20.05.2021
700

MA’NAVIY YuKSALISH POYDEVORI

Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylarida qadim-qadimdan dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik taraqqiy topgan, ilm-ma’rifat rivojlangan. O‘zbek xalqi ushbu katta mintaqadagi qardoshlari bilan birgalikda islom dini, madaniyati, ma’naviyati hamda ma’rifati ravnaqiga alohida ta’sir ko‘rsatgan.

Islomiy qadriyatlar negizida shakllangan oilaviy muhit, o‘ziga xos urf-odatlar mintaqa xalqlarining tabiatiga singib ketgan. Ayni shu jihat ulkan madaniy siljishga, dunyo tamadduniga beqiyos ulush qo‘sha olish imkoniyati yuzaga kelishiga turtki bergan.

Jaholatni yenggan Uyg‘onish

Islom madaniyati, ma’naviyati bu o‘lkaga kirib kelganidan so‘ng, ko‘p o‘tmay o‘zining sara mevalarini bera boshladi. Shu bois dunyoning aksariyat din ulamolari islom dini, garchi Arabistonda qaror topgan bo‘lsa-da, u o‘zbek zaminidan quvvat olganini yakdillik bilan e’tirof etadi.

Buning isboti sifatida ikki Sharq Renessansini keltirish joizdir. Bu buyuk uyg‘onish davrlari jaholat to‘siqlari osha unga madaniy-ma’naviy muhitni hadya etdi. Bugungi taraqqiyot va yuksalishni, ilm-fan rivojini, imon-e’tiqod mustahkamligini o‘zbek zaminida yuz bergan ana shu beqiyos hodisalar bilan bog‘lashlari ham bejiz emas.

Bugun yangi O‘zbekiston o‘zini o‘sha ikki buyuk tarixiy burilishning vorisi sifatida namoyon etmoqda — Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida uchinchi Renessans sari borish taraddudida. Keyingi yillarda mamlakatda barcha sohada jadal olib borilayotgan islohotlar, yuksalish va bunyodkorliklar bunga mustahkam poydevor yaratmoqda.

Yangi O‘zbekiston bunday ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy yangilanishlarni aynan madaniy-ma’rifiy zaminga suyangan holda hayotga tatbiq etmoqda. Xuddi dastlabki ikki Shark Renessansining asoslarida ham islom dinining madaniy-ma’rifiy muhiti, ochiq dunyoviy qarashlari, ilm-fanga da’vati yastangani singari.

IX — XII asrlar oralig‘idagi birinchi Sharq uyg‘onishi davrida Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar hozirgi ilm-fan taraqqiyotining asl o‘zagini tashkil qilgan sohalarda beqiyos yutuqlarni qo‘lga kiritdilarki, ularning yozgan asarlari, ilgari surgan g‘oyalari keyinchalik butun dunyoni zabt etdi, yangi-yangi mevalarni bera boshladi.

Buyuk qomusiy olim Muhammad al-Xorazmiy hind-arab sanoq tizimini joriy etib, “nol” raqamini hisobga kiritdi. “Algebra” atamasi uning “Kitob muxtasar min hisob al-jabr val-muqobala” kitobi orqali kelib chiqdi, aslida “algoritm” so‘zi ham olim ismining lotin tilidagi talaffuzidan olingan. Abu Rayhon Beruniy birinchi bo‘lib Yevropa va Osiyo tashqarisida yana boshqa bir noma’lum qit’a bor, degan taxminni ilgari surdi hamda Yer aylanasi uzunligini yuksak aniqlik bilan o‘lchadi (uning hisobi zamonaviy olimlarning hisobidan atigi 200 milcha farq qiladi).

Gʻarbda “Avisenna” nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropada bir necha asrlar davomida tibbiyot muassasalarining asosiy darsliklaridan bo‘lib kelgan. Imom Buxoriy “muhaddislar sultoni”, hadis ilmida “mo‘minlar amiri” unvonlari bilan sharaflanib, nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish “Sahihi Buxoriy” to‘plamini tuzdi. Bular va yana juda ko‘plab Markaziy osiyolik olimu ulamolarning asarlari ma’lum bir mamlakat, mintaqa yoki qit’a hududidagina emas, balki butun Yer yuzida yuksak madaniy siljishlarga sabab bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, butun islom olamida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Ilm yuksaklikka ko‘taradi

Ta’kidlaganimizdek, bunday uyg‘onishlarning ildizi islom madaniyati va ma’naviyati bilan chambarchas bog‘liq. Buni Ma’mun akademiyasida kamolga yetgan Ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, ibn Iroq, Abu Sahal Masihiy kabi yuzlab allomalarning o‘zlari ham tan olishgan edi.

Ilk Uyg‘onish davrining mevalari zoye ketmadi. Ular hazrati Alining “Ilm pastda turganlarni yuqori darajaga ko‘taradi. Bilimsizlik esa tepada turganlarni pastga tushiradi. Ilm mol-davlatdan ustundir, chunki boylikni sen asraysan. Ilm esa seni asraydi”, degan so‘zlari zamiridagi haqiqatni yana bir bor tasdiqladi.

Yoshlik chog‘laridan muqaddas islom dini ruhida tarbiyalanib, Qur’oni karim, hadisi shariflarni sevib mutolaa qilgan Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”, Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz” asarlari ham muqaddas dinimizdan ozuqa olib yaratilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy, shuningdek, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”lari, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn” kabi asarlari temuriylar davrida vujudga kelgan buyuk uyg‘onish — ikkinchi Sharq Renessansining dastlabki durdonalari sifatida dunyo yuzini ko‘rdi.

Ulug‘ so‘fiylardan tarbiya olib, buyuk sohibqironlik rutbasiga yetgan Amir Temur islom ulamolari, olimlar, ma’rifatparvarlar hamda hunarmandlarga alohida e’tibor qaratdi. Mo‘g‘ullar vayron qilgan shaharlar, kentu qishloqlar, sug‘orish tarmoqlarini, ekinzoru bog‘larni, ko‘p tarmoqli savdo va karvon yo‘llarini kayta tikladi. U Samarqandni o‘z saltanatining poytaxtiga aylantirib, bu yerga dunyoning turli mintaqalaridan olim, ulamo, shoir, muarrix, usta, hunarmandlarni chorlab, homiylik qildi. Temuriylar Uyg‘onish davrida ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalar islom dini qoidalari asosida rivojlandi. Buyuk Ipak yo‘lining qayta tiklanishi barobarida, savdo-sotiq, pul munosabatlari tartibga solindi, oltin hamda kumush tangalar zarb etildi.

So‘z va amal birligi

O‘zbekistonda endi-endi mustaqillik shabadalari esa boshlagan kezlardayoq Qur’oni karim ma’nosi Shayx Alouddin Mansur tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, nashr etilgani sobiq sho‘ro respublikalaridagi musulmonlar uchun ham ibrat bo‘ldi.

Kaminaga aytishlariga qaraganda, o‘shanda bu muqaddas kitob yuz minglab nusxalarda nashr etilib, uni odamlar qo‘lma-qo‘l mutolaa qilishar ekan. Inson och qolganda nonga muhtoj bo‘lgani kabi ma’naviy ehtiyojini qondirish uchun o‘z e’tiqodiga suyanib, o‘z kitobini izlaydi. O‘zbek xalqining e’tiqodi mustahkamligi, qon-qoniga islom dinining qadriyatlari singib ketganligini muqaddas kitobni ko‘z yosh bilan kutib olgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin edi.

Shu o‘rinda bir narsani qayd etib o‘tishni istardikki, dinda ham, zamonaviy ilmda ham so‘z va amal birligiga yuksak qadriyat sifatida qaraladi. Garchi o‘zbek xalqi ma’lum bir davrlarda muqaddas dinimizning bosh kitobidan, hadisi shariflardan mosuvo qilib qo‘yilgan esa-da, o‘z hayot tarzi, amali, to‘g‘riso‘zligi, adolatliligi bilan islomga sadoqatini amalda isbotladi. Birgina misol: Ikkinchi jahon urushi yillarida jang bo‘layotgan joylardan keltirilgan bolalarni bag‘riga oldi, o‘z farzandidek ko‘rib, yuvib-taradi, tarbiyaladi. Zero, Yaratganga e’tiqod insonga mehr bilan namoyon bo‘ladi.

O‘shanda O‘zbekistonda oddiy mehnatkashlardan tortib, ilm va san’at ahli, maorif hamda madaniyat xodimlari — barchasi yakdil bo‘lib, Vatanni dushmandan xalos etmoqqa bel bog‘lagan edi. Xalq ruhidagi muqaddas islomiy qadriyatlar vatanparvarlikka yo‘g‘rilib ketgandi. Bu savobli ishlardan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi ham chetda turgani yo‘q.

Dinimiz mohiyatining to‘g‘ri talqini

Bugun O‘zbekistonda din ahliga, ilm ahliga yuksak e’tibor ko‘rsatilmoqda. Birinchi va ikkinchi Sharq Renessansi davrida uyg‘ongan islom ma’rifati, islom ma’naviyati, qadriyatlari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yuksalish bosqichiga ko‘tarilmoqda. Bu hol iqtisodiy hamda ijtimoiy, ma’naviy hayotning barcha sohasini qamrab olayotir. Mislsiz bu o‘zgarishlarga hamohang islom diniga e’tibor tobora kuchayib bormoqda.

Toshkentda, 1971 yilda muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining 1225 yillik tavalludi munosabati bilan Toshkent islom oliy o‘quv yurti tashkil etilib, 1974 yili unga Imom Buxoriy nomi berilgan. Unda Kavkazorti, Shimoliy Kavkaz, Ozarbayjon, Sibir hamda boshqa joylardan ham talabalar kelib o‘qishardi. Kamina ham bu muqaddas dargohda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Usmonxon Alimov (O‘zbekiston), Ahmad Qodirov (Rossiya Federasiyasining Checheniston Respublikasi), Ismoil Berdiyev (Rossiya Federasiyasining Qorachoy-Cherkes Respublikasi), Ollohshukur Poshshozoda (Ozarbayjon) bilan birga tahsil olganimdan faxrlanaman. Chuqur ilohiy bilimlarga ega o‘zbek ulamolari bu yerda bizga Qur’oni karim qiroati va tafsiri, fiqh, hadis ilmi, arab tili hamda shu kabi mutaxassislik fanlarini zo‘r ishtiyoq bilan o‘rgatishgan.

Hatto ateizm hukm surgan sobiq sho‘rolar tuzumi davrida ham biz shogirdlar islom dinining targ‘iboti, tashviqoti bilan muntazam shug‘ullanardik. Muqaddas kitoblarni o‘z ona tilimizga tarjima qilib, masjidlar qurilishiga sa’y-harakat qilardik. Yillar davomida islom dinidan uzib qo‘yilgan xalqlarga uning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushuntira olish nechog‘li qiyin kechganini tasavvur etishning o‘zi ham mushkul. Ammo buni O‘zbekistonda ta’lim-tahsil olgan ulamolar sharaf bilan uddalashdi. Islomning hozirgi taraqqiyoti shu ma’noda ham yurtingizda islom diniga azaldan e’tibor berib kelinganidan har qancha minnatdor bo‘lsa arziydi.

O‘sha murakkab davrda O‘zbekistonda tahsil olgan turli millatga mansub din peshvolari islomning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglatish yo‘lida katta kuch-g‘ayrat bilan faoliyat olib borishdi. Kamina ham Allohning inoyati bilan ana shu safda bo‘lganman.

Mana, bugungi kunda o‘sha sa’y-harakatlar o‘z natijasini berib, yoshlar orasidan ham ko‘plab iqtidorli ulamolar yetishib chiqmoqda. O‘zbekistonda esa bunga davlat ahamiyati darajasida qaralayotgani tahsinga loyiqdir.

Jahon minbarida yangragan yuksak baho

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida islom dinining dunyo miqyosidagi o‘rniga yuksak baho berdi hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyani qabul kilish tashabbusini ilgari surdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi tashkil etildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi — ma’rifat” g‘oyasi ilmning hamma uchun ochiqligini ta’minlash, din masalasidagi jaholatga barham berishni ko‘zda tutadi. O‘ylaymizki, bunday yondashuv uchinchi Renessans poydevoriga qo‘yilgan dastlabki asosdir.

Shu yilning 10 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Rossiya markaziy diniy idorasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha onlayn yig‘ilish o‘tkazdik. Kamina bu muloqotda bugungi murakkab davrda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish har jihatdan muhim ekani, mintaqalarda soxta salafiylik, akidaparastlik, ekstremizm hamda terrorizm kabi tahdidlar kuchaygan bir vaqtda ulamolarning ittifoqligi zarur ekani haqida so‘zladim. Rossiya Federasiyasi, MDH va Markaziy Osiyo mintaqalarida mehnat qilayotgan ulamolarning aksariyati ilm-ma’rifatni O‘zbekiston zaminida egallagani yig‘ilish davomida alohida e’tirof etildi.

Endilikda diniy ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish, ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish, mehnat migrantlari bilan ishlashda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish oldimizdagi muhim vazifalardir.

So‘zim yakunida aytmokchimanki, din yo‘li — haq yo‘ldir. Keyingi paytda O‘zbekistonda butun dunyo musulmonlariga ibrat bo‘lgulik ishlar amalga oshirilmoqda. Insha Alloh, bu ezgu sa’y-harakatlar o‘zining barokatli samaralarini berajak.

Shayx Tal’at TOJIDDIN,
Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy.
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi
2021 yil 19 may, № 104 (7884)

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry