27.12.2022
228

ELU YURTGA HAMDAM BO‘LIB YASHASH SAODATI

Joriy yilning 20-dekabr sanasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi bo‘lib o‘tgan kun sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. 2017-yildan an’ana tusiga kirgan murojaatnomada mamlakat rahbari tomonidan davlat boshqaruv tizimi, ijro hokimiyati, ijtimoiy sohadagi eng dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan masalalar, inson qadrini ulug‘lash, uning haq-huquqlarini ta’minlashda davlat organlarining mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha vazifalar, fuqarolar farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan istiqbolli rejalar haqida nafaqat yurtimiz, balki jahon hamjamiyatiga ham e’lon qilinadi. Shuningdek, murojaatnomada mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida yilga maxsus nom ham beriladi. Shu nuqtai nazardan, mazkur murojaatnoma yurtimiz taraqqiyoti yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu dasturilamal hujjat davlat boshqaruvining oliy organi bo‘lgan Oliy Majlis bilan bir qatorda, O‘zbekiston xalqiga ham qaratilgani uning ahamiyati naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bu mamlakatda demokratik fuqarolik jamiyatini qurish jarayoni yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, shuningdek, davlat rahbarining xalqqa bo‘lgan ishonchi, jamiyat hayotining turli sohalaridagi tub islohotlarni xalq bilan birga amalga oshirishga intilishini namoyon etuvchi muhim omildir.

Murojaatnomaning avvalida iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari, jamiyat taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar atroflicha tahlil qilinib, sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish orqali fuqarolarning huquqlarini ta’minlash mexanizmlarini isloh qilish tashabbusi bildirildi.

Davlat vakillari o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerakligi alohida urg‘ulandi. Prezidentimiz Imom Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamdard bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hayotiy hikmati har bir vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga oid masalalar davlat oldida turgan eng muhim vazifalardan ekani ta’lim muassasalariga e’tiborni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Jumladan, davlat rahbari 2023-yilda 70 ta yangi maktab qurish, 460 ta mavjud maktabni kengaytirish, xususiy investitsiya mablag‘lari hisobidan 100 ta maktab barpo etish hamda keyingi besh yil ichida bunday maktablar sonini mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, o‘rta maxsus ta’lim tizimiga Yevropa kasbiy ta’lim standartlarining tatbiq etilishi yurtimizda ta’lim sifatini har tomonlama oshirishga xizmat qiladi. Binobarin, mazkur tizimda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan keng ko‘lamli ishlar jamiyat taraqqiyotida ta’limning o‘rni va ahamiyatiga qanchalik ulkan e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinlashib kelayotgan 2023-yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish haqidagi taklifi butun o‘zbek xalqi tomonidan iliq kutib olindi. Bu esa, o‘z navbatida, barcha davlat organlarining asosiy ish faoliyati inson qadrini yanada yuksaltirish hamda yurtimizda ta’lim sifatini tubdan o‘zgartirishga yo‘naltirilishini anglatadi. 

2023-yilda mamlakatimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev oldimizda turgan bir qator dolzarb vazifalarga doimiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini xalqqa yetkazish, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy kabi islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini chuqur o‘rganish, to‘g‘ri yo‘ldan adashib, turli buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni sog‘lom ijtimoiy hayotga qaytarish yuzasidan bildirilgan takliflar mamlakatda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish hamda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi muqarrar. Xususan, mamlakat rahbarining “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin, takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi?! Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan gaplari har birimizni chuqur mushohadaga chorlaydi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘p asrlik boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va keng targ‘ib qilishga, shu bilan bir qatorda, uzoq yillar islom diniga e’tiqodda yashayotgan xalqimizning diniy ma’rifatini yuksaltirishda ham muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, hozirgi kunda dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy vaziyat tahlili diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini yanada oshirish va malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishni taqozo qilmoqda. Yetakchi xorijiy ekspert va ilmiy jamoatchilik tomonidan O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ijobiy o‘zgarishlarga bildirilayotgan ijobiy munosabatlar, shubhasiz, yurtimizda bu borada olib borilayotgan ishlar xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilayotganining amaliy ifodasidir. Shu nuqtai nazardan, malakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yoshlarimiz davlat rahbari rahnamoligida uchinchi renessansga asos solishlariga, shu asosda O‘zbekistonni dunyoning rivojlangan mamlakatlari safiga olib kirishlariga qat’iy ishonamiz.

Umuman murojaatnomada xalqimiz istiqboli hamda mamlakat ravnaqi uchun har bir rahbar, har bir fuqaro qanday ish tutishi lozimligi aniq belgilab berildi. Ular barcha jabhalar qatori diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilib, yurtimizda millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi nafaqat yurtimizda, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqelik sifatida katta qiziqish bilan kutib olindi. 

Jamoliddin KARIMOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2022-yil 24-dekabr, 275-son

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry