31.01.2023
219

Ilm-u maʼrifat – tinchlik, taraqqiyot va inson kamoloti asosi

 

NUQTAYI NAZAR

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Prezidentimizning 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi ustuvor maqsad va vazifalarni, yangi marralarni belgilab berdi.

Davlatimiz rahbari 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilib, ayni yoʻnalishlarni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan istiqbolli taklif hamda tashabbuslarni ilgari surgani yurtdoshlarimizni nihoyatda xursand qildi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki xalqimiz azaldan odamzod naslini hazrati inson deya ulugʻlaydi. Ilm-maʼrifatni barcha ezguliklarning, bunyodkorliklarning zamini sifatida qadrlaydi.

Zotan, islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham insonni ulugʻlash, uni ilm-u maʼrifatga, tinchlik-totuvlikka, yaratuvchanlikka targʻib etishdir. Bu ezgu gʻoyaning yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga hamohangligi, shubhasiz, xalqimizning katta baxtidir.

Muqaddas dinimizda taʼlimga, ilm-maʼrifatga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, Qurʼoni karimda “ilm” soʻzi 814 marta zikr etilgan. Jumladan, bunday marhamat qilinadi: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar” (Zumar surasi, 9-oyat).

Hadisi shariflarda ham ilmga targʻib etilib, “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deyilgan (Imom Ibn Moja rivoyati).

Qurʼoni karim moʻmin-musulmonlarni doimo ilmga targʻib etadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ilm olishga muntazam daʼvat qilganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilish yoʻliga tushsa, Alloh unga jannatning yoʻlini yengil yengillashtiradi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Islomda ilm talab qilish har bir musulmon uchun beshikdan to qabrgacha farz qilingan. Farz Allohning qatʼiy amri boʻlib, uni bajarish har bir moʻmin uchun majburiy. Shu maʼnoda, har bir musulmon oʻziga kerakli, hayoti uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilishi, buning uchun zarur boʻlgan narsalarni oʻrganishi shart.

Tarixdan yaxshi bilamiz: buyuk allomalarimiz doim ilm talabida boʻlib, koʻplab sohalar rivojiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshgan. Zero, bugungacha hadis ilmida Imom Buxoriy, fiqhda Burhoniddin Margʻinoniy, kalom ilmida Abu Mansur Moturidiy, tafsirda Imom Zamaxshariyga teng keladigan alloma topilmagan. Soʻz mulkida Alisher Navoiy, tibbiyotda Ibn Sino, falakiyotda Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek kabi olimu fuzalolarimizni ham butun jahon tan olib, ularning boy ilmiy merosini oʻrganib, targʻib etib kelmoqda. 

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: bugun yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib boʻla olyaptimi?

Prezidentimiz Murojaatnomada ushbu masalaga eʼtibor qaratib, buning uchun navqiron avlod vakillariga yanada keng sharoitlar yaratilishini taʼkidladi. Bu borada, avvalo, yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlash, yanada rivojlantirish belgilab berildi.

Darhaqiqat, taʼlim, maʼnaviyat va maʼrifat jamiyat taraqqiyoti, millat kamoloti va shaxs barkamolligini belgilab beruvchi asosiy omil hisoblanadi. Chunki ushbu tizimlar ravnaq topgandagina jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik vujudga keladi. Yaʼni har qanday taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi maʼrifatli, bilimli, ziyoli insonlardir.

Bu haqda ulugʻ alloma Abu Homid Gʻazzoliyning fikricha, insonlarning butun saodati uchun ikki narsa shart: birinchisi – ilm, ikkinchisi – amal. Mutafakkir taʼkidlashicha, insonning baxtli boʻlishi uchun ilmning oʻzigina yetmaydi, balki kishi ilmi yordamida tana va ruhini tarbiya qilishga burchlidir. Alloma oʻz asarida Fath Musaliyning quyidagi mulohazalarini keltiradi: “Kasalga ob-u taom berilmasa, oʻladimi?” deb soʻradilar. Atrofdagilar: “Ha, oʻladi”, deyishdi. Aytdilar: “Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, oʻladi”.

Ulugʻ alloma Mahdumi Aʼzam taʼlimotida ham ilm va amal birligi targʻibi yetakchi oʻrin egallaydi. Ayniqsa, olim “Ulusi nafeʼ”, yaʼni el-ulusga foydasi tegadigan ilmni oʻrganish, kasb-hunar egallash va uni shogirdlarga oʻrgatish ilmli insonning burchi ekanini uqtiradi. Binobarin, ilm oʻrganish va unga amal qilish, kasb-korga ega boʻlish va halol rizq topish, farzandlar tarbiyasiga masʼullik va fuqarolik vazifasini his etib yashash oʻzini maʼrifatli hisoblagan har bir insonning muqaddas burchidir.

Afsuski, hozirgi vaqtda koʻz oʻngimizda dunyoning turli joylarida roʻy berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasidagi chuqur oʻzgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan koʻra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki unga qarshi kuch ishlatilsa, zoʻravonlik vositasida kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan ham battarroq kuchayib ketishi aniq. Shu oʻrinda Imom Buxoriy hazratlarining “Ilmdan boshqa najot yoʻq, boʻlmaydi ham”, degan taʼkidi ayni haqiqatdir.

Prezidentimiz keyingi yillarda tobora kuchayib borayotgan, dunyo ahlini tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm tahdidlari mohiyatini jaholat va murosasizlik tashkil qilishini qayd etib, bunday oʻta xavfli illatga qarshi kuch ishlatish yoʻli bilan emas, balki “Jaholatga qarshi – maʼrifat” bilan kurashishni, bunda buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi oʻziga xos najot qalʼasi va himoya qoʻrgʻoni boʻlishini taʼkidladi.

Darhaqiqat, bugun ularning maʼnaviy merosini oʻrganish, tadqiq etish uchun yurtimizda koʻplab saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishi ham bu yoʻldagi eng samarali loyihalardan sanaladi. Shu bilan birga, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, turli hududlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmiy maktablari faoliyat yuritayotgani kelgusida yurtimizdan bobokalonlarimizga munosib avlodlar yetishib chiqishiga umid uygʻotadi.

Albatta, mana shunday ulkan neʼmatlarning bardavom boʻlishi Yaratgan Parvardigorning ulugʻ inoyati va hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikning mahsulidir. Ammo bu bilan biz xotirjamlikka berilmasligimiz, xalq orasida tinchlik, barqarorlikning ulugʻ neʼmat ekanligini takrorlashdan charchamasligimiz kerak.

“Tinch elning bogʻi gullar” degan naql xalqimizda asrlar osha yashab kelmoqda. Bugun ana shu purmaʼno hikmatning hayotiy roʻyobiga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Murojaatnomada bayon etilgan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari qayd etganidek, shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilinmoqda va bu yoʻlda aslo toʻxtab qolinmaydi.

Jaloliddin HAMROQULOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2023-yil 31-yanvar, 20-son

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry