09.09.2022
616

KISHILARNI KOFIRGA CHIQARISH MASALASI

Yaqin Sharqda «jihod», «xalifalik» nomi ostida bo‘lib o‘tgan va davom etayotgan voqelikka nazar tashlansa, musulmon farzandlari musulmon og‘a-inilarini kufrda ayblab qatl qilmoqdalar, ayollarni esa asir olib qul bozor tashkil etib sotib yubormoqdalar. Bu kabi ishlar «kufr» tamg‘asi ostida amalga oshirilmoqda. Quyida ana shu jihatga e’tibor qaratmoqchimiz. Zero, biz endi bayon qiladigan ma’lumotlar Islom olamida yetuk ulamolarning ishonchli dalillarga asoslangan so‘zlaridir. Hadisi shariflarda ba’zi bir ishlarni qilgan kishilar kofir bo‘lishi haqida aytilgan.

عَنْ أَبِى ذَرٍّ سَمِعَ النَّبِيَّ صّلَّى اللهُ عَلّيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «مَنْ ادَّعَى لِغَيْرِ أَبِيْهِ وَهُوَ يَعْلَم فَقَدْ كَفَرَ وَمَنْ ادَّعَى قَوْمًا لَيْسَ هُوَ مِنْهُم فَلْيَتَبَوَّأ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ وَمَنْ دَعَا رَجُلاً بِالْكُفْرِ أَوْ قَالَ عَدُوَّ اللهِ وَلَيْسَ كَذَلِكَ إِلَّا حَارَتْ عَلَيْهِ».

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Kim bilaturib o‘z otasidan boshqani «otam» deb da’vo qilsa, kofir bo‘ladi. Kim o‘zi ulardan bo‘lmagan qavmdanman, deb da’vo qilsa, do‘zaxdagi joyiga tayyorlanayversin. Kim birovni kufrda ayblasa yoki “Allohning dushmani” desa va u unday bo‘lmasa aytgani o‘ziga qaytadi” deganlarini eshitgan.

Arab tilida «kufr» so‘zi e’robi (haraka-ti)ning turlicha bo‘lishiga ko‘ra bir necha ma’noda qo‘llaniladi. Shulardan “ne’matga nonko‘rlik”, «undan tonish», «berkitish» va “o‘rash” ma’nolarida qo‘llaniladi.

Ulamolarimiz shu ma’noda kelgan ko‘plab hadislardagi «kufr»ni “imonning ziddi bo‘lgan kufr” emas, balki “ne’matga nonko‘r-lik, undan tonish, berkitish” ma’nosida ekanini aytib o‘tganlar. Zero, ahli qiblani gunohi sababli kufrda ayblanmaydi.

Xolid ibn Abdulloh Muhammad Muslihning «Sharh lam’atu-l-e’tiqod» kitobida quyidagi hadisi sharif keltiriladi:

 قال أنس: قال النبي صلى الله عليه وسلم: «ثَلاَثٌ مِنْ أَصْلِ الْإِيْمَان: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ: لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله، وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ، وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلاَمِ بِعَمَل»

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Uch narsa imonning aslidan: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q” degan kimsadan tiyilmoq, kishini gunoh sababli kufrda ayblamaymiz va amali sababli Islomdan chiqarmaymiz”.

«Jomiʼ latoif at-tafsir» kitobida Ibn Umardan quyidagi rivoyat keltiriladi:

 

عن ابن عمر قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : «كُفُّوا عَنْ أَهْلِ لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله لاَ تُكَفِّرُوهُم بِذَنْبٍ فَمَنْ أَكْفَرَ أَهْلَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله فَهُوَ إِلىَ الْكُفْرِ أَقْرَبُ».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q” degan kimsalardan tiyilinglar. Ularni gunoh sababli kufrda ayblamanglar. Kimki “Allohdan o‘zga iloh yo‘q” degan kimsalarni kufrda ayblasa, bas, u kimsa kufrga yaqinroqdir”.

Kufr  ikki xil bo‘ladi. Biri haqiqiy va yana biri majoziy ma’noda. Agar kishi, Alloh taoloni ochiq oshkora inkor etmasa yoki halolni harom yoxud haromni halol deb qasddan aytmasa, u kufrda ayblanmaydi.

Mashhur hanafiy olimi Ibn Nujaym (hij-riy 926-970) aytadi: “Agar bu masalada kofir deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsayu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizini qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”.

Ammo dinda haddidan oshib, g‘uluvga ketganlar bu masalada yuqoridagi so‘zning aksini qo‘llashmoqda. Ulamolar tomonidan Bag‘dodiyga yozilgan «Ochiq xat»da shunday jumlalar mavjud: “Internetda tarqatilgan lavhalarning birida «IShID»ning Shokir Vuhayb degan vakili tinch aholidan ikki nafar qurolsiz kishini to‘xtatadi. Ular musulmon ekanligini aytishadi. So‘ng u ba’zi namozlar-ning necha rakaat ekanligini so‘raydi. Boyagi kishilar javobda xato qilishganda, ularni o‘ldiradi. Bu mutlaqo harom ish va jinoyatdir”.

Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo‘liga ziddir.

Bundan ular hattoki kimni, nima sababdan kufrda ayblash mumkin ekanini ham bilmaydigan johil kimsalar ekani ayon bo‘lmoqda.

2005 yil 6 iyulda qabul qilingan “Islom haqiqati va uning zamonaviy jamiyatda tutgan o‘rni haqidagi Ummon Deklaratsiya-si”da bunday deyiladi:

“Ahli sunna val jamoaning to‘rt mazhabi: ...hanafiy, molikiy, shofi’iy, hanbaliy mazhablariga ergashuvchi har bir shaxs musulmondir. Uni kofir deyish, joniga qasd qilish, sha’ni va mol-mulkiga tajovuz qilish mumkin emas...”.

Yuqorida keltirilgan fikrlar asosida aytish mumkinki, hech kimga boshqa bir kishini «kofir»likda ayblash huquqi berilmagan. Chunki inson qalbida kechayotgan his-tuyg‘ularni Yaratgandan boshqa hech kim bilmaydi. Yaqin Sharqda paydo bo‘lgan fitnachilar jamoasi “Hozir barcha islom diyorlarida amal qilayotgan qonunlar shaytonning hukmlaridir”, deya da’vo qilishmoqda.

Ular faqat o‘zlari turgan joynigina «doru-l-imon» va «doru-l-hijrat», deb atab, boshqa joylarni esa «kufr va murtadlik diyori», deb nisbat berishmoqda.

Mazhabimizda mo‘‘tabar sanalgan «Raddu-l-muxtor» kitobida shunday deyiladi: “Islom diyori faqat quyidagi uchta shart jamlanganda-gina kufr diyoriga aylanadi:

Birinchidan: Shirk ahlining hukmlari yuritilishi bilan, ya’ni mushriklarning hukmi oshkor yuritilib, musulmonlarning hech bir hukmi yuritilmaganidan keyin kufr mamlakati bo‘ladi;

Ikkinchidan: Islom diyori kufr mamlakatlariga qo‘shilib, birlashsa;

Uchinchidan: Mamlakatda birorta ham xavfsiz musulmon qolmasa”.

Mazkur uch shartning hammasi bir mamlakatda topilsa, u joy kufr diyoriga aylanadi. Agar ulardan biri yoki ikkitasi topilib, qolganlari topilmasa, Islom yurti bo‘lib qolaveradi”.

Zamonamiz olimlaridan Abdulqodir Avda aytadi: “Doru-l-islom – islom arkonlari amalda bo‘lgan yoki unda yashovchi musulmonlar islom arkonlarini bajarishlariga monelik bo‘lmagan hududdir”.

Imom Alouddin Kosoniy: “Kufr diyorida namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi islom ahkomlariga amal qilinishi bilan u islom diyoriga aylanadi”, deb ta’kidlangan.

Islom olamida mashhur bo‘lgan ulamo Muhammad Abu Zahro bunday deydi: “Ba’zi kishilar kabi shariat ahkomlari joriy qilinmaganini hisobga olgan holda, bu hudud «doru-l-islom», boshqasi «doru-l-kufr» deb ayta olmaymiz. Hozir Mag‘ribdan to Mashriqqacha joylashgan davlatlarda shariat ahkomlari tatbiq qilinmasa ham, barchasi «doru-l-islom» hukmidadir. Chunki u joylarda yashayotgan musulmonlar omonlikda hayot kechirishyapti va ularning diniga hech qanday xavf yo‘qdir”.

Abu Hanifa rahimahulloh“Musulmon kishini, bir gunohni qilgani bilan, o‘sha gunohni halol sanamasa, uni kofirga chiqarmaymiz”, deganlar.

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu «Laa ilaha illalloh» degan bir odamni o‘ldirib qo‘yadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan: «Laa ilaha illalloh», desa ham o‘ldirdingmi?” deb so‘raydilar. Usoma: «U qo‘rqqanidan, xavfsirab aytdi», deydi. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: «Sen uning qalbini yorib ko‘rdingmi?» deb, qattiq tanbeh beradilar.

Yusuf Qarzoviy: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad alayhissalom Uning rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga hamma musulmonlarga qilinadigan muomala qili-nishi kerak” degan.

Hadis ilmi maktabi
rahbari Olimxon Isaxon o‘g‘li

1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odoblar xaziynasi. – T.: Sharq, 2006.

2. Imom Ismoil ibn Hammod al-Javhariy. Mo‘‘jamu-s-sihoh. – Bayrut. Doru-l-ma’rifa, 2007.

3. Abu Dovud rivoyati.

4. Tabaroniy rivoyati. Abdurrohman ibn Muhammad ibn Abdulhamid Qumash. Jomi’ latoif at-tafsir. J. 1. – B. 155.

5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ochiq xat. – T.: Hilol nashr, 2015.

6. Alouddin Kosoniy. Badoeu-s-sanoi. J. 7. – Bayrut. Doru-l-kutub, 1982. – B. 130.

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry