16.11.2022
210

ISLOHOTLAR VA TASHABBUSLAR E’TIROFI

16-NOYABR – XALQARO BAG’RIKENGLIK KUNI

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish sari katta qadamlar tashlanib, ezgu tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Jumladan, turli diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ahillik, hamjihatlik kabi rishtalarni yanada mustahkamlash, ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini o‘rganish, islom dinining tinchlikparvar va ma’rifatga asoslangan tamoyillarini qaror toptirish borasidagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanyapti.

Mamlakatda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi — xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka bag‘ishlangani ham mazkur masalaga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralishini bildirsa, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi dasturining 5-yo‘nalishi doirasida Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash masalasi alohida maqsad sifatida bayon etilgani — ushbu yo‘nalish alohida masala sifatida muntazam e’tiborda ekanini ko‘rsatadi.

Shundan kelib chiqib, tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 2335 diniy tashkilot adliya idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shundan 2 139 tasi islomiy, 174 tasi xristian diniy tashkiloti, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, 1 tasi krishnani anglash jamiyati, 1 tasi buddaviylar ibodatxonasi va 1 tasi O‘zbekiston Bibliya jamiyatidir.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining tarkibida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari a’zolari 9 tadan 17 taga kengayib, hozir ushbu kengashning yig‘ilishlari yiliga ikki marta o‘tkazilayotganini yangilik sifatida eslab o‘tish maqsadga muvofiq.

Diniy bag‘rikenglik borasidagi islohotlar haqida gap ketganda, joriy yilning 5 iyul kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunini alohida qayd etish lozim.

Ushbu qonun konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatda turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro bag‘rikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini ta’minlash uchun qulay sharoitlarni yaratishga, huquqni qo‘llash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Qonun asosida diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish bilan bog‘liq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etildi.

Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalar ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab bekor qilindi.

Respublikamizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi insonlarning barcha ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib, diniy bayramlarini keng miqyosda nishonlashi uchun ham har tomonlama imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, musulmonlarning ikki Hayit bayrami, nasroniylarning Pasxa va Rojdestvo, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari keng nishonlanmoqda. Ushbu sanalarda konfessiya yetakchilarining bir-birini o‘zaro bayram bilan tabriklashi yaxshi an’anaga aylangan.

16-noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirokida har yili xalqaro konferensiya o‘tkazilar edi. So‘nggi yillarda mazkur sana munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni o‘z ichiga qamrab olgan “Bag‘rikenglik haftaligi”ning joriy etilgani, shubhasiz, jamiyatda bag‘rikenglik g‘oyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistondagi diniy erkinlik, dinlararo barqarorlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar tashlangani, bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushdi.

Xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi bir qator ekspertlar, soha mutaxassislari mamlakatimizga tashrifi chog‘ida diniy erkinlikni ta’minlash, amaldagi normalarni soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish, qolaversa, ma’rifiy islom g‘oyalarini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarga o‘zlari bevosita guvoh bo‘lyapti.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yurtimizda minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli ro‘yxatlardan chiqarilishi, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilishi, shuningdek, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan ayollar va yosh bolalarning yurtimizga olib kelinishi, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarining soddalashtirilishi ekspertlar tomonidan yuqori darajadagi islohotlar sifatida e’tirof etilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston diniy sohadagi “Alohida tashvish tug‘diradigan davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham bu boradagi ishlarning yorqin amaliy ifodasidir.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik borasidagi faoliyat dunyodagi ko‘p konfessiyali mamlakatlarga namuna qilib ko‘rsatsa arziydigan darajada ekani xalqaro ekspertlar, turli diniy konfessiya rahbarlari tomonidan baralla yangramoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro hamjamiyatning olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, 2018-yil 12-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida tashkilotga a’zo 193 mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini shular jumlasiga kiritish mumkin.

Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma’rifat, ta’lim-tarbiya masalasini ilgari surgani, barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashish, eng muhimi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilgani bilan jahon hamjamiyatining e’tiborini tortgani yanada ahamiyatli.

Joriy yil 16-20 may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘nga yaqin davlat, jumladan, AQSh, Angliya, Avstriya, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Indoneziya, Nigeriya, Gana kabi mamlakatlarning 30 dan ortiq taniqli ilohiyotshunos, diniy ulamo va rasmiy mutasaddi vakillari ishtirok etdi.

Forum doirasida ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalalarida qonun ustuvorligini ta’minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi.

Forum yakuni bo‘yicha “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Hujjatda O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqib, jahon hamjamiyati bilan dunyoda ma’rifat va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, shuningdek, turli dinlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga bo‘lgan chaqiriq ifodalangani ham yurtimizdagi bag‘rikenglik siyosatining naqadar to‘g‘ri o‘zanda ketayotganiga yaqqol dalildir.

Xulosa qilib aytganda, ko‘p konfessiyali davlatlar, xususan, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik borasidagi yondashuvlar va qarashlarga yangicha nigoh bilan nazar tashlash, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tizimli va tartibli tashkil etishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.

O‘zbekiston tajribasi va ushbu yo‘nalishdagi islohotlar tom ma’noda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatdagi turli konfessiya vakillarining o‘zaro ahil, inoq va hamjihatlikda faoliyat yuritishiga asos bo‘layotir.

Pirovardida, yurtdagi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash hamda o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga erishilmoqda.

Ilhom MA’RUPOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi maslahatchisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 16-noyabr, 234(756) son

 

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry