23.06.2021
742

MOTURIDIYA KALOM MAKTABIGA OID YANGI MANBALAR TAHLILI

Shovosil Ziyodov, tarix fanlari nomzodi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Kirish

Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanishida, shubhasiz buyuk mutakallim Abu Mansur Moturiydining (vaf. 333/944 y.) o‘rni nihoyatda katta bo‘lgan. U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) islom dinida paydo bo‘la boshlagan turli guruh va firqalarning soni ko‘payib ketgan edi. Bu xol imon-e’tiqod masalalarida ko‘plab ixtiloflarni keltirib chiqardi. Shunday guruhlardan biri mu‘taziliylar bo‘lib, ular aqidaviy masalalarni sharhlashda naqliy dalillardan (Qur’on va hadis) aqliy dalillarni ustun qo‘yar edilar. Natijada salaf hamda ahli hadis ulamolari orasida kalom ilmiga nisbatan tanqidiy fikrlar paydo bo‘la boshladi. Mana shunday murakkab sharoitda ulug‘ mutakallim Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va vujudga kelgan muammoli vaziyatni ilmiy asosda bartaraf etishda o‘zining katta hissasini qo‘shdi. Shu tariqa Moturidiy hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanafaning 

(699-767 y.) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. Lekin Moturidiy vafotidan keyin Movarounnahrda mazkur maktabning mavqei ma’lum darajada susaya boshladi. Shuning uchun Moturidiydan keyin Movarounnahrda uning ta’limotini to‘g‘ri talqin qilib keng targ‘ib qiladigan hamda asossiz fikr va tanqidlardan uni himoya qila oladigan bir guruh olimlarga zarurat sezila boshlagan edi.

Manbalarda yozilishicha, Abu Mansur Moturidiy asli Samarqandning Moturid (Moturit) qishlog‘ida tug‘ilgan, to‘liq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. U Abu Bakr Juzjoniydan hanafiy fiqhini, an’anaviy islom mezonlari va uni atroflicha qamrab olish, izchil tahlil qilish, aqlan fikr yuritib, ilohiyot borasida munozaralar olib borishni esa Abu Nasr Iyodiydan o‘rganadi. 

Yevropa va Turkiya olimlari [1; 5; 6; 14; 18; 20; 25] tomonidan kalom ilmi tarixiga oid ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsada, Markaziy Osiyo hududida ushbu soha bo‘yicha hali yetarli ishlar amalga oshirilgani yo‘q edi. Birinchidan 2000 yilda Ulrix Rudolfning Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqoti rus va o‘zbek tiliga tarjima qilingani [19] ushbu sohada o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning faoliyati rivojiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan 2000 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1130 yilligi O’zbekistonda keng nishonlanishi unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Unga qadar O’zbekistonda madrasa mudarisslari, madrasalarda tahsil olgan katta ulamolar, hatto masjid imomlari Moturidiy shaxsi haqida biron bir ma’lumotga ega emas ekanliklari bilinib qoldi. Lekin shuni alohida ta’kidlab o‘tish darkorki, ular Moturidiylik e’tiqodini “Imom A’zam e’tiqodi” yoki “ahli sunna val jamoa e’tiqodi” sifatida bilar edilar.

Abu Mansur Moturidiyning hayoti Samarqandda ilohiyot ilmi rivojining keyingi davriga to‘g‘ri keladi. Bu paytda shaharda bir necha e’tiborli mutakallimlar guruhi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular orasida donishmandlar (hukamo) guruhiga mansub Abulqosim Hakim Samarqandiy ijodiga qiziqish katta edi. Ikkinchi guruhda Abu Bakr Juzjoniy maktabi namoyandalari – Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abulhasan Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiylar bor edi. Uchinchi guruhni esa iyodiylar sulolasi vakillari – Abu Nasr Iyodiy, uning farzandlari Abu Ahmad va Abu Bakr Iyodiylar tashkil etardi. Bu guruhlar o‘rtasidagi bahslar turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi va bu kalom ilmi rivojiga ijobiy ta’sir etdi.

Ma’lumki, kalom ilmida mutakallimlar mavqeini belgilashda ularning ijtimoiy-siyosiy masalalardagi qarashlari muhim o‘rin tutgan. Hakimlar davlat bilan hamkorlikni rad etmay, uning vakillari bilan birga faoliyat ko‘rsatganlar. Masalan, Abulqosim Hakim Samarqandiyning “Kitob as-savod al-a’zam” asari somoniylar taklifi asosida yozilgan va bu kitobdan o‘sha davrda Movarounnahrda asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan.

Gap shundaki, islomga yangi o‘tgan mintaqa-larda ya’ni Movarounnahrda ilohiyot borasida turli masalalar vujudga keldiki, bu juda keskin tus oldi. Chunki mazkur hududdagi turk yoki sug‘d uchun islom ahkomlari va talablariga javob berishga tayyor emas edi. Bu esa oxir oqibatda bir qator isyonlarga ham olib keldi. Bularning barchasi Movarounnahrda kelgusida mustaqil ilohiyot an’analari vujudga kelishi uchun yetarli zamin tayyorladiki, natijada nisbatan ko‘p sonli diniy muhit yuzaga keldi.

Mana shunday sharoitda uning ta’limoti bilan batafsil tanishib, bu ta’limotning mazmun-mohiyatini teran anglagan izdoshlari, nasafiylar sulolasidan va boshqa sulolalardan yetishib chiqqan yirik mutakallim Abu-l-Yusur Pazdaviy (vaf. 1099 y.), Abu-l-Muin Nasafiy (vaf. 1114 y.), Saffor Buxoriy (vaf. 1134 y.), Abu Xafs Najimiddin Umar Nasafiy (vaf. 1142 y.), Ali ibn ‘Usmon O’shiy (vaf. 1173 y.), Sabuniy Buxoriy (vaf. 1184 y.), Umar Hanafiy (vaf. 1200 y.)lar Imom Moturidiy ta’limotini davom ettirib, uni yanada rivojlantirishdi.

Movarounnahr kalom maktabini shakllani-shida va taraqqiy ettirishda Samarqand ilmiy muhitini ham alohida o‘rni bor. Ushbu kalom maktabining taraqqiyotini uch davrga bo‘lib o‘rganish mumkin.

1) Moturidiygacha bo‘lgan davri (IX).

2) Moturidiy va uning safdoshlari davri (X).

3) Qayta tiklanish  davri (XI-XII). 

Birinchi davrda yuksak martabali va nufuzli hanafiya olimlarining xizmatlari katta bo‘ldi. Dastlabkilaridan, hanafiylar orasida mashhur bo‘lgan “Kitob al-‘alim va-l-muta‘allim” (“Ustoz va shogird kitobi”) asarining muallifi Abu Muqotil Samarqandiy (vaf. 823 y.) nomi tilga olinadi. Uning asari hanafiya an’anasi yo‘lidagi kalom ilmining eng dastlabki qadamlarini kuzatish imkonini beradi. Chunki u ustoz qarashlarini aniq yetkazish va tushuntirib berishga intilgan. Ushbu asar o‘quvchi (muallifni o‘zi) va ustoz (Abu Hanifa) o‘rtasidagi savol-javob tariqasida tuzilgan.

Movarounnahr kalom maktabiga zamin tayyorlashda Abu Bakr Muhammad ibn Yamon Samarqandiyning (vaf. 881-82 y.) ham alohida o‘rni bor. Uning hayoti Samarqand shahrida kechgan. Movarounnahrlik mutakallimlardan olimning hayoti tafsilotlariga nisbatan, asarlari bizgacha yetib kelganligi bilan farqlanib turadi. Abu Bakr qalamiga mansub “Kitob al-anvor” (“Ziyo kitobi”), “Kitob al-i‘tisom” (“O’zaro bog‘lanish kitobi”), “Kitob ma‘olim ad-din” (“Dinni bildiruvchi asar”) kabi asarlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Olimning yana bir asari “Kitob ar-radd ‘alo-l-karromiya” (“Karromiylarga raddiya kitobi”) deb atalgan bo‘lib, bu asar ham ilohiyot masalalariga oiddir. Bu asarni Muhammad Samarqandiy yashagan davrda shaharda ma’lum mavqega ega bo‘lgan karromiylar ta’limotiga qarshi yozilgan raddiya asarlari qatoriga kiritsa bo‘ladi.

Ushbu maktab rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shgan yana bir sermahsul olim Abu Muti‘ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930 y.) dir. O’qimishli oila vakili bo‘lgan olim zakovatli olimlar sulolasi asoschisi edi. Mazkur sulola uch avlod vakillari moturidiya rivojiga katta hissa qo‘shdilar. Ulardan Abu-l-Mu‘in Nasafiy o‘zini eslab o‘tish kifoyadir. Makhul an-Nasafiy o‘z davri ilohiyotida asosiy o‘rinlardan birini egallagan bo‘lsa-da, lekin manbalarda uning hayoti haqidagi ma’lumotlar deyarli uchramaydi. U “Kitob ash-shu‘o‘” (“Nur kitobi”), “Kitob al-lu’lu’iyot” (“Durdonalar haqidagi kitob”), “al-Radd ‘alo ahl al-bid‘a” (“Bidat ahliga radiya”) nomli asarlarning muallifidir. Uning uchinchi asari – “ar-Radd ‘alo ahl al-bid‘a” (“Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi”) bevosita ilohiyot sohasiga aloqador bo‘lib, muallif zamondoshlari orasida keng tarqalgan [15]. Undagi ma’lumotlar mazmundorligi va nihoyatda aniqligi bilan ushbu fan sohasidagi birinchi darajali manba sifatida diqqatimizni o‘ziga jalb qiladi. 

Ikkinchi davr Hakim Samarqandiy (vaf. 953 y.) Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojida muhim o‘rin tutadi [20: 606]. U kalom bilan bir qatorda boshqa diniy ilmlar bilimdoni sifatida e’tirof etilganligi uning mamlakat qozisi lavozimini egallaganligidan ko‘rinadi. U Moturidiy bilan birgalikda Samarqandda Abu Nasr ‘Iyodiydan ta’lim olgan. Uning hanafiylar orasida mashhur “Kitob as-savod al-a‘zam” (“Kitob aksariyat halq”) asari Movarounnahr ilohiyot tarixida asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Asar 902 yil amir Ismoil ibn Ahmad Samoniy (892-907) buyrug‘iga muvofiq yozib tugatilgan. Ushbu asar Nux ibn Mansur (976-997) davriga kelib fors tiliga ham tarjima qilingan.

Abul Muin an-Nasafiy Moturidiy vafotidan so‘ng uning qabri ustiga quyidagi maqtov so‘zlarini yozdirishga buyruq berganini rivoyat qilgan: “Ushbu qabr ilmlarni o‘z nafaslarigacha qamrab olgan, uni tarqatishda ko‘p zahmatlar chekkan, u qoldirgan meros ko‘p madh qilingan va o‘zining umr daraxtidan ko‘plab mevalar tera olgan ulug‘ zotning qabridir”[2].

Movarounnahr kalom maktabi faoliyati borasida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun bevosita Moturidiy va uning shogirdlari va ularning ilohiyot borasidagi yutuqlariga ham murojaat etish lozim.

XI-XII asrlar hanafiy mutakallimlari moturidiya ta’limotini qayta tiklash jarayonida uning ijtimoiy qarashlarini aks ettiruvchi fikrlarini e’tibordan chetda qoldirishadi. Keyinchalik Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib, o‘z bilimini yuksaltiradi. Bu jarayonda ko‘plab mashhur faqih va muhaddislar bilan muloqot va munozarada bo‘ladi, shu sohaga oid asarlar yozadi.

Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning (vaf. 990/1582 y.) “Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot fuqaho va mashoyix mazhab an-Nu’mon” (“Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma fakihlar va shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida Abu Mansur Moturidiyning, qayerda va qachon vafot etgani hamda uning asarlari haqida ma’lumot beradi. Muallif imom Moturidiyning “Kitob ut-tavhid” (“Allohning yakkayu yagonaligi borasidagi kitob”), “Kitob al-maqomat”, “Kitob rad avomil lil adila lil Ka’biy” (“Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”), “Kitob bayon va hum ul-mu’tazila” (“Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”), “Ta’vilot al-Qur’on” (“Qur’on ta’vili”) kabi asarlarini sanab o‘tadi.

“Ta’vilot al-Qur’on” asarining 2 ta  nusxasi O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida № 5126 va №5127 raqamlari ostida saqlanadi. 

Toshkent fondidagi №5126 raqami ostidagi nusxasi asarning ikkinchi jildidir. Qo‘lyozma asarning bir qismi LXII-CXIV suralar ta’vilini o‘z ichiga oladi. Qo‘lyozmaning 171a sahifasida bu asar Xoja Muhammad Porso kutubxonasida saqlanganligi to‘g‘risida belgi bor. Unda jumladan shunday deyiladi: “Ushbu kitob Buxoro shahrining Kuyi Dixqon manzilidagi kutubxonaga Alloh bandasi Muhammad al-Xofizi al-Buxoriy tomonidan vaqf qilingan”.

E’tiborli jihati – yuqorida tilga olingan  bu qo‘lyozma “Kitob at-ta’vilot”ning hozirgi kunga qadar dunyodagi eng qadimiy nusxasi bo‘lib turibdi. Mazkur nusxaning tavsifi SVR [22]ga kiritilmagan edi va u ilk bor maqola muallifi (Sh.Z) tomonidan ilmiy muomalaga kiritildi 
[11: 66-73] .

Bu qo‘lyozma 529/1134-35 yilda ko‘chirilgan. Buxoro jome’ masjidida qabul qilinib, tahrir etilgan (Qubila va suhhiha fi masjidi ja‘mi al-Buxara).

“Kitob at-ta’vilot” asarining yana bir nusxasi 5127 inv. raqami ostida saqlanadi. Bu nusxa asarning oxirgi jildidir. Nasx yozuvida ko‘chirilgan bu nusxa 294 varaqdan iborat. Muqovaning yuzida bir bo‘lak qadimiy qog‘ozga “Kitob at-ta’vilot” so‘zlari yozilgan bo‘lib, yozuv yillar davomida eskirib, ko‘z ilg‘amaydigan darajaga kelib qolgan. qo‘lyozmaning boshlang‘ich varag‘idagi (1a) yuqori satrda “Tafsir-i shayx Abu Mansur al-Moturidiy” deb yozilgan. Shu sahifaning quyirog‘ida shunday yozuvlar bor: “Bu oxirgi daftar buyuk imom, zohid, hidoyat yo‘li imomi, ahli sunna va jamoa raisi shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiydan naql qilingan”. Varaqning chap tarafiga “Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Hofiz al-Buxoriy mulki” deb yozib qo‘yilgan.

Ikki nusxa ham mashhur Xoja Muhammad Porsoning kutubxonasiga tegishli bo‘lgan
[21: 17-41]. 

Shu fondning o‘zida “Kitob at-ta’vilot” asarining mashhur hanafiy fiqh olimi Alouddin Samarqandiy [5: 640] tomonidan yozilgan  sharhi ham mavjud bo‘lib, uning nusxalari № 3249 va № 3155 raqamlari ostida saqlanadi. Bularning ham har ikkisi Xoja Muhammad Porso kutubxonasidandir. Bu nusxalarning biri 
(№ 3249), ayniqsa, qimmatlidir. Uning eng diqqatga sazovor joyi – uning sarvarag‘idir (1a).

Qo‘lyozmaning sarvarag‘i shunday iboralar bilan boshlanadi: “Ahl as-sunna raisi Abu Mansur al-Moturidiy – Alloh undan rozi bo‘lsin – hidoyat ilmi peshvosidan ash-shayx al-imom Hofiz ad-din Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Buxoriyga asarlar quyidagi isnod bilan yetib keldi: ash-shayx al-imom ar-rabboniy, usul va furu’ sohibi Shams ad-din Muhammad ibn ‘Abd as-Sattor ibn Muhammad al-‘Imodiy al-Kardariy xabar qildi (Alloh uni rahmatiga va rizosiga yo‘llasin), unga o‘z navbatida ash-Shayx al-Imom Najm ad-din Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy aytdi, ash-Shayx al-Imom al-qozi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn ibn ‘Abd al-Karim an-Nasafiy, u – otasidan, u – bobosidan, u esa – otasi ‘Abd al-Karimdan, u esa – ash-shayx, hidoyat yo‘liga boshlovchi, ahl as-sunnaning raisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiydan – Alloh uni rahmati va rizosi bilan qo‘llasin – aytadi”, degan so‘zlar bilan birinchi isnod matni tugaydi. Ikkinchi isnod “Sharh Ta’vilot” dan bu birinchi daftarni shayx imom ar-rohib ahl as-sunna va jamoaning raisi Abu Mansur al-Moturidiydan – Alloh uning tavbasini qabul etib rahmati va rizosi bilan qo‘llasin – ibn Ahmad as-Samarqandiy sharhlagan” degan jumla bilan tugaydi.

Yuqoridagi izohda Moturidiy ta’limoti, asarlari o‘z zamonasida keyingi davrlardagidek mashhur bo‘lmaganiga ishora bor. Bu asar dastlab Abdulkarim Pazdaviy (vaf. 999 y.) oilasi a’zolari orasida naql etiladi. XII asrdan boshlab esa ulamolar orasida keng tarqala boshlaydi. Yana shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Moturidiya ta’limoti Samarqanddan Buxoroga yoyilishi tafsilotlarini ham shu manba asosida o‘rga-
nish mumkin.

Manbalarga tayanib ish ko‘rilsa, Moturidiyning shogirdlari haqida ma’lumotlar talaygina. Lekin ularning barchasiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishonish qiyin. Chunki bu ma’lumotlarning mualliflari yashagan davrda Moturidiy shuhrat pog‘onasiga ko‘tarilib bo‘lgan edi, shu bois nafaqat haqiqiy, balki soxta shogirdlar haqida ham ma’lumotlar uchraydi. Bu esa o‘z navbatida shogirdlar doira­sining kengayishiga olib keladi.

Mazkur tadqiqot doirasida ilk bor samar­qandlik 5 mutakallim olimning asari tah-
lil etildi.

Ularning birinchisi Imom Moturidiyning bevosita shogirdi Abu-l-Hasan Ali ibn Sa‘id Rustufag‘niy (vaf. tax. 961 y.)ga tegishlidir. Uning “al-Favo‘id” (“Foydali narsalar”) nomli asari Kashshiyning “Majmu‘ al-havodis va-n-navozil” (“Yangi va eski fatvolar majmuasi”) asari ichida saqlanib, bizgacha yetib kelgan [4]. Shu vaqtgacha tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelgan bu asar 70 varaq hajmni egallaydi.

Ikkinchi nodir manba Moturidiy zamondoshi Abu Bakr ‘Iyodiy (X asr) qalamiga mansub. “‘Ashr al-maso’il al-‘Iyodiya min asl ad-din” (“‘Iyodiylar din asoslari xususida o‘nta masala”) deb nomlanuvchi bu asar al-Xasiriyning (vaf. 
1107 y.) “al-Xovi fi-l-fatovo” (“Eng maqbul fatvolar”) asari ichida saqlangan [17]. 

Uchinchisi – “Bayan asl mazhab ahl as-sunna va-l-jamo‘a” (“Ahl as-sunna va-l-jamo‘a mazhabi asillarini bayoni”). Uning muallifi noma’lum (anonim) bo‘lib qolmoqda. Bu kichik hajmli asar Moturidiy zamonida kalom ilmining rivoji yo‘nalishlarini tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchi manba sifatida Ibn Yahyo (X asr) ning “Sharh jumal usul ad-din” (“Usul ilmining yig‘indisi sharhi”) asarining yagona qo‘lyozma nusxasi Istanbulda saqlanadi [12]. Bu asar Abu Salama Samarqandiyning “Jumal usul ad-din” (“Usul ilmining yig‘indisi”) kitobiga sharh tarzida yozilgan [3]. Ibn Yahyo Samarqandda kalom masalalari rivojlanishi bilan bir qatorda, ushbu shaharlik mutakallimlar hayoti tafsilotlari, ijtimoiy hayotda tutgan mavqelari haqida aniq ma’lumotlar beradi. Ayniqsa, uning Moturidiy hayoti davrida Samarqandda ikki kalomiy maktab – Juzjoniya va ‘Iyodiya mavjudligi haqidagi xabari tadqiqotimiz uchun g‘oyat muhim ma’lumotdir.

Beshinchi manba: ilmiy izlanishlar natijasida al-Kosoniyning kam ma’lum bo‘lgan bir asari “al-e’tiqod lil-Kosoniy” الإعتقاد للكاسانى  (al-Kosoniy e’tiqodiga oid risola) yoki yana bir nomi “al-Mu‘tamad fi-l-mu‘taqod”ni topishga muyassar bo‘ldik. Ushbu asar Parij milliy kutubxonasida № 825/3 inventar raqami ostida saqlanadi. Umumiy hajmi 4 varaqdan iborat (322a-325b). Asar hajm jihatidan kichik bo‘lsada, al-Moturidiy kalom maktabi borasida qimmatli ma’lumot beradi [26]. Muallif asarda asosan kalom masalalariga to‘xtalib, uni o‘z izohlari bilan boyitadi. Kosoniy har bir kalom masalasiga Moturidiy qanday yondashganligini ko‘rsatib, so‘ngra esa o‘z izohini keltiradi. Lekin ushbu asar muallif ko‘chib o‘tgan Suriyada keng tarqaldi. Alouddin Kosoniy qoldirgan ilmiy merosini tadqiq qilish alloma yashagan davrdagi Movarounnahr kalom tarixi, hanafiy mazhabining mavqei va ilmiy muhit haqida yanada chuqurroq ma’lumot olish imkonini beradi[13].

Uchinchi davr Samarqand kalom maktabi tarixi bo‘yicha qo‘shimcha manba sifatida yaqin yillarda kashf etilib, nashr qilingan Abu Hafs as-Nasafiyning “Kitob al-qand fi zikri ‘ulamo’ Samarqand” (Samarqand ulamolari haqida qand kitobi) asarini eslatish mumkin. Unda kalom ilmi sohasida o‘z qarashlariga ega bo‘lgan bir necha guruh, jumladan, muhaddislar fikrlari keltiriladi. Bu manbaning ma’lumotlari shu davrgacha Samarqand ilohiyoti tarixini o‘rganishda inobatga olinmay kelganligini ta’kidlash joiz.

IX asr ikkinchi yarmida Samarqand kalom maktabi tarixida yangi bir tendensiya paydo bo‘ladi. U Abu Sulaymon al-Juzjoniy shogirdi Abu Bakr al-Juzjoniy va uning hanafiy o‘quvchilari nomi bilan bog‘liqdir. Ularning kalom sohasidagi asarlari bizgacha yetib kelmaganligi bois, mazkur fan rivojiga qo‘shgan hissalari haqida biror fikr bildirish qiyin. Lekin mazkur maktab vakillari – Abu Mansur Moturidiy va Hakim Samarqandiy ijodlari bilvosita ustozlarning bilim doiralari ancha keng va salmoqli bo‘lganligidan darak beradi.

Sharq biograf olimlar birinchi navbatda X-XI asrlarda Samarqandda yashab o‘tgan barcha ulamolarga o‘z nazarlarini qaratganlar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘sha davrda mazkur shaharda yashagan bo‘lsa, (albatta allomalardan) ilohiyot mavzusiga ozmi-ko‘pmi qiziqish ko‘rsatgan bo‘lsa va u Moturidiyning shogirdlari qatoridan joy olgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ko‘p hollarda mashhur allomalarni Moturidiy bilan bog‘lash ham uchraydi, lekin izchil o‘rganilganda bunga hech qanday tarixiy asos yo‘qligini ko‘rish mumkin. Misol tariqasida “Kitob as-savod al-a‘zam” asari muallifi Hakim Samarqandiyning bir muncha keyin yozilgan manbalarda uni Imom Moturidiyning shogirdi qatoriga qo‘yadilar. Ammo ilk davr manbalarida Hakim Samarqandiy Imom Moturidiyning shogirdi ekani tasdiqlanmaydi. Xuddi shunday holatni mashhur alloma Abu Lays Samarqandiyda ham kuzatish mumkin. Hakim Samarqandiyning fiqh va kalom ilmlariga bag‘ishlangan to‘plamlari X asrda Samarqandda yozilgan asarlarning aksariyatini tashkil etar edi. Shu bois ham uni ilk moturidiylar qatoriga kiritilgan, deb xulosa chiqarish mumkin. Biroq manbalarda Hakim Samarqandiy Samarqandning bosh qozisi lavozimini egallab turgan vaqtida Imom Moturidiy qabri ustiga tosh qo‘ydirishni buyurtirganligi haqida ma’lumotlar bor[2]. Unda shunday so‘zlar bitilgan: “Bu (qabr) o‘z aql-zakovati va tafakkuri bilan ko‘plab ilmlarning yuksak cho‘qqisini zabt etgan, u (ilm)larning dunyo bo‘ylab tarqalishida butun kuch-quvvati va salohiyatini ayamay sarflagan, dinu diyonat sohasidagi asarlari unga mislsiz shonu-shavkat keltirgan, umri bo‘yi insonlarga ilmning lazzatli mevasini ulashgan allomaning qabridir”.

Darhaqiqat Moturidiy vafotidan so‘ng, Samarqandda joylashgan mashhur Chokardiza qabristoniga dafn etiladi. O’sha davrdagi taomulga ko‘ra bu qabristonga shahar ahli orasida e’tiborga molik taniqli olimlar, ulamolar dafn etilardi.

Shu o‘rinda yana bir muhim yozma manbalar turkimiga kiruvchi, ya’ni yuqorida zikr etilgan Chokardiza qabristonidagi qayroqtoshdagi bitiklarni ham atab o‘tshimiz lozim. Bu qayroqtoshdagi bitiklar moturidiyya kalom maktabi vakillari haqida muhim ma’lumotlar berishi bilan ahamyatlidir. Moturidiyning ko‘plab safdoshlari va shogirdlari ham shu joyga dafn etilganlar [9]. 

Uzoq yillar davomida O’rta Osiyoning ko‘plab hududlarida qayroq toshlar qabrtosh sifatida ishlatilib kelingan. Chunki mazkur hududlarda u ko‘p uchraydi va u alohida ishlov berishga muhtoj emas. Ammo ularni aksariyati Samarqand hududida uchraydi va ulardagi bitiklar ulkan mahorat bilan amalga oshirilgan.

Bu borada tadqiqotlar ko‘p bo‘lmasa-da, ularda turlicha yondashuvlar bor. Ayrimlari qayroq toshlardagi bitiklarni o‘qib faqat shu bilan cheklangan bo‘lsa, ayrimlar toshlardagi bitiklarni o‘qishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlar. Tojikistonlik olima Dodxudoyeva L.N. o‘zining “Epigraficheskiye pamyatniki Samarkanda XI-XIV vv” nomli kitobda 130 qayroq toshlarni chop etgan [7], Xashimov M. A. esa “Religioznыe i duxovnыe pamyatniki Sentralnoy Azii (kniga-atlas)” [23] kitobida 100 ta qayroq toshlarni yuqorida ko‘rsatilgan manba asosida kiritgan. 

Imom Moturidiy maqbarasini tiklash jarayonida ko‘plab faqih va ulamolarga mansub qabrtoshlar (qayroq toshlar) topilgani e’tiborga molikdir. Ularning aksariyati qoraxoniylar davriga oid bo‘lib, ko‘plab yangi ma’lumotlar berishi tabiiy. Hozirda maqbara hududida,  O’zFA arxeologiya  instituti hamda Samarqand va Toshkent muzeylaridagi qayroq toshlarni islomshunos olimlar B.Bobojonov, A.Mo‘minov, U.Rudolf tomonidan o‘rganilib, alohida yirik tadqiqot sifatida chop etildi [24]. Chokardiza qabristonidan topilgan ba’zi epigrafik yodgorliklarni o‘rganish jarayonida X asr ulamolari qabrtoshlaridan bir qismi bizgacha yetib kelganligi aniqlanmoqda. Ular orasida moturidiya kalom maktabi vakillari Abul-Hasan Rustug‘faniy, Abu Salama Samarqandiy kabi  yirik olimlarga oidlari ham aniqlandi 
[16: 457-463]. 

2000 yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Abu Mansur Moturidiy tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanalar arafasida Samarqandda Chokardiza qabristoni o‘rnida 3,5 gektarlik majmua barpo etildi. Majmua markazida Abu Mansur al-Moturidiy maqbarasi bunyod etildi. Moturidiy o‘z ta’limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, hanafiya ta’limotining O’rta Osiyo xalqlari urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi.

 

Xulosa

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Imom Moturidiy asos solgan diniy ta’limot –moturidiylik maktabi Sharq mamlakatlarida katta shuhrat topishiga sabab shuki, unda ilgari surilgan g‘oyalar islom dinining mohiyatini to‘g‘rilik, ezgulik, insoniylik deb biladigan jamiki mo‘min-musulmonlarning qarashlari va intilishlari bilan hamohang edi.

 

Adabiyotlar ro’yxati

1.   Abu Mansur al-Moturidiy. Kitob at-Tavhid. Bekir Topal o‘g‘li va Muhammad Aruchi nashri. Anqara, 2003 y. 718 b.

2.   Abu Muin Nasafiy. Tabsirat. O’zFAShI. Asosiy fondi. Qo‘lyozma № 5857. varaq: 220a. 

3.   Abu Salama as-Samarqandiy. Jumal usul ad-din. Sulaymoniya kutubxonasi. “Sehid Ali” fondi. Qo‘lyozma № 1648/I., varaq: 1b-18a.

4.   Ahmad b. Muso ibn ‘Iso ibn Ma’mun al-Kashshi. Madjmu’ al-xavodis va-n-navozil. Sulaymoniya kutubxonasi. “Yeni Cami” fondi. Qo‘lyozma № 547. varaq: 285b-317a.

5.   Brockelmann K. Geschichte der arabischen Litteratur: T. I-II. –  Weimar-Berlin: 1898. 

6.   Gӧtz M. Māturīdī und sein Kitāb Ta’wīlāt al-Qur’ān // Der Islam. – 1965. – № 41. – B. 79. 

7.   Dodxudoyeva L.N. “Epigraficheskiye pamyatniki Samarkanda XI-XIV vv.” Tom I. – Dushanbe: Izdatelstvo “Donish”, 1992. 

8.   Ziyodov Sh., Daminov I., Ibodullayev T., Muhammadiyev O. Movarounnahrda Moturidiy kalom ilmi maktabi (monografiya). Toshkent, Shamsiddinxon Boboxonov bosmaxonasi” MChJ, 2020, 272 bet.

9.   Ziyodov Sh., Mo‘minov., Muhammadiyev O. Kayraki Samarkanda: novыe otkrыtiya// O’zbekistonda islomshunoslik yutuq va istiqbollari 2019 yil iyun Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman maqolalari to‘plami. IRSIKA. Istambul 2020. – B. 349-397. 

10. Ziyodov Sh.Abu Mansur al-Moturidiy  va uning “Kitob at-ta’vilot” asari. “Fan” nashriyoti. 2009. – 140 b. 

11. Ziyodov Sh. Abu Mansur al-Moturidiy va uning “Ta’vilot ahl as-sunna” asari haqida yangi ma’lumotlar // Sharqshunoslik. – 1999. – № 9. 
– B. 66-73

12. Ibn Yahyo. Sharh jumal usul ad-din. Sulaymoniya kutubxonasi. “Sehid Ali” fondi. Qo‘lyozma № 1648/II. varaq: 18b-168a.

13. Komilov M. Faqih Aloud-din Abu Bakr al-Kosoniy // Imom al-Buxoriy saboqlari.  – 2000. – № 3-4. – B.192-194.

14. Kutlu Sönmes. Mâtürîdîligin Tarihi Arka Plani. – Ankara: 2003.

15. Makhul Nasafiy “Bid’atchi, adashgan va adashtiruvchi firqalarga raddiyalar kitobi” asarining tarjimasi // tarjima va izohlar mullifi Muhiddinov H.F. Imom Buxoriy xalqaro markazi. – T: “Toshkent islom universiteti  nashriyot-matbaa birlashmasi”. – 2013.

16. Mo‘minov A. Znacheniye pogrebalnoy epigrafiki v g. Samarkande (X-XIV veka) dlya izucheniya istorii Maturidiya //// Büyük Türk Bilgini. Imam Mâturîdî ve Maturidilik / Millletlerarası tartışmali ilmî toplantı. 22-24 mayıs 2009 – İstanbul. Ed. Prof. Dr. İlyas Çelebi. – İstanbul, 2012. 
– B. 457-463.

17.  Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush al-Xasiriy al-Buxoriy. Al-Xovi fi-l-fatovo. Berlin shahar kutubxonasi. Ms.or.Qu. Qo‘lyozma 
№ 1661. 1b-264a.

18. Madelung W. The Spread of Māturidism and the Turks // Actas IV Congresso de Estudos Arabes Islāmicos. Coimbra-Lisboa. 1 a 8 de Setembro de 1968. – Leiden: Brill, 1971. – B. 109-168. 

19. Rudolph U. Al-Māturīdī und die sunnitische Theologie in Samarkand. – Leiden, New York, Köln: Brill, 1997.

20. Sezgin F. Geschichte des arabischen Schrifttums. Band I. Leiden, 1967. – S. 606.

21. Shovosil Ziyodov, Ashirbek Muminov et Elizaveta Nekrasova “La “Bibliothèque de Khwâja Muhammad Pârsâ” revisitée”, [Studia Iranica. Cahier 40], Paris: 2009, pp. 17-41.

22. Sobraniye vostochnыx rukopisey. – T. I-XI. – T.: Fan, 1952-1987.

23. Xashimov M. A.Religioznыe i duxovnыe pamyatniki Sentralnoy Azii (kniga-atlas). – Almatы: Izdatelstvo “SAGA”, 2001. – B. 28-40.

24. Epitafii musulmanskix uchenыx Samarkanda (X-XIV veka)  Vvedeniye,  pod­gotovka k izdaniyu  originalnыx tekstov, perevodы, kommentarii: B.M. Babadjanov, L.N. Dodxudoyeva, A.K. Muminov, U. Rudolf. Stambul: 
IRSIKA, 2019.

25. Özervarli S. The Authenticity of the Manuscript of Maturidi’s Kitab at-Tawhid: Are-examination // Islam Arastirmalari Dergisi. Istanbul. 1997. 
№ 1.  29-bet. 

26.       Vajda, Georges. Index Général des Manuscrits Arabes Musulmans de la Bibliothèque Nationale de Paris. Paris, Bibliothèque Nationale. Tome II. 1978. No. 825. 322a-325b.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry