22.06.2021
601

Buyuk ajdodlarimizning boy merosi — ibrat ko‘zgusi

TOSHKENT, 21-iyun. /«Dunyo» AA/. Ma’naviy-madaniy va diniy-ma’rifiy bilimlarning davlat va jamiyat taraqqiyotida, kelajak avlod ta’limi va tarbiyasi hamda kamolotidagi o‘rni va ahamiyati, shubhasiz, beqiyosdir. So‘nggi besh yil davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida bu yo‘nalishda ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Aqida, Hadis ilmi maktablari va, albatta, ko‘plab yangi bunyod etilgan masjidlar faoliyati bu fikrni tasdiqlaydi.

Muxbirimiz buyuk mutafakkirlardan biri – bobokalonimiz Abu Mansur Moturidiy qoldirgan boy merosni yosh avlodga yetkazish maqsadida mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, dotsent Davronbek Maqsudov bilan ushbu markaz faoliyati va moturidiylik ta’limotining ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi o‘rni xususida suhbatlashdi.

- O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil etilgan.

Markaz buyuk mutafakkir, moturidiylik ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma’naviy va ma’rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish maqsadida tashkil etilganini qayd etish joiz.

- Imom Moturidiyning boy merosini, xususan, allomaning sof islom arkonlari haqidagi ta’limotini o‘rganish qay darajada rivojlanmoqda?

- Mustaqillikning ilk yillarida moturidiylik ta’limoti diniy ta’lim muassasalarida o‘qitib kelingan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, mazkur markaz oldiga Imom Moturidiyning nomini keng jamoatchilikka xalqchil tilda yetkazishdek muhim vazifa qo‘yilgan. Ayni vaqtda Markazning Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida moturidiyshunoslik sohasidagi ilmiy natijalarni ommalashtirish, ya’ni xalqqa yetkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Umid qilamanki, ilgari Imom Moturidiy haqida mutaxassislargina yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lsalar, bugungi kunga kelib Markazning faoliyati natijasida xalq orasida ham Imom Moturidiy nomi tobora keng miqyosda tanilib bormoqda.

Bugungi kunda xalqimiz Imom Moturidiy timsolida buyuk mutafakkir, qomusiy olim, moturidiylik ta’limotining asoschisi, islom falsafasiga bilish nazariyasini ilk bor tatbiq etgan, o‘z davrida turli bid’atchi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi ma’rifat bilan kurashgan allomani ko‘radi. Biz uchun Imom Moturidiy barcha musulmonlarning jipsligi va birdamligi timsoli bo‘lib ham hisoblanadi.

O‘zbekistonda hozirgi paytda moturidiylik ta’limoti rivojining yangi bosqichi boshlandi, desam sira mubolag‘a bo‘laydi. Chunki davlat ham, odamlar ham bunga alohida e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, ushbu ta’limot O‘zbekiston bo‘ylab keng yoyilgan, ilm ahli uni targ‘ib qilishga astoydil intilmoqda. To‘g‘ri, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti haqida barcha yurtdoshlarimiz yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin. Biroq bu vaqtning ishi. Agar amalga oshirayotgan ishlarimizda bardavom bo‘lsak kerakli natijalarga albatta erishamiz.

Shu o‘rinda yana bir narsaga e’tibor berishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar minbaridan turib muqaddas Islom dini sofligini ta’minlash, buyuk ajdodlarimiz merosini targ‘ib etish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining Turkiy kengash doirasida bildirayotgan tashabbuslari bizni behad quvontiradi.

Umuman olganda, moturidiylik ta’limoti nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki barcha musulmonlarning birlashishi, jipslashishida muhim o‘rin tutadi.

- Bugungi kunda Islom dini niqobi ostida faoliyat olib borayotgan soxta guruhlar ko‘payib borayotgani sir emas. Imom Moturidiy ta’limoti xalqimizni, xususan, yoshlarni bizga yot bo‘lgan turli g‘oyalardan asrashda najot yo‘li bo‘lishi mumkinmi?

- Juda muhim va qiziqarli savol bo‘ldi. Tarixga nazar tashlasak, adashgan oqimlar ilk islom davrida vujudga kelganini ko‘rish mumkin. Jumladan, xorijiylarning faoliyatini bunga misol qilib keltirish mumkin. Shundan so‘ng mo‘’taziliylik, jahmiylik, mujassima, mushabbiha, qadariylik, jabariylik kabi qator oqimlar ham yuzaga kelgan. Ular islom manbalari sanalgan Qur’on va sunnani buzib talqin qilgan. Natijada yagona bo‘lgan Qur’on va hadislarni boshqacha tushunishlar paydo bo‘lgan, bu esa bir e’tiqoddagi dindoshlarning bo‘linishi, bir-biriga adovatda bo‘lishiga olib kelgan.

Ishonchim komilki, bunda, avvalambor, bilimsizlik va dinni yaxshi bilmaslik kabi sabablar bor.

Imom Moturidiy, Imom Ash’ariy va boshqa shu kabi buyuk islom mutafakkirlarining amaliy sa’y-harakatlari, jaholatga qarshi ma’rifat asosida, ya’ni destruktiv g‘oyalarga qarshi raddiya uslubidagi kitoblarni yozish bilan qarshi kurashish, oddiy xalqqa sof islom ta’limotini yetkazib berishda jonbozlik ko‘rsatish orqali yuqorida sanab o‘tilgan oqimlarning faoliyatiga chek qo‘ydilar.

Bugungi kunda ham turli ekstremistik va terroristik oqimlarning buzg‘unchi ishlariga guvoh bo‘lib turibmiz. Jumladan, hizbut-tahrir, IShID, soxta salafiylik, vahhobiylik va boshqa shu kabi guruhlar musulmonlar orasida irqiy, milliy, diniy nizolarning yuzaga kelishiga, e’tiqodda bo‘linishlarning paydo bo‘lishiga, umuman, qirg‘inbarot qon to‘kishlarga sabab bo‘lmoqda.

Ta’kidlash lozimki, islom chinakam insonparvar va tinchlikparvar din bo‘lib, unda zo‘ravonlik va buzg‘unchilikning har qanday ko‘rinishi qat’iy qoralangan. Bunga ko‘plab oyat va hadislarni dalil qilib keltirish mumkin. Shu nuqtai nazardan, mazkur adashgan oqimlarning muqaddas dinimizga hech qanday aloqasi yo‘q ekanini alohida ta’kidlash lozim.

Ayni vaqtda markaz ham jaholatga qarshi ma’rifat asosida, ya’ni Imom Moturidiy va uning izdoshlari bu borada qo‘llagan uslub va usullarning zamonaviy talqini orqali kurash olib borishni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda.

Abu Hanifa va Imom Moturidiy yo‘llari turkiy millatlar uchun najot bo‘la olishi masalasiga to‘xtalsak, sir emas, tarixda ushbu zotlarning tutgan yo‘llari musulmon millatlarining birlashishiga sabab bo‘lgan edi. Bugungi kunda ham shunday bo‘lishiga ishonchimiz komil.

Imom Moturidiyni nafaqat islom ilmlarini chuqur egallagan yetuk alloma, balki dunyoviy ilmlardan ham xabardor bo‘lgan qomusiy olim, buyuk mutafakkir sifatida e’tirof etish lozim. U diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlarda ham samarali ilmiy faoliyat olib borgan. Jumladan, uning kalom ilmiga birinchilardan bo‘lib bilish nazariyasini kiritishi, o‘z ta’limotida aqlga alohida o‘rin berishi fikrimizning dalili bo‘la oladi. Biroq, menimcha, uni faqatgina mutafakkir olim sifatida e’tirof etish to‘g‘ri emas. Agar olimning ilmiy merosiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u «Ta’vilot al-Qur’on», «Kitob at-tavhid» kabi aqida ilmiga bag‘ishlangan asarlar yozganini ko‘ramiz. Bu esa uning aqida sohasida yetuk olim va imom bo‘lganini ko‘rsatadi.

Butun dunyo Imom Moturidiyni nafaqat buyuk imom sifatida, balki jahonda keng tarqalgan ikki aqidaviy yo‘nalishdan biri – moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida ham e’tirof etayotir.

O‘zbekistonda barcha yurtdoshlarimiz Imom Moturidiyni asosan buyuk aqida imomi sifatida biladilar va unga shu nuqtai nazardan qaraydilar. Shu bois deyarli barcha Imom Moturidiy asos solgan aqidaviy ta’limotga ergashish lozim, deb hisoblaydilar.

- Imom Moturidiy asos solgan ta’limot haqida mushtariylarga muxtasar ma’lumot bersangiz.

- Ta’kidlash lozimki, Imom Moturidiy asos solgan ta’limot paydo bo‘lgan davrdan hozirgi kunga qadar real hayotda amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ma’lumki, islom dinida e’tiqodda adashgan toifalar, buzg‘unchi guruhlar bugun paydo bo‘lib qolmagan. Ularning g‘oyaviy ildizi ilk islom tarixiga borib taqaladi. O‘z davrida zabardast islom ulamolari bunday oqimlarga ilmiy asoslangan raddiyalarni bildirgan, ularga qarshi ma’rifat bilan kurashgan. Imom Moturidiy ham bu borada peshqadamlardan biri bo‘lgan, shu sababli ham u «musahhih e’tiqod ahli sunna» deb atalganini alohida qayd etish joiz.

Ushbu maktab vakillari IX asrdan buyon aynan aqida borasidagi ixtiloflarga javob berish va mo‘’tadil ta’limotni yoyish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bizning oldimizda turgan muhim vazifalardan biri esa ularning fikrlarini zamonaviy talqinlar asosida jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

Umuman, musulmonlar moturidiylikdek mo‘’tadil ta’limotga muhtoj. Chunki ushbu ta’limot mayoq kabi musulmonlarga to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatib turadi va ularning ahli sunna ta’limoti doirasida jipslashishiga va birlashishiga xizmat qiladi.

Markaz va soha mutaxassislari hozirgi paytda mumtoz asarlarni o‘rganish bilan bir qatorda zamonaviy axborot yetkazish vositalari sanalgan OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali mo‘’tadil ta’limotni yetkazish zarur, deb hisoblaydi.

- Mazmunli suhbat uchun rahmat.


Suhbatni Jobir Xo‘jaqulov yozib oldi.
«Dunyo» AA.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry