10.08.2022
417

ABU MANSUR MOTURIDIY VA SAMARQANDDA IKKI KALOM MAKTABI – DORUL JUZJONIYA VA DORUL IYODIYA

Movarounnahrda kalom ilmining rivojida Abu Mansur al-Moturidiyning xizmatlari beqiyosdir. U asos solgan ta’limot keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqalib, sunniylikdagi ikki yirik maktabning biri sifatida tanildi. 

Moturidiylik ta’limoti mohiyatini, paydo bo‘lish sabablarini tushunmoq uchun uning asoschisi hayoti, jamiyatda tutgan mavqeini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada qilingan ishlarning so‘nggilaridan biri professor U.Rudolf tomonidan bajarilgan monografik izlanishdir. Nemis tadqiqotchisi Moturidiy borasida mavjud bo‘lgan barcha tarixiy-biografik asarlardagi ma’lumotlarni to‘liq qiyoslab o‘rganib chiqdi. Ammo, mazkur janr adabiyoti asosan hanafiylar biografik adabiyoti va “shaharlar tarixi” adabiyotiga tobedir. Ma’lumki, moturidilik ta’limoti XI asrdan boshlab keng ommaga tanila boshlaganligi uchun uning shaxsiga bo‘lgan qiziqish shu davrlardan e’tiboran kuchaya boshladi. Natijada, buyuk alloma vafotidan qariyb ikki asr o‘tgandan so‘ng uning haqidagi ma’lumotlar biografik adabiyotga tusha boshladi. Shu sababli biografik adabiyotdagi Abu Mansur al-Moturidiy haqidagi mavjud oz sonli ma’lumotlar bir asardan ikkinchisiga ko‘chib yuradi. Boz ustiga ko‘chirilayotgan paytda unga qo‘shimcha chalkashliklar kiritiladi.

Manbalarda ko‘rsatilishicha, Abu Mansur al-Moturidiy asli Samarqandning Moturid (Moturit) qishlog‘idan bo‘lib, uning nisbasi shu qishloq nomiga bog‘lanadi, to‘liq ismi esa Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. Manbalarda, Abu Mansur al-Moturidiy ikki alloma – Abu Bakr al-Juzjoniy va Abu Nasr al-Iyodiylar qo‘lida tahsil ko‘rgani alohida qayd etiladi, garchi ma’lumotlar juda oz bo‘lsada, uning bu olimlardan qaysi sohada va nima o‘rgangani haqida to‘la tasavvur hosil qilish mumkin.

III/IX asrga kelib, Movarounnahrning Buxoro va Samarqand shaharlaridagi diniy muhit butunlay hanafiylashib bo‘lgan edi. Shu tariqa Movarounnahr va Xurosonda imon masalasi muhim ahamiyat kasb etganligi sababli hanafiy mazhabiga mansub olimlarning VIII-X asrdagi faoliyatlarida kalom masalalari asosiy o‘rinni egalladi.

Bunday vaziyat keyingi asrlarga kelib Movarounnahrda xoh fiqhiy masalalarda, xoh aqidaviy ta’limotda kufalik Imom Abu Hanifaning yo‘lini tutgan qator ulamolarning yetishib chiqishiga sabab bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, movarounnahrlik olimlarning barchasi «hanafiy faqihlari» deb atalar edilar.

Demak, Movarounnahrda kalom ilmining shakllanishiga II/VIII asrdagi siyosiy vaziyatlar sabab bo‘lgan. Siyosiy vaziyatlardan kelib chiqib faoliyat olib borgan murjiiylar ushbu hududda «imon» masalasini hal qilish orqali kalom ilmining dastlabki rivojlanish bosqichlarini belgilab berdilar. Lekin keyingi davrlarda murjiiylar faoliyati umuman yo‘qolib ketdi. Movarounnahrda keyingi asrlarda kalom ilmining rivojida Abu Hanifaning aqidaviy fikrlarini mahkam tutgan hanafiy ulamolaridan Ahmad ibn Ishoq Abu Bakr al-Juzjoniy (III/IX asr), Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon al-Juzjoniy, Abu Nasr al-Iyodiy hamda Abu Mansur al-Moturidiy (v. 333/944-45 y.) kabi olimlar o‘zlarining katta hissalarini qo‘shdilar.

IX asr ikkinchi yarmida Samarqand kalom maktabi tarixida yangi bir tendensiya paydo bo‘ladi. U Abu Sulaymon al-Juzjoniy shogirdi Abu Bakr al-Juzjoniy va uning hanafiy o‘quvchilari nomi bilan bog‘liqdir. Ularning kalom sohasidagi asarlari bizgacha yetib kelmaganligi bois, ularning mazkur fan rivojiga qo‘shgan hissalari haqida biror fikr bildirish qiyin. Lekin mazkur maktab vakillari – Abu Mansur al-Moturidiy va al-Hakim as-Samarqandiy ijodlari bilvosita ustozlarning bilim doiralari ancha keng va salmoqli bo‘lganligidan darak beradi.

«Dorul Juzjoniya» 

Mazkur davrda Movarounnahrda turli ilm sohalari rivojlangan edi. Xususan, Samarqand shahrida muhaddislar uylari, mahallalar, guzarlar, masjid va madrasalar kabi hadis toliblari yig‘iladigan joylar hadis ilmi markazlari bo‘lgan. Shulardan biri “Dorul Juzjoniya” nomli ilm dargohi bo‘lib, u yerda X-XII asrlarda muhaddislar qizg‘in faoliyat ko‘rsatganlar.

Samarqand hadis va kalom maktabida kechgan jarayonlarni o‘zida to‘la aks ettirgan deyarli yagona manba Abu Hafs an-Nasafiyning (vafoti 1142 yil) «Kitob al-qand fi ma’rifat ulamo Samarqand» asaridir. 

«Kitob al-qand» hadis ilmining ilm ar-rijol sohasiga tegishli tarixiy-biografik janrda yaratilgan asardir. Tarixiy-biografik asarlar arab adabiyotida juda keng tarqalgan. Musulmon jamiyatining o‘rta asrlardagi diniy madaniyati tarixini o‘raganishda ular katta ahamiyatga ega. «Kitob al-qand» asari VIII-XII asrlardagi Movarounnahr, xususan, Samarqand ma’naviy muhitini, jumladan, hadis ilmi taraqqiyotini o‘zida aks ettirgan muhim va qimmatbaho manbadir. Aynan mazkur manba biz tadqiq etayotgan «Dorul Juzjoniya» haqida ilk ma’lumotlar o‘z aksini topgan. 

«Kitob al-qand»da yana Dor al-juzjoniyada 1051 yili hadis aytgan al-hofiz Abu Mas’ud Ahmad ibn Muhammad al-Bajliy, 1052 yili imlo qilgan ash-shayx al-imom al-xatib Abd al-Jabbor ibn Ahmad, 1065-66 yili dars bergan ash-shayx al-qodi al-imom Abu Nasr Mansur ibn Ahmad al-G’azaqiy kabi ulamolarning nomlari zikr etiladi.

«Dorul Juzjoniya»da muhaddis va mutakallimlar imlo tarzida dars o‘tar, ilm toliblari eshitganlarini yozib borar edilar. Bu ilm maskanida darslar tong otmasdanoq boshlanar edi. Tinglovchilar yozgan har bir hadis va masalalari qaysi kuni va qaysi soatda aytilganini ham qayd etib borardilar. «Kitob al-qand»da bu o‘quv muassasasining nomi 18 o‘rinda zikr etiladi. Mazkur asarda nomi kelgan, «Dorul Juzjoniya» faoliyati bilan bog‘liq ulamolarning barchasi XI-XII asrda yashagandirlar. Demak, IX-X asrlarda ratsionalistik ilmlar sohasida faoliyat olib borgan mutakallimlar markazi hisoblangan «Dorul Juzjoniya» mazkur davrda muhaddislar markaziga aylangan. 

«Dorul Juzjoniya» ilmiy faoliyatida samarqandlik ulamolarning xizmatlari katta bo‘ldi. Ushbu davrda bu ilm maskanida samarqandliklar bilan bir qatorda xurosonlik muhaddislar ham qizg‘in faoliyat olib bordilar. Jumladan, Abul Fath Solih ibn Muhammad as-Sufiy al-Muqri al-Muaddib ar-Roziy (vaf. 1038 y.) aynan shu vaqtda “Dorul Juzjoniya”da hadisdan dars bergan sufiylik yo‘lidagi taqvodor, fozil, imom, muftiy, fiqh va nazar (munozara) ilmlarining bilimdoni bo‘lgan mudarris edi. Uning 1018 yili shu joyda imlo qilgan hadisini Abul Badi Mansur ibn Muhammad as-Samarqandiy yozib qoldirgan. Abul Fath Samarqanddagi eng obro‘li kishilardan bo‘lib, u vafot etganda Chokardiza qabristonidagi Abu Mansur Moturidiy maqbarasi yoniga dafn etildi. Abu Hafs Nasafiy «Kitob al-qand»da yana «Dorul Juzjoniya»da 1051 yili hadis aytgan al-hofiz Abu Mas’ud Ahmad ibn Muhammad al-Bajliy, 1052 yili imlo qilgan ash-shayx al-imom al-xatib Abd al-Jabbor ibn Ahmad, 1065-66 yili dars bergan ash-shayx al-qodiy al-imom Abu Nasr Mansur ibn Ahmad al-G’azaqiy kabi olimlarning nomlarini ham zikr etadi. 

«Dorul Juzjoniya»ning o‘z jonkuyar ixlosmandlari bo‘lib, ular o‘z hayotlarini bu ilm maskani bilan bog‘laganlar va u yerda doimiy ravishda hadisdan dars berganlar. Abu Hafs Nasafiy bunday muhaddislarni «Dorul Juzjoniya» halfolaridan edi», deya zikr etadi. «Halfo» so‘zi arab tilida biror narsaga qattiq bog‘langanlikni anglatadi. Ulardan al-imom al-adib Abu Muhammad Abd al-Jalil ibn Abdulmavjud al-Yuzaxkatiy as-Sakkok (v. 1098- 99) va ash-shayx al-imom Solih ibn Hayyon as-Sag‘oniy (XI-XII asrlar) kabi ulamolarning nomlarini zikr etish mumkin.

«Dorul Juzjoniya» hadis ilmi markazlaridan bo‘lishi bilan birga Samarqandda ana shu nomdagi qabriston ham mavjud edi. Manbada «Samarqandda vabo tarqalgan yili vafot etgan» deya nomi bitilgan olim ash-shayx al-imom az-zohid al-xatib Abu Muhammad. Moturidiylik ta’limotining mo‘‘tadillikni ta’minlashdagi ahamiyati 229 Abd al-Jabbor ibn Ahmad ad-Doriy (v. 1057 yildan keyin) va «Dorul Juzjoniya» bilan qo‘shni bo‘lgan as-sayyid al-olim Abul Hasan Ali ibn Hamza as-Samarqandiy (v. 1120) kabi muhaddislar ana shu qabristonga dafn etilganlar.

Abu Hafs Nasafiy yashagan davrda Samarqandda bir qator madrasalarda talabalarga hadis ilmidan saboq berilar edi. Abu Hafs Nasafiyga hadis rivoyat qilgan Ash-shayx al-voiz Bakr ibn al-Yamon al-Usrushaniyni Abu Hafs Nasafiy «Bakron ko‘chasidagi madrasaning sohibi» (sohib al-madrasa) deya zikr etadi. Samarqanddagi yana bir hadis ilmi markazi al-qodiy al-imom Salmon madrasasi bo‘lib, unda chetdan kelgan muhaddislar ham dars berar edilar. U yerda shayx as-sunna al-qodiy al-imom Abul Hasan Ali ibn Muhammad al-Balxiy al-qodiy al-imom Salmonga xalifalik qilgan. Alp Chag‘ribek madrasasining qoshida ash-shayx Ali ibn al-Hasan al-Mustamliy darsxonasi (maktab) bo‘lib, Abul Hasan unda otasidan so‘ng uning o‘rniga Qur’ondan mudarrislik qilgan.

Samarqandda hadisdan dars bergan mudarrislar orasida turli hadis ilmi markazlaridan kelgan muhaddislarni uchratish mumkin. Zu-l-Fadl Hamza as-Sobotiy Samarqandning Amir-navand mahallasida yashab, mufti va mudarrislik vazifalarini bajargan. Zominlik muhaddis ash-shayx al-imom az-zohid Abul Hasan Ali ibn Abi Sahl az-Zominiy Samarqanddagi Faroxiy Amir-navand mahallasida mudarrislik qilgan. Buxoroda mudarrislik qilgan ash-shayx al-imom ar-rais Said ibn Muhammad al-Xorazmiy ham Samarqandda bo‘lgan. Abu Hafs Nasafiy Buxoroda bo‘lganida u bilan uchrashgan.

Samarqanddagi masjidlar ham xalq orasida ilm-ma’rifat tarqatuvchi markazlardan edi. XI asr boshlarida shahar jome masjidi qarshisidagi Shuxnok mahallasida yashagan muazzin Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad as-Samarqandiy va Abu Muhammad Abd alVohid ibn Ahmad as-Samarqandiylar shu masjidda ilm-ma’rifatga chaqiruvchi hadislarni rivoyat qilganlar.

Mazkur masjidda Abu Hafs Nasafiyga zamondosh bo‘lgan muhaddis ash-shayx al-qodiy al-imom al-hofiz Abu Sa’d Abdulloh ibn Abi-l-Muzaffar Nasafiy (v. 1128-29) ham ma’ruzalar qilgan. Abu Hafs Nasafiy uning ma’ruzalarida ishtirok etar edi. Abu Sa’d Nasafiy vafot etganida Abu Hafs Nasafiy katta jamoat bilan birgalikda «Sayyid Bag‘dod» madrasasida uning janozasini o‘qiganlar va Chokardiza qabristoniga dafn etganlar. Bu masjidda shoshlik ulamolardan Umar ibn Nasr ash-Shoshiy ham hadislar imlo qilgan. Masjidlarda juma va hayit ma’ruzalarida odob-axloqqa doir hadislar rivoyat qilinardi va ularning, albatta, to‘liq isnodi keltirilar edi.

Samarqand jome masjidida Bag‘dod va Xurosondan kelgan ulamolar ham hadis imlo qilib dars o‘tar edilar. Shahardagi «Sikkat Abbod», «Darvozacha», «Sikkat Rustuj» mahalla va ko‘chalaridagi masjidlarda ham ulamolar o‘z ma’ruzalari orqali ilm-ma’rifat tarqatganlar.

t.f.n., dots. Shovosil Ziyodov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori

 

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry