23.06.2021
683

IMOM MOTURIDIY DAVRIDA AQIDAGA OID YOZILGAN ASARLAR

Saidmuxtor Oqilov, tarix fanlari nomzodi

O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish

 ICESCO” kafedrasi dotsenti

 

KIRISH

Abu Mansur Moturidiy [15; 25] davrida Samarqandda “Dor al-juzjoniya” va “Dor al-iyodiya” [15: 6-9] aqidaviy maktablari faoliyat olib borgan. Bu ikki maktab biri-biridan naqliy dalillar, ta’vil masalasida ixtilofda bo‘lganidan qat’i nazar, vakillarining barchasi hanafiya aqidasini targ‘ib qilganlar. “Dor al-juzjoniyada” Abu Mansur Moturidiy va uning ustozlari faoliyat olib borgan bo‘lsalar, “Dor al-iyodiya” maktabi vakillarining barchasi Abu Mansur Moturidiyga shogird bo‘lganlar.

Quyida “Dor al-iyodiya” maktabida faoliyat olib borgan bir nechta olimlarning asarlarini tahlil qilishga harakat qilamiz. Mazkur maqolamizda shaxsan Abu Mansur Moturidiyning asarlari haqida to‘xtalib o‘tmaslikka qaror qilganimiz boisi – allomaning asarlari bugungi kunga kelib kompleks tadqiq qilib bo‘lingan. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Imom Moturidiy davrida yozilgan asarlarda ko‘tarilgan mavzular asosan Abu Hanifaning aqidaviy qarashlari asosida yoritilgan. Abu Mansur Moturidiy davrida ta’lif etilgan eng mashhur asar sifatida biz avvalo Hakim Samarqandiyning “as-Savod al-a’zam” nomli asarini ta’kidlab o‘tishimiz lozim.

“Kitob as-savod al-a’zam” [21; 22]. Mahalliy xalq tilida “Savodul a’zam” nomi bilan shuhrat qozongan bu asar Hakim Samarqandiy tomonidan somoniylar davrida rasmiy hokimlar talabi bilan yozilgan. Somoniylar [9: 323-32] amiri Ismoil ibn Ahmad (279/897-295/907) Buxoro va Samarqandga hokimlik qilgan vaqtida 290/902 yili Movarounnahrning ko‘zga ko‘ringan barcha olimlarini bir joyga to‘plab, sunniy e’tiqodni bayon qiluvchi asar yozishni buyurgan. Ushbu mas’uliyatli vazifa hanafiy olim Hakim Samarqandiyga topshirilgan. Shu tariqa u “as-Savod al-a’zam” nomli asarini yozishga kirishgan. Yozib tugallangach, asarni barcha olimlar sunniylik e’tiqodi bo‘yicha davlatning rasmiy kitobi sifatida tasdiqlaganlar [1]. Jami 61 fasldan iborat ushbu asar o‘z davrida Samarqandda mavjud bo‘lgan hanafiya aqidaviy qarashlarini 
o‘zida mujassam etgan. Manbalarda Hakim Sa­marqandiy ushbu asarini dastlab fors tilida yozgani ta’kidlangan.

Ushbu kitobga Al-Haviy Ibrohim ad-Hilmiy ibn Husayn degan olim “Salam al-ahkam ala Savod al-a’zam” nomi bilan sharh yozgan [2]. 

Hakim Samarqandiy ushbu risolasining boshida nima uchun unga “as-Savod al-a’zam” deb nom berganini asar boshida quyidagicha fikr bilan dalillaydi:

الحمد لله رب العالمين وصلي الله علي سيدنا محمد خاتم النبيين والمرسلين وعلى آله وصحبه أجمعين 

وبعد فإن سألت عن مذهب النبي صلى الله عليه وسلم فمذهبه الطريق المستقيم كما قال النبي عليه السلام أن قوم موسى إفترقوا من بعده إحدى وسبعين فرقة فهلك سبعون وتخلص فرقة واحدة وقوم عيسى إفترقوا من بعده إثنتين وسبعين فرقة فهلك إحدى وسبعون وتخلص فرقة واحدة وإن أمتي ستفترق على ثلاث وسبعين فرقة فتهلك إثنتان وسبعون فرقة وتخلص فرقة واحدة.

قيل: يا رسول الله ومن تلك الفرقة قال: أصحاب السنة والجماعة وهو السواد الأعظم قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من خالف الجماعة قدر شبر خلع ربقة الإسلام من عنقه.

وعلامة السواد الأعظم أن يكون الإنسان متصفا بإحدى 

وستين خصلة

Tarjimasi: Olamlarning robbisi Allohga hamdu sanolar va Sayyidimiz Muhammad (s.a.v.)ga,
ahllari va ashoblariga salovotlar bo‘lsin. Men­dan Nabiy (s.a.v.)ning tutgan yo‘llari haqida so‘rasangiz, men shunday javob beraman: “U yo‘l mustaqim (barqaror) bo‘lgan yo‘ldirki, Nabiy (s.a.v.) bu haqda shunday deganlar: “Muso (a.s.)ning ummati undan so‘ng yetmish bir firqaga bo‘linib ketdi va yetmishtasi halok bo‘ldi, faqat bir firqa najot topdi, Iso (a.s.)ning ummati undan so‘ng yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi va yetmish bittasi halok bo‘ldi, faqat bir firqa najot topdi. Bas, mening ummatim ham mendan keyin yetmish uch firqaga bo‘linib ketadi va yetmish ikkitasi halok bo‘ladi, faqat bittasi najot topadi. 

Rosululloh (s.a.v.)dan so‘rashdi: Yo, Rosululloh, u qaysi firqadir? Rosululloh (s.a.v.) javob berdilar: U ahli sunna val jamoadir va ana o‘sha as-Savod al-a’zamdir”. Va yana Rosululloh (s.a.v.) dedilar: “Kimda kim jamoadan ajralib chiqsa va unga xilof ish tutsa, uning darajasi bo‘ynidan Islomning soqit bo‘lishi bilan barobar bo‘ladi”.

As-Savod al-a’zamning alomati insonning quyidagi oltimsh bir xislatda zohir bo‘ladi”.

“As-Savod al-a’zam” asari ko‘zdan kechiril­ganda undagi quyidagi xususiyatlarni ko‘rsatib 
o‘tish mumkin:

Hakim Samarqandiy risolada aqoid muammolarining deyarli barchasini aytib o‘tgan;

keyingi davrda yozilgan Aqoidga doir risolalarining yozilishiga zamin yaratib bergan;

risolada ashyoning (narsalar) haqiqati, ma’lumot olish yo‘llari va olamning mohiyati kabi kalomiy mavzularga o‘rin berilmagan;

mavzularni belgilangan bir tartibda 
tuz­magan;

mavzuga oid barcha masalalar bir xil yerda bahs qilinmagan, turli yerlarda farqli hajmlari bilan bayon qilingan;

risola moturidiya kalom maktabining mutaqaddim davridagi asosiy manbalaridan biri xisoblangan;

risolada boshqa ko‘plab aqidaviy manba­larda o‘rin olmagan ba’zi fiqhiy masalalar ham ochib berilgan;

Hakim Samarqandiy, aqidaviy mavzularni ba’zan ixcham shaklda, ba’zan batafsil tarzda dalillar bilan aytib o‘tgan;

masalalarni aqliy dalillardan ziyoda naq­liy dalillar bilan qo‘llab-quvvatlagan va deyarli barcha kalomiy masalalarda Qur’onga suyangan;

Hakim Samarqandiy, aqidaviy masalalarni o‘zining mazhab tushunchasi bo‘yicha sharhlashga harakat qilgan.

2. “Risola fil imon”. To‘liq nomi “Risola fil imon juz’ minal imon” deb atalgan ushbu risolaning muallifi ham Hakim Samarqandiydir. Risola atigi ikki sahifadan iborat bo‘lib, 1872 yili “as-Savod al-a’zam” asarining nashriga ilova qilinib chop etilgan. Ushbu risolaning nodir toshbosma nusxasi Ankara universiteti Ilohiyot fakulteti manbalar fondida 237.4 invertar raqami ostida saqlanadi.

Risolada imonning qalb bilan tasdiq va til bilan iqror bo‘lishining sharti, amallar imonning juz’i emasligi hamda imonning kamaymasligi va ko‘paymasligi haqidagi masalalar bayon etilgan. Shu yo‘sinda xorijiylar [19: 88-90] va mu’taziliylar [16: 35-52] va Imom Shofiiyning imon masalasidagi qarashlariga raddiya berilgan [8: 287]. Ko‘rinib turibdiki, ushbu risola ham mazmun-mohiyati jihatidan hanafiya va moturidiya aqidasini ifodalab berishga bag‘ishlangan. 

Mazkur risola bor yo‘g‘i ikki saxifadan iborat bo‘lib imonning ruknlari Abu Hanifa [3] aqidasiga ko‘ra yoritilgan va Imom Shofiiyga ko‘ra, amallar imonning rukni, asli emasligi haqidagi fikrlari bayon qilingan.

Muallif ushbu asarida imon masalasida quyidagicha xulosa keltirib o‘tgan:

 من شهدوعمل واعتقد فهومخلص ومن شهدوعمل ولم يعتقدفهو منافق ومنشهد ولم يعملويعتقد فهو فاسقومن أجل بشهادتينفهو كافر...

Tarjimasi: kimki (shahodat kalimasiga) guvohlik bersa, amal va e’tiqod qilsa, u haqiqiy muxlisdir (taqvodor mo‘min). Kimki (shahodat kalimasiga) guvohlik bersa, amal qilsa-yu lekin barchasiga e’tiqod qilmasa (imon keltirmasa), bus u munofiqdir. Kimki (shahodat kalimasiga) guvohlik bersa-yu, lekin amal qilmasdan e’tiqod qilsa, u fosiqdir... [23: 39].

Demak, yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, Hakim Samarqandiy ham ruknlarga amal qilmagan insonni Abu Mansur Moturidiy aqidasiga muvofiq imonida qolishini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, asarda imon bilan islom bir narsa ekani haqida so‘z boradi. Olim ushbu fikrlariga Qur’ondan “Oli Imron” surasi, 85-oyatni dalil keltirgan [23: 39].

Oyat ma’nosi: Kimda-kim Islomdan o‘zga din istasa, bas (uning “dini” Alloh huzurida) hargiz qabul qilinmaydi va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardandir.

Olim imon bilan islom bir xil ma’noni ifodalashiga yana Qur’ondan “Zoriyot” surasi, 35-36-oyatlarni dalil keltiradi:

Oyat ma’nosi: Bas, Biz u joydagi mo‘minlardan bo‘lmish kishilarni chiqarib yubordik. U joyda bir xonadondan (Lut xonadonidan) o‘zga musulmonlarni topmadik.

Ushbu masalaning yoritilishidagi dalillarga e’tibor bersak, moturidiya ta’limotining eng obro‘li vakili – Abul Muin Nasafiy [24; 13] ham “Bahr al-kalom” [11] asarida shu oyatlarni dalil keltirganiga guvoh bo‘lamiz [12]. 

Demak, hajm jihatidan mo‘‘jazgina bo‘lgan ushbu risolaga Abul Muin Nasafiydek olim murojaat qilganidan uni ham to‘liq hanafiya-moturidiya aqidasiga muvofiq tarzda yozilgan mo‘‘tabar manba deb e’tirof etishimiz mumkin. 

3. “Al-Masoil al-ashriya al-iyodiya”. O’z davrida “Masoil min asl ad-din” nomi bilan ham tanilgan ushbu asar ham kichik risola shaklida bo‘lib, bizning davrimizgacha yetib kelgan [18: 251a-b]. Turk tadqiqotchisi Shukru O’zgen tomonidan turk tiliga tarjima qilingan.

4. “Jumal usul ad-din” [10: 59]. Abu Mansur al-Moturidiyning shogirdi bo‘lgan Abu Salama Muhammad ibn Muhammad as-Samarqandiy qalamiga mansub ushbu asarga keyinchalik Ibn Zakariyo Yahyo ibn Ishoq “Sharh jumal usul ad-din li Abi Salama Samarqandiy” nomli sharh yozgan.

Mazkur asarning tarkibiy tuzilishiga ahamiyat bersak, u turlicha, ya’ni bir tizimga solinmagan holda berilganiga guvoh bo‘lamiz. Asarda ko‘ta­rilgan masalalarni S.Kutlu quyidagicha tartibga solgan:

•     Ma’lumot olishlik yo‘llari;

•     Uluhiyat va isboti vojib;

•     Allohning sifatlari;

•     Imon masalasidagi tortishuvlar;

•     Qazo va qadar masalasi;

•     Amr (buyruq), Nahiy (qaytarish), al-va’d val vaid (mukofot va jazo);

•     Imomat (rahbarlik) masalasi;

Hakim Samarqandiyning “as-Savod al-a’zam” asari kabi “Jumal usul ad-din” asari ham o‘z davrida islom dinining asosiy tamoyillarini xalqqa o‘rgatish maqsadida somoniylar amirining rasmiy buyrug‘i bilan yozilgan [1: 13]. Asarda asosan Imom Moturidiyning aqidaviy qarashlari yoritilgan.

5. “Al-As’ila va-l-ajviba”. Ushbu asar Moturidiyning yana bir shogirdi Abul Hasan Ali ibn Said Rustug‘foniy (vaf. 350/961 y.) qalamiga mansub [18]. “Al-As’ila va-l-ajviba” asarida Allohga imon keltirmagan insonlar uchun “mezon” va “hasanot” bo‘lish-bo‘lmasligi, Odam (a.s.)ning jannatdan yer yuziga tushirilishi, imon Alloh tomonidan ato etilishi yoki kasbiy bo‘lishi, farishtalarning savob yoki jazoga sazovor bo‘lish-bo‘lmasligi kabi masalalarga javoblar berilgan. Asar bor yo‘g‘i yettita savol-javobdan iborat.

“Al-As’ila val-ajviba” asari bo‘yicha xulosa qiladigan bo‘lsak, mazkur asar qo‘lyozmasi bilan tanishishdan oldin, biz uni yirik bir asar sifatida tasavvur qilgan edik. Lekin qo‘lyozma tadqiq qilinganda u kichik bir savol-javobdan iborat risolacha ekaniga guvoh bo‘ldik. Asar matni juda ham tushunarsiz iboralar bilan yozilgani va olim bu asarida aslida nimani ko‘zlagani, kim unga savol bilan murojaat qilgani mavhum bo‘lib qolgan. Shu nuqtai nazardan ham ushbu risolani moturidiya ta’limotida muhim bir ahamiyat kasb etgan manba sifatida qarashga asos yo‘q. Lekin Abul Hasan Ali ibn Said Rustug‘foniyning mazkur risolasidan farqli ravishda “Al-Favoid” nomli asari ham bizgacha yetib kelgan. Bu asar haqida quyida to‘xtalib o‘tamiz.

6. “Al-Favoid”. Ta’kidlanganidek, ushbu asar ham Abul Hasan Ali ibn Said Rustug‘foniy qalamiga mansub. Uning nodir qo‘lyozma nusxasi Istanbulning Sulaymoniya kutubxonasi Yangi Jome bo‘limida 547 raqami bilan saqlanayotgan Ahmad ibn Muso Keshiyning (vaf. 550/1155 y.) “Majma’ al-havodis van navozil” nomli asarining qo‘lyozmasi ichida saqlanmoqda [7: 285b-317b]. Asarda ro‘za, namoz, imon, oila qurish, axloq kabi asosan fiqhiy masalalar bayon qilingan.

Turk tadqiqotchisi Axmet Akning ta’kidlashicha, ushbu asar moturidiya ta’limotiga oid ilk asar hisoblanadi [1:14]. Asarni ko‘zdan kechirsak, uning chiqargan xulosasi asosli ekaniga guvoh bo‘lamiz. Chunki asarning olti joyida Moturidiydan dalillar keltirilgan: to‘rt joyi Moturidiy bilan bog‘liq bo‘lsa [7: 302a, 308a, 315a, 317a], ikki joyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning fikrlaridan iqtiboslar keltirilgan [7: 313b, 317b].

Mazkur asarni tadqiqotchilar fiqhiy manba sifatida e’tirof etadilar. Lekin unda fiqhiy masalalar bilan bir qatorda aqidaviy mavzular ham yoritilgan. Asar o‘sha davrdagi an’anaga xos bo‘lgan savol-javob uslubida yozilgan va unda aqidaviy masalalar ijtimoiy munosabatlar nuqtai nazardan yoritilgan. Quyida asarda ko‘tarilgan ba’zi masalalarga to‘xtalib o‘tamiz.

Asarda musulmonnning “masjidga birinchi bo‘lib kirishi, jamoatning oldida turishi va masjiddan oxirgi bo‘lib chiqishi fazilati” haqida ajoyib tushuntirish berilgan. 

Asarda keltirilishicha, Rustug‘foniy Payg‘ambarimizdan, “Erkaklar uchun (jamoat namozida) eng xayrli saf (qator) birinchisidir, eng yomoni esa oxirgisidir. Ayollar uchun eng xayrlisi oxirgi safdir, eng yomoni esa birinchisidir”, degan hadislarini misol keltirib, ushbu masala haqida so‘rashganda, Rustug‘foniy shunday javob bergan: 

“Bu hadisdan murod, aslida masjid ichiga birinchi bo‘lib kirish fazilatidir. Lekin kimki Alloh va uning rizosi uchun riyo va kibrsiz holatda masjidga birinchi bo‘lib kirsa-yu, lekin xoh birinchi qatorda, xoh oxirgi qatorda turib namozini ado etsa Alloh tarafidan eng yaxshi mukofotga loyiq ko‘rilgan bo‘ladi”.

Alloh Taolo Voqea surasi, 10-12-oyatlarda shunday marhamat qilgan: 

Oyat ma’nosi: “(Uchinchi toifa bo‘lmish barcha yaxshi amallarga) peshqadam bo‘lguvchi zotlar (jannat ne’matlariga erishishida ham) peshqadam bo‘lguvchi zotlardir! Ana o‘shalar noz-ne’mat bog‘larida (Alloh taologa) yaqin qilinguvchilardir”.

“Al-Favoid” asarida ushbu masalaning yoritilishida quyidagi keltirilgan rivoyat e’tiborga molikdir:

Rivoyat qilinishicha, Abul Qosim Hakim Samarqandiy va Abu Mansur Moturudiy ikkovlari bir masjidda jamoatda edilar. Hakim Samarqandiy Abu Mansur Moturidiydan avvalroq masjiddan chiqadi va Moturudiydan uzr so‘rab shunday deydi: 

“Masjiddan sizdan oldin chiqishim sababi, aslida sizdan o‘zimni ustun qo‘yish emas, balki sizni mendan darajangiz ustun bo‘lishini istaganimdir. Chunki fazilat (savobning ko‘pi) masjiddan kechroq chiqqan kishiga beriladi. Shuning uchun fazilatni o‘zimdan ko‘ra sizga tegishini xohladim. Agar bu maqom masjidga kirayotganimizda ham shunday bo‘lganida, xuddi shu ishni takrorlagan bo‘lar edim” [7: 547: 310b]. 

Rustug‘foniy mazkur rivoyatni misol keltirib shunday xulosani bildiradi: “Ushbu rivoyatdan ko‘rinib turibdiki, haqiqiy fazilat aslida namozda birinchi safda turishlikda emas, balki masjidga avval kirib, oxiri chiqishlikdadir”.

Asarda keltirilgan ayrim masalalarga ahamiyat bersak, Rustug‘foniy mu’taziliylarga keskin munosabatda bo‘lib ularga hatto biroz ambitsiyaviy munosabatda bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. 

Asarda Rustug‘foniyga, “ahli sunna val jamoa bilan mu’tazila vakillari o‘rtasida o‘zaro nikoh qurish mumkinmi?”, degan savol beriladi.

Olim shunday javob beradi: Bunday bo‘lishi mumkin emas. Chunki bizga ko‘ra mu’taziliylar kofirdir (Sharh: Rustufoniyning mu’taziliylarga nisbatan “kofir” iborasini ishlatganidan uning shaxsan o‘zi mu’taziliya vakilidan aziyat chekkan bo‘lishi mumkin. Chunki ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra ahli qibla (aqidada adashgan bo‘lsa ham) kufrga

chiqarilmaydi. Hatto Imom Abu Hanifa va Abu Mansur Moturidiy kabi olimlar ham mu’taziliylarni adashgan toifa sifatida e’tirof etsalarda, ularni kofirga chiqarmaganlar). Sababi, ular o‘zlarining yo‘llariga yurmaganlarni murtad (dindan chiqqan) deb hisoblaydilar. 

Rustug‘foniy keyin bir mu’taziliyning yahudiy va nasroniylar so‘ygan go‘shtni yegani va mu’taziliy bo‘lmagan musulmon so‘ygan go‘shtni yemagani va u uning murtadligi sababli so‘ygan go‘shtini yemaganini misol keltiradi. Rustug‘foniyning aytishicha, bu yerda mu’taziliy uning yo‘lida bo‘lmagan musulmonni yahudiy va nasroniydan ham past sanagan. Olim bu bilan mu’taziliylarni keskin qoralaydi va ularning dindan chiqqaniga Rosululloh (s.a.v.)dan “Qadariylar ummatimning ma’jusiylaridar” (Sharh: Bu yerda mu’taziliylar taqdir masalasida qadariylar e’tiqodida bo‘lgani uchun yuqoridagi hadisda keltirilgan majusiylarga qiyos qilingan), degan hadislarini dalil keltiradi. 

“Al-Favoid” kitobi bo‘yicha aytish mumkinki, asarda muallif tomonidan biroz keskinlik kayfiyati sezilib turadi. Lekin har qanday masalada u moturidiya ta’limotidan chetga chiqib ketmagan. Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib, Rustug‘foniyning “al-Favoid” asarini chindan ham Moturidiyning aqidaviy qarashlarini o‘zida aks ettirgan va moturidiya ta’limoti bo‘yicha bahs yuritilgan dastlabki asar deb hisoblash mumkin.

 

XULOSA

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Movaroun­nahrda IX-X asrlarda hukmronlik qilgan somo­niylar davrida siyosiy va ijtimoiy muhit ilm ahillarining serqirra ijod qilishlariga katta zamin yaratib bergan. Aynan shu sulola hukmronlik qilgan davrda o‘lkada bag‘rikenglik siyosati ustuvor bo‘lgan. Mahalliy aholi o‘rtasida e’tiqod masalalarida o‘zaro ixtilof yuzaga kelsa, sultonlarning o‘zlari bu ixtiloflarning barham topishida bosh-qosh bo‘lglar.

Somoniylar davrida hanafiya aqidasining ta’sirida Movarounnahrda “Dor al-juzjoniya” va “Dor al-iyodiya” maktablari tashkil etilgan. “Dor al-Juzjoniya” maktabida ko‘plab mutakallim olimlar orasida Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqqan. Keyinchalik bu maktab ta’sirida “Dor al-iyodiya” maktabi vujudga keldi. 

Abu Mansur Moturidiy davrida kalom ilmiga oid yozilgan asrlar tahlil qilinganda, biz yuqorida tahlil qilgan abadiyotlarning barchasi “Dor al-iyodiya” vakillari qalamiga mansub asarlar edi. Ularda faqat Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosiga nisbatan naqliy dalilga ko‘proq ahamiyat berilgan, xolos. Lekin bironta asarda Abu Mansur Moturidiy fikriy qarashlari va shaxsiyatiga salbiy munosabat bildirilmagan. 

 

ADABIYOTLAR RO’YXATI

1.   Ahmet, Ak. “Büyük türk âlimi mâturîdî ve mâturîdîlik”. Monografiya. –Istanbul: Ìnönü Üniversitesi Ìlahiyat Fakültesi, 2008. 

2.   Al-Haviy, Ibrohim Hilmiy ibn Husayn. “Salam al-ahkam ala savod al-a’zam”Toshbosma. Toronto universiteti kutubxonasi. Inv № W 35. 1895. 

3.   G’iyosov A. “Imom A’zam Abu Hanifaning “Vasiyat Abi Hanifa” asari”. –Toshkent: “Hilol-Nashr” nashriyoti. 2019.

4.   Muhammad ibn Ibrohim Hoshiy. “Al-Ha­viy fi al-fatava”. Qo‘lyozma. –Istanbul: Su­laymoniya kutubxonasi, Hakim Ali Posha bo‘limi. Inv. № 402. 

5.   Ibn Zakariyo. “Sharh jumal usul ad-din li Abi Salama as-Samarqandiy”. Qo‘lyozma. –Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, Rais al-kuttab bo‘limi. Inv. № 690.

6.   Abu Bakr Iyodiy. “Al-Masail al-Ashriya al-Iyodiyya”. Qo‘lyozma. –Istanbul: ulaymoniya kutubxonasi, Hakim Ali Posha bo‘limi. Inv. № 402. V.251a-b. 

7.   Ahmad ibn Muso Keshiy. “Majma’ al-Havodis van-navozil”. Qo‘lyozma. –Istanbl: Sulaymoniya kutubxonasi, Yangi Jome’ bo‘limi. Inv. № 547. 

8.   Kutlu, Sönmes. “Turklerin islamlaşma suresinde murçie ve tesirleri”. – Ankara: 2000.

9.   Muhammad ibn Ahmad Maqdisiy. “Ahsan at-taqosim fi ma’rifat al-aqolim”. –Leyden: 1906. 

10.  Muminov A. Rol i mesto xanafitskix ulama v jizni gorodov tsentralnogo Mavaraannaxra (II-VII/VIII-XII1 vv.). diss. na soisk. dok. istr. nauk. –Tashkent: Kab. Min. R. Uz. TIU, 2003. 

11. Abul Mu’in Nasafiy. “Bahr al-kalom”. Qo‘lyozma. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondi. Inv.№ 4008/II;

12. Abul Mu’in Nasafiy. “Bahr al-kalom”. – Bayrut: “Dor al-kutub al-ilmiyya” nashriyoti, 2005. 

13. Oqilov S. “Abul Mu’in Nasafiy ilmiy merosi va moturidiya ta’limoti”. Monografiya. – Toshkent: Nur poligraf, 2008. 

14. Oqilov S. “Samarqandda faoliyat olib borgan “Dor al-Iyodiya” aqidaviy maktabi”. “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali. 2015. – № 4. 

15. Oqilov S. “Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya ta’limoti”. Monografiya. –Toshkent: “Hilol-Nashr”, 2020;

16. Oqilov S. “Kalom (Aqoid)”. O’quv qo‘llanma. –Toshkent: “Hilol-Nashr”, 2019;

17.  Abul Hasan Rustug‘foniy. “Al-Favaid”. Qo‘lyozma. –Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, Yangi Jome’ bo‘limi. Inv. № 547. 

18.  Abul Hasan Rustug‘foniy. “Al-As’ila va al-ajviba”. Qo‘lyozma. –Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, Mulla Murod bo‘limi. Inv. № 1829.

19. Sagdiyev X. “Protevorechivoye veroucheniye zabludnix grupp”. In Sborniki konferensiy NIS Sosiosfera (No. 12, pp. 86-91). Vedecko vydavatelske centrum Sociosfera-CZ sro.

20. Hakim Samarqandiy. “As-Savod al-a’zam”. Qo‘lyozma. O’zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondi. Inv. № 2630.

21. Hakim Samarqandiy. “As-Savod al-A’zam”. Toshbosma. –Istanbul: 1872.

22. Hakim Samarqandiy. “As-Savod al-A’zam”. Toshbosma. –Qozon: 1878.

23. Hakim Samarqandiy. “Risala fi al-iman”. Toshbosma. Ankara universiteti, Ilohiyot fakulteti fondi. Inv. №: 237.4. 

24. Uvatov U. “Abul Mu’in an-Nasafiy hayoti va merosi. –Toshkent: “Ma’naviyat”, 2003. 

25.       Ziyodov Sh. “Abu Mansur al-Moturidiy va uning “Kitob at-Ta’vilot” asari. –Toshkent: “Fan” nashriyoti, 2009. 

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry