13.03.2023
1009

O‘TGAN INSONLARGA QUR’ON SAVOBINI BAG‘ISHLASH

Islom dinidagi inson vafot topgandan so‘ng uni xotirlash, ortidan xayrli duolar qilish, qilingan yaxshiliklarning savobini bag‘ishlash kabi go‘zal ko‘rsatmalar uning insoniyligi, yaxshilik va ezgulik dini ekanligidan nishonadir. Qur’oni karimda musulmonlar o‘z o‘tmishdoshlarini xotirlab, haqlariga mag‘firat so‘rab duoda bo‘ladigan ummat, deya ta’riflangan. Abu Hanifa, Imom Ahmad hamda aksar shofiiy mazhabi faqihlari Qur’on tilovat qilib, uning savobini o‘tganlarga bag‘ishlash joiz ekanligini aytishgan. Ba’zi olimlar esa hatto bu ishni mustahab ham deyishgan. 

Lekin hozirgi kundagi ba’zi toifa insonlar Qur’on o‘qilgandan so‘ng savobini o‘tganlarga bag‘ishlash bid’at, deb da’vo qilmoqdalar. Ular, Alloh taoloning:

وَأَنْ لَيْسَ لِلْإِنْسَانِ إِلَّا مَا سَعَى

Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur[1], degan oyatini dalil qilib, insonga boshqalar qilgan amaldan foyda bo‘lmaydi, deb, oyatni noto‘g‘ri talqin qilmoqdalar. 

Ushbu oyatni mufassirlar quyidagicha tafsir qilishgan:

Imom Bag‘aviy hamda Imom Qurtubiy kabi mufassirlar o‘zlarining tafsir kitoblarida yuqorida zikr qilingan Najm surasida kelgan ma’no Tur surasining iymon keltirganlarning zurriyotlari ota onalariga qo‘shilib najot topishlari borasida keltirilgan 21-oyati[2] bilan mansux bo‘ganligi haqida Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat keltiradilar. Imom Qurtubiy o‘zining tafsirida ushbu oyat mansux bo‘lmagan taqdirda ham, u  faqat yomonliklarga xos ekani ehtimoli borligini aytib, quyidagi  hadisi qudsiyni dalil qilib keltiradi: “Agar bandam biror yaxshilik qilishni qasd qilsa va uni bajara olmasa ham unga o‘sha yaxshilik savobi yoziladi. Agar uni amalga oshirsa o‘n barobardan yettiyuz barobargacha savob ziyoda qilinadi. agar u bir yomonlik qilishni qasd qilsa va uni qilmasa unga gunoh yozilmaydi. Mobodo qilib qo‘ysa ham unga bir yomonlik yoziladi”. Oyatning mazmuni ham ushbu hadisda keltirilganidek, inson bir yomonlikni modomiki qilmas ekan unga gunohi yozilmasligini ta’kidlaydi.

Abu Bakr Varroq mazkur oyatni: “Insonga faqat o‘zi niyat qilgan narsasi bo‘lur”, deb tafsir qilgan. Robi’ ibn Anas esa: “Bu kofirlarga xosdir. Mo‘minlarga esa boshqalar qilgan yaxshi amallarning savobi ham yetib boradi”, degan[3]

Islom asoslari va manbalarini sinchiklab o‘rganilsa Qur’on tilovati savobini o‘tganlarga bag‘ishlash shariat ko‘rsatmasi ekani ma’lum bo‘ladi. Alloh taolo shunday deydi:

وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ

Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O’zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin”[4].

Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar” deyilganda Islom ummatining ilk avlodi – sahobalardan keyingi musulmonlar, umuman olganda, musulmonlarning keyingi avlodlari nazarda tutilgan. Demak, Islom ummatining xususiyatlaridan biri shuki, ularning keyingi kelganlari oldin o‘tganlarini yaxshilikda yodga olib, haqlariga xayrli duolarda bo‘ladilar. Ushbu ilohiy ta’lim asrlar osha musulmon olamida amalda joriy bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, o‘tganlarning nomidan yaxshi amallar qilib, savobini bag‘ishlash ham bevosita Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning tavsiyalari bilan shariatimizda joriy qilingan. 

Shuningdek ular quyidagi hadisni savobning marhumlarga yetib bormasligiga dalil qilib keltiradilar

Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam): 

“Odam bolasi o‘lsa, uning uch narsadan boshqa amallari to‘xtaydi: Sadaqai joriya, unga duo qiladigan solih farzand va undan keyin manfaat olinib turiladigan ilm!"-deganlar. (Muslim rivoyat qilgan). 

 Bu hadisda o‘lgan insonlarga savob bag‘ishlash mumkin emas, degan xulosa chiqmaydi. Balki, inson o‘z xohishi bilan amal qilib savob orttirish yoki gunoh qilish qobiliyatidan uziladi. Xohlasa ham amal qila olmaydi. Lekin bu hadisda boshqalarning savobi mayyitga yetmaydi, degan ma’no yo‘q, aksincha kishiga boshqaning amali tufayli, ya’ni, duo qiladigan solih farzandlari sabab savob yetib turishi ta’kidlanmoqda. 

Ko‘pchilik ahli sunna olimlari ham marhumlarga savobning yetishi mumkinligini aytadilar. Jumladan “Tahoviy aqidasi” kitobida quyidagilar aytiladi:

“Tiriklarning duo va sadaqalarida mayyitlar uchun foyda bordir”. Ya’ni, bandaga u tiriklik chog‘ida oxirati uchun qilgan ishlari, o‘lgandan keyin o‘ziga manfaat yetishiga sabab bo‘ladi. Bunga misol “Kishi o‘lsa uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsadan boshqa ...” ma’nosidagi hadis.

Burhoniddin Marg‘iloniy o‘zining “Hidoya” asarida inson qilgan xayrli ishlari savobini o‘tganlarga bag‘ishlash joiz ekanligiga dalil sifatida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ikki ola qo‘chqorni qurbonlik qilib, birini o‘zlaridan, ikkinchisini Allohning yagonaligiga iqror bo‘lib, u zotning risolatni yetkazganliklariga guvohlik beradigan butun ummat nomidan qilganlari haqidagi hadisni keltiradi (Ibn Moja, Oisha va Abu Hurayra (roziyallohu anhumo)lardan rivoyat qilgan)[5]. Bu yerda qurbonliklarning birini ummat nomidan qilganlari savobni boshqalar haqiga bag‘ishlash joiz ekanini ko‘rsatadi. 

Undan tashqari 

فَاغْفِرْ لِلَّذِينَ تَابُوا وَاتَّبَعُوا سَبِيلَكَ وَقِهِمْ عَذَابَ الْجَحِيمِ

...Bas, tavba qilgan va yo‘lingga ergashgan kishilarni mag‘firat et va ularni do‘zax azobidan saqla![6]

hamda

وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ 

“...O’z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang![7]oyatlaridagi mag‘firat so‘rash ham o‘tganlar haqiga qilingan duoi xayr bo‘lib, bu ishning joizligini yana bir bor isbotlaydi.

Bu mavzuga oid diniy ta’limotlarni chuqur o‘rgangan ulamolar Qur’on tilovat qilib, savobini o‘tganlarning haqqiga bag‘ishlash ham mazkur shar’iy ko‘rsatma ostiga doxil ekanini ta’kidlaydilar. Quyidagi hadislar ham aynan Qur’on tilovat qilib o‘tganlarga bag‘ishlash joiz, balki mustahab ekanligini ko‘rsatadi.

عن علي بن أبي طالب قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من مر على المقابر وقرأ قل هو الله أحد إحدى عشرة مرة، ثم وهب أجره للأموات أعطي من الأجر بعدد الأموات

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: “Kim qabristondan o‘ta turib, Ixlos surasini o‘n bir marta o‘qib, savobini vafot etganlarga bag‘ishlasa, vafot etganlar sonicha unga savob beriladi[8].

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ دَخَلَ الْمَقَابِرَ، ثُمَّ قَرَأَ فَاتِحَةَ الْكِتَابِ وَقُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ وَأَلْهَاكُمْ التَّكَاثُرُ، ثُمَّ قَالَ إنِّي جَعَلْت ثَوَابَ مَا قَرَأْت مِنْ كَلَامِك لِأَهْلِ الْمَقَابِرِ مِنْ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ كَانُوا شُفَعَاءَ لَهُ إلَى اللَّهِ تَعَالَى

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kim qabristonga kirib, so‘ng Fotiha, Ixlos va Takasur suralarini o‘qib, so‘ng: “Kalomingdan tilovat qilgan suralarimni savobini qabrda yotgan mo‘min va mo‘minalarga bag‘ishladim” desa, ular Alloh taolo huzurida unga shafoatchi bo‘ladilar”, dedilar. (Tabaroniy rivoyati).

Umuman olganda, hanafiy mazhabining deyarli barcha mo‘‘tabar manbalarida sadaqa, namoz, ro‘za, tilovat va boshqa yaxshi amallarni boshqaning nomidan qilish mumkinligi, savobi yetishi haqida alohida to‘xtab o‘tilgan. Jumladan, bu haqda “Hidoya”, “Bahr ar-roiq”, “Badoye’” va boshqa asarlarda so‘z boradi. “Radd al-muhtor”da bu mavzuda yana quyidagilarni o‘qiymiz:

“Ibn Hajar Makkiydan: “Birov qabriston ahliga Fotiha surasini o‘qisa, savob ularning o‘rtasida taqsimlanadimi yoki har biriga uning savobicha to‘liq beriladimi?” deb so‘ralganda, u: “Bir jamoa ulamolar ikkinchisiga fatvo berishgan va Allohning fazliga shunisi loyiqroq”, deb javob bergan.

Marhumga savobning yetib borishiga ijmo’dan dalil: 

Islom ummatining ko‘pchiligi marhumga janoza namozidagi duoni dalil qilib, o‘lgan kishi tiriklarning duosidan manfaat oladi, deganlar. 

Mayyitga ro‘za, namoz kabi boshqa badaniy ibodatlar ham manfaat beradi, bunga quyidagilar dalil bo‘ladi:

Sa’d ibn Uboda (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam)dan: “Ey Allohning Rasuli, onam, mening yo‘qligimda vafot etdi. U kishining nomidan sadaqa qilsam u kishiga manfaat beradimi?"-deb so‘raganida, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): "Ha"-deb javob berdilar. Shunda Sa’d (roziyallohu anhu): "Sizni guvoh qilamanki, hosildor bog‘im u kishining nomidan sadaqa", dedi. Buxoriy rivoyati.

“Juhayna qabiylasidan bir ayol Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib: "Onam haj qilishni nazr qilgan edi. Haj qilmasdan vafot etib qoldi. U kishining nomidan Haj qilsam bo‘ladimi?", - dedi. U zot (sallallohu alayhi vasallam): "Uning nomidan haj qil. Aytchi, onangning qarzi bo‘lganida ado qilarmiding? Allohning qarzini ham ado qilinglar. Alloh vafo qilishga haqlidir"-dedilar. 

Shuningdek, musulmonlar, o‘lgan odamning qarzini boshqa birov, hatto begona odam ham, to‘lab qo‘ysa uning zimmasidangi qarz soqit bo‘lishiga ijmo’ qilishgan. 

Buning dalili Abu Qatodaning hadisidir. Abu Qatoda (roziyallohu anhu) bir o‘likning ikki dinor qarzini o‘z bo‘yniga olgan. Keyin o‘sha ikki dinorni haqdorga berganida, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): "Endi (o‘lganning) terisi sovudi"-deganlar. (Hokim rivoyat qilgan). 

Imom Abu Dovudning "Sunan" kitobida Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu)dan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar (sallallohu alayhi vasallam) o‘lik dafn qilib bo‘lgandan keyin ustida turib: "Birodaringizga istig‘for aytinglar. Unga sobitlik so‘ranglar. Chunki, u hozir so‘roq qilinadi"-der edilar". 

Hanafiy olimlardan Badriddin Ayniy shu kabi ayrim rivoyatlarni keltirgach, “O’tganlarga namoz, ro‘za va sadaqaning savobi yetishining o‘zi Qur’on tilovatining ham savobi yetishini bildiradi, deydi. Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh “Al-Lubob”da: “Bunga (tilovatning savobi o‘lganga yetishiga) dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur’on o‘qib, o‘tganlariga bag‘ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Binobarin, bu ijmo’ bo‘lgan”, deydi. 

عن معقل بن يسار رضي الله عنه أنه قال: قال رسول الله -صلى الله عليه وسلم-: اقرءوا يس على موتاكم. رواه النسائي وابن ماجه وابن حبان

Ma’qal ibn Yasor (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “O’liklaringizga Yosin surasini o‘qinglar” (Nasoiy, Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyati), dedilar.

Ibn Obidin o‘zining mashhur asari “Radd al-muhtar”da yuqorida zikr qilingan hadislarni, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ummatlari nomidan qurbonlik qilganlari, Qur’oni Karimda ota onaga mag‘firat so‘rab duo qilishga targ‘ib qilingani va yana boshqa dalillarni sanab o‘tgach: “Bularning va bunga o‘xshash biz cho‘zilib ketishidan qo‘rqib keltirmagan dalillarning barchasi amalda boshqaning sherik bo‘lishini, ya’ni boshqaning amalidan manfaat olish borligini tavotur darajasiga olib chiqadi”, deya xulosa yasaydi.

Ibn Taymiya Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ga qiroat savobini bag‘ishlashni man qilib: “U zotning yuksak qadrlariga salavot aytish, vasila so‘rash kabi o‘zlari izn bergan narsalardagina jur’at qilinadi”, deb aytgan. Subkiy va boshqalar u kishiga qattiq raddiya berib: “Bunaqa ishlarda maxsus iznga ehtiyoj yo‘q. Ko‘rmaysanmi, Ibn Umar (roziyallohu anhumo) U zot (sollallohu alayhi vasallam)ning vafotlaridan so‘ng hech qanday vasiyatsiz u zotning nomlaridan umralar qilar edi. Junayd tabaqasidagi Ibn Muvaffaq u zot (alayhissalom)ning nomlaridan yetmish marta haj qilgan. Ibn Siroj u zot (sollallohu alayhi vasallam)ning nomlaridan o‘n ming marta xatm va shuncha qurbonlik qilgan”, deyishgan.

Yuqorida o‘tgan hadislar va umumiy shar’iy yo‘riqlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan kishiga Qur’on tilovat savobini bag‘ishlash ruxsat berilgan, targ‘ib qilingan ishlardandir. Shunga ko‘ra, Qur’on tilovat qilib, savobini o‘tgan ota ona va boshqa yaqinlarga bag‘ishlash ulug‘ savobli amallardandir.

 

 


 

[1] Нажм сураси 39-оят.

[2] وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَاتَّبَعَتْهُمْ ذُرِّيَّتُهُمْ بِإِيمَانٍ أَلْحَقْنَا بِهِمْ ذُرِّيَّتَهُمْ وَمَا أَلَتْنَاهُمْ مِنْ عَمَلِهِمْ مِنْ شَيْءٍ كُلُّ امْرِئٍ بِمَا كَسَبَ رَهِينٌ  Ўзлари имон келтириб, зурриётлари ҳам уларга имон билан эргашган зотларга (ўша) зурриётларини ҳам қўшамиз*. Уларга қилган амалларидан бирор нарсани камайтирмаймиз. Ҳар бир кимса ўзи қилган иши билан гаровлангандир.

[3] Қуртубий. Тафсири Қуртубий. Нажм сураси 39-оят тафсири.

[4] Ҳашр сураси 10-оят.

[5] Зайлаъий. Насб ар-роя. – Ж. – Б. 151.

[6] Ғофир сураси 7-оят.

[7] Муҳаммад сураси 19-оят.

[8] Суютий “Жомеъ ал-аҳодис” асарида, Халлол “Ихлос сураси фазилати”да келтирган.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry