03.07.2021
651

Dunyoviylik — dinsizlik emas

Bugungi kunda turli mutaassib kuchlar tomonidan diniylik va dunyoviylik nisbati buzib talqin qilinib, davlatga oid dunyoviy ishlardan dinni ajratish axloqsiz jamiyat qurishga olib kelishi haqidagi noxolis da’volar tobora ko‘proq yangramoqda.

Musulmonlarning dunyoviy davlatda yashashi ilmiy isbot talab qilmaydi. Nafaqat Gʻarbiy Yevropa, Amerika yoki Avstraliyadagi aholining ozchiligini tashkil qiluvchi musulmonlar, aholisining mutlaq ko‘pchiligi musulmonlardan iborat Turkiya, O‘zbekiston tajribasi ham shundan dalolat beradi. Vijdon erkinligi xalqaro miqyosda barcha demokratik tizimlarda kafolatlangan va inson huquqlariga oid xalqaro deklaratsiyada belgilab qo‘yilgan muhim huquq hisoblanadi. Demokratik nazariya, bir tomondan, dinni undan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlardan saqlaydi, boshqa tomondan esa, uni mutaassiblik va jaholatda ayblashlardan himoya qiladi.

Dunyoviylik tushunchasini diniylik bilan mutlaq qarama­qarshi qo‘yish to‘g‘ri emas. Ular dunyo va inson hayotining mohiyatiga turlicha qarash usullaridir. Dunyoviylik tushunchasida diniy tashkilotlarni siyosiy tashkilotlardan ajratish va diniylikni barcha uchun asos qilib olmaslik tamoyili turadi. Dindorlik esa, qalbga bog‘liq hissiyot. Uni barchaga majburiy singdirish hech qaysi diniy tamoyilga to‘g‘ri kelmaydi. Dunyoviy taraqqiyot yo‘lini tutgan davlatlarda garchi din davlatdan ajratilgan bo‘lsa­da, jamiyatdan ajralmagan. Bugungi kun voqeligi shuni ko‘rsatyaptiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar muvozanati buzilgan jamiyatlarda ijtimoiy taraqqiyot masalasida jiddiy muammolar kelib chiqmoqda.

Islom dinida dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmaydi. Islom dinining muqaddas manbalari — Qur’oni karim va Sunnada ham dunyoviylik tamoyillari asosini ko‘rishimiz mumkin. Qur’oni karimdagi “Dinda (dinga) zo‘rlash yo‘q” (Baqara, 256) oyatida dunyoviylikning eng muhim asoslaridan biri mujassam bo‘lgan. Unga ko‘ra, diniy hayot tarzini majburlab singdirish mumkin emas. Ushbu oyatning so‘nggi nozil bo‘lgan oyatlardan ekani ham alohida e’tiborga molik.

Diniylik va dunyoviylik haqida so‘z borganda, davlatchilik mavzusini ham nazardan chetda qoldirish mumkin emas. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Madinaga ko‘chib o‘tganlarida tuzilgan tarixiy hujjat — Madina sahifasida (zamonaviy tilda Madina konstitutsiyasi) dunyoviy davlatchilikning muhim jihatlarini ko‘rish mumkin. Ushbu sahifa Madinadagi turli ijtimoiy guruhlarning o‘zaro tinch­totuv yashashini ta’minlashga qaratilgan edi. Sahifada eski urf­odat va an’analar e’tirof etildi, barcha toifalarning dini, kelib chiqishidan qat’i nazar, tengligi ko‘rsatib o‘tildi, ichki va tashqi xavfsizlik hamda hamkorlik masalalari qayd etildi. Shu bilan birga, siyosiy tashkilotning tamomila yangi ko‘rinishdagi tamoyillari ishlab chiqildi: tashqi dushmanga qarshi birdamlikda harakatlanish va jamoaning (shahar aholisining) barcha vakillarini birdek himoya qilish, har qanday jinoyatchini yakkalab qo‘yish, ya’ni uning urug‘ va qabilasi himoyasidan ajratilishi tufayli qabilalararo nizolarga barham berilishi, barcha aholi yagona xalq (ummat) deb qaralishi va hokazo.

Sahifada fuqarolik, ya’ni bir davlatning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi bo‘lish imkoniyati ham yoritilgan edi. Ya’ni dini, qabilasi, urug‘idan qat’i nazar, bir davlat hokimiyati ostida fuqarolik ta’minlanishi, ularning barchasi o‘z dinini saqlagan holda bir jamiyatga birlashishi Sahifaning 1, 2, 25­35 va boshqa bandlarida qayd etildi. Mazkur hujjatda musulmonlar va boshqa din vakillari o‘rtasidagi munosabat fuqarolik tamoyili asosida barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Natijada turli diniy, siyosiy qarashlarga ega insonlarning bir davlat hokimiyati ostida teng huquqli bo‘lib yashashi Madina sahifasida kafolatlandi.

Islom dini ta’limotida davlat siyosiy tuzilmasining muayyan shakli ko‘rsatilmagan bo‘lib, faqatgina umumiy tamoyillar belgilangan. Ulamolar bu tamoyillar 4 ta ekanini aytadi: tenglik, erkinlik, adolat va mashvarat. Ushbu tamoyillar o‘rnatilsa, davlat qanday shaklga ega ekanidan qat’i nazar, u islom diniga muvofiq keladi. Davlat bosh qaruvi tizimi o‘z diniy qiyofasidan dunyoviylikka yuz tutishi 4 xalifa davrida namoyon bo‘la boshlagan edi. Ana shu davrning o‘zidayoq davlat axloqiy­diniy darchali dunyoviy tus kasb eta boshladi. Fors va rumliklardan o‘zlashtirilgan tajriba sifatida devonlar tuzildi, davlatda vazifalar taqsimoti amalga oshirildi. Bu devonlar, asosan, dunyoviy maqsadlar yuzasidan barpo etilgan edi: pochta, qo‘shin, muhrdorlik, ishchilar devonlari...

Bugungi kunda ayrim buzg‘unchi kuchlar tomonidan zamonaviy dunyoviy qonunchilik asosida hayot kechirish musulmonlar uchun maqbul emasligi haqida soxta da’volar tarqatilmoqda. Vaholanki, dunyoviy qonunlar haqida yetuk islom ulamolarining fikrlarini quyidagicha umumlashtirish mumkin: zamonaviy jamiyatlarning o‘z manfaatlarini ko‘zlab chiqargan qoidalari garchi shariatdan olin magan bo‘lsa­da, lekin shariatga zid kelmasa, ular ham shariatga muvofiq hisoblanaveradi. Inson tabiatiga xos bo‘lgan ayrim tamoyillar borki, ular faqat bir holatdagina o‘zgarishi mumkin, qachonki fitrat buzilsa. Erkinlik, adolat, tenglik, rahmdillik, zo‘ravonlikni yomon ko‘rish, zulmni rad etish zamon va makon o‘zgarishi bilan ham o‘zgarmay digan tamoyillardir. Mana shu tamoyillar asosida jamiyatda bir­biridan farqlanuvchi qonunlar ishlab chiqilgan. Har bir jamiyat muayyan bir davrda o‘zining sharoiti va imkoniga qarab yuqoridagi tamoyillarga zid kelmaydigan qonunlarni ishlab chiqishi mumkin. Ammo hozirgi kunda diniy davlat qurishni da’vo qilayotganlar dindagi o‘zgarmas tushunchalar va o‘zgaruvchan tushunchalarni farqlamay aralashtirib yuborishi oqibatida odamlar nazarida islom dini taraqqiyotni ortga tortuvchi, o‘tgan asrlarga qaytaruvchi qoloqlik dini sifatida gavdalanmoqda. Bu esa, islomning taraqqiyparvar mohiyatini tushunib yetmaslikdandir.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, islom dinida dunyoviylikka dinsizlik sifatida baho berilmagan. Dunyoviy ishlar shaxs va jamiyat manfaatini ko‘zlar ekan, ular din ta’limotlarida doim qo‘llab­quvvatlangan. Din dunyoviy ishlarning ma’naviy jihatlarini tartibga solib turgan. Umuman, demokratik tizimlarning konstitutsion normalarida davlat va din o‘rtasidagi munosabatlar masalasidagi ikki jihat yaqqol ajralib turadi. Birinchi navbatda, din jamiyatda insonparvarlik ruhiyatining shakllanishida yuksak ma’naviyat bulog‘i, beqiyos axloqiy tarbiya manbai, insonlarni halollik, poklik kabi fazilatlarga undovchi qadriyat sifatida e’tirof etiladi. Qolaversa, dindan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, dinni niqob qilib siyosatga aralashish, hokimiyatga intilish kabi holatlar man etiladi.

O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘li — dunyoviy demokratik yo‘l. Din axloqiy tarbiya sohasida muhim ahamiyatga ega. Xalqimiz diniy e’tiqodni chuqur hurmat qilgan holda, dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan ildam bormoqda. Shu o‘rinda siyosiy maqsadlar yo‘lida dindan niqob sifatida foydalanish, diniy davlat barpo etishga bo‘lgan har qanday ko‘rinishdagi harakat dunyoviy qadriyatlarga asoslangan konstitutsiyamiz va amaldagi qonunlarimizga zid ekanini ta’kidlab o‘tish lozim.

 

Ibrohim USMONOV,

O‘zbekiston xalqaro islom

akademiyasi prorektori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

3-iyul 135-son 5-bet. 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry