02.03.2023
370

AHLI SUNNA MAZHABLARI VA AQIDAVIY TA’LIMOTLAR SAHOBALAR YO‘LIDIR!

Bugungi kunda ayrim shaxslar tomonidan Payg‘ambar alayhissalom va sahobiylarning aqidalari ahli sunna mazhablarining aqidalaridan farqli ekani yoki moturidiylik, ash’ariylik, naqshbandiylik jamoatlari sunnatga xilof ekani haqidagi fikrlar tarqatilmoqda. Ular bu kabi gap-so‘zlar orqali ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan mazhablar va aqidaviy ta’limotlarga tosh otmoqda. Ularning da’vosi bo‘yicha, ahli sunnaning to‘rt fiqhiy mazhabi, ikki aqidaviy ta’limot va tasavvuf tariqatlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan keyin o‘ylab topilgan va adashgan firqalardir. Go‘yo, ahli sunnaning mazhab va aqidaviy ta’limotlari islomdan ayri yaratilgan jamoalar va firqalardir. Ular bu kabi da’volari bilan o‘zlarining qanchalik darajada ilm saviyasi past ekanini yoki ilmi bo‘lsada, o‘zlari bilgan holda dinni buzayotganini ko‘rsatmoqda. Bu toifadagi insonlar bir necha asrdan beri musulmonlar amal qilib kelayotgan aqidalarni xatoga chiqarishga urinadilar. Maqsadlari musulmonlar orasiga tafriqa solish va fitnani qo‘zg‘atishdir.

Ahli sunnaning to‘rt mazhabi: hanafiylik, shofeiylik, hanbaliylik va molikiylik hamda ikki aqidaviy ta’limotlar: moturidiylik va ash’ariylik ayni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ta’limlari va sahobalarning so‘zlari asosida shakllangan. Aslida, ushbu da’vo johillik, dinni to‘g‘ri tushunmaslik, “mazhab”, “mujtahid”, “muqallid”, “ijtihod” kabi tushunchalarni idrok qilmaslikdan kelib chiqqani tayin.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga fiqh ilmi va istinbot hukm olish yo‘llarini o‘zlari o‘rgatar edilar. U zotning hayotlik chog‘larida oltita sahoba roziyallohu anhumga mustaqil fatvo berishga ruxsat berilgan edi[1]. Ushbu hadis sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) davrlarida ham Qur’on va hadisdan ijtihod qilib hukm olganliklariga yaqqol dalil sifatida ulamolar quyidagi hadisni keltirganlar:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga hokim qilib jo‘natayotgan vaqtda dedilar: “Ey Muoz, agar biror hukm chiqarishinga to‘g‘ri kelib qolsa nima bilan hukm qilasan?” “Allohning kitobi bilan” – dedi Muoz. “Agar Allohning kitobida topolmasangchi?” – deb so‘radilar Rasululloh. “Rasulining sunnati bilan hukm qilaman” – dedi  Muoz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar na Rasulining sunnatida na Allohning kitobida topmasangchi?” – dedilar. Shunda Muoz roziyallohu anhu: “O’z ra’yim bilan ijtihod qilaman, sira sustkashlik qilmayman”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ko‘kragiga qo‘llari bilan urib: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga yo‘llab qo‘ygan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin” – dedilar (Termiziy, Ahmad, Abu Dovud va boshqalar rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng odamlar bir-birlaridan yangi paydo bo‘lgan masalalar yuzasidan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abbos kabi mujtahid sahobalardan fatvo so‘rar edilar. Ular avvalo Qur’oni Karim oyatlari va hadisi shariflarga murojaat qilar, agar mazkur manbalardan aniq yechim topilmasa, qiyosga yuzlanib, ijtihod qilar edilar[2].

Islom dini keng tarqalib, boshqa xalqlar ham musulmonchilikni qabul qilgach, u yerlarga muallim sifatida sahobalar yuborilgan. Jumladan, Kufa shahriga Hazrati Umar roziyallohu anhu Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuni yubordilar. Ma’lumki, Abdulloh ibn Mas’ud sahobalar orasida ilm jihatdan peshqadamligi bilan ajralib turar edi. U kishi haqlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatim uchun Ummu Abdning o‘g‘li rozi bo‘lgan narsaga men ham rozi bo‘ldim”, deganlari mashhurdir[3].

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Hazrati Usmon davrlari oxirigacha Kufa ahliga fiqh ilmini o‘rgatadilar, hatto, Kufa faqih insonlarga to‘lib ketdi. Ali roziyallohu anhu xalifalik vaqtlarida Kufaga kelib, u yerdagi faqih insonlarni ko‘rib xursand bo‘lganidan: “Alloh Ummu Abdning o‘g‘lini (Ibn Mas’ud) o‘z rahmatiga olsin! Ushbu diyorni faqihlarga to‘ldirib yuboribdi”, deganlar. Undan so‘ng Hazrati Ali roziyallohu anhu davrlarida poytaxt ushbu shaharga ko‘chirilgandan so‘ng Kufa boshqa musulmon shaharlaridan muhaddislar va faqihlarning ko‘pligi bilan ajralib turardi.

Abdulloh ibn Mas’ud va ko‘plab boshqa sahobiylardan qolgan katta ilmiy merosni to‘plaganlar orasida Hammod ibn Abu Sulaymon hamda Ibrohim ibn Yazid an-Naxaiylar ham bor edi. Mazkur olimlardan ilm olgan Abu Hanifa rohimahulloh esa ularni chuqur o‘rganib, saralab, shogirdlariga yetkazgan.

Mazkur holatdan hanafiy mazhabi olimlari hukm chiqarishda qiyos va ra’yga tayanishni osmondan olmaganliklari, balki bu ishda o‘zlaridan oldin o‘tgan musulmon ummatining eng sara olimlari, xususan, sahobalarga ergashganlarini ko‘rish mumkin.

Madina shahri vahiy nozil bo‘lgan joy bo‘lgani uchun ba’zi tobeinlar sahobalarning fiqh va hadisga oid xabarlarini yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Natijada u yerda yetti faqih alohida o‘z o‘rinlarini topdilar. Barcha sahobalar ulardan kelib fatvo so‘rar edilar. Masalan, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu o‘z otalari chiqargan qozilik hukmlarini Said ibn Musayabdan so‘rar edi. Shu tartibda Madinada fatvolar va ijtihodiy masalalar tarqaldi. Imom Molik rohimahulloh ushbu masalalarni ulamolardan jamlab to‘pladi va ularni insonlarga yetkazishda davom etdi. Bunga katta-katta ulamolar ham ergashdilar. Ularning orasida ushbu imomga qarshilik qiladigan zabardast ulamolar yetarli darajada edi, lekin bunga e’tiroz qilmadilar. Madinada bir olimning mazhabi – tutgan yo‘lida yurishlik afzal deb bildilar. Shu tarzda Madinada molikiy mazhabi shakllandi. Qolgan ikki mazhab ham shunday tartibda yuzaga keldi.

Mazhablar va ularning shakllanish tarixini chuqur, insof bilan o‘rgangan kishi mujtahid mazhabboshilar Qur’on va hadisdan alohida shariat yaratmagani, balki odamlarga oson bo‘lishi uchun ushbu ikki muqaddas manbadagi hukmlarni bir yo‘lga tizib, joylab berganliklarini tushunib yetadi.

Bemazhab, soxta salafiylarning Alloh taoloning buyruqlari va Payg‘ambarimizning hadislarini tashlab butun musulmon jamoasiga qarshi chiqayotganliklari, zabardast islom ulamolari ham mazhab tutganliklarini unutib, ularning yo‘lini tark etganlari ularning o‘zlari zalolatda ekanligiga dalildir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Mening ummatim zalolatga jamlanmaydi”, - deb marhamat qilganlar (Ibn Moja, Tabaroniy va boshqalar rivoyati).

Faqihlarning kuchli ishonch asosida ta’kidlashicha, mujtahidning xatosiga ham ajr beriladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham hadislaridan birida ushbu ma’noni quvvatlab, bunday marhamat qilganlar: “Agar bir hukm chiqaruvchi hukm chiqarishda ijtihod qilsa va to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr berilur (biri ijtihodi va ikkinchisi to‘g‘ri topgani uchun) bordiyu, to‘g‘ri topolmay, xato topgan taqdirda ham gunohkor bo‘lmay, bir ajrga ega bo‘lur (ijtihodi uchun)” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiy o‘zlaridan bir fikr o‘ylab topmagan yoki alohida bir mazhab yaratishmagan. Ular faqat salafi-solihlarning mazhabini shakllantirgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining e’tiqodini himoya qilgan. Ularning biri imom Abul Hasan Ash’ariy Imom Shofeiy mazhabining dalillarini qo‘llab quvvatlagan bo‘lsa, ikkinchisi Imom Abu Mansur Moturidiy esa Abu Hanifa rahimahumulloh mazhabining dalillarini quvvatlantirgan. Ushbu ikki imom salafi solihlar yo‘lini belgilab berib, o‘sha yo‘lni mahkam tutdilar va o‘zlari tutgan yo‘lga muvofiq hujjat va dalillarni yetarlicha keltirdilar. Shu boisdan “moturidiylik” va “ash’ariylik” aqidaviy ta’limoti ushbu ikki imomga nisbat beriladi. Bundan kelib chiqqan holda ikki imomdan birining masala va dalillariga ergashuvchi kishi ash’ariy yoki moturidiy deb, nomlana boshladi. Bu ta’limotlar aynan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’limlari va sahobalarning e’tiqodi asosida shakllangan.

Kimdir hanafiy-moturidiyman desa, demak, u to‘g‘ridan to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, sahobalar yo‘liga ergashganini anglash mumkin. Hozirgi kunda mazhablarga, aqidaviy ta’limotlarga tosh otayotganlarning o‘zlari adashgan ekani, ularning sahobiylarga bog‘lab turuvchi ustozlar silsilasi yo‘q ekani ma’lum bo‘ladi. Bundan har bir mo‘min inson ogoh va hushyor bo‘lishi, turli adashgan toifalar fitnalariga aldanib qolmasligi lozim bo‘ladi. Alloh adashtirmasin!

 


 

[1] Зоҳид Кавсарий. Бемазҳаблик – динсизлик кўприги. –Қоҳира. Ал-мактаба ал-азҳария, 2006. З б. 

[2] Қаранг: Муҳаммад Али ас-Сайис. Тарих ал-фиқҳ ал-исламий. -Байрут. Дор  ал-кутуб ал-илмия. 84-б.

[3] Зоҳид Кавсарий. Бемазҳаблик – динсизлик кўприги. –Қоҳира. Ал-мактаба ал-азҳария, 2006. З б.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry