27.06.2021
605

MOVAROUNNAHR ILMIY MUHITIDA IMOM MOTURIDIYNING TUTGAN O‘RNI

Abdullatif
ALLOQULOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

 

Kirish

Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy qa­rashlarini o‘rganib, uni keng jamoatchilikka targ‘ib etish bugungi globallashuv sharoitida yuzaga kelgan ko‘plab aqidaparast oqimlarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi. Imom Moturidiy boshchiligidagi olimlar moturi­diylik ta’limotini rivojlantirish yo‘lida salmoqli xizmat qilganlar. Hozirda Imom Moturidiy va moturidiylik haqida ko‘plab kitob, maqola, magistrlik, doktorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zero, Imom Moturidiy hayotini atrof­licha o‘rganish, uning fiqh, aqida va tasavvuf fanlariga aloqador jihatlarini ochib berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir.
Abu Mansur Moturidiy hayoti va ijodiga oid manbalar Abul Yusur Pazdaviy (493/1100)ning “Usulud din” (Din asoslari), Abul Muin Nasafiy (508/1114)ning “Tabsiratul adilla” (Dalillarni yoritish), Ibn Fazlulloh Umariy (749/1348)ning “Masolikul absor fi mamalikil amsor” (), Abdulqodir ibn Abul Vafo Qurashiy (775/1373)ning “al-Javharatul muziya fi tabaqotil hanafiya”, Ibn Qutlubg‘o (879/1474)ning “Tojut tarojim”, Muhammad Murtazo Zabidiy (1205/1791)ning “Ithofus sodatil muttaqin bi sharhi ihyoi ulumid din” va Muhammad Abdulhay Laknaviy (1304/1887)ning “al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya” asarlarida uchraydi. Shuningdek, zamonaviy tadqiqotchilardan Abdulmalik Sa’diy, Shovosil Ziyodov, Saidmuxtor Oqilov, Sunmaz Kutlu, Hamza Bakriy, Ahmad Sa’d Damanhuriy, Bilqosim Gʻoliy kabi mutaxassislar mavzu doirasida risola va ilmiy ishlar nashr qilganlar. Imom Moturidiyning to‘liq ismi manbalarda Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud [15:5] Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (333/944) deb qayd qilingan [20:61-62]. Aksariyat manbalarda olimga quyidagi laqab va unvonlar berilgani kuzatiladi: “Dinning atoqli shaxslaridan biri, musulmonlarning shayxi, imom, sunnatning qilichi, adashgan va bid’atchi toifalarni tag-tomiri bilan qo‘parib tashlovchi, islom shayxi, zohid, hidoyat imomi, hidoyat bayrog‘i imomi, hidoyat va din imomi, millat tayanchi, ummatni hidoyatga yo‘llovchi, Samarqand shayxlarining raisi, hanafiy shayxlari raisi, mutakallimlar imomi, musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchisi, ahli sunna val jamoa raisi, sunnat nusratchisi, shariatni jonlantiruvchisi, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlovchisi” [20:61; 14:157; 20:60-61; 3:553; 4:3; 10:69; 15:5; 9:143; 16:93; 7:14; 17:2]. Bular orasida Imom Moturidiyning “hidoyat imomi” va “hidoyat bayrog‘i” degan laqablari eng mashhuri hisoblanadi.
Imom Moturidiyning tavalludiga doir ma’lmotlar tabaqot va tarojim yo‘nalishidagi biror manbada ko‘rsatilmagan. Lekin, olimning ustoz va yaqinlarining vafot etgan sanasiga qarab, uni taxminiy tavallud yilini belgilash mumkin. Jumladan, uning shayxlari Muqotil Roziy (vaf. 248/862), Nusayr ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/882) va Muhammad ibn Aslam Azdiy (vaf. 268/882)larning vafotiga qarab taxminiy tarzda Imom Moturidiy 230/845 yoki 240/854 yillar atrofida tavallud topgan, deyish o‘rinli bo‘ladi. U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) Movarounnahrda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli guruh va firqalar ko‘payib, ularning aksariyati imon-e’tiqod masalalari bo‘yicha bahsu munozaralar tufayli vujudga kelgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda alloma Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va ularning noto‘g‘ri fikrlariga asosli raddiyalar berdi. U hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifaning (699–767) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqaldi va sunniylikdagi ikki yirik maktabning biri (boshqasi – ash’ariya) sifatida tanildi.
Imom Moturidiyning oilasi, qarindoshlari va farzandlari haqida biror manbada ma’lumotlar uchramaydi. Shuningdek, olimga nisbatan “Abu Mansur” deyilishi ham uning “Mansur” ismli o‘g‘li bo‘lganini ham ifodalamaydi. Chunki, olimning o‘zi “Ta’vilotul Qur’on”ning “Masad” surasida: “O‘g‘il ko‘rsam ismini Mansur qo‘yaman” degan. Shundan kelib chiqib, olim o‘zini “Abu Mansur” deb kunyalagan bo‘lishi mumkin. Zero, Imom Moturidiy “Masad” surasini tolibi ilmlarga sharhlayotganda 60 yosh atrofida bo‘lgan.
Sam’oniy o‘zining “al-Ansob” asarida Imom Moturidiyning qizi borligini ta’kidlab, u Abulhasan Ali bin Hasanning onasi bo‘lganini ta’kidlagan [2:115]. Bu ma’lumotni Abdulqodir Qurashiyning “al-Javharatul muziya fi tabaqotil hanafiya” asarida kelgan quyidagi ma’lumot ham qo‘llab-quvvatlaydi: “Qozi Abul Hasan shayx Abu Mansur Moturidiyning nabirasi bo‘lib, u birinchi ta’limni ona tomonidan bobosidan olgan”[3:553]. Imom Moturidiy aqida sohasida Abu Hanifaning tom ma’nodagi izdoshi hisoblanadi. Jumladan, “Ishoratul marom” asarining sohibi Bayoziy [13:23], Muhammad Zohid Kavsariy [13:6-7] va Muhammad Abu Zahralar [18:164] ayni bu ma’noni ta’kidlaganlar. Jumladan, Abu Zahra “Tarixul mazahibil islamiya” asarida shunday degan: “Abu Hanifadan naql qilingan rivoyatlar bilan Abu Mansur Moturidiy qaror qilgan aqidaviy mavzularni o‘zaro bir-biriga taqqoslab ko‘rilsa, har ikkisining ildizi bir manbaga borib taqalishi ayon bo‘ladi. Shuning uchun Abu Hanifaning aqidaviy qarashlari qonun-qoidalar majmuasi bo‘lib, Imom Moturidiyning maktabi shu asosda shakllangan, deyiladi. Iroq va unga yaqin hududlardagi ulamolar furu’l fiqh masalasida Abu Hanifaga ergashgan bo‘lsalar, aqidaviy masalada ash’ariylarga tayanganlar. Lekin, movarounnahrlik olimlar furu’l fiqh hamda aqida ilmida Abu Hanifaning maslagini tutganlar” [18: 156-166]. Jumladan, olim o‘zining “Ta’vilotul Qur’on” asarida adashgan firqalarning so‘zlarini keltirib, ularni tahlil qilgani va raddiya bergani kuzatiladi. Muallif o‘z tafsirida zamonasidagi moʻtaziliylik, xorijiylik, karromiylik, jabariylik kabi oqimlarni zikr etib, ularga munosib tarzda aqliy raddiyalar bergan. Jumladan, mu’taziliylardan bo‘lgan Ja’far ibn Harb va Abu Bakr Asomlarning “Mulk” surasidagi “(Axir) yaratgan zot (O‘zi yaratgan narsalarini) bilmaydimi?!” (14-) oyatidagi “man” – “kim” so‘zidan Alloh taolo emas, maxluqotlar tushuniladi”, degan qarashlariga aqliy dalillar orqali raddiyalar bergan. Jumladan, Ja’far ibn Harb, Abu Bakr Asomlar bandalarning kasbiy fe’llari yaratilmagan degan g‘oyani o‘rtaga tashlashga urinishsa, Imom Moturidiy ularga qarshi ahli sunna val jamoa ta’limotini qo‘llab-quvvatlab bandalarning fe’lini ham maxluq-
ligini isbotlagan. Bayoziy “Ishoratul marom” asarida qayd qilishicha, Imom Moturidiy Abu Hanifaning “al-Absat”, “ar-Risola”, “al-Olim val muta’allim”, “al-Vasiya” va “al-Fiqhul akbar” kitoblarini o‘zining Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq Juzjoniy va Abu Nasr Ahmad ibn Iyodiylardan qabul qilib olgan[13:23].
“Ta’vilotul Qur’on” asarida fiqhiy mavzular o‘rtaga tashlanib, uning yechimini tavsiya qilish Imom Moturidiyning faqihligini isbotlaydi. Jumladan, Payg‘ambarimizning “Meros qoldirmaymiz va biz qoldirgan narsalar sadaqadir” [1:354] hadisi ostida faqihlarning qarashlarini keltirib tahlil qiladi va mavzu yuzasidan o‘zining qarashini taqdim qila oladi.
U “Ta’vilotul Qur’on” asarining ko‘plab o‘rinlarda Abu Hanifa, Muhammad ibn Hasan, Abu Yusuf kabi olimlarning so‘zlaridan foydalangan. Ba’zi o‘rinlarda hanafiylik mazhabi imomlaridan birortasini aynan keltirmay “ashoblarimiz” degan atamani qo‘llagan [1:28] . Abul Muin Nasafiy (vaf. 508/1114) Imom Moturidiyning Abu Hanifa bilan o‘rtasidagi aloqani tavsiflab shunday degan: “Shayx Abu Mansur Abu Hanifaning etagini usul va furu’da mahkam tutgan” [5:13].
Manbalarda Imom Moturidiyni “zohid, Rabboniy olim” deb vasf etilishi, tasavvufda uni yuqori martabalarga chiqqanini anglatadi. Jumladan, olim o‘zining “Ta’vilotul Qur’on” asarining “Qasos surasi, 614-615-”, “Ahzob surasi, 113-”, “Hadid surasi, 49-50-”, “Inson surasi, 352-”, “Nazi’at surasi 378-” va “Moida surasi, 61-” oyatlarida ilohiy muhabbat, zuhd, taqvo, oxiratni dunyodan ustun qo‘yish kabi tasavvufning nozik qirralari haqida so‘z yuritgan. Mazkur oyatlarning tafsirida kelgan ma’lumotlar Imom Moturidiyni tasavvuf peshvosi sifatida baholash imkonini beradi. Xususan, u Ahzob surasining 113-oyati sharhida zuhdni ikki qismga taqsimlab, shunday izohlaydi: Imom Moturidiy o‘zining “Ta’vilot al-Qur’on” asarida: “Yer yuzi nabiy yoki valiydan xoli bo‘lmaydi” degan [1:158]. Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100) o‘zining “Usulud din” asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni qayd qilgan: “U karomat sohibi va ahli sunna val jamoaning raislaridan bo‘lgan. Bobom Zohid Abdulkarim ibn Musodan naql qilinishicha, Moturidiyning ko‘plab karomlatlari bo‘lgan” [7:14]. Alisher Navoiy o‘zining “Nasoimul muhabba” asarida ham Imom Moturidiyning karomatini zikr qilib, u kishi haqida shunday degan: “Shayx Abu Mansur Moturidiy o‘z zamonining a’lam ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni “Sulton al-muizzin” der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila
orosta ermishlar”.
U Samarqanddagi “al-Iyodiya” madrasasida o‘qib, mahalliy hanafiy faqihlarga shogird tushib, ulardan ta’lim oldi. Abul Muin Nasafiy, Bayoziy va Zabidiylar Imom Moturidiyning ustozlari safiga Muhammad ibn Muqotil Roziy (vaf. 248/862 y.), Nusayr ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/882), Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq ibn Subayh Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy (vaf. 275/889 y.)larni kiritgan [9:358; 16:5].
Imom Moturidiyning shogirdlari o‘z davrining yetuk olimi, faqihi va kalom ilmi mutaxassislari bo‘lgan. Jumladan, Abul Qosim Hakim Samarqandiy (342/953) Imom Moturidiydan fiqh ilmini, Abu Bakr Varroq va balxlik mashhur shayxlardan esa tasavvuf ilmini o‘rgangan. Hakim Samarqandiy Abdulloh ibn Sahl Zohid, Amr ibn Osim Marvaziylardan hadis rivoyat qilgan. Abul Muin Nasafiy uni quyidagicha ta’riflagan: “U ummat rozi bo‘lgan va ular orasida maqtalgan kishi edi. Uning yuksakligi va ulug‘ligi qalblarga o‘rnashgan edi. Kalom, fiqh, Qur’on ta’vili, ma’rifat va muomalot ilmlarini mukammal bilgan va mazkur ilmlarda yuksak cho‘qqilarni zabt qilgan olim edi”. Abul Qosim Samarqandiyning bizgacha “as-Savodul a’zam” nomli asari yetib kelgan. Bu asarga Ibrohim Hilmiy ibn Husayn degan olim “Salomul ahkom ala savodil a’zam” nomli sharh yozgan. Bu kitob Istanbulda 1896 yili nashr etilgan.
Imom Moturidiyning shogirdlaridan yana biri Abul Hasan Rustufag‘niy (vaf. 350/961)dir. Abu Hafs Nasafiy o‘zining “al-Qand fi zikri ulamai Samarqand” asarida olim nisbasini “Rustufag‘niy tarzida qayd qilgan”. Aksariyat zamonaviy tadqiqotchilar uni Rustug‘faniy shaklida zikr qilganlar. Olimning “Irshodul muhtadiy”, “Kitobuz zavoid”, “al-Xilof”, “al-Fatavo” nomli asarlari bor. Faxrul islom Pazdaviyning bobosi Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy (390/1000) ham Imom Moturidiyning yetuk shogirdlaridan bo‘lgan. U “Durru aqoid ahli sunna val jamoa” asarining muallifi hisoblanadi.
Manbalarda ko‘rsatilishicha, Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” (Tavhid kitobi), “Kitob al-Maqolot” (Moqolot kitobi), “Ma’xaz ash-sharoi’” (Shariatlar manbai), “Kitob al-jadal” (Munozara kitobi), “Ta’vilot al-Qur’on” (Qur’on ta’vili), “Kitobu bayoni vahmil mu’tazila” (Mu’taziliylarning xom-hayolini bayon etuvchi kitob), “Radd al-usul al-xamsa” (Besh asosga raddiya), “Kitobu raddi avaail al-adilla li-l-Ka’biy” (Ka’biyning asosiy dalillariga raddiya kitobi), “Raddu kitob al-Ka’biy fi va’id al-fussoq” (Ka’biyning fosiqlarning va’idiga bag‘ishlangan kitobiga javob) kabi asarlari mavjud [6:Ib]. Lekin sanab o‘tilgan bu kitoblar haqida to‘liq bir tasavvur yo‘qligi tadqiqotchilarga qiyinchilik tug‘diradi. Chunki ilk o‘rta asr mutakallimlarining ko‘pgina ilmiy merosi kabi Moturidiy asarlarining aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Uning ilmiy merosidan faqat “Kitob at-Tavhid” va “Ta’vilot al-Qur’on”lar saqlanib qolgan. Mutakallimning eng muhim asarlaridan biri “Kitobut tavhid” bo‘lib, uning asl nusxasi hozirda Kembridj universiteti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. U 206 varaq, satrlar soni 21 qatordan iborat. Ko‘chiruvchi sifatida Amin Hanafiy Shofi’iy ko‘rsatilgan. Asar 15 sha’bon 1150/31 dekabr 1735 yil ko‘chirilgan. 1970 yili misrlik olim Fathulloh Xulayf uzoq yillar davom etgan izlanishlari natijasida Bayrutning “Dorul mashriq” nashriyotida “Kitob at-Tavhid”ning nashrini amalga oshirgan. Nashrda bir talay kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganiga qaramay, u o‘zidan keyingi tadqiqotlar uchun manba sifatida xizmat qiladi. Shundan so‘ng “Kitobut tavhid” yana bir necha marotaba nashr etildi. Hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy “Kitob at-Tavhid”ning ikki yo‘nalishda tadqiqotini amalga oshirmoqda: birinchisi, hozirgi kungacha tahqiq etilib, nashr etilgan “Kitobut tavhid” nashrlarida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar tuzatilgan va mavzularga bo‘lingan, iqtibos qismida murakkab so‘z hamda iboralar soddalashtirilgan shakli; ikkinchisi, kitobning iboralari ustida tadqiqot olib borib, unda ishlatilgan atama va iboralarni yengillashtirib asarning “Tashili”ni yaratish.
Abu Mansur Moturidiyga ustozi Abu Nasr Iyodiyning ta’siri katta bo‘lgan. U olimdan an’anaviy islom mezonlarini o‘rganish bilangina cheklanib qolmay, uni mukammal tarzda o‘zlashtirib, izchil tahlil qilishni ham o‘rgangan. Moturidiy vafotidan so‘ng Samarqand chekkasida joylashgan Chokardiza qabristoniga dafn etiladi. O‘sha davrdagi taomulga ko‘ra bu qabristonga shahar ahli orasida e’tiborga molik taniqli olimlar, ulamolar dafn etilardi. Moturidiyning ko‘plab safdoshlari va shogirdlari ham shu joyga dafn etilganlar. Binobarin, o‘rta asrlarda faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab olimu ulamolar hayotini o‘rganish uchun bu qabriston va u bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar muayyan ahamiyat kasb
etishi shubhasizdir. XX asr boshlarida akademik V.V.Bartold Samarqand safari paytida Chokardiza qabristonida bo‘lgani va u joyda Moturidiy maqbarasini ko‘rgani haqida ma’lumotlar beradi [11:392]. Bundan keyingi manbalarda Moturidiy maqbarasi xususida boshqa ma’lumotlar deyarli uchramaydi . Bir necha asrlar davomida taniqli faqihlar, shayxlar, ulamolar dafn etilgan ushbu qabriston sho‘ro davrida aholi yashaydigan mahallaga aylantirilgani ham sobiq tuzumning mafkuraviy siyosatidan bir ko‘rinish deyish mumkin. Natijada bir qancha qabrtosh va qayroqlar yo‘qolib ketgan. Moturidiy maqbarasini tiklash jarayonida ko‘plab faqih va ulamolarning qabrtoshlari topildi. Ularning aksariyati qoraxoniylar davriga oid bo‘lib, ko‘plab yangi ma’lumotlar berishi tabiiy. Mazkur qabrtoshlar islomshunos B.Bobojonov tomonidan o‘rganilgan. Chokardiza qabristonidan topilgan ba’zi epigrafik yodgorliklarini o‘rganish X asr ulamolari qabrtoshlaridan (qayroq) bir qismi bizgacha yetib kelganligini ko‘rsatadi. Ular orasida Abul Hasan Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiylar kabi moturidiylik ta’limoti yetakchilarining ismlari mavjud [12:407].
2000 yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Moturidiy tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanalar arafasida Samarqandda Chokardiza qabristoni o‘rnida 3,5 gektarlik majmua barpo etildi. Majmua markazida Abu Mansur Moturidiy maqbarasi qad ko‘tardi.
Abu Mansur Moturidiy o‘z ta’limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabining rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Ilohiyot ilmlarining to‘la shakllanib, takomilga yetishida ularni qayta ishlab chiqib, ma’lum tizimga solishda katta bir ishni amalga oshirdi. Buyuk alloma o‘z qarashlari bilan hanafiylik ta’limotining O‘rta Osiyo xalqlari an’analari va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib berdi. Buyuk vatandoshimiz yaratgan ta’limot islom dinining buyuk aqidaviy maktablaridan biri sifatida keng ko‘lamda tan olindi. Sunniylikning hanafiylik mazhabiga e’tiqod qiluvchilarning barchasi aqida bobida Imom Moturidiy va uning shogirdlari hamda izdoshlari yozib qoldirgan qimmatli asarlarga tayanib ish ko‘radilar. Eng e’tiborlisi, islom olamining aksariyat mintaqalarida, Suriya, Iroq, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Shimoliy Afrikada moturidiylik ta’limoti hozir ham o‘rta va oliy diniy o‘quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o‘qitib kelinadi. Yevropa va Turkiya olimlari tomonidan kalom ilmi tarixiga oid ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo hududida ushbu soha bo‘yicha hali yetarli ishlar amalga oshirilgani yo‘q edi. 2000 yil Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi O‘zbekistonda keng nishonlanishi ushbu sohada o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning faoliyati rivojiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan 2000 yilda olmon sharqshunosi Ulrix Rudolfning Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqoti rus va o‘zbek tiliga tarjima qilingani unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Va nihoyat 2020 yil 11 avgustda yurtboshimiz tomonidan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada chuqurroq o‘rganish, Imom Moturidiyning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, moturidiylik ta’limotini xalqaro miqyosda targ‘ib-tashviq qilish imkoniyatini berdi. O‘tgan yillar ichida kalom ilmi tarixi, xususan, moturidiya ta’limotiga bag‘ishlab O‘zbekistonda Sh.Ziyodov, S.Oqilov, H.Sagdiyev, I.Daminov, A.Alloqulov va O‘.Polvonovlar tomonidan dissertasiyalar himoya qilindi. 

Xulosa
Bugungi kunda moturidiylik ta’limotini izchil o‘rganish, manbalarini atroflicha tahlil qilish xorijiy va mahalliy mutaxassislar oldida turgan ulkan vazifalardan biridir. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan olimning “Ta’vilotul Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi yurtimizda moturidiylik ta’limoti borasidagi tadqiqotlarning yanada jonlanishi va rivojlanishi garovi sifatida baxolash mumkin. 2020 yil 3 mart kuni Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” nomli konferensiyaning o‘tkazilishi fikrimizning yorqin isbotidir.

ADABIYoTLAR RO‘YXATI:
1. Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot al-Qur’on. – J. XVI. – Istanbul: Dorul mizon, 2006.
2. Abdulkarim Sam’oniy. Al-Ansob // Abdurrahmon ibn Mu’allimiy. – J. V. – Haydarobod: Doiratul ma’orifil Usmoniya. 13 jildli, 1382/1962.
3. Abdulqodir Qurashiy. Al-Javohir al-muziyya fi tabaqot al-hanafiya // Abdulfattoh Muhammad Hulv tahriri ostida. – J. II. – Qohira: Hijr, 1993.
4. Abdullatif Hasan Abdurrahmon. Al-Fatavo al-hindiya. – J. 3. 2000.
5. Abul Muin Nasafiy. At-Tamhid li qavoidit tavhid // Jaybulloh Hasan tahqiqi. – Dorut tiboatil Muhammadiya, 1986.
6. Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla. J. 1. – B. 359., Rudolf, 1999. – B. 135-148; Alouddin Samarqandiy. Sharh kitob ta’vilot. – O‘zR FA SHI. – Qo‘lyozmalar asosiy fondi. – Qo‘lyozma № 3249.
7. Abul Yusr Muhammad Pazdaviy. Usulud din // Honz Pitr Lins tahqiqi. – Qohira: Maktabatul azhariya, 2003.
8. Abul Muin Maymun ibn Muhammad. Tabsirat al-adilla fi usul ad-din. II jildlik. K. Saloma nashrga tayyorlagan. – Damashq: 1990-1993. J. I.
9. Abu Hafs Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamai Samarqand // Nazr Muhammad Fayro­biy tahriri ostida. – Saudiya: Maktabatu-l-
kavsar, 1991.
10. Ahmad ibn Muhammad Adana. Tabaqotul mufassirin // Sulaymon ibn Solih tahqiqi. – Madina: Maktabatul ulum val hikam, 1997.
11. Bartold V.V. Sochineniya // Rabotы po istochnikovedeniyu. – T. 8. – M.: Izd. Vost.
Lit, 1973.
12. Bobojonov B. (Toshkent shaxri) shaxsiy arxivida saklanayotgan 37 kabrtosh bitigi; Dodxudoyeva L.N. Epigraficheskiye pamyatniki Samarkanda XI-XIV vv. – Dushanbe: Donish, 1992.
13. Kamoliddin Ahmad Bayoziy. Ishorotul marom min iborotil imom // Yusuf Abdur­razzoq Shofiiy tahqiqi. – Islomobod: Zamzam
Publisher, 2004.
14. Kamol ibn Humom. Al-Musoyara fi ilmil kalom. – Misr: Mahmudiya, nashr yili ko‘rsatilmagan.
15. Muhammad ibn Muhammad Zabidiy. Ithofus sodatil muttaqin bi sharhi ihyoi ulumid din. – J. II. – Bayrut: Muassasatut tarixil
arabiy, 1994.
16. Muhammad ibn Hasan Hajviy. Al-Fikrus somiy. – J. III. – Rabot: Matbaatul ma’orif, 1340.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry