24.07.2021
363

AJDODLAR MEROSINI TADQIQ ETUVCHI NOYOB PLATFORMA

XALQARO KONFERENSIYA

Nufuzli xalqaro konferensiyada O’zbekistonda kechayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar buyuk allomalar ilmiy merosini yanada keng o‘rganish imkoniyatini oshirayotgani e’tirof etildi.

Samarqandda 15 iyul kuni “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro tashkiloti, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish mar­kazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda buyuk muhaddis Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalar qoldirgan boy ma’naviy xazinani asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga to‘la-to‘kis yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdilar.

Dunyoviy ilmlarning ko‘hna beshigi

Avvalo, konferensiya islom olamining buyuk siymosi, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy tavallud topgan sana arafasida tashkil etilishining o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Chunki yangi O’zbekistonga ko‘hna moziy sarhadlaridan ziyo taratib, abadiy yashayotgan bu ulug‘ zot kabi buyuk allomalari bilan chin ma’noda faxr etish yarashadi. Holbuki, asosiy qismi hozirgi O’zbekiston hududiga to‘g‘ri keladigan qadimgi Movarounnahr nafaqat islomiy, balki dunyoviy ilmlarning ham haqiqiy beshigi bo‘lgan.

Konferensiyada 10 dan ziyod xalqaro tashkilot va xorijiy davlatning 40 ga yaqin taniqli ilohiyotchi olimi va mamlakatimizning yetakchi islomshunos mutaxassislari qatnashgani xalqaro va mahalliy ekspertlar hamjamiyatining anjuman mavzusiga bo‘lgan katta qiziqishidan dalolat beradi. Konferensiya ishini ekspertlar, mustaqil tadqiqotchilar va tinglovchilar jami 106 nuqtadan turib kuzatib borgani fikrimizni isbotlaydi.

Ishtirokchilar fikricha, O’zbekistonda diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi islohotlar salmoq jihatidan yetakchi o‘rinlarni egallamoqda. Bu esa, ulug‘ ajdodlarimizning siyrati, ularning o‘lmas asarlari va chuqur ilmiy g‘oyalarini yanada izchil o‘rganish, mufassal tadqiq va keng targ‘ib etish mas’uliyatini yuklaydi.

Konferensiya ochilishida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham so‘zga chiqib, Movarounnahrdan ko‘plab allomalar yetishib chiqqani, ular nafaqat islom, bal­ki butun bashariyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi. Notiq “Sahih ul-Buxoriy” haqida so‘zlar ekan, uning dunyoda eng ko‘p sharh yozilgan asar ekanini, bugungi kunda ham nufuzli o‘quv dargohlarida akademik tadqiqotlarning bosh mavzusi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Xalqaro anjuman yalpi majlisida, shuningdek, Imom Buxoriy shaxsining komillik nuqtai nazaridan yuksak darajasi ham alohida qayd etildi.

Jumladan, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Kilich: “Islom ilmlari rivojida asosiy o‘rin tutgan aplomalarni haqli ravishda yetuk siymolar sirasida ko‘ramiz. Umrini shunday sharafli ishga bag‘ishlagan Imom Buxoriyning hayot yo‘li va mashaqqatli ijodi, uning xizmatlari tufayli erishilgan yangi bilimlar mohiyatini jahon bo‘ylab kengroq taratishni ota yurtimiz — O’zbekistondagi hamkasblarimiz ishtirokisiz amalga oshirishni imkonsiz deb bilamiz”, dedi.

Ilmu ma’rifatda yetuk sivilizatsiya markazi

Misrning Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyad yalpi majlis muhokamalariga yakun yasab, Movarounnahr mutafakkirlarining ulkan xizmatlari samarasi o‘laroq, bu qutlug‘ zamin faqat jug‘rofiy nom emas, ilmu ma’rifatda yetuklikka erishgan alohida bir sivilizatsiya makoni sifatida ham shuhrat qozonganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, yurtimizdan yetishib chiqqan olimlar islomiy va dunyoviy ilmlarni boshqacha nazar va o‘zgacha yondashuv bilan o‘rganib, olamshumul natijalarga erishgan. Insoniyat bugungi kunda ham ana shu ilmlarga ehtiyoj sezmoqda.

Yalpi majlis yakunida “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” deb nomlangan taqdimot namoyish etildi.

Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini 3 ta sho‘‘baga bo‘lingan holda davom ettirdi. “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari”, “Imom Buxoriy ilmiy merosi va hozirgi zamon”, “Movarounnahr ulamolarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” sho‘‘balarida alloma hayoti va ilmiy-ma’naviy merosiga doir jami 55 ta ilmiy ma’ruza tinglandi.

Ibratli hayot tarzi taqvoning oliy namunasidir

Birinchi xulosa. O’zbekiston diyorini islom ilmlari markazi sifatida e’tirof etish o‘rinlidir. Islom dunyosida umume’tirof etilgan ayni bir haqiqat — eng ishonchli hisoblangan olti mashhur hadis to‘plamidan to‘rttasi Movarounnahr allomalari tomonidan jamlangani buning yaqqol dalili. Imom Buxoriy esa, ushbu allomalarning eng ulug‘i — muhaddislar sultoni e’tirofidagi yagona zot.

Mazkur fikrni Misrning Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyad yakdillik bilan tasdiqladi: “Imom Buxoriy butun dunyo ulamolarining hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgan ulug‘ zotdir. Allomaning 16 yil davomida Payg‘ambarimiz alayhissalom sunnatlariga doir eng ishonchli hadislarni jamlash uchun ilm yo‘lida chekkan zahmati bir necha o‘n kishining hayotiga tatiydi. Uning shaxsiyati, ibratli hayot tarzi taqvoning oliy namunasidir”.

Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universi­teta professori Farhat Go‘kche yuqoridagi fikrni davom ettirib: “Menga berilgan imkoniyatdan foydalanib, muhaddislar imomi Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hazratlarining xulqu maqomatlariga ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsam. Ul zotning hayotini o‘rganar ekanmiz, go‘zal xulqi, kamtarligi va tavozesi barchamizda uning ilmiy merosi bilan bir qatorda, shaxsiyatiga ham cheksiz hurmat-ehtirom uyg‘otadi”, deya to‘lqinlanib gapirdi.

Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi kotibiyati mudiri Muhammad Vardaniy konferensiyaning birinchi xulosasiga yakun yasadi: “Alloma o‘z asarlarini yuksak darajada mas’uliyat, roviylarga hech bir muhaddis qo‘ymagan qat’iy talablar bilan yondashib yozganini zamondoshlari takror-takror qayd etgan. Shu sababli hech bir hadisshunos Imom Buxoriyning martabasiga erisha olmagan”.

Darhaqiqat, islom tarixiga nazar solsak, musulmon ummati Muhammad alayhissalomning muborak hayoti va islom ta’limotini sinchkovlik bilan o‘rgangan. Ular orasida muhaddislar sultoni — Imom Buxoriyning tutgan o‘rni beqiyosdir. Uning “Sahih ul-Buxoriy” to‘plami diniy ahkomlar va axloqiy ko‘rsatmalarning asosiy manbai sifatida tan olingan. Aynan shu e’tirof konferensiya ishtirokchilarining ikkinchi xulosasiga yo‘l ochdi.

Ikkinchi xulosa. Imom Buxoriyning ma’naviy merosi, xususan, “Sahih ul-Buxoriy” asari islom dinining asl mohiyatini, insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini o‘zida aks ettirgan muhim manbadir.

Haqiqatan ham, muhaddislikda “sahih” yo‘nalishi asoschisi hisoblanmish Imom Buxoriy minglab islom ulamolaridan 600 mingdan ortiq hadis to‘plab, ular orasidan 7275 ta eng ishonchlisini saralab olib, “Al-Jome as-sahih” kitobiga kiritgan. Mazkur asar hadis to‘plamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir.

Ko‘plab muammolarga yechim topadigan noyob manba

Malayziyaning Islomni anglash instituti ilmiy xodimi Muhammad Mustaqim Malikning so‘zlariga ko‘ra, “Sahih ul-Buxoriy”ning mo‘‘tabarligi shundaki, ushbu asar uzoq o‘tmishda yozilgan manba bo‘lishiga qaramay, undan insoniyat bugungi kunda duch kelayotgan ko‘plab muammolarga ham yechim topishi mumkin. Xususan, COVID-19 pandemiyasi tarqalishining oldini olishda zamonaviy tibbiyot qo‘llayotgan — “epi­demiya o‘choqlariga borishdan saqlanish, ijtimoiy masofani saqlash, kasallanganlarni alohidalash” kabi choralar Payg‘ambarimiz alayhissalom tomonidan tavsiya etilganini ko‘rish mumkin. Imom Buxoriy buni o‘z asariga kiritish chog‘ida kelajak avlodlarni o‘ylagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”.

Notiqning bu so‘zlari asarning bugungi kun uchun ham dolzarb qiymati, ayniqsa, butun jahon koronavirus nomli ko‘rinmas yov bilan kurashayotgan ayni paytdagi yuksak ahamiyatini ham tasdiqlaydi.

Mohiyat jihatidan “Al-Jome as-sahih” to‘plami chin ma’noda Qur’oni karimdan keyin islom dinining ikkinchi muqaddas manbai hisoblanadi. Hadis keltirib, uning manbasi sifatida Imom Buxoriy ko‘rsatiladigan bo‘lsa, uning ishonchliligi xususida hech bir shubha qolmaydi.

— Imom Buxoriy 600 ming hadis orasidan eng sahihlarini saralab, ularni illatlilardan xalos etgan. Soddaroq aytadigan bo‘lsak, buyuk muhaddis hadislarni “davolagan”, — deydi Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Muhyiddin Avvoma.

Umumiy jihatdan islomni anglashning ikki asosiy usuli mavjud bo‘lib, ulardan asosiysi Qur’onni o‘qish va o‘rganishdir. Imom Buxoriy asari orqali islomni in’ikos etish yana bir usuldir. Chunki unda Payg‘ambarimiz alayhissalomning eng ishonchli sunnatlari mujassamdir.

O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Mahfuza Alimova asarning yuksak qiymati uning o‘quvchi tomonidan nisbatan oson o‘zlashtirilishida ham ekanini alohida qayd etdi: “Oliy isnodli hadislar o‘rganilar ekan, Imom Buxoriy tanlagan usul naqadar mukammalligiga yana bir bor guvoh bo‘lamiz. “Sahih ul-Buxoriy” jome uslubida yozilgan bo‘lib, roviylar emas, mavzular bo‘yicha kitoblar va boblarga ajratilgani uning eng murakkab, ta’bir joiz bo‘lsa, akademik tadqiqot ekanini, o‘sha davrgacha misli ko‘rilmagan jur’at va shijoat samarasi bo‘lganini namoyon etadi. Mehnati shu qadar og‘ir bo‘lgani uchun ham ushbu asar juda qulay va oson o‘qib o‘rganiladi”.

Germaniyalik olimlarni hayratga solgan qo‘lyozmalar

Konferensiyaning ishtirokchi mehmonlari, ayniqsa, mazkur asar qo‘lyozmalari saqlanayotgan mamlakatlar vakillari ulkan tarixiy qiymatga ega nodir xazina aynan ularning vatanida joy egallaganidan faxr tuyishlarini bildirdilar. Germaniyaning Leypsig universiteti professori Stefani Brinkman so‘zlariga e’tibor bering: “Imom Buxoriy asarlarining XV asrga oid qo‘lyozma nusxalari Germaniyaning Leypsig universitetida saqlanishi biz uchun sharafdir. Bu germaniyalik olimlarni yangi-yangi izlanishlarga undaydi. O’rta asrlarga oid ushbu qo‘lyozma asarlarning mukammalligi bizni doimo hayratga soladi”.

Imom Buxoriy ajdodimiz ekani esa, bizga iftixor bag‘ishlaydi. Shuning uchun asarni o‘rganish, undagi hadislar va ular mohiyatini yosh avlod ongiga yetkazish, odamlar ma’naviyatini aynan shu ziynat bilan bezash hammadan ham ko‘ra biz uchun g‘oyat qadrli va alohida qiymatga ega. Bu esa, konferensiyaning uchinchi xulosasiga asos bo‘ldi.

Uchinchi xulosa. O’zbekistonda milliy va diniy qadriyatlarni rivojlantirish, tinchlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Taassuf bilan aytish kerakki, uzoq yillar mintaqamizda ateizm baland mavqe tutgan siyosiy tuzum hukmronligi davrida muqaddas islom dini va uning namoyandalaridan bo‘lmish ulug‘ tarixiy siymo — Imom Buxoriy shaxsiyati va faoliyatiga noxolis baho berildi. Bu o‘sha davrda fan va jamiyatning ijtimoiy tafakkurini boshqarib turgan hukmron mafkura talablaridan biri edi.

Shukrlar bo‘lsinki, Alloh taolo bizga ajdodlarimiz nomi va ularning boy ma’naviy-ma’rifiy, yuksak ilmiy qiymatdagi “Sahih ul-Buxoriy” kabi shoh asarlarini qaytarib berdi. Chunki buyuk ajdodlar merosi, avvalo, uning bevosita avlodlariga tegishlidir. Buning uchun tarixiy asoslar yetarli.

“Tarixdan bilamizki, O’rta Osiyoga islom dinining kirib kelishi ummaviylar davriga borib taqaladi. O’sha yillardan boshlab, bu sharofatli zaminda islomiy va dunyoviy ilmlar keng ko‘lamda rivojlandi. Movarounnahrdan yetishib chiqqan olimlar nafaqat islom dunyosi, balki butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidlashni istardim. Buyuk ajdodlaringiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir”, dedi Malayziya xalqaro islom universiteti professori Muhammad Said.

Xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan xayrli amal

Bugungi kunda yangi O’zbekiston diniy-ma’rifiy sohada islohotlarni izchil davom ettirib, o‘z fuqarolarining vijdon va e’tiqod erkinligini to‘la ta’minlaydigan va islomning insonparvarlik va taraqqiyparvarlik mohiyatini baralla tarannum qiladigan mamlakatga aylandi. Yurtimizning bu borada jahon miqyosida oshib borayotgan salohiyati konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan e’tirof etilishi bilan birga, hamkorlikda hayotga tatbiq etilishi lozim bo‘lgan amaliy takliflar ham bildirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, O’zbekiston o‘z Prezidenti rahbarligida ijtimoiy-ma’naviy jabhada milliy an’analariga sodiq qolgan holda, ilmni rag‘batlantirish yo‘lida shahdam odimlamoqda. Biz islom ta’limotini ma’naviy qadriyatlarning yaxlit tizimi, mushtarak hayot, xulq-atvor va fikrlash tarzi deb qabul qilamiz hamda shu tarzda o‘z hayotimizga chuqur singdirganmiz. Shuning uchun islom dinining asl mohiyatini tadqiq etish, undagi ezgulikka yo‘g‘rilgan g‘oyalarni asl ma’nosida targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu. Bu esa, nihoyat, konferensiyaning oxirgi xulosasini keltirib chiqardi.

To‘rtinchi xulosa. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish, mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazishda o‘ziga xos plat­forma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Markazda, odatda, jo‘shqin bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tadigan bu kabi muhim va nu­fuzli anjumanlarga davomli ravishda mezbonlik qilish odat tusiga kirgan. Shu sabab ishtirokchilar markaz faoliyati va uning erishayotgan yutuqlari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotga ega bo‘ldilar.

— Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini islomiy ilmiy meros va, umuman, sunnatni muhofaza qilish uchun ta’sis etilgan muassasa deb ham bilaman, — dedi Turkiyaning Marmara universiteti professori Ayshe Shehyar xonim.

O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Zohidjon Islomov so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 33 mamlakatdagi yetmishdan ziyod fondda “Sahih ul-Buxoriy”ning 820 ta qo‘lyozmasi saqlanayotgani aniqlangan. Ularning nusxalarini jamlash, tadqiq etish va keng jamoatchilikka taqdim qilish Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa shunday muassasalar oldida turgan dolzarb vazifa, xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan xayrli amaldir.

Barcha ishtirokchilar tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish, mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazishda o‘ziga xos platforma vazifasini bajarayotgani birdek qayd etildi. Xususan, anjuman bu yo‘ldagi xayrli sa’y-harakatlardan biridir.

O’zbekistondagi islohotlarning yorqin natijalaridan mamnunmiz!

Anjuman qatnashchilari O’zbekistonda milliy va diniy qadriyatlarni rivojlantirish, tinchlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi islohotlarning yorqin natijalariga yuksak baho berdi.

Ishtirokchilar Imom Buxoriyning boy ilmiy-ma’naviy merosini, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish, alloma asarlarini tarjima qilish va sharhlarini o‘rganish asosida tarbiyaviy ahamiyatga doir turkum risolalar chop etish, “Sahih ul-Buxoriy” asarining xorij fondlarida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalarni aniqlashni davom ettirish, ularning imkon qadar mukammal to‘ldirilgan kataloglarini yaratish va xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish borasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amaliy takliflarni ilgari surdilar.

Shuningdek, ulug‘ alloma va mutafakkirlarning ilmiy-ma’naviy merosi asosida yosh avlodni yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan himoya qilishga qaratilgan xalqaro anjumanlar tashkil qilish, O’zbekistonning diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, mutaassiblik va ekstremizmga qarshi kurashdagi ijobiy tajribasini ommalashtirish ham maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, ishtirokchilar tomonidan kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy-ma’rifiy mavzularga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazish, Imom Buxoriy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazish, alloma qalamiga mansub asarlarning qadimiy qo‘lyozmalarini avaylab-asrash va kelajak avlodga yetkazishga doir tadbirlarni o‘zaro hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

Anjuman nihoyasida “Sahih ul-Buxoriy” asarining  jahon   kutubxonalarida  saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning yakuniy bayonoti qabul qilindi.

So‘z yakunida konferensiyaning yana bir ishtirokchisi, Qozog‘istondagi Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shamshiddin Karimning anjuman davomida bildirgan quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir: “Alloma to‘plagan hadislarda mehr-oqibat, insonparvarlik, ota-ona va kattalarga hurmat, Vatanga muhabbat, halollik va bag‘rikenglik kabi fazilatlar, yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘gitlar keng o‘rin olgan. Sirasini aytganda, alloma asarlari bugungi kunga qadar musulmon dunyosi uchun ma’naviy-axloqiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi”.

Sherzod Mamatov,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot kotibi

Manba: “Yangi O’zbekiston” gazetasi

2021-yil 23-iyul, №147(403)

 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry