23.02.2023
211

Milliy tariximizning yangi timsoli yoxud O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini shakllantirishga oid mulohaza va tavsiyalar yangragan anjuman

ILMIY KONFERENSIYА

Poytaxtimizda “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini shakllantirishga oid dolzarb masalalar” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Konferensiya ishida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, shuningdek, tarixchi, arxeolog, sharqshunos, muzeyshunos olimlar, soha mutaxassislari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi muzey konsepsiyasini takomillashtirish, uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni izchil va sifatli bajarish mavzulari muhokama qilindi. Mazkur ko‘p tarmoqli ilmiy-ma’rifiy muassasaning serqirra faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.

Davlatimiz rahbari markazga tashriflaridan birida “Islom sivilizatsiyasi markazi millat mulkiga aylanadi”, deb ta’kidlagan edi. Bu so‘zlar zamirida mazkur muassasa ko‘p ming yillik boy tariximiz, har qanday millat havas qilsa arziydigan madaniyatimiz, dunyo ilm-fani rivojiga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz, eng muhimi, bunyodkor va bag‘rikeng xalqimizning siyrati-yu surati, ya’ni ichki dunyosi va tashqi qiyofasini jamuljam etgan ko‘zgu bo‘lib qolishi haqidagi ezgu niyat hamda siyosiy iroda yotadi. 

Markaz Markaziy Osiyoda betakror, ham ilmiy-madaniy, ham ma’naviy-ma’rifiy muassasa shaklida bunyod etilmoqda. Binobarin, u keng qamrovli faoliyat bilan shug‘ullanadi. Unda qadim tariximiz va madaniyatimiz sarchashmalari bo‘lgan asl manbalar o‘rganiladi, alloma ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy ilmiy va ma’naviy meros tadqiq etiladi. Xo‘sh, mazkur muassasada shakllantirilayotgan Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi qaysi mezon va manbalar asosida faoliyat olib boradi.

Tuproqqa ko‘milgan qo‘lyozmalar “tilga kirishi” kutilmoqda

Sivilizatsiya markazi qurilishi bilan deyarli bir vaqtda uning ilmiy-madaniy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati mazmun-mohiyatini aniqlashtirish ishlari ham boshlab yuborilgan. Bunday faoliyatga jalb etilgan mutaxassislar, turli ilmiy yo‘nalish vakillari Prezidentimizning konseptual qarashlarini hayotga tatbiq etish bilan shug‘ullanmoqda. 

– Barpo etilayotgan markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishi ham mahalliy, ham xorijiy jamoatchilik bilan bevosita muloqotda bo‘lishni taqozo qiladi, – deydi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov. – Bunday muloqotning aniq ijro mexanizmlari mavjud bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi ularning eng muhimi deyilsa, xato bo‘lmaydi. Boy madaniy-ma’naviy tariximiz va uning serqirraligi haqida ko‘p gapiramiz. Lekin bunday qirralarning barchasini o‘zida qamrab olgan mukammal ilmiy-ma’naviy tuzilma mamlakatimizda hali yo‘q edi. Shu ma’noda, shakllanayotgan Islom sivilizatsiyasi muzeyi tarixiy haqiqatni ham mumtoz ilmiy uslublar, ham zamonaviy texnologiyalar orqali jonlantirib beradigan ko‘p qirrali muassasaga aylanmoqda.

O‘zbekiston musulmon ilm-fani va madaniyati dunyodagi eng boy xazinalardan biridir. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mamlakatimizda saqlanayotgan turli ilmiy yo‘nalishlarga oid nodir qo‘lyozmalar soni 100 mingdan oshadi. Shu dalilning o‘ziyoq mazkur fikrni tasdiqlab turibdi. Boz ustiga bu raqam, asosan, davlat va ayrim nodavlat hamda jamoat tashkilotlari tasarrufidagi manbalarnigina nazarda tutadi. Bundan tashqari, sobiq sovetlar siyosatidan cho‘chigan xalq tomonidan ko‘milib, yashirib kelingan minglab qimmatli yozma manbalar mavjud. Ularning eng nodirlarini “tilga kiritish”, muzey ekspozitsiyalarida namoyish etish ham muhim vazifalar qatoriga kiritilgani e’tiborga molik. 

Interaktiv installyatsiyalar, mashg‘ulotli o‘yinlar...

Turli yo‘nalishlar bo‘yicha shakllantirilgan ekspozitsiya zallarida ziyoratchilar islom olamining bebaho merosiga oid noyob eksponatlarni, ma’rifiy media mahsulotlarni tomosha qilishi, interaktiv installyatsiyalar va mashg‘ulotli o‘yinlar orqali mavzu bilan yaqindan tanishishi, o‘rganishi mumkin. 

– Muzey tarhi Fransiyaning “Wilmotte & Associes” va “Avesta Group” kompaniyalari bilan hamkorlikda rejalashtirilgan bo‘lib, mazmuni va konsepsiyasiga ko‘ra betakror hisoblanadi, – deydi Markazning xalqaro aloqalar va dalolatnoma bo‘limi boshlig‘i Saidkomil Xolxo‘jayev. – Ekspozitsiyani shakllantirishda muzeyshunoslikdagi eng zamonaviy texnologiyalar hamda usullardan foydalaniladi. 

Shuningdek, ushbu maskanning mamlakatimizga turli davlatlardan kelgan sayohatchilar uchun ham muhim turistik obyekt bo‘lishini inobatga olgan holda, ma’lumotlarning keng qamrovli, turli yosh vakillari uchun tushunarli hamda xalqchil usulda tayyorlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

“Islom san’ati” qanday tamoyillarni rad etib kelgan?

Dunyoda islom tarixi, uning san’ati va madaniyatini aks ettiruvchi muassasalar sifatida Wikipediya ro‘yxatiga kiritilgan yuzga yaqin muzey mavjud. Ularning yigirmadan ortig‘i islom san’ati muzeylari deb yuritiladi. Chunki ularda eksponatlarning aksariyati islom dunyosi amaliy san’at asarlari, miniatyuralar va me’moriy bezak namunalari bilan boyitilgan. Islom san’ati muzeylari Avstraliya, Afg‘oniston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Misr, Jazoir, Eron, Iordaniya, Indoneziya, Liviya, Malayziya, Qatar, AQSh, Tunis, Turkiya, Fransiya, Filippin va boshqa mamlakatlarda ham mavjud. 

– Islom san’ati badiiy ifodaning eng muhim vositasi sifatida bezakni tanlab, majoziy, figurativ san’at tamoyilini rad etgan, – deydi san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov. – Bu XIX asrda Yevropa olimlari tomonidan islom estetikasi salbiy, san’atga aloqasi yo‘q din falsafasining o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida baholangan. Shuning uchun uzoq vaqt davomida Gʻarb tadqiqotchilarining fikricha, musulmon badiiy madaniyati jahon sivilizatsiyasining priferik (chekka, ajralgan) zonasini tashkil etgan. Keyinchalik g‘arblik olim O.Grabar birinchilardan bo‘lib “Islom san’ati” atamasining nazariy masalasini ko‘tarib chiqqan. Uning ilmiy ishlari tufayli “Islom san’ati” tushunchasi jahon madaniyatining o‘ziga xos mustaqil fenomeni sifatini kasb etdi. 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining zallaridan biri maxsus san’at va hunarmandchilikka bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu bo‘limga tasviriy va amaliy san’at bilan bir qatorda kino, musiqa, teatr va boshqalar ham kiradi. Bu esa muzeyning alohida xususiyatlaridan biri. 

Mutaxassislar mazkur muzey uchun ashyo va eksponatlar ro‘yxatini tuzishda milliy san’atimizning noyob durdonalarini sivilizatsiyaning barcha bosqichlarida aniqlab, ushbu eksponatlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Ularni “San’at va hunarmandchilik” ko‘rgazma zali uchun tayyorlangan asarlarning umumiy ro‘yxatidan ajratib, tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyatini asoslab berishga harakat qilmoqda.

Noyob muhrlar ekspozitsiyasini tashkil etish zarur

Muhr davlatchilik timsoli bo‘lib, uning yordamida hujjat muallifi aniqlanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, arab yozuvidagi muhrlar buning aksi – muhr shunday tarixiy manbalardan biriki, tarixchilar uni to‘liq baholay olmagan, bu hali “ochilmagan qo‘riq”dir. O‘zbekiston hududida saqlanayotgan nafaqat yuz minglab tarixiy hujjatlarda, balki qo‘lyozmalarda ham muhr izlari mavjud. 

– Bugungi kunda arab yozuvidagi musulmon sfratgistikasi (muhrshunosligi) alohida soha sifatida shakllanmoqda va so‘nggi yillarda bu borada qator tadqiqotlar yozildi, – deydi tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov. – Jumladan, sohaga oid amalga oshirilgan tadqiqotlar sharqshunos olim A.Ivanov tomonidan o‘rganilib, uning istiqboliga oid mulohazalar bildirildi. Musulmon sfragistikasiga oid tadqiqotlar orasida kataloglar ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Chester Bitti (Dublin) kutubxonasining maxsus saytida musulmon muhrshunosligiga oid ma’lumotlar bazasi yaratilgan. 2011-yili Turin universitetida nashr etilgan Kale qo‘lyozmalar xazinasi katalogida muhrlar tavsifi uchun maxsus bob ajratilgan. Bu katalog ayni damgacha yaratilgan kataloglar orasida peshqadami hisoblanadi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Imom Buxoriy xalqaro markazi manbalar xazinasi qo‘lyozmalar katalogi”da ana shunday muhrlarga e’tibor qaratilgani alohida ahamiyatga molik.

Darhaqiqat, Shovosil Ziyodov ta’kidlaganidek, muhrlar biror-bir davrdagi tarixiy voqelikni kompleks o‘rganishda qimmatli manba hisoblanadi. O‘zbekiston muhrshunosligi bo‘yicha bajarilgan fundamental tadqiqotlardan biri Gʻ.Qurbonovning “Markaziy Osiyo sfragistikasiga oid ma’lumotlar: XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid Buxoro muhrlari misolida” kitobidir. Olim tomonidan avvalroq “XVIII asr boshi – XX asrlarga oid Buxoro muhrlari” nomli katalog ham chop etilgan bo‘lib, u O‘zbekiston tarixida sfragistika bo‘yicha nashr etilgan birinchi katalogdir. 

Qo‘lyozmalardagi muhrlarni o‘rganish asosida tadqiqotlarda muayyan ilmiy natijalarga erishiladi. Masalan, Muhammad Porso kutubxonasini tadqiq etish natijasida naqshbandiya tariqatining davomchilari – nazariyotchi shayxlar haqida muhim ma’lumotga ega bo‘lindi. Shuningdek, Dukchi Eshon xonaqohida faoliyat olib borgan vaqf kutubxonasini muhrlar yordamida o‘rganish ham muhim ma’lumotlar berdi: kutubxonada mavjud bo‘lgan asarlar Dukchi Eshon dunyoqarashi va ma’naviy merosini o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi. 

Konferensiya davomida tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov shunday taklif bilan chiqdi:

– O‘zbekiston tarixi va milliy qadriyatlarini o‘rganish ehtiyojidan kelib chiqib, ajdodlardan meros qolgan turli qo‘lyozma, tarixiy hujjatlar va toshbosmalarni tadqiq etish ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida jamoat fondi tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Shuningdek, markazda barpo etilayotgan muzeyda hukmdorlar va noyob muhrlar ekspozitsiyasi namoyish etilsa, tariximizning “ochilmagan qo‘riqlari”ga yo‘l ochib beradi, deb o‘ylayman.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining qadimiy yozma manbalarining Milliy reestrini tuzishda muhrlar tavsifiga ham alohida e’tibor qaratilishi zarur deb bilamiz. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tariximizga oid muhrlar elektron bazasi platformasini yaratish va undan muzeyda foydalanishni ham taklif qilaman.

Miniatyura rivoji eksponatlarda qanday aks etadi?

Tasviriy san’atning moʻjaz turi – miniatyura san’ati o‘zining betakrorligi bilan dunyoga mashhur bo‘lib, dastlabki ko‘rinishlaridan to bugungi kungacha kishilar ma’naviy olamini boyitishga, badiiy estetik didining shakllanishiga, ruhiyatining tarbiyalanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Mumtoz miniatyura san’ati X-XIX asrlarda Yaqin va O‘rta Sharqdagi turli madaniy markazlarda goh rivojlanib, goh susayib borgan. Jumladan, miniatyura taraqqiyoti tarixida bu san’atning XIII-XIV asrlarda Bag‘dodda, XIV-XVI asrlarda Tabrizda va Markaziy Osiyoda, XV asrda Hirotda, XVI-XVII asrlarda Hindistonda rivoj topgani, ko‘plab qo‘lyozma asarlarga go‘zal miniatyuralar chizilgani ma’lum. Afsuski, bu qo‘lyozmalarning ba’zilari vaqt o‘tishi bilan izsiz yo‘qolib ketgan. Shu sababli xalqimizning madaniy merosi bo‘lmish bunday obidalarni qidirib topish, o‘rganish, nashr etish, muzey ekspozitsiyalarida ommaga namoyish etish Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va tasviriy san’atining noma’lum sahifalarini ochishga imkon yaratadi. 

– Islom sivilizatsiyasi markazida Markaziy Osiyoda miniatyura san’ati rivojini muzey eksponatlarida namoyish etishga oid taklif va tavsiyalarimiz bor, – deydi tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov. – Yaqin va O‘rta Sharq, Markaziy Osiyo miniatyura san’ati rivojlanishi uchun asos bo‘lgan XIV asrdagi “Rangtasvir ustalari risolasi”, Sulton Ali Mashhadiyning “Xattotlik haqida risola”, Do‘st Muhammad Hiraviyning “Holoti hunarvaron”, Qozi Ahmad Qumiyning “Gulistoni hunar”, Sodiqbek Ashfarning “Qonun as-sovar” va boshqa manbalar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi stendlar yaratish zarur, deb o‘ylaymiz. Shuningdek, Yaqin va O‘rta Sharq, jumladan, Markaziy Osiyo miniatyura san’ati rivojlanishi to‘g‘risida shu kungacha yurtimizda va xorijda nashr etilgan adabiyotlarni imkon darajasida asli yoki elektron variantlarini topib, ular to‘g‘risida elektron ma’lumotnoma hamda eng muhimlari asliyatini namoyish etish mumkin.

Muhokamalar chog‘ida tarixchilar Markaziy Osiyoda miniatyura san’ati va uning noyob namunalari haqida hikoya qiluvchi qanday buklet, risola, faksimile, monografiya, albom va kitoblar yaratish borasida kelishib oldi. 

Jadidlarni tashvishga solgan yana bir johillik nimada edi?

Turkiston milliy taraqqiyparvarlari diniy bag‘rikenglikning haqiqiy ifodachilari bo‘lgan. Ular o‘zlarining diniy ta’limi, dunyoqarashi va intilishlari bilan bunga tamomila haqli edi. Jadidlarning atoqli namoyandalari nafaqat madrasalarni tugatgan, shu bilan birga, diniy mansabga ham ega bo‘lgan. Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiy ota-bobolari kabi muftiy bo‘lgan va o‘z davrida Samarqand viloyatida shu mansabni egallab turgan. Munavvarqori ham madrasa tahsilidan so‘ng Toshkentdagi Darxon masjidida imom, Ishoqxon Ibrat esa To‘raqo‘rg‘onda qozi bo‘lib ishlagan. 

– Jadidlar Yevropa va Sharq mamlakatlariga sayohat qilish, shuningdek, rivojlangan musulmon davlatlarining sanoat va madaniy yutuqlari bilan, ziyoli insonlar va turli ijtimoiy harakatlar namoyandalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgani tufayli Turkistondagi hayot taraqqiyotdan naqadar ortda qolganini yaxshi anglagan, – deydi tarix fanlari doktori, professor Dilorom Alimova. – Jadidlar O‘rta Osiyoning musulmoncha madaniy an’analarini yangilash tarafdori bo‘lgan. Ular o‘z islohotlarini islom ta’limotini anglashdan boshlagan edi. 

Abdurauf Fitrat Forobiy, Ibn Sino, Beruniy an’analariga ergashgan holda o‘zining “Najot yo‘li” asarida barcha dunyoviy fanlarni islom bilan uyg‘unlashtirishga harakat qiladi. Bu kitobda Fitrat diniy toqatsizlikka qarshi shunday fikr bildiradi: “Hech qanday shubha yo‘qki, garchi odamlar turli dinlarga e’tiqod qilsalar-da va turli mamlakatlarda yashasalar-da, ularning bari bir otaning bolalaridirlar, odamning bitta urug‘iga mansubdirlar. Shunday ekan, ularning bari shafqatli bo‘lishlari, bir-birlarini sevishlari kerak”. Musulmon renessansi davrida Yevropa O‘rta Osiyoning ziroatchilik, hunarmandchilik, san’at, ilm-fandagi yutuqlarini o‘zlashtirib olgani haqidagi fikr uning “Munozara” asarida ham ko‘zga tashlanadi. Endi ulardan o‘zlashtirish vaqti kelganini anglab, Abdurauf Fitrat shunday yozadi: “Bizning baxtimizga qarshi boy berilgan madaniyatimiz, tamaddunimizni ortga qaytarish uchun bittagina harakatni amalga oshirsak, bizning ulamolarimiz o‘sha zahoti: “Sen kofir bo‘lding”, deyishadi va bizga xalaqit bera boshlashadi”. 

Jadidlarni, ayniqsa, bu johillik tibbiyot sohasida paydo bo‘lgani tashvishga solgan. Ko‘plab musulmonlar ruhoniylardan qo‘rqib, rus shifokorlarga murojaat qila olmagan. 

O‘z milliy tarixi, madaniyatiga, dunyoda eng katta boylik bo‘lgan intellektual va ma’naviy salohiyatga chuqur hurmat bilan yondashish, uni asrabavaylash va boyitish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash har bir davlat va jamiyatning taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ushbu muzey yurtimiz o‘tmishi, xalqimiz madaniyati va turmush tarzi, ilm-fani va san’ati rivojiga daxldor qimmatli ma’lumotlarni o‘zida jamlagan, ularni o‘rganishga qaratilgan fundamental tadqiqotlarni amalga oshiradigan yirik ilmiy-madaniy o‘choqlardan biriga aylanishiga ishonamiz. 

Zero, konferensiyada ishtirok etgan olim va tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, milliy tariximizning yangi siymosi, ya’ni Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi jadid bobolarimiz ta’riflagan “burung‘i tarix” chizgilaridan butunlay farqlanishi, asrlar qa’rida chang bosib yotgan ko‘plab haqiqatlarni o‘zida aks ettirishi muhimdir.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 23-fevral, 37-son

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry