28.07.2021
955

ABUL HASAN ASH’ARIY – AHLI SUNNA IMOMI

Raddiya

ABUL HASAN ASH’ARIY – AHLI SUNNA IMOMI

 Tanimaganlar tanib olsin !

 Imom Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Ishoq ibn Solim ibn Abdilloh ibn Muso ibn Bilol ibn Abi Burda ibn Abi Muso Ash’ariy Basrada 260/873 yilda tavallud topgan. Imom Ash’ariy dastlabki ilmini o‘z otasidan oladi va voyaga yetgach, zamonasining mashhur olim­lari bo‘lgan Abu Ishoq Marvaziy va Ibn Surayjdan fiqh, Zakariyo ibn Yahyo Sojiydan hadis ilmlarini o‘rganadi.

Imom Ash’ariy qirq yoshigacha mo‘‘tazila e’tiqodida bo‘lib, keyin tavba qilib, umrini oxirigacha ahli sunna tarafidan mo‘‘tazila va boshqa firqalarga qarshi kurashishga bag‘ishlagan. Uning dastlabki ustozi Abu Ali Jubboiy mo‘‘taziliy bo‘lgan. Yoshi qirqlarga yetganda qalbida ushbu ta’limotga nisbatan shubhalar uyg‘ona boshlaydi. U ustozining xalqasida o‘zini noqulay sezar va uning aqidaviy qarashlari, fikrlaridan to‘liq qoniqish hosil qilmas edi. Nihoyat, Imom Ash’ariy ustozining darslaridan birida unga bu dunyoda turlicha yashab o‘tgan uch aka-ukalarning qiyomatdagi ahvoli haqida savol beradi. Uning savoli quyidagicha edi: “Bu dunyoda mo‘min uch aka-uka yashab o‘tgan, ularning kattasi toibodatda hayot kechirgan. Ikkinchi aka gunoh, ma’siyat ishlar bilan yashagan. Uchinchisi esa sag‘irlik paytida (ba­log‘atga yetmasdan) vafot etgan. Ularning qiyomatdagi holati qanday bo‘ladi?”.

Jubboiy javob beradi: - Katta aka ahli taqvo bo‘lgani uchun to‘g‘ri jannatga tushadi. Ikkinchisi do‘zaxga tushadi. Chunki u osiy banda bo‘lgan edi. Uchinchi uka esa jannatga ham, do‘zaxga ham kirmaydi. Chunki u gunoh ham, ibodat ham qilmagan.

Shunda Imom Ash’ariy e’tiroz bildira boshlaydi: - Arosatda qolgan kichki-na uka: “Ey Rabbim, sen menga katta akam singari uzoq umr berganingda, men ham umrimni toibodat bilan o‘tkazardim. Sen meni sag‘irlik paytimda jonimni olding. Endi men jannatga kirishdan mahrum bo‘lib qoldim, me-ning aybim nima?!”, deb e’tiroz bildirsa-chi?

Jubboiy javob beradi: - Alloh, shunda aytadi: “Men senga uzoq umr berganimda, sen ikkinchi akangdek gunohkor banda bo‘larding. Chunki men sening taqdi­ringni avvaldan bilaman. Shuning uchun senga rahm qilib, sag‘irlik paytingda joningni oldim”.

Imom Ash’ariy xayron bo‘lib yana so‘raydi: - Agar ikkinchi aka: “Ey Rabbim, Sen menga uzoq umr berding, men gunohkor banda bo‘ldim. Lekin sen meni kichik ukam kabi sag‘irlik paytimda jonimni olsang bo‘lmasmidi?! Shunda men do‘zaxga tushishdan saqlanib qolar edim”, deb so‘rasachi?

Imom Ash’ariyning ushbu e’tiroz sifatidagi savoliga Jub­boiy javob bera olmaydi. Shundan so‘ng Imom Ash’ariy mo‘‘tazila ta’limotidan voz kechadi.

Imom Ash’ariyning o‘zi “Ibona an usul ad-diyona” nomli kitobida mo‘‘tazadan qanday voz kechganini quyidagicha hikoya qilib bergan: “Men borgan sari ushbu ta’limotdan bezib borar edim. Undagi fikrlar meni aslo qoniqtirmasdi. Kechalari ham halovatim yo‘qolgan edi. Bir kuni men tunda uyg‘onib tahajjud namozi o‘qidim va Allohdan ko‘nglimdagi g‘ashlikni daf qilishini va meni O’z hidoyatiga boshlashini so‘rab duo qildim. Shu asnoda uyquga ketibman. Shunda tushimda Rasulullohni (s.a.v) ko‘rdim va ul zotga qalbimda kechayotgan g‘alayon haqida shikoyat qildim. Shunda Rasululloh (s.a.v): “Sening najot topishing faqat mening sunnatimni mahkam tuti-shing bilan amalga oshadi”, deb javob berdilar. Shundan so‘ng bir necha kun uyda mixlanib qoldim, jamoat namozlariga ham chiqishni xohlamas edim. Lekin yettinchi kuni jome’ masjidiga chiqib, mo‘minlarga shunday xitob qildim: “Ey birodarlar, men yelkamdagi ushbu to‘nimni tanamdan qanday yechib uloq­tirayotgan bo‘lsam, qalbimdan ham bid’at e’tiqodni shunday uloq-tirib tashlayapman. Men bugundan boshlab mo‘‘tazila ta’limotidan voz kechdim va umrimning qolgan qismini ushbu ta’limotga qarshi kurashga sarflayman”[1].

Shundan so‘ng Imom Ash’ariy Basradan Bag‘dodga ko‘chib o‘tadi va umrining oxirigacha shu yerda faoliyat olib boradi. U hayot kechirgan davrda fikriy kurashlar avjiga chiqqan va “az-Zanj” qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tgan va qarmatiylarning qo‘li baland kelib, ular Bahrayndan to Shomgacha (Suriya) tarqalgan edi. Imom Ash’ariy o‘z davrining mashhur shayxlari, mutasavvif va faqihlari sanalgan Muhammad ibn Jarir Tabariy, Ibrohim ibn Ahmad Marvaziy, Mahmud ibn Dovud Isbahoniy, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, Imom Abu Mansur Moturidiy, Imom Abu Ja’far Tahoviy hamda aslida zindiq bo‘lgan Ibn Rovandiy bilan bir davrda yashagan. Imom Ash’ariyning yuqorida keltirilgan zamondoshlaridan ma’lumki, bir tomondan, u shuncha diniy ulamolar orasida o‘z mavqeini tiklab olishi va Ibn Rovandiy kabi dahriylarga qarshi faoliyat ko‘rsatishi zarur edi.

 IMOM ASH’ARIYNING SHOGIRDLARI

 “Tabaqot shofe’iya kubro” asari muallifi Subkiy Imom Ash’ariyning shogirdlari haqida ma’lumot berib, yashagan davrlariga qarab ularni yetti guruhga bo‘lib chiqqan:

Birinchi davr: Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad Toiy, Abul Hasan Bohiliy, Bandor ibn Husayn, Abul Hasan Ali ibn Muhammad Tabariy.

Ikkinchi davr: Abu Bakr Boqilloniy, Abu Bakr ibn Furak.

Uchinchi davr: Abduljabbor ibn Ali Isfaroyiniy.

To‘rtinchi davr: Xatib Bag‘dodiy, Abul Qosim Qushayriy.

Beshinchi davr: Abu Homid G’azzoliy, Ibn Aso­kir, Abul Fath Shahristoniy.

Oltinchi davr: Faxriddin Roziy, Sayfuddin Omidiy, Izzuddin ibn Abdussalom.

Yettinchi davr: Taqiyuddin ibn Daqiq Iyd.

 IMOM ASH’ARIYNING ASARLARI 

Ba’zi tarixchilar uning yuzga yaqin asari bo‘lgan desa, ba’zilari ellikdan ortiq asar yozgani haqida ma’lumotlar berib o‘tganlar. Imom Ash’ariy mo‘‘tazila e’tiqodida bo‘lgan davrida ushbu ta’limotga oid asarlar yozgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin uning mo‘‘tazila ta’limoti haqida biron-bir asari bizgacha yetib kelmagan. Subkiy “Tabaqot shofe’iya  kubro” nomli asarida Imom Ash’ariyning bir qancha asarlari haqida ma’lumot berib o‘tgan:

«Umda fir-ru’ya» (Ko‘rish asosi), «Fusul fir-radd alal-mulhidin» (Dahriylarga raddiya fasllari), «Mo‘‘jaz», «Imomat Abi Bakr Siddiq» (Abu Bakr Siddiq xalifaligi), «Xalq a’mol» (Amallarning yaratilishi), «Istitoat» (Iroda), «Sifot» (Si-fatlar), «Ru’ya» (Ko‘rish), «Asmo val-ahkom» (Ismlar va hukmlar), «Radd alal-mujassima» (Mujassimalarga raddiya), «Izoh», «Luma’ sag‘ir» (Kichik shu’la), «Luma’ kabir» (Katta shu’la), «Sharh vat-tafsil» (Sharh va tafsilot), «Muqaddima», «an-Naqs alal-Jubboiy» (Jubboiyning xatolari), «an-Naqs alal Balxiy» (Balxiyning xatolari), «Maqolot mulhidin» (Dinsizlar so‘zlari).

 

Shuningdek, Hoji Xalifa “Kashf az-zunun” asarida Imom Ash’ariyga yana “Tafsir Abil Hasan” (Abul Hasan tafsiri), “Izoh burhon fir-radd ala ahli az-zayg‘ vat-tug‘yon” (Bid’at va tug‘yon ahliga raddiyalar izohi)  nomli asarlarni nisbat berib o‘tgan. Bu asarlar bizgacha yetib kelmagan. Lekin uning qalamiga mansub “Maqolat islomiyin va ixtilof musollin”[2] (Musulmonlar so‘zlari va namozxonlar ixtiloflari), “Risola istihson havz fi ilm ka­lom”[3] (Kalom ilmiga baxshidalikning e’tirof etilishi haqida risola), “Luma’ fir radd ala ahl az-zayg‘ val bida’”[4] (Bid’at va xurofot ahllariga qarshi yorqin raddiyalar), “Risola ila ahl sag‘r bi bobil abvob”[5] (Ahli sag‘irlar uchun boblardan saralangan maktub), “Ibona an usul ad-diyana[6] (Din asoslarining bayoni) nomli beshta asarlarining ilmiy-tah­liliy nashrlari amalga oshirilgan.

Imom Ash’ariyning vafot etgan sanasi haqida ba’zi manbalarda 330/941 yil deb ko‘rsatilsa, ba’zilarida 330/941 yillardan keyin vafot etgani aytib o‘tilgan. Lekin aksariyat manbalarda Imom Ash’ariy 324/936 yili vafot etgani va Bag‘­dodda dafn qilingani haqida ma’lumotlar mavjud.

Imom Ash’ariyning sof islom aqidasi saqlanib qolishida hamda turli aqidaviy botil ta’li­motlarning yo‘q bo‘lib ketishidagi xizmatlari nihoyatda katta bo‘lgan. Shuning uchun ham garchi islom olamida ko‘plab ulamolar Ahli sunna val-jamoa e’tiqodida bo‘lsalarda, uning aqidaviy qarashlari “ash’ariya” nomi bilan alohida e’tirof etilgan. Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ash’ariylarning ta’limotlari o‘rtasida faqatgina juz’iy farqlar bo‘lgan va ular asosan bir-birini to‘ldirib kelgan[7]. Shuning uchun ham ushbu ikki ta’limot islom ilohiyotida to‘g‘ri ta’limot sifatida e’ti­rof etilgan.

Abul Hasan Imom Ash’ariy ilmiy merosining ahamiyati shundaki, u mo‘‘tazila ta’limotini oshkora rad etib, undan voz kechgani Ahli sunna val-jamoaning yanada rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi. Chunki Imom Ash’ariy davrida ham mo‘‘taziliylar garchi Ma’mun va Vosiq davrlaridagi kabi katta kuchga ega bo‘lmasalda, hamon o‘zlarining mantiq va falsafaga suyangan aqidaviy qarashlari bilan Bag‘dod va Basra shaharlarida o‘z mavqelarini saqlab qolishga harakat qilayotgan edilar. Ayniqsa, Imom Ash’ariyning mo‘‘tazilaning obro‘li olimlaridan hisoblangan Abu Ali Jubboiy maktabini rad etishi, mo‘‘tazila ta’limotining tarqalishiga salbiy ta’sir o‘tkazdi.

 

[1] Абул Ҳасан Ашъарий. Ибона ан усул ад-дияна. Аббос Саббоғ нашрга тайёрлаган. – Байрут: “Дор ан-нафоис” нашриёти. 1994. – Б. 12-13.

[2] Ушбу асар 1950 йили Қоҳира шаҳрида тадқиқодчи Муҳаммад Муҳйиддин Абдулҳамид томонидан нашр этилган. 1980 йили эса ғарб тадқиқотчиси Хелмут Рейтр Фесбадн шаҳрида уни қайта нашр эттирган.

[3] Ушбу асар кичик рисола шаклида 1925 йили Ҳайдарободда нашр этилган.

[4] Ушбу асар тадқиқодчи Макорисий томонидан 1952 йили Байрутда “Рисола истиҳсон ҳавз фи илм калом” асарига қўшилган ҳолда нашр эттирилган.

[5] Ушбу асар қўлёзмасининг асл нусхаси сақланиб қолмаган. Лекин Байрутдаги Америка университетида асар қўлёзмасидан сурат нусхаси сақланмоқда.

[6] Ушбу асарнинг Байрутдаги Америка университетида ва Мисрнинг Искандария Давлат кутубхонасида “Китоб ат-тавҳид” номи остида қўлёзма нусхаси сақланади. Қисқача “Ибона” номи билан танилган ушбу асар дастлаб 1903 йили Хайдарободда, сўнгра 1965 йилда Қоҳирада Муҳйиддин Хатиб томонидан нашр эттирилган. Асарнинг сўнгги нашри тадқиқотчи Аббос Саббоғ томонидан Байрутда “Дор ан-нафоис” нашриётида 1994 йили амалга оширилган.

[7] XIX асрда араб олими Абу Азба Ҳасан ибн Абдулмуҳсин ашъария ва мотуридия таълимотлари ўртасидаги ихтилофларга бағишлаб “ар-Равзат бахия фима байнал ашаира вал мотуридия” номли китоб ёзган. Ушбу китоб 1996 йили Байрутда “Дор сабил иршод” нашриётида тадқиқотчи Али Фарид Дахруж томонидан нашр эттирилган.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry