26.05.2021
345

Hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiy

 

  O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat diyori, sivilizasiyalar kesishgan chorraha, taraqqiyot o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Men “Hidoyat imomi Abu Mansur Moturidiyning hayot yo‘li” kitobi muallifi sifatida aytishim mumkinki, aniq tarixiy va ilmiy faktlar O‘zbekiston diyorini tarixan yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lganlini ko‘rsatadi. Buxoro va Samarqand Somoniylar davlatidagi asosiy ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan. Ayniqsa, Buxoro shahri madaniy taraqqiyot jihatidan davlatning eng muhim shahri sanalgan. Buxoro vasfida buxorolik mashhur olimlardan biri “Yatimatud dahr” kitobining sohibi Abu Mansur Saolabiy quyidagilarni yozadi: “U ulug‘vorlik yurti, saltanat qiblasi, zamon ulug‘lari yig‘ilgan makon, yer ahli adiblari yulduzlarining chiqar joyi va zamon fozillari to‘plangan yerdir”. Shuning uchun ham Buxorodan ko‘ra aholisi ilm ahliga yehtiromliroq biror shahar ko‘rilmagan. Somoniylar davrida Buxoro shahridagi ilmiy yuksalish ko‘plab ilmiy muassasalar faoliyatida namoyon bo‘lgan. U yerda ahli ilmlar munozara uchun Buxorodagi ilmiy muassasalarda to‘planishar, bunday ilmiy munozaralar ba’zi hollarda amirning qarorgohida ham o‘tkazilardi. Rivoyat qilinishicha, amir Ismoil ibn Ahmad olimlarni o‘ziga yaqin tutar, ularning munozaralarini diqqat bilan tinglar edi. Samarqand shahriga kelsak, u ham ulkan ilmiy taraqqiyotning guvohi bo‘lgan ko‘hna zamindir. Samarqand diyorida yuksalgan ilmlar va Abu Mansur Moturidiy, Lomishiy Samarqandiy, Alouddin Samarqandiy, Alouddin Usmandiy Samarqandiy, Badruddin Samarqandiy, Sa’diddin Taftazoniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi singari bu zamindan yetishib chiqqan dunyoga mashhur allomalar Samarqandni ham Buxoro kabi tolibi ilmlar uchun qibla bo‘lganiga dalolat qiladi.
Movarounnahr mintaqasi islom ummatining ko‘plab ko‘zga ko‘ringan ulamolarini yetishtirdi. Ularning turli fanlar bo‘yicha yozgan asarlari bu diyordagi ulkan ilmiy muhitning samarasi edi. Xususan, oltita ishonchli hadis to‘plamlari ichidan uchtasining sohiblari Movarunnahr diyorida tug‘ilganligi va shu yerda yashab ijod qilganligi yuqoridagi fikrimizning yaqqol isbotidir. Shubhasiz, O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat diyori bo‘lgan. O‘zbekiston hozirgi kunda jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan va hamisha genetik ilmiy salohiyati yuksak e’tirof etiladigan ana shunday ulug‘ maqomni saqlab qolishga, yuksak taraqqiyot cho‘qqisini qayta zabt etishga intilmoqda. Men birinchi bor O‘zbekistonga 2020 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi  bilan Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edim. Tashrif davomida davlat tomonidan ilmiy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tiborni ko‘rib hayratlandim va menda kelgusi ilmiy faoliyatimni O‘zbekistonda davom ettirish istagi tug‘ildi. Ushbu anjumandan keyin, O‘zbekiston Prezidenti qaroriga asosan imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilayotganligi haqida xabardor bo‘ldim va ilmiy faoliyatimni O‘zbekistonda davom ettirishga qaror qildim. Ta’kidlashim zarurki, imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi olamshumul voqea bo‘lib, bu yangilikni dunyo afkor ommasi, taniqli ulamolar katta mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Chunki, bugungi kunda imom Moturidiyning ilmiy merosini o‘rganishga nafaqat O‘zbekistonda, balki, butun dunyoda katta qiziqish bildirilmoqda. Moturidiylik ta’limoti sunniylik yo‘nalishidagi ikki yirik maktabning biri bo‘lib, ushbu ta’limoti X asrdan bugungi kunga qadar o‘zining moʻtadilligi bilan ajralib turadi. Buning asosiy sababi imom Moturidiy o‘z ta’limotini o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy jihatlarini ham hisobga olgan holda yaratgan. Shuning uchun ham moturidiylik ta’limotini o‘rganishga qiziqish katta. Moturidiylik ta’limoti dunyoning ko‘plab yirik ta’lim muassasalarida, xususan, al-Azhar universitetida ham o‘qitiladi. Bugungi kunga qadar al-Azhar universitetida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha 150 dan ziyod ilmiy ishlar chop etilgan bo‘lib, ayni paytda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar soni bundan bir necha borabar ziyoddir. Alohida qayd etish kerakki, Buyuk Britaniyaning nufuzli Oksford ta’lim muasasasida moturidiylik ta’limotini bugungi ahamiyati juda katta ekanligi alohida e’tirof etilgan.
O‘zbekistondagi imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi islom dinining insonparvarlik mohiyatini, ma’rifiy jihatlarini ilmiy asosda o‘rganadigan va tadqiqotlar olib boradigan, tadqiqot natijalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazadigan nufuzli xalqaro markazlardan biri bo‘lishiga ishonaman. Shuningdek, hozirgi vaqtda islom olami imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limoti va ushbu ta’limotning ezgu g‘oyalarini targ‘ib qiladigan ana shunday ilmiy Markazga katta ehtiyoj sezmoqda. O‘zbekiston bu sohada katta tajribaga ega. Chunki, O‘zbekiston qadimdan ilm-ma’rifat markazi bo‘lgan, ishonchim komilki, bundan keyin ham ana shu yuksak maqomni saqlab qoladi. Biz imom Moturidiy ta’limotini keyingi avlodlarga sof holda yetkazishimiz zarur. Moturidiylik maktabi aqida va kalom ilmi borasida dunyodagi eng kuchli maktablardan biri bo‘lgan. Bu maktabning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xususan, moturidiylik ta’limoti islom tarixidagi zabardast olim Abu Hanifadan o‘tib kelayotgan ulkan meros hisoblanadi. Hozirda moturidiylik maktabi ilmiy merosini tiklash vaqti keldi. Chunki, moturidiylik maktabi ta’limotlaridan uzoqlashish natijasida, turli g‘arazli kuchlar va ekstrimistik oqimlar faoliyati kuchaya boshladi. Ta’kidlash joizki, hozirda dunyo miqyosida diniy ixtiloflar murakkablashib, mutaassib oqimlarning faoliyati tobora kuchayib bormoqda. Ana shunday mafkuraviy kurash jarayonida yoshlarni islomning an’anaviy ta’limotiga zid bo‘lgan yot g‘oyalardan himoya qilish, xususan, aqida masalalarida ilgari surilayotgan noto‘g‘ri aqida va tushunchalarni moturidiylik ta’limoti asosida tuzatish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada imom Moturidiyning “Kitab at-tavhid”, “Ta’vilot ahl as-sunna” asarlarini tarjima qilish, o‘rganish va yoshlarga yetkazish orqali ularni turli g‘arazli kuchlarning yot g‘oyalari xurujidan saqlab qolish mumkin.
Hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining taxminan 40 % ushbu ta’limot vakillari sanaladi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganishga va keng miqyosda targ‘ib qilishda nihoyatda katta imkoniyat ega. Qolaversa, O‘zbekiston hukumati mazkur xalqaro Markaz faoliyati uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan. Mening istagim dunyodagi barcha musulmon ummati fiqh, aqida va tasavvuf ilmlarini O‘zbekistondagi imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati orqali o‘rganishlari kerak. Bu mening orzuyim, men orzuyimni amalga oshishini istayman va bunga ishonaman.
Bu markaz nafaqat O‘zbekistonda, balki, butun islom olamida ulkan ilmiy taraqqiyot poydevori bo‘lib xizmat qiladigan markaz bo‘lib qolishiga tilakdoshman.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, Misr Arab Respublikasining al-Azhar universiteti doktori Ahmad Damanhuri

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry