25.05.2021
412

AFV — INSONPARVARLIKNING YUKSAK NAMUNASI

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida odamlarni rozi qilish, adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yiqilganni suyash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Ana shu ulug‘vor tamoyil asosida, qolaversa, xalqimizga xos insonparvarlik, kechirimlilik va bag‘rikenglik qadriyatlarini e’tiborga olgan holda, hayotda bilib-bilmay xato qilgan, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan insonlarga muruvvat ko‘rsatilmoqda, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, jamiyat uchun foydali shaxsga aylantirishning samarali choralari ko‘rilmoqda. Afv instituti mazkur siyosatni ro‘yobga chiqarishning samarali mexanizmiga aylandi.

Qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh fuqarolarning Ramazon hayiti arafasida Prezident farmoni bilan afv etilishi ham ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning amaldagi ifodasi hamda qanchadan-qancha insonlarga, ularning oilasi va yaqinlariga davlatimiz rahbaridan haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Afv etilganlar o‘z uylariga kirib borar ekan, ularning yaqinlari, ayniqsa, farzandlari ko‘zlaridagi cheksiz quvonchni hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi. Aslida, afv etishdan ko‘zlangan maqsad xato qilganni faqat kechirish emas, balki ularning oilalariga ham ro‘shnolik olib kirishdir.

Mazkur afvning o‘ziga xosligi shundaki, har bir xonadonda xursandchilik, shukronalik hukm surayotgan bugungidek bayramona kunlarda afv etilganlar ham o‘z oilasi, yaqinlari bag‘rida tom ma’noda bayram shukuhini his qiladi. Asosiysi — ibratli saboq, yaxshi yakun, qayta xato qilmaslik.

Muborak ramazon oyida amalga oshirilgan yana bir xayrli tadbir — “Mehr-5” operasiyasi ham alohida e’tirofga munosib. Zero, 93 nafar ayol va yosh bolaning mojaroli hududlardan yurtimizga qaytarib olib kelingani tom ma’noda Prezidentimizning siyosiy irodasi va insonparvarlikning yuksak namunasi bo‘ldi.

Ushbu insonlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun qilinayotgan bunday xayrli ishlar ezgulikning oliy namunasi ekanini ta’kidlash lozim. Afv etilgan fuqarolar bilan tizimli muloqotlar qilish, muammolarini hal etish, savollariga to‘laqonli javob berish ularning jamiyatga tez moslashishi va o‘z o‘rnini topishida juda muhim omil hisoblanadi. Shu sababli Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ilk afv e’lon qilingan kundan boshlab, afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha aniq va maqsadli mexanizm shakllantirilgan. Tizimli tadbirlarning ijobiy samarasi o‘laroq, ularning aksariyati hayotda o‘z o‘rnini topdi: tadbirkorlik, tikuvchilik, chorvachilik, dehqonchilik va boshqa foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmoqda. Hojilik maqomidagi yurtdoshlarimiz ham afv etilgan vatandoshlarimizning ijtimoiy moslashuviga yaqindan yordam berayotganlarini qayd etish kerak.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning afv etish to‘g‘risidagi farmoni qanchadan-qancha ko‘ngillarga shodlik, oilalarga halovat va ro‘shnolik ulashdi. Bu chinakam insonparvarlik namunasi, yuksak bag‘rikenglik ifodasidir. Zero, afv institutining mohiyatida ham ana shu ulug‘vor g‘oya mujassam.

Sodiq TOSHBOYeV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2021 yil 25 may, № 104 (360)

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry