02.02.2023
1443

HADIS ILMINING OLTIN ASRI

 

 

Imom Buxoriy va Imom Muslim yashab, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan davr hadis ilmi tarixida oltin asr, deb tan olingan. Bu davrda hadis ilmi rivojlanib eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bunda Imom Buxoriy va Imom Muslim xizmati benazir bo‘lib, ular hadislarning ishonchli deb tan olinishi uchun oldingi olimlar qo‘ygan shart va talablarga qo‘shimchalar kiritib, mukammallashtirdilar.

“Sahih” hadislarni jamlab yozgan asarlari ulargacha yozilgan barcha hadis to‘plamlaridan o‘ziga xos usul va uslubi bilan ajralib turadi. Ushbu ikki “sahih” to‘plamni islom ummatining butun olimlari Qur’oni karimdan keyingi ishonchli kitob sifatida tan oldilar. Shuningdek, bu ikki to‘plam “sahihayn” nomini oldi. Biror bir hadisni “shayxon” rivoyat qilgan deyilsa, bu Imom Buxoriy va Imom Muslim “sahih” to‘plamlarida keltirilganligi tushuniladi. 

“Sahihayn”ning o‘ziga xos afzalligi shundaki, Imom al-Buxoriy va Imom Muslim faqatgina “sahih” hadislarni jamlab yozishni maqsad qilib olgan edilar. “Sahihayn”dan oldingi asarlar mualliflari esa, hadislarni “sahih” bo‘lishini shart qilmaganlar. “Sahih” hadisni tanlab jamlash sohasida “sahihayn” eng mukammal va eng mu’tabar sanaladi. Imom Buxoriy va Imom Muslim bu sohani asoschilari sanaladilar. Imom Buxoriy va Imom Muslimdan keyingi olimlar ularni izlaridan borib, ular qo‘ygan shart va talablar asosida hadislarni jamlashga intilganlar. “Sahihayn” asarida qo‘yilgan umumiy shart va talablar muhaddis olimlar tarafidan yakdil tan olingan.

Hadis bir-biridan farqli ikkita mustaqil qismdan tashkil topadi. Bular: 1. Sanad. 
2. Matn.

Sanad – bir kishi boshqa bir kishidan o‘rgangan bo‘lib va naql qilish sharti bilan hadisni rivoyat qilgan kishilarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha tartibga kelti­rilgan qismdir. Hadisni naql qilgan roviylar ismining zanjiridir. Hadis bizlarga kimlar vositasi bilan yetib kelganini bildiruvchi belgidir. Sanadda joy olgan har bir shaxs roviy deyiladi. Sanad deb atalgan, roviylar zanjirini zikr qilishga, ya’ni so‘zni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha olib borishga isnod deyiladi. Roviylarning hadislarni naql qilishlariga ri­voyat deyiladi.

Sanad hadisni to‘g‘riligini tekshirish jihatidan juda muhimdir. Sanad hadis matnini manbaga bo‘lgan nisbatini isbotlovchi dalildir. Hadis ilmida sanadni zikr qilish tizimining rivojlanishi javobgarlik hissi natijasida kelib chiqqan. Buning ma’nosi hadis matnini naql qilganlarni tatqiq va tanqid qilishga yo‘l ochadi. Bu ilmiy tarz bo‘lib, o‘z-o‘ziga ishonchning belgisidir. Bundan shuni tushunish mumkin, isnodning ahamiyati ikki jihatda ma’lum bo‘ladi. Birinchisi hadisning to‘g‘ri va ishonchli ekanligini aniqlash va isbotlash uchun zamin hozirlaydi. Ikkinchisi rivoyat soxtakorligi oldini olish, ya’ni hadis rivoyatini ahli bo‘lmagan roviylar rivoyat qilishini oldini olishdir. Hadisni “sahih”lik darajasi payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan bog‘liqlikdadir. Bu esa, faqat va faqat sanadni o‘rganish bilan aniqlanadi.

Matn – hadis tuzilishidagi asosiy qism bo‘lib, hadisning aslini bildiradi. Matn sanadni yakunlovchi so‘zli qismdir. Aslida hadis matndan iborat bo‘ladi. Sanad esa, matnni Rasululloh (s.a.v.)ga tegishli yoki tegishli emasligi mavzusida izlanishlar olib borish imkonini beruvchi roviylar zanjiridir. 

Sanad va matndan ko‘rinib turibdiki, hadisni rivoyat qilish juda muhim hisoblanadi. Rivoyat lug‘atda “tashimoq”, “naql qilmoq” ma’nolarini bildiradi. Hadis istilohida rivoyat hadisni tahammul (hadisni olish, o‘rganish) qilish va uni ado (usuli bo‘yicha naql qilish) qilishdir. Bunga hadisni o‘rganish va o‘rgatish ham deyiladi. O‘rganishga haml-tahammul, o‘rgatishga esa naql-ado deyiladi. Qisqacha aytganda, rivoyat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisla­rini isnod bilan naql qilishdir.

Rivoyat ta’lim-tarbiya faoliyati bo‘lganligi uchun o‘zining  ma’lum usullari, odob va shakllariga egadir.

Hadis o‘quvchisining odoblari:

Yaxshi niyat va ixlosli bo‘lish. Hadis o‘quvchisining hadis bilan mashg‘ul bo‘lishidan maq­sadi faqat Alloh rizoligini qozonish bo‘lishi kerak.

Hadis ahlidan bo‘lishga harakat qilish. Hadis o‘quvchisi butun g‘ayrat va imkoniyat­la­rini safarbar etib, bu ilmni ilmiga amal qiladigan taqvodor ustozlardan o‘rganishga harakat qilishi lozim. Buning uchun kerak bo‘lsa, uzoq va mashaqqatli safarlarga chiqish zarur. 

O‘rganganlariga amal qilish. Qur’oni karimda bilgan narsalariga amal qilmagan­larni kitob tashigan eshaklarga o‘xshatilgan.

Ustozni hurmat qilish. Hadis o‘quvchisi hadisga bo‘lgan hurmat va odobidan kelib chiqib ustozlariga hurmat va ehtirom ko‘rsatishi kerak.

O‘rtoqlariga yordamchi bo‘lish. Kim bilgan narsalarini o‘zida saqlab shu bilan boshqalardan ustun bo‘lishni xohlasa, u bilganlaridan foydalana olmaydi.

Tadrijiy bir uslubda o‘qish. Ilmda asos bo‘lgan tartib bilan rejali shaklda 
o‘rganish kerak.

Hadis usuliga ahamiyat qaratish. O‘quvchi o‘rgangan hadislaridan faqatgina mukammal usul bilimiga ega bo‘lgandagina foydalanadi. Buning uchun mo‘‘tabar va mashhur usul kitoblaridan istifoda qilishi kerak.

Hadis ustozining odoblari:

Yaxshi niyat va mukammal axloq sohibi bo‘lish. Hadis ilmidan ta’lim beruvchi ustoz islomiy axloq va madaniyat egasi bo‘lishi kerak.

Haddini bilish. Ilmda yoshga qaralmaydi, balki boshga qaraladi.

O‘zidan ilmli bo‘lganlarga hurmat ko‘rsatish. Ilmli bo‘lgan odamning oldida sukut 
saqlashi lozim.

Chalkashtirish ehtimoli bo‘lganda rivoyat qilish va o‘qitishni tark etishi lozim.

Hadis va hadis majlislariga ahamiyat berish. Juda diqqatli va e’tiborli bo‘lishi kerak.

Kitob yozish va boshqa ilmiy faoliyatlar bilan mashg‘ul bo‘lish. Ustoz o‘z davrining ehtiyojlari javob bo‘ladigan hamda muammolarini hal qiladigan ilmiy faoliyat bilan 
shug‘ullanishi lozim.

Hadisning dindagi o‘rni va ahamiyatini idrok qilgan musulmonlar uni qaysi yo‘l bilan o‘rgangan ekanligini aniqlashga butun diqqat-e’tiborni qaratganlar. Ular o‘rganish yo‘llarini alohida-alohida terminlar bilan ifodalaganlar. 

Hadis tahammul va ado yo‘llari sakkizta bo‘lib, muhimligi jihatidan shunday tartibda bo‘ladi: eshitish, qiroat, ijozat, topshirish va taqdim qilish, yozdirish yoki yozib berish, bildirish, vasiyat, topish-olish. 

Eshitish – ustoz yoddan yoki yozilgan matndan o‘qib berishlik bilan rivoyat qilishi, o‘quvchi esa uni ustozidan o‘z qulog‘i bilan eshitib bu rivoyatni olishidir.

Qiroat – ustoz huzurida talaba yoddan yoki qo‘lidagi kitobdan hadis o‘qib beradi. Ustoz uni diqqat bilan tinglaydi, kerak bo‘lganda to‘g‘rilaydi. Bu yo‘l bilan o‘quvchi hadislarni ustozidan olgan bo‘ladi. Bu usulga qiroat deyiladi.

Ijozat – ustoz talabasiga eshitganlarini yoki kitoblarini rivoyat qilishda ruxsat berishiga aytiladi. Ijozat so‘z yoki yozuv bilan bo‘ladi.

Topshirish va taqdim qilish – o‘zidan naql va rivoyat qilishi uchun ustoz o‘quvchisiga bir kitob yoki yozilgan bir matn berishiga aytiladi.

Yozdirish yoki yozib berish – ustoz hadislaridan bir qismini yoki barchasini yozib yoxud yozdirib o‘quvchisiga berishi yoki yuborishiga aytiladi.

Bildirish – ustoz o‘quvchisiga ijozatdan so‘z ochmasdan ma’lum bir hadis yoki hadis kitobi uchun faqatgina “mening rivoyatim budir”, deb izoh berishi yoki rivoyat qilish haqiga 
egaligini aytish.

Vasiyat – vafot etish yoki safarga chiqmoqchi bo‘lgan ustoz rivoyat qilishdan so‘z ochmasdan kitobini o‘quvchilaridan biriga vasiyat qilishidir.

Topish-olish – bir kishi yozma bir risola yoki kitob topib olishi va qo‘lga kiritishiga aytiladi.

Bexzodjon Ro‘zaliyev, 

Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini 

o‘rganish ICESCO kafedrasi o‘qituvchisi

 

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

08.02.2024 14:10
Rahmat
08.02.2024 04:05
Hadislar
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry