14.02.2023
227

Saodat sari…

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Insonning nafaqat tani, balki ruhi ham davoga muhtoj. Sababi, sog‘lom badanda harakatga kelgan nuqsonli ruh pirovardida, jamiki hujayralarni zararlaydi. Xo‘sh, ruhdagi xastalik alomatlari qanday namoyon bo‘ladi? Bu birinchi navbatda, Yaratganga ishonmaslik, kibr-u havo, mutaassibona qarash, o‘zlikdan yiroqlashish, sabrsizlik, yolg‘on so‘zlash, hasad, ig‘vo, g‘iybat va hokazo kabi illatlar vositasida voqelikka ko‘chadi.

Odamzod bu dunyoga kelar ekan tinch va xotirjam hayot kechirishga intiladi. Shirin turmush kechirish esa eng avvalo, odamning aqliga, xatti-harakatiga, muomalasiga bog‘liq. Shuning uchun ham farzand dunyoga kelar ekan, ota-ona chaqaloqqa yaxshi tarbiya berishga intiladi. Katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan odamlar nasihatlari turli qiyinchiliklarni yengib o‘tishda asqatadi. Mayoshixlar, qari bilganini pari bilmas, deya bejiz aytishmagan.

Inson fazilatlari orasida eng afzali – ota-onaga nisbatan mehr-muhabbat, hurmat-ehtirom, sadoqat tuyg‘usi hisoblanadi. Kimki ota-onasiga muhabbatli bo‘lsa, uning ko‘ngli tozaligiga ishonmoq mumkin. Boisi, muhabbat chechaklari musaffo joydagina qulf urib o‘sadi.

Ota-onaga shirin muomala qilish, ular bilan kengashish, pand-nasihatiga quloq tutish amallari baxt eshiklariga kalit bo‘lib tushishiga shak-shubha yo‘q.

Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafat-ul qulub” kitobida onaga, otaga yaxshilik ko‘rsatish borasida shunday deyiladi:

Payg‘ambarimiz huzuriga bir odam keldi va dediki:

– Ey Allohning Rasuli, hijrat va jihod uchun sizdan ruxsat olgani keldim. Alloh yo‘lida savob ishlar qilmoqchiman.

Bu gaplarni eshitgan Allohning Rasuli so‘radilar: 

– Onang, otang hayotmilar? 

– Ha, ikkisi ham hayot.

Rasululloh:

– Allohdan ajr olmoqchimisan? 

– Ha! 

Rasululloh:

– Bor, ota-onangning oldiga, ularning ko‘nglini ol!

Rasuli akram (s.a.v.) Alloh nazdidagi sevimli amal sifatida onaga va otaga yaxshilik ko‘rsatish ekanini ta’kidlaydilar. Buning mazmuni shundaki, ota-ona farzandning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan insonlardir. Binobarin, ota-onaga yaxshilik qilish ibodat maqomiga mansub. Agarda kishi ota-onasining hurmat-ehtiromini joyiga qo‘ysa, u benihoya savobga ega bo‘ladi. Uning bilib-bilmay qilgan gunohlari kechiriladi.

Alloh bandalarini sinash uchun ularga hoyu-havas tuyg‘ularini in’om etib qo‘yibdi. Hoy-u havasga haddan tashqari berilgan insonlar hech qachon baxtga erisha olmaydilar. Erishgan taqdirlarida ham ularning baxti muvaqqat bo‘ladi. Sabr-qanoatli, nafsi o‘lik kishilar esa el orasida yuksak hurmat qozonadilar.

Odamzod bu dunyoga ikki marotaba kelmaydi: bir tug‘iladi, bir o‘ladi. Binobarin, inson rohat-farog‘atda yashab, o‘tmog‘i darkor. Inson halovati boshqalarga emas, faqat o‘ziga bog‘liq.

Jaholat – inson umrining kushandasi. Jahl kelganida aql qochadi, deb bejiz aytishmagan. Jahl esa nafsga bog‘liq harakat. Nafsning kuchayishi hayot gullarini so‘ldiradi. Albatta, nafsning bandaning o‘zi yo‘q. Biroq nafs me’yoridan oshmasligi zarur.

Odamni yo‘ldan chiqaradigan narsa nafs hisoblanadi. Nafsiga qul bo‘lgan odamlarning boshi tashvish-u g‘amdan chiqmaydi. Zotan, insonning sog‘ yurishi uchun ko‘p narsa kerak emas. Haddan tashqari ko‘p taom yeyish, ko‘p uxlash, ko‘p gapirish, shohona hashamatga o‘chlik hislari odamzod qiyofasiga ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Uning ruhiyatida kibr-havo illatlari paydo bo‘ladi va u el nazariga tushmaydi. Tarixdan misollar keltirsak, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Mansur Halloj singari ne-ne ulug‘ zotlar mol-u dunyoni ko‘zga ilmasdan buyuklik maqomiga ko‘tarilganlar.

Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafat-ul qulub” kitobida hoy-u havasning nihoyasiz ekani to‘g‘risida shunday deyiladi:

Payg‘ambarimiz buyuradilarki:

– Ey ummatim, siz uchun qo‘rqqanlarimning eng qo‘rqinchlisi ikki narsadir:

1. Hoy-u havas.

2. Havoyi nafsga berilmoq.

Hoy-u havas oxiratni unuttiradi. Havoyi nafsga berilish esa kishini to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi.

Abu ad-Dardo:

Ey insonlar, uyalmaysizmi? Bino qurasiz-da, ichida o‘tira qolmaysiz. Yana orzu-havaslar bilan mashg‘ul bo‘lasiz, oxiriga  yetolmaysiz. Dunyo molini to‘playsiz-da, qanoat qilib yeya qolmaysiz. Sizdan oldingi qavmlar sizdan ziyodaroq dunyolik to‘plagandilar va sizday hoyu-havaslar bilan ovora bo‘lgandilar. Lekin, shunday kun keldiki, dabdabali binolari mozorlikka aylandi; orzu-havaslari ularni aldadi; to‘plagan dunyoliklari maxv bo‘ldi. 

Alloh har bir narsani o‘lchovli qilib yaratgan. Odamzodning umri unchalik uzun emas. O‘sha umrni hoy-u havas shamollariga sovurgan kishi oqibatda afsus-nadomat chekadi. Nafs bandani shunday girdobda chilparchin qilib o‘ynatadiki, bundaylarning holiga voy.

Gunohlar g‘aflatni, g‘aflat qalbning “qattiq” bo‘lishini, qalb “qattiqligi” Allohdan yiroq bo‘lishni, Alloh taolodan yiroq bo‘lish jahannamni lozim qiladi.

Insonning vujudi ruh bilan tirik. Uning  ma’naviy hayoti esa ilm bilandir. Ruhsiz jasad yo‘q bo‘lganidek, ilm bo‘lmasa qalb o‘ladi.

Iymoni sust bandada g‘aflat miqdori ko‘p bo‘ladi. Gʻaflat – Alloh go‘zalligidan bahra olmaslik, ya’ni ko‘ngil ko‘zlarining yopiqligidir. Agarda banda har bitta giyoh go‘zalligidan ma’no tuyganida edi, yuragi mislsiz shodliklarga g‘arq bo‘lur edi. Sa’diy Sheroziy shunday deydi:

به جهان خرم از آنم که جهان خرم از اوست  

عاشقم بر همه عالم که همه عالم از اوست

Ma’nosi: Butun jahondan (borliqdan) shodman, chunki jahon Undan shoddir, Butun olamga oshiqman, chunki butun olam Unikidir.

Bu yorug‘ dunyoning mazmuni ishq-muhabbatdan iborat. Agarda shu tuyg‘ular bo‘lmaganida edi dunyo tartiboti buzilgan bo‘lur edi. Quyoshning tortish kuchi bois, sayyoralar muntazam ravishda uning tegrasida aylanadi. Binobarin, dunyodagi qonuniyat parvonalik xususiyati bilan izohlanadi. Ammo chin sevgi bilan qalbaki sevgining farqiga bormoq kerak.

Abu Homid Gʻazzoliy qalamiga mansub “Mukoshafat-ul qulub” kitobida ishq to‘g‘risida shunday deyiladi.

SEVGI – bu, inson tabiatining zavqlantiruvchi huzurbaxsh lazzatga mayl etishidir. Sevgining oliy darajasi ISHQ deyiladi. Oshiqlar o‘z ma’shuqalarining visoliga yetishmoq uchun hech nimalarini, hattoki jonlarini ham ayamagaylar. Hazrat Yusufni sevib, tillarda doston bo‘lgan Zulayho buning yorqin misolidir. Bebaho zebigardonlarini Hazrat Yusufga bo‘lgan ishqi yo‘lida sarf etadi. Kimda-kim, “Men bugun Yusufni ko‘rdim!” – desa, unga qimmatli marjonlardan birini berardi.

Yana Laylo ila Majnun hikoyasi ham mashhurdir.

Majnundan so‘rabdilar:

– Isming nima?

– Laylo!

– Laylo o‘lmadimi?

– Yo‘q. Laylo mening qalbimda, o‘lmadi. Men Layloman.

Mansur Hallojni o‘n sakkiz kun hibs etadilar. Bir kun Imom Shibliy uning yoniga kelib so‘raydi:

– Ey Mansur, sevgi-muhabbat nima?

– Bugun so‘rama, ertaga so‘ra.

Ertasi kun bo‘ldi, Hallojni qatl etgani zindondan chiqarib, maydonga keltirdilar. Mansur ayni shu onda yetib kelgan Shibliyga shunday sado beradi:

– Ey Shibliy, sevgi-muhabbatni boshi yonmoq, oyog‘i qatl bo‘linmoqdir!

Mansurdan so‘rmishlarki:

– Sen kimsan?

Javob bermish:

– Men HAQman!

Ana shu so‘zi uchun u qatl etilgandi. Masalaning izohi esa mana bunday:

Mansur shunday bir martabaga yuksalgandiki, uning nazarida Allohdan boshqa har qanday mavjudot foniy, yo‘q bo‘lishga mahkum va botil edi. Haqiqiy borliq yolg‘iz Alloh – Haq edi. Mana shu darajadagi yuksak bir martabaga chiqa olgan Halloj, yolg‘iz Allohning bir ismi bo‘lgan “HAQ” (MAVJUD) kalimasini bilar, o‘z ismini ham xotirlamas edi. Shuning o‘ziga aytilgan “Sen kimsan?” so‘rog‘iga “Anal HAQ”, ya’ni “Men HAQman!” javobini bergandi.

Ishq-muhabbat ikki turli bo‘ladi. Bu bandaning Yaratganga muhabbati bo‘lib, ilohiy ishq hisoblanadi. Ilohiy ishq bois banda poklanadi, maqomga yetadi.

Ikkinchisi – bandaning bandaga muhabbati. Bu muhabbat odamni yashashga, hayot zavqini surishga qiziqtiradi. Xulosa qilib aytganda, bu ikki tur muhabbat ham bitta maqsad tegrasida tutashadi. U ham bo‘lsa odam bo‘lib tug‘ilgandan qanoat hosil qilish hissiyotidir.

Muhabbat tuyg‘usi – beg‘ubor tuyg‘u. Bu borada yengil fikrlamaslik lozim. Afsuski, ba’zi yigit-qizlar muhabbat deb o‘ylab, sarobga yuz tutadilar. Mayda-chuyda havaslar girdobida qolib, yo‘ldan adashadilar. Shunda hayot ularning ko‘zi o‘nggida chiroyini yo‘qotadi. Chin ishq inson ko‘nglida ildiz otsa uni farishta maqomiga chiqaradi. Mavlono Rumiy aytadiki:

ای دوست ای دوست ای دوست ای دوست

جور تو از آنکشم که روی تو نکوست

مردم گویند بهشت خواهی یا دوست

ای بیخبران بهشت با دوست نکوست

Ma’nosi: Ey do‘st, iztirobim (firoq azobim) shundanki, Sen yaxshisan (mukammalsan), Odamlar so‘raydi, do‘st xohlaysanmi yo jannatnimi? Ey xabarsizlar Jannat ham do‘st bilan yaxshidir (mukkamaldir).

Zotan Rumiyning do‘stini juda keng ma’noda tushunish mumkin.  U jannatni do‘stisiz xohlamaydi. Uning fikricha jannatni xohlash ham bir nafs, unga do‘stining diydori har narsadan muhim, o‘zligini anglagan, aslini tanigan odamga, Alloh huzuridan boshqa yuksakroq makon va holat yo‘q! 

Xulosa qilib aytganda inson ikki dunyo saodatiga yetishishi uchun dinimizni go‘zal amallarini bajo keltirishi, yomon narsalardan parhez qilinishi, badani va ruhini tarbiyalashi, toza tutishi, ilm va ma’rifat ketidan bo‘lishligi, atrofdagilarga bag‘rikenglik bilan yondoshishi, eng muhimi qalbida borliqdagi jonli va jonsiz narsalarga muhabbat ko‘zi bilan qarashligi lozim hamda xalqiga va odamlarga beminnat xizmat qilishi kerak.

Nargiza SHOALIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry