob qilinur edilar”, dedi”. (Buxoriy rivoyat qilgan)Umar roziyallohu anhu Abbos roziyallohu anhuni vasila qilganidan keyin “Allohga qasam manashu Allohga bo‘lgan vasiladir” deganlar. (Ibn Abdul Bar. Al-Isteob).

عَنْ عُثْمَانَ بْنِ حُنَيْفٍ رضي الله عنه أَنَّ رَجُلًا ضَرِيرَ الْبَصَرِ أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ ادْعُ اللَّهَ لِي أَنْ يُعَافِيَنِي فَقَالَ إِنْ شِئْتَ أَخَّرْتُ لَكَ وَهُوَ خَيْرٌ وَإِنْ شِئْتَ دَعَوْتُ فَقَالَ ادْعُهْ فَأَمَرَهُ أَنْ يَتَوَضَّأَ فَيُحْسِنَ وُضُوءَهُ وَيُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ وَيَدْعُوَ بِهَذَا الدُّعَاءِ اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِمُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ يَا مُحَمَّدُ إِنِّي قَدْ تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ لِتُقْضَى اللَّهُمَّ شَفِّعْهُ فِيَّ.

Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Ko‘zi ojiz kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Menga shifo bermoqligida Alloh taologa duo qiling” dedi. Shunda u zot: “Agar xohlasang kechiktiraman va mana shu (ko‘zingni ojizligiga sabr qilishing) yaxshidir. Agar xohlasang duo qilaman” dedilar. U kishi: “Duo qiling” dedi. Shunda u zot u kishini chiroyli tahorat olib, ikki rak’at namoz o‘qib, quyidagi duoni qilishga amr qildilar: “Allohumma inniy as’aluka va atavajjahu ilayka bi Muhammadin nabiyir rohmati”. (U kishi) Ey, Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu hojatim ravo bo‘lishi uchun Robbimga sizni vasila qilib yuzlanib: “Ey, Allohim meni haqqimdagi u (Nabiy sollallohu alayhi vasallam)ning shafoatini qabul qilgin” (dedim) dedi” (Ibn Moja rivoyati).

Ma’nosi: Allohim O’zingga yuzlanib, rahmat payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rayman.

Bu o‘rindagi “rahmat payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rayman” jumlasi shaxsni vasila qilish joizligiga dalildir. Muhaddislarning eng ulug‘lari hisoblanmish hofizlar bu hadisni sahih deb ta’kidlaganlar.

4. Vafot etgan solih kishilarni vasila qilish. Bunga quyidagi hadis va rivoyatlar dalil bo‘ladi:

عَنْ أَنَسِ بن مَالِكٍ قَالَ: لَمَّا مَاتَتْ فَاطِمَةُ بنتُ أَسَدِ بن هَاشِمٍ أُمُّ عَلِيِّ بن أَبِي طَالِبٍ دَخَلَ عَلَيْهَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَجَلَسَ عِنْدَ رَأْسِهَا فَقَالَ:رَحِمَكِ اللَّهُ يَا أُمِّي كُنْتِ أُمِّي بَعْدَ أُمِّي وتُشْبِعِينِي وتَعْرَيْنَ وتُكْسِينِي وتَمْنَعِينَ نَفْسَكِ طَيِّبًا وتُطْعِمِينِي تُرِيدِينَ بِذَلِكَ وَجْهَ اللَّهِ وَالدَّارَ الآخِرَةَ ثُمَّ أَمَرَ أَنْ تُغَسَّلَ ثَلاثًا فَلَمَّا بَلَغَ الْمَاءُ الَّذِي فِيهِ الْكَافُورُ سَكَبَهُ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِيَدِهِ ثُمَّ خَلَعَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَمِيصَهُ فَأَلْبَسَهَا إِيَّاهُ وَكَفَّنَهَا بِبُرْدٍ فَوْقَهُ ثُمَّ دَعَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أُسَامَةَ بن زَيْدٍ وَأَبَا أَيُّوبَ الأَنْصَارِيَّ وَعُمَرَ بن الْخَطَّابِ وَغُلامًا أَسْوَدَ يَحْفُرُونَ فَحَفَرُوا قَبْرَهَا فَلَمَّا بَلَغُوا اللَّحْدَ حَفَرَهُ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِيَدِهِ وَأَخْرَجَ تُرَابَهُ بِيَدِهِ فَلَمَّا فَرَغَ دَخَلَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: فَاضْطَجَعَ فِيهِ ثُمَّ قَالَ:اللَّهُ الَّذِي يُحْيِي وَيُمِيتُ وَهُوَ حَيٌّ لا يَمُوتُ اغْفِرْ لأُمِّي فَاطِمَةَ بنتِ أَسَدٍ ولَقِّنْهَا حُجَّتَها وَوَسِّعْ عَلَيْهَا مُدْخَلَهَا بِحَقِّ نَبِيِّكَ وَالأَنْبِيَاءِ الَّذِينَ مِنْ قَبْلِي فَإِنَّكَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ وَكَبَّرَ عَلَيْهَا أَرْبَعًا وأَدْخَلُوها اللَّحْدَ هُوَ وَالْعَبَّاسُ وَأَبُو بَكْرٍ الصِّدِّيقُ رَضِيَ اللَّهُ تَعَالَى عَنْهُمْ.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Ali ibn Abu Tolibning onalari Fotima bint Asad ibn Hoshim vafot etganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirib bosh tomoniga o‘tirib: “Ey, Ona Alloh sizga rahm qilsin. Siz onamdan keyin ona edingiz. Alloh taolo rizosi va oxirat hovlisini istab meni to‘ydirar, kiymay kiyintirar, o‘zingizni lazzatlardan tiyib, meni taomlantirar edingiz. So‘ng, uch marta yuvintirishga amr qildilar. Kofur qo‘shilgan suv yetib kelgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z qo‘llari bilan uni quydilar. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ko‘ylaklarini yechib, uni unga kiydirdilar va ustidagi burdalarini unga kafan qildilar. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Usoma ibn Zayd va Abu Ayyub Ansoriy, Umar ibn Xattob va qora qulni qabr kavlashga chaqirdilar va ular uning qabrini kovladilar. Lahadga yetib kelganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni o‘z qo‘llari bilan kovlab, o‘zlari tuprog‘ini chiqardilar. Forig‘ bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib, unda yotib ko‘rdilar. So‘ng U zot: “Alloh taolo tiriltirib, vafot ettiradi. U tirik va vafot etmaydigan zotdir. Fotima binti Asad roziyallohu anho onamizni Nabiyingni va mendan oldingi payg‘ambarlarni haqqi ila mag‘firat qilgin, hujjatini talqin qildirgin, kiradigan joyini keng qilgin. Bas, sen eng mehribon zotsan” deb, to‘rt marotaba takbir aytdilar. U (Payg‘ambarimiz), Abbos, Abu Bakr siddiq roziyallohu taolo anhular lahadga u(ayol)ni kirgazdilar” (Mu’jamut Tabaroniy). Bu hadisning roviylari ichida Rovh ibn Salohdan boshqa barcha roviylar shak-shubhasiz siqa (eng ishonchli shaxs) hisoblanadi. Rovh ibn Saloh to‘g‘risida Hokim siqatun ma’munun (ishonchli, siqa) deb aytgan. Ibn Hibbon uni siqalar safida zikr qilgan. Bu hadis tavassul bobida tiriklar bilan vafot etganlar orasida farq yo‘q ekaniga dalildir. Shuningdek u hadis Payg‘ambar alayhissalomlarni joh(hurmat)larini vasila qilishga dalildir. 

Molik rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi:

“Umar roziyallohu anhu zamonalarida insonlarga qahatchilik yetib, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam ravzalari oldiga kelib: “Ey, Allohning rasuli Alloh taolodan ummatingizga suv so‘rasangiz. Chunki, ular halokatga duchor bo‘lishdi” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushida uning huzuriga kelib: “Umarning huzuriga bor, men tomondan salomimni yetkaz, sizlarga suv berilar ekan, deb yana unga: “Puxta bo‘lgin, puxta bo‘lgin” deb aytgin” dedilar. Kishi Umar roziyallohu anhuga xabarni yetkazdi. Shunda Umar roziyallohu anhu yig‘ladi, so‘ng: “Ey, Robbim! Ojiz qolgunimcha kuchimni ayamayman” dedi”.

Bu rivoyatni ibn Abu Shayba sahih sanad bilan keltirgan (Fathul boriy). Rivoyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin u zotni vasila qilish joiz emas deydiganlarga qarshi ochiq dalildir.

Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Bir kishi bir hojati bilan Usmon ibn Affon huzuriga kelar, u zot esa unga ham hojatiga ham e’tibor qaratmas edi. U Ibn Hunayfga yo‘liqib holatini shikoyat qildi. Shunda Usmon ibn Hunayf unga: “Tahorat qil va ikki rak’at namoz o‘qib: “Allohumma inni as’aluka va atavajjahu ilayka binabiyina Muhammadin sollallohu alayhi vasallam nabiyir rohmati. Ya Muhhamd inni atavajjahu bika ila Robbi fatuqzo liy hojatiy (Allohim Senga nabiying, rahmat payg‘ambari Muhammad alayhissalomni vasila qilib yuzlanaman va so‘rayman. Ey, Muhammad alayhissalom siz ila Robbimga yuzlanib hojatimni ravo qilishini so‘rayman)” deb hojatingni zikr qil va tushlikdan keyin uning huzuriga bor. Men ham sen bilan birga boraman, dedi. Kishi ketdi va uning aytganlarini qildi. So‘ng Usmon ibn Affon roziyallohu anhu eshigi oldiga keldi va darvozabon uni oldiga olib kirdi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu uni o‘zi bilan birga gilam ustiga o‘tqazdi va: “Nima hojating bor” dedi. U hojatini aytdi, Hazrati Usmon uning hojatini ravo qilib: “Nega shu vaqtgacha hojatingni menga aytmading? Nima hojating bo‘lsa menga aytavergin” dedi. U kishi uning huzuridan chiqib Usmon ibn Hunayfga ro‘baro‘ bo‘ldi va: “Alloh seni yaxshi mukofat bilan mukofatlasin. Hojatimni Usmon roziyallohu anhuga aytmaguningcha u menga e’tibor qilmayotgan edi. Shunda Usmon ibn Hunayf: “Allohga qasamki, men u bilan gaplashganim yo‘q. Lekin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga hozir bo‘ldim va bir ko‘zi ojiz kishi u zotning huzurlariga kelib, ko‘rmay qolganligini shikoyat qildi. Shunda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga: “Sabr qilgin” dedilar. U: “Ey, Allohning rasuli! Meni yetaklab yurguvchim yo‘q, qiynalib ketdim” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Tahorat oladigan joyga borib tahorat olib, ikki rak’at namoz o‘qi, so‘ng bu duolar bilan duo qil” dedilar. Ibn Hunayf roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, ajralmay, gapimiz uzoqqa cho‘zilmay turib, boyagi kishi oldimizga kirib keldi. U avval hech ko‘zi ojiz bo‘lmagandek edi” dedi” (Mu’jamul kabir).

Bu rivoyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafotidan keyin vasila qilish mumkinligiga dalildir. Sahobalardan hech birlari buni inkor qilmaganlar. Bu hadisni Tabaroniy sahih deb aytgan. Abu Hasan Haysamiy “Mu’jamu-z-zavoid”da uni sahihligini ta’kidlagan.

Xatib Bag‘dodiy o‘zining tarix kitoblarining muqaddimasida sahih sanad bilan imom Shofiiy Abu Hanifa rahmatullohi alayhini vasila qilganligini rivoyat qilgan.

Faxriddin Roziy, Sa’duddin Taftazoniy, Sayyid Sharif Jurjoniy rahmatullohi alayhlar kabi e’tiqod masalalarida eng buyuk imomlar ham payg‘ambarlar va solih insonlarni hayotlik chog‘larida ham va vafot etganlaridan keyin ham vasila qilish joiz ekanini bayon qilganlar. 

5. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tavalludlaridan avval vasila qilinishlari.

وَلَمَّا جَاءَهُمْ كِتَابٌ مِنْ عِنْدِ اللَّهِ مُصَدِّقٌ لِمَا مَعَهُمْ وَكَانُوا مِنْ قَبْلُ يَسْتَفْتِحُونَ عَلَى الَّذِينَ كَفَرُوا.

Ularga Allohning huzuridan o‘zlaridagi narsani tasdiqlovchi kitob kelganda, va holbuki, kofirlarga qarshi (undan) yordam kutardilar” (Baqara surasi, 89-oyat).

Mashhur mufassir alloma Olusiy rahmatullohi alayh ushbu oyatni Bani Qurayza va Bani Nazir qabilalari haqida nozil qilingan, deganlar. Chunki, ular Nabiy sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lishlaridan avval Avs va Xazraj qabilalari ustidan g‘alaba qozonish uchun Payg‘ambarimizni vasila qilib duo qilar edilar. Ular Tavrotni ochib Payg‘ambarimizni zikri qayerda kelgan bo‘lsa, o‘sha joylarga qo‘llarini qo‘yib quyidagi duoni o‘qir edilar:

اللهم انا نسئلك بحق نبيك الذي وعدتنا ان تبعثه في آخر الزمان ان تنصرنا اليوم على عدونا فينصرون

Allohim oxiri zamonda yuborishni bizga va’da qilgan payg‘ambaring haqqi ila bugun dushmanlarimiz ustidan g‘alaba qozonishimizni so‘raymiz (deb duo qilar edilar). Shunda, ular g‘alaba qozonar edilar” (Tafsiru ruhu-l-ma’oniy).

Payg‘ambarimiz tug‘ilishlaridan oldin Odam alayhissalom tomonidan vasila qilinishlari quyidagi rivoyatda aks etgan:

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam alayhissalomdan (suratan) xato ish sodir bo‘lgan edi. U zot: “Ey, Robbim Muhammad sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib, meni mag‘firat qilishingni so‘rayman” dedi. Shunda Alloh taolo: “Ey, Odam Muhammadni qanday taniding, hali uni yaratmagan bo‘lsam” dedi. U zot: “Ey, Robbim yading bilan meni yaratib, ruhingdan menga puflaganingda, boshimni ko‘tardim va Arsh ustinida “La ilaha illalloh Muhammadur rasululloh” degan yozuvni yozilganini ko‘rdim. Bas, bildimki, Sen O’zingni ismingga maxluqotingdan suyganingni qo‘shasan. Shunda Alloh taolo: “To‘g‘ri so‘zlading ey, odam. Albatta, u maxluqotlarimning eng mahubi. Uni haqqi ila duo qilgin, seni mag‘firat qilaman. Agar Muhammad bo‘lmaganida, seni yaratmagan bo‘lar edim” dedi” (Mustadraku Hokim). Ushbu rivoyat Payg‘ambarimizni tavaludlaridan oldin ham vasila qilish joiz ekanligiga dalolat qiladi. Ushbu hadis borasida muhaddislar orasida tortishuv mavjud. Ba’zilar, uni zaif desa, ba’zilar sahih deganlar. Hadisni quyidagi ibora bilan keltirilgani sahih emas:

لو لاك لما خلقت الافلاك

“Agar sen bo‘lmaganingda falakni yaratmagan bo‘lar edim”. Lekin, shu ma’nodagi turli iboralar bilan kelgan hadislarni ulamolarimiz sahihligini isbot qilganlar. Alloma Subkiy rahmatullohi alayh “Shifous siqom” kitoblarida Odam alayhissalomning Payg‘ambarmiz sollallohu alayhi vasallamning zoti muboraklarini vasila qilganliklarini sahih deb aytgan va لو لا محمد ما خلقت آدم ولو لاه ما خلقت الجنة والنار(Muhammad alayhissalom bo‘lmaganida Odamni yaratmagan bo‘lar edim va u bo‘lmasa jannatni ham do‘zaxni ham yaratmagan bo‘lar edim) hadisini keltirib sahih deb aytgan.

Imomi Rabboniy “Maktubot” asarining 44 maktubida لو لاه لما خلق الله الخلق ولما اظهر الربوبية (U bo‘lmaganida Alloh taolo maxluqotlarni yaratmagan va rububiyatni zohir qilmagan bo‘lar edi) degan hadis ostidaلو لاه لما خلقت الدنيا ولو لاك لما خلقت الجنة(U bo‘lmaganida dunyoni yaratmagan va sen bo‘lmaganingda jannatni yaratmagan bo‘lar edim),لو لاه لما خلقتك خطابا لآدم ولا خلقت سماء ولا ارضا (Odam alayhissalomga xitob qilib, u bo‘lmaganida seni yaratmagan bo‘lar edim va osmonni, yerni yaratmagan bo‘lar edim), لو لا محمد ما خلقتك (Muhammad bo‘lmaganida seni yaratmagan bo‘lar edim),لو لا محمد ما خلقت آدم ولو لاه ما خلقت الجنة والنار(Muhammad alayhissalom bo‘lmaganida odamni yaratmagan bo‘lar edim va u bo‘lmasa jannatni ham do‘zaxni ham yaratmagan bo‘lar edim) rivoyatlarini keltirgan.

Ba’zilar Odam alayhissalomning vasila qilgani haqida kelgan hadisni lag‘v va botil deb aytganlar. Agar ular imom Hokimning tashih (sahihligini isbot qilganlik)laridan xabardor bo‘lganlarida bunday da’voni qilmas edilar va sanaddagi roviylardan biri Abdurrohman ibn Zaydning zaifligi tufayli hadisni bekorga chiqara olmas edilar. Chunki, undagi zaiflik hadisni botilga chiqaradigan darajada emas.

Alloma Subkiy: “Hijriy yettinchi asrgacha hech kim tavassulni man qilishga jur’at qilgan emas. Xatto ba’zi mufassirlar Nuh va Ibrohim alayhissalomlarni vasila qilganliklarini ham aytib o‘tganlar” degan.

6. Fe’liy vasila. Bunga quyidagi rivoyat dalil sifatida keltiriladi:

Abul Javzodan rivoyat qilinadi:

“Madinada qattiq qurg‘oqchilik bo‘ldi. Bas, u(madinalik)lar Oisha roziyallohu anhoga shikoyat qildilar. Shunda u (Oisha onamiz): “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qabrlariga qaranglar va undan osmonga tuyinik qilinglar. U bilan osmon orasida shift qolmasin" dedilar. Bas, shunday qildilar va yomg‘ir shu darajada yog‘diki, o‘tlar o‘sib, tuyalar semirdi hatto yog‘lari otilib chiqdi va fatq yili deb nomlandi" (Dorimiy rivoyati).

Hadisda kelgan “tuynik ochish” hol tilida “tavassul” deyladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak jismlari yotgan joy ham muborak deb bilinadi. Tabarruk joylarga Alloh taoloning rahmati, fayzi yog‘ilib turadi. 

Alloh taoloning “وَاتَّخذُوا من مقَام إِبْرَاهِيم مُصَلَّى” (Ibrohim alayhissalom maqomini namozgoh tuting) oyatining tafsirida Tafsiri mazhariyning sohibi: “E’tibor ahli bu oyati karimadan Allohning do‘stlaridan qaysi bir shaxs biror joyda ma’lum bir muddat istiqomat qilsa, u yerga osmondan Allohning barakasi va sakinasi yog‘iladi, qalblar Alloh taologa moyil bo‘ladi. U joyda yaxshilik qilish bilan ajr ziyoda, gunoh ishlarni esa azobi ziyoda bo‘lishini istinbot qilganlar” degan. Sahobiylardan biri Payg‘ambarimizni uyida namoz o‘qib berishga chaqirishlari ham shunga dalildir. Ba’zi bir maxsus joylarni hurmati bor ekanligiga hadislar bisyordir.

أَنَسُ بْنُ مَالِكٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ ...ثُمَّ قَالَ انْزِلْ فَصَلِّ فَنَزَلْتُ فَصَلَّيْتُ فَقَالَ أَتَدْرِي أَيْنَ صَلَّيْتَ صَلَّيْتَ بِبَيْتِ لَحْمٍ حَيْثُ وُلِدَ عِيسَى عَلَيْهِ السَّلاَمُ ....

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“...so‘ng (Jabroil alayhissalom): “Tushing, namoz o‘qing” dedi. Tushib namoz o‘qidim. Shunda (Jabroil alayhissalom): “Qayerda namoz o‘qiganligingizni bilasizmi? Baytul lahm, Iso alayhissalom tug‘ilgan joyda namoz o‘qidingiz” dedi” dedilar. (Kanzu-l-ummol).

7. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kiyimlarini vasila qilish. Payg‘ambarimizning kiyimlarini vasila qilish qadimda odat bo‘lgan. Bu haqda quyidagi hadisda shunday deyilgan:

فَأَخْرَجَتْ إِلَيَّ جُبَّةَ طَيَالِسَةٍ كِسْرَوَانِيَّةٍ لَهَا لِبْنَةُ دِيبَاجٍ وَفَرْجَيْهَا مَكْفُوفَيْنِ بِالدِّيبَاجِ فَقَالَتْ هَذِهِ كَانَتْ عِنْدَ عَائِشَةَ حَتَّى قُبِضَتْ فَلَمَّا قُبِضَتْ قَبَضْتُهَا وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَلْبَسُهَا فَنَحْنُ نَغْسِلُهَا لِلْمَرْضَى يُسْتَشْفَى بِهَا.

Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anho kisroviy tayolisiy yoqasi va ikki chekasiga ipak qoplangan bir jubbani chiqardi va: “Bu Oisha roziyallohu anho vafot topgunicha uning huzurida edi. Vafot topgach uni oldim. Buni Nabiy sollallohu alayhi vasallam kiyar edilar. Biz uni shifo so‘ragan kasallarga yuvib (suvini) beramiz” dedi” (Mushkotul masobih, libos kitobi, Muslim rivoyati).

8. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sochlarini vasila qilish. 

عَنْ عُثْمَانَ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَوْهَبٍ قَالَ أَرْسَلَنِي أَهْلِي إِلَى أُمِّ سَلَمَةَ زَوْجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِقَدَحٍ مِنْ مَاءٍ وَقَبَضَ إِسْرَائِيلُ ثَلَاثَ أَصَابِعَ مِنْ قُصَّةٍ فِيهِ شَعَرٌ مِنْ شَعَرِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَكَانَ إِذَا أَصَابَ الْإِنْسَانَ عَيْنٌ أَوْ شَيْءٌ بَعَثَ إِلَيْهَا مِخْضَبَهُ فَاطَّلَعْتُ فِي الْجُلْجُلِ فَرَأَيْتُ شَعَرَاتٍ حُمْرًا.

Usmon ibn Abdulloh ibn Mavhabdan rivoyat qilinadi:

Ahlim meni bir qadah suv bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari Ummi Salama onamiz huzuriga yubordi va Isroil uch barmog‘i bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning soch tolalaridan bir necha tolasi solingan idishni ushladi. Qachon biror insonga ko‘z yoki shunga o‘xshash biror narsa tegsa, bo‘yoq idishini u (Ummu Salama roziyallohu anho)ning huzuriga jo‘natar edi. Men u (Rasulullohning soch tolalari solingan) idishga nazar solib, bir necha qizil soch tolalarini ko‘rdim”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Ba’zi soxta salafiy (g‘ayri muqallid) g‘oyasiga mansub shaxslar: “Faqat Alloh taoloning ismi va sifatlarini, solih amallarni hamda tirik solih kishilarni vasila qilish mumkin”, deb ta’kidlab: “Ey Allohim, men Sendan payg‘ambaringning haqqi hurmati bilan falon-falon narsani so‘rayman”, yoki “Vafot etib ketgan falon kishining duosini vosita qilib so‘rayman”, yoki “Aziz-avliyolarni vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin emas deydilar. Bu ta’limotdagi insonlar nasslardan o‘zlariga kerak qismini olib, qolganiga ko‘z yumadilar. 

Ba’zilar yaxshi amallarni vasila qilsa bo‘ladi, lekin shaxslarni emas deydilar. Va yana ba’zilar tirik shaxslarni vasila qilishni joiz sanab, vafot etganlarni vasila qilishdan qaytaradilar.

Bilingki, vasilada duo muqarrab bandalarga emas, balki bevosita Alloh taoloning O’ziga qilinadi. Shunday ekan dunyo hayotida yashab turgan kishini vasila qilish joiz ekan, o‘tib ketgan muqarrab bandalarni ham vasila qilish joiz. 

Shu o‘rinda, vasilada qay tarzda duo qilishning ko‘rinishini keltirib o‘tish o‘rinlidir.

“Ey, Allohim! Seni dargohingga taqdim qilib vasila qilishga arziydigan biror amal menda mavjud emas. Ha, albatta falonchi mening nazdimda Sening muqarrab bandalaringdandir. Men uni yaxshi ko‘raman va u bilan uzviy aloqam bor. Allohim! Ushbu aloqani mustahkam qilib, mening ularga bo‘lgan muhabbatim tufayli duoimni qabul qilgin”. Bu aslida duo qiluvchi bilan Alloh taoloning muqarrab bandasi o‘rtasidagi aloqani vasila qilishdir. Ushbu vasilada o‘zini past tutish, bandalikni his qilish va o‘zi tomonidan qilingan amallarni Alloh taologa taqdim qilib, vasila qilishga loyiq deb bilmaslik bor. Har qanday holatda, bu tarzda vasila qilish joiz va jumhur ulamolardan naql qilingan hamda amal qilib kelinayotgan ishlardandir.

Vasila haqida so‘z ketganda qayd etish lozimki, vasilasiz Alloh taolo duolarni ijobat qilmaydi, deb e’tiqod qilmaslik darkor. Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomlar hamda avliyolarni vasila qilib qilingan duoni qabul qilish Allohga lozim bo‘lib qoladi, degan e’tiqodda ham bo‘lmaslik kerak. Balki, muqarrab bandalarni vasila qilib duo qilinsa, ijobatiga umid ziyodaroq bo‘ladi, deb e’tiqod qilish lozimdir.

Shunday ekan, tavassul qiluvchilarni o‘ylamay-netmay mushrikka chiqarish oqil insonning ishi emas. Boz ustiga bu ayblovchining imoniga ham putur yetishiga olib kelishi mumkin.

Ba’zilar vasilani: “Biz omi xalqning iltijosi Alloh taologa yetib bormaydi. Shuning uchun o‘z istak va xohishlarimizni muqarrab bandalarga havola qilib, so‘raydigan narsalarimizni ulardan so‘rashimiz kerak”, deb tushunishadi. Shu sabab ular o‘z hojatlarini Allohning do‘stlaridan so‘raydilar. O’z murodini avliyo va qabrda yotgan shaxslardan so‘rovchi kishilar: “Buyuk shaxslar Alloh taolo ularga bergan in’om bilan bizning xohishlarimizni ravo qilishga qodir” deb xayol qiladilar. Bunday kishilar yurtimizdan yashab o‘tgan buyuk shaxslar, jumladan “Imom Buxoriy”, “Imom Moturidiy”, “Zangi ota” kabilarni maqbaralariga borib, ziyorat qilish odobi bilan ularni ziyorat qilish va haqlariga duo qilish o‘rniga, o‘zlariga ulardan farzand, baxt-saodat so‘raydilar. Bu g‘irt jaholat va yotgan buyuk shaxslarni ilohiylashtirishdir. Shu bois biror bir banda o‘zi yoki boshqalar uchun biror narsa so‘ramoqchi bo‘lsa, Alloh taoloning o‘zidan so‘rashi lozim. Falonchilar Allohning noibi so‘raydigan narsamni ulardan so‘rasam ishim oson bitadi, deb johilona o‘ylamasliklari lozim. Qur’oni karimda maxluqqa duo qilib, undan hojatini so‘rashni zalolat deyilgan:

وَمَنْ أَضَلُّ مِمَّنْ يَدْعُو مِنْ دُونِ اللَّهِ مَنْ لَا يَسْتَجِيبُ لَهُ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ وَهُمْ عَنْ دُعَائِهِمْ غَافِلُونَ

Allohni qo‘yib, qiyomat kunigicha duosini mustajob qilolmaydiganlarga iltijo etadiganlardan ham adashganroqlar bormi?! Holbuki, U(but)lar ularning duosidan g‘ofildirlar” (Ahqof 5 oyat).

Muqarrab bandalardan o‘z hojatini so‘rab duo qilish eng yomon ish ekanligi Qur’oni karimda bayon qilinmoqda.

Kim Payg‘ambarimizni vasila qilishda u zotning ummatlari qanday ish tutganliklarini bilmoqchi bo‘lsa, Abu Abdulloh Nu’mon Muhammad ibn Muso Tilimsoniyning “Misbohuz zalom fil mustag‘isiyna bixayril anam” nomli kitobiga va Zohid Kavsariyning “Maqolotu Kavsariy” asariga murojaat qilsin. Vallohu a’lam.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry