29.08.2022
462

YANGI O‘ZBEKISTONDAN ISLOMSHUNOSLIK: ZAMONAVIY HOLAT VA ISTIQBOL

Yangi O‘zbekistonda islomshunoslik sohasida ham zalvorli islohotlar, tubdan yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish”ga o‘tish jarayonida diniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, o‘zgarishlar o‘zining ahamiyati bilan ajralib turadi. Buni ajdodlarimizning boy milliy-ma’naviy merosini, xususan, milliy qadriyatlarimiz darajasiga ko‘tarilgan qo‘lyozma merosimizni o‘rganish borasida yaqqol ko‘rish mumkin. 

Dunyo mamlakatlari O‘zbekiston islom dini, ta’limoti, san’ati va madaniyatini dunyoga yoygan qadimiy yurt ekanligini odilona e’tirof etmoqda. Yurtimizdan jahon fani va madaniyatiga o‘zining serqirra ilmiy merosi bilan ulkan hissa qo‘shgan minglab allomalar yetishib chiqqan. Ularning nodir qo‘lyozma asarlari dunyoning turli mamlakatlari fondlariga tarqalgan va hozirda o‘sha fond-larning ko‘rki darajasidagi ma’naviy boyligiga aylangan hamda bu xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq tan olingan. 

Yurtimizda Qur’oni karim matnining o‘zbekcha izohli tarjimalarining yaratilishi islomshunoslik, xususan, qur’onshunoslik fanining sezilarli yutuqlaridan bo‘ldi. Shayx Usmonxon Alimov, Shayx Abdulaziz Mansur, Shayx Muhammamad Sodiq Muhammad Yusuf, Shayx Alovuddin Mansur kabi ulamolar tomonidan amalga oshirilgan tafsir va tarjimalar ajdodlarimiz hamda hozirgi kunda biz e’tiqod qilib kelayotgan islom dini ta’limoti asoslarini to‘laqonli anglashga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar bugungi kunda jadal davom etmoqda. Jumladan, Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan amalga oshirilayotgan Qur’oni karimning yangi to‘ldirilgan izohli tarjimasi yakunlanib, 2018 yil ushbu izohli tarjimaning yangi nashri amalga oshirildi. Olim tomonidan amalga oshirilgan Qur’oni karimning rus tilidagi tarjimasi ham ilm ahli va kitobxonlarga taqdim etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham ta’lim, ham ilmiy dargoh sifatida islomshunoslik sohasi rivojida sezilarli o‘rin egallab kelmoqda. Jumladan bu ilmiy dargohda olib borilgan ilmiy izlanishlarning kattagina qismini ham Qur’oni karim va uning tafsirlariga bag‘ishlangan tadqiqotlar tashkil etadi. Ular jumlasiga “Movarounnahr hanafiy mazhabi tafsirlarining qiyosiy tahlili (XIII-XV asrlar)”, “Abu Bakr Jassos “Ahkom al-Qur’on” tafsirining hanafiy mazhabi rivojidagi ahamiyati”, “Abu-l-Barakot an-Nasafiyning tafsir ilmida tutgan o‘rni”, “Abu-l-Lays as-Samarqandiyning Movarounnahr tafsirshunosligida tutgan o‘rni”, “Abu Hafs Nasafiy “Taysir fi-t-tafsir” asarining manbashunoslik tadqiqi” mavzularidagi tadqiqotlarni kiritish mumkin. 

Hadis manbalarini ilmiy tahlil qilish ham islomshunoslikning muhim yo‘nalishlaridan bo‘lib, soha bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Mana shu maqsadda Samarqandda hadis ilmiy maktabining ochilishi soha rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, hadisshunoslik manbalari, hadis to‘plamlaridagi matnlarni tahlil qilish, hadis ma’nolarini to‘g‘ri talqin qilish hozirgi kunda dolzarblik kasb etmoqda. Mazkur sohada «Abdulloh Subazmuniyning «Kashfu-l-osor» asari hadis ilmiga oid manba», «Abu Hafs Nasafiyning «Kitobu-l-qand fi ma’rifat ulamo Samarqand» asari – Samarqandda hadis ilmi tarixi bo‘yicha muhim manba», «Hakim Termiziyning «Navodiru-l-usul» asari hadis va tasavvuf ilmiga oid muhim manba», «Movarounnahr va Xuroson olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni (Buxoriy, Muslim, Termiziy)», «Imom Dorimiyning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi», “Abdulhamid Keshiy ilmiy merosining VIII-IX asrlar Movarounnahr hadis ilmi rivojidagi o‘rni”, “Imom Buxoriyning “at-Tarix al-kabir” asari hadis ilmiga oid muhim manba”, “Hadislarning diniy aqidaparastlikka qarshi mohiyati” mavzularidagi ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Shuningdek, Akademiyada amalga oshirilayotgan Imom Buxoriy “Al-Jome’ as-sahih” asaridagi axloq-odobga bag‘ishlangan hadislarning talqiniga bag‘ishlangan grant loyihasi ham bu boradagi muhim ilmiy tadqiqotlardan sanaladi.

Islom huquqshunosligiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ham kattagina hajmni tashkil etadi. «Movarounnahr fiqh ilmi rivojida Alouddin Samarqandiyning o‘rni va «Tuhfat al-fuqaho» asarining ahamiyati», «IX asr Movarounnahr madaniy hayotida Imom Buxoriyning mavqei va uning «Jomiu-s-sahih» asaridagi fiqhiy masalalar», «Majduddin Ustrushaniyning Movarounnahr fiqh ilmi tarixida tutgan o‘rni», «Abu Zayd Dabusiy merosining Movarounnahrda fiqh ilmi rivojida tutgan o‘rni», «Burhonuddin Mahmud Buxoriyning «Muhit» asari va uning Movarounnahr qoziligida tutgan o‘rni», «Islom huquqshunosligi va hanafiy mazhabi taraqqiyotida O‘rta Osiyo faqihlarining o‘rni», «Lutfulloh Nasafiyning «Fiqhi Kaydoniy» asari va unga yozilgan sharh va hoshiyalar tahlili», «Burhoniddin Marg‘inoniyning «Hidoya» asari – muhim huquqiy manba», «X–XIII asrlar Movarounnahr ijtimoiy munosabatlariga oid protsessual va notarial hujjatlar», «Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi». «Alovuddin Buxoriy «Hayratu-l-fuqaho» asarining islom manbashunosligida tutgan o‘rni», “Musulmon mamlakatlaridagi fatvo markazlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzularidagi dissertatsiyalar va ular asosida yaratilgan monografiyalar sohaga oid muhim tadqiqotlardan sanaladi. 

Islomshunoslikning muhim sohalaridan bo‘lgan tasavvuf ta’limotini tadqiq etishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, “Tasavvuf ta’limotining tarixiy-falsafiy mohiyati”, “Rushdiy “Tazkiratul-avliyo” asari matnlarining sharq agiografik manbalarini o‘rganishdagi ahamiyati”, “Tasavvuf ta’limotida valiylik tushunchasining diniy-falsafiy talqini (Alisher Navoiyning «Nasoyim ul–muhabbat» asari asosida)”, “Mavlono Abdurahmon Jomiyning tasavvufiy-irfoniy qarashlari («Sharhi ruboiyot» asari asosida)” mavzularidagi tadqiqotlar sohaning rivojini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlardan sanaladi. 

O‘zbekiston islom dunyosida mo‘‘tadil aqidaviy maktab sifatida tanilgan va e’tirof etilgan Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiylik kalom maktabining vatani sanaladi. Moturidiylik ta’limotining ilmiy-nazariy asoslarni ishlab chiqishga xizmat qilgan mutakallim olimlar ilmiy merosini o‘rganishga qaratilgan muhim ishlardan biri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining ochilishi bo‘ldi. Mazkur markaz Moturidiy va moturidiyshunos olimlar ilmiy merosini o‘rganish, tarjima va tadqiq etish orqali turli g‘arazli oqimlar iddaolariga ilmiy asoslangan raddiyalar berish bilan shug‘ullanadi. Buyuk mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi imom Abu Mansur Moturidiy o‘zi yashagan davrdayoq zamondosh olimlar tomonidan e’tirof etilgan va “Imomu-l-mutakallimin” – “Kalom ilmi bilimdonlarining peshqadami”, “Musahhihu aqoidi-l-muslimin” – “Musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi”, “Rofe’ a’lomu-sh-shari’a” – “Shariat bayroqdori” kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.

Dunyoda paydo bo‘layotgan g‘oyaviy kurashlar, din niqobidagi ekstremistik va terroristik harakatlarning oldini olish, ularga qarshi kurashish jarayonida mo‘‘tadil aqidaviy ta’limot asoschisi Abu Mansur Moturidiy va moturidiyshunos olimlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma’naviy va ma’rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda aqida ilmiga oid tadqiqotlarning soni va ilmiy saviyasi ko‘tarildi, manbaviy asoslari kuchaydi. Kalom ilmi masalalariga bag‘ishlangan “Sa’duddin Taftazoniyning temuriylar davri Moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Abu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosining Movarounnahr kalom ta’limoti rivojidagi ahamiyati”, Abu Hafs Umar Nasafiyning “Aqoid” asari va uning sharhlari tahlili”, “Abu-l-Muin an-Nasafiy va uning moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi («Tabsiratu-l-adilla» asari asosida)” kabi tadqiqotlar ilmiy asoslanganligi bilan ajralib turadi. 

Dunyo e’tirof etgan islom sivilizatsiyasi markazi maqomiga ega yurtimizning minglab allomalari, ular yaratgan boy ilmiy ma’naviy meros haqida ma’lumot berish, uni dunyoga tanitish yurtimizning islom sivilizatsiyasi rivojidagi yuksak o‘rni va ahamiyatini ilmiy asosda chuqur o‘rganish hamda xalqimizga yetkazishda ensiklopediyalarning o‘rni katta. Ushbu soha bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar «Islom ensiklopediyasi»ning yaratilishi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. 2018-2028 yillar mobaynida ensiklopediyaning 50 mingdan ortiq maqola, bezak materiallari, xarita va chizmalar kiritilgan 20 jildligini nashrga tayyorlash va chop etish rejalashtirilgan. “Islom ensiklopediyasi” keng qamrovli ilmiy-akademik nashr bo‘lib, bunday loyiha mamlakatimiz tarixida ilk marotaba amalga oshirilmoqda. 2020 yili ensiklopediyaning birinchi jildi nashr etildi, hozirda uning ikkinchi jildi nashr arafasida. Uni nashrga tayyorlash jarayoniga yurtimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari, diniy ulamolari jalb etilgan. «Islom ensiklopediyasi» o‘zining mazmun-mohiyati, mundarijasi, xususiyatlari bilan boshqa shu sohadagi ensiklopediyalardan tubdan farq qiladi. 

O‘zbekistonda islomshunoslikning ilmiy, nazariy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan muhim ishlarning ma’lum qismi dissertatsiyalar, monografiyalar va ilmiy maqolalarda o‘z aksini topgan. Jumladan, birinchi marta oliy malakali ilmiy kadrlar ro‘yxatiga yangi «Islomshunoslik» mutaxassisligi kiritildi. Ushbu mutaxassislik tarkibiga «Islom tarixi va manbashunosligi», «Qur’onshunoslik, hadisshunoslik», «Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot», «Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi» ixtisosliklari kiritilgan va yuqoridagi ixtisosliklar bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini olish bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasiga ixtisoslashgan Ilmiy kengash ochilib, o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ilmiy kengashda islomshunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida shakllangan 100 ga yaqin dissertatsiyalar himoya qilingan.

Akademiyaga Yevropa, Afrika, Amerika, Avstraliya va Osiyo mamlakatlarining 20 dan ortiq davlatlaridan tashrif va murojaatlar amalga oshirilgandi. Ayniqsa, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari, islomshunos olim Ahmad at-Toyib boshchiligidagi delegatsiya, Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajjar boshchiligidagi delegatsiyaning tashriflari xalqaro aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. 

O‘zbekistonda dunyoviy va diniy bilimlar uyg‘unligida mutaxassis tayyorlovchi oliy ta’lim muassasasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Qur’on ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, islom tarixi, manbashunosligi va falsafasi kabi diniy ta’lim yo‘nalishlari, dinshunoslik, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar, ziyorat turizmi hamda mumtoz sharq adabiyoti singari dunyoviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavr va magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ustida ishlamoqda. Respublikadagi barcha islom ta’lim muassasalari faoliyatini o‘quv-me’yoriy va o‘quv-uslubiy jihatdan ta’minlash hamda muvofiqlashtirish, islom dinining asl mohiyatini va insoniyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan holda teran o‘rganish hamda targ‘ib etish, ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlardagi ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘ida ta’lim resurslarini yaratish va muntazam yangilab borish, malakali xorijiy mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, Akademiya mutaxassislarini nufuzli xorijiy oliy diniy ta’lim va ilmiy muassasalarga malaka oshirish hamda tajriba orttirish uchun yuborish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

 

Zohidjon Islomov, 
Filologiya fanlari doktori, professor 
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry