09.08.2022
341

SOXTA SALAFIYLARNING HADISLARDAN FOYDALANISHDAGI USLUB VA YONDASHUVLARI

Soxta salafiylarning hadislardan foydalanish uslublarida sunniylik yo‘nalishi olimlari tomonidan o‘rnatilgan qonun-qoidalarga zid bo‘lgan bir qator jihatlar mavjud. Jumladan, bunday xususiyatlardan birini ularning mutashobih hadislarga bo‘lgan yondashuvida kuzatish mumkin. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, bu kabi yondashuvlar nafaqat bugungi kunda, balki islom tarixida ham mujassima, mushabbiha kabi adashgan oqimlarning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Sunniylik yo‘nalishi olimlarining mutashobih hadislarda kelgan Alloh taoloning sifatlariga oid fikrlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Abu Hanifaning “al-Fiqh al-akbar” nomli asaridan quyidagi mulohazani keltirib o‘tish o‘rinli. Unga ko‘ra, “Allohning barcha sifatlari maxluqlarnikiga ziddir. U Zot bizning ilmimizga o‘xshamaydigan ilm bilan biladi. U Zot bizning kuch-qudratimizga o‘xshamaydigan qudrat bilan qodir bo‘ladi. U Zot bizning ko‘rishimizga o‘xshamagan ko‘rish bilan ko‘radi. U Zot bizning eshitishimizga o‘xshamaydigan eshitish bilan eshitadi. U zot bizning gapirishimizga o‘xshamaydigan gapirish bilan gapiradi”[1]

Soxta salafiylik harakati namoyandalarining hadislardan foydalanish uslublarida asosan matnning ekzoterik ma’nosini qabul qilish holatlari ham uchraydi. Jumladan, ular Imom Buxoriyning “al-Jomi’ as-sahih” asarida keltirilgan: 

“Havo bulutli kunda bo‘lgan bir g‘azotda Burayda bilan birga edik. U men (Abu Malih)ga: “Asrni ertaroq o‘qinglar, chunki Nabiy (solallohu alayhi vassallam): “Kim asr namozini qoldirsa, uning amali bekor bo‘libdi”, – deganlar”, – mazmundagi” hadisdan hukm chiqarishda xatoga yo‘l qo‘yib, asr namozini tark etganlar dindan chiqishlari haqidagi xulosaga kelganlar. Bu esa ularning hadislarning zohiriy ma’nosini olishlarini, ularga ko‘rko‘rona amal qilishlarini ko‘rsatadi. 

Islom olamining ko‘zga ko‘ringan muhaddis olimlaridan biri Ibn Hajar Asqaloniy keltirishicha, gunoh qilgan musulmonlarni kufrda ayblaydigan xorijiya kabi toifalar yuqoridagi hadisni o‘z g‘oyalariga dalil sifatida ishlatganlar va uning zohiriy ma’nosi bilan cheklanib, namozni tark qiluvchilarni kofirlikda ayblaganlar[2].

Shuni ta’kidlash joizki, harakat vakillari, xususan, Alboniy hadislarni qabul qilishda ularning matniga e’tibor qaratgan holda, ularda o‘z ta’limotlariga zid mazmundagi g‘oyalar mavjud bo‘ladigan bo‘lsa, unday rivoyatlarni to‘qima hadis deb davo qiladi. 

Soxta salafiylik harakati aqidaviy qarashlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri tavassul masalasida kuzatiladi. Aslida, tavassul (توسل (Alloh taoloning sifatlari, yaxshi amallar, tirik hamda marhum ulug‘ insonlarni vosita qilgan holda Allohdan biror hojatni ravo qilishini so‘rashdir. Musulmon olimlari barcha davrlarda inson o‘zi so‘ragan narsasini beruvchi yolg‘iz Alloh ekaniga e’tiqod qilgan holda, tavassul qilishi joiz ekanini ta’kidlab o‘tganlar. Biroq bu masala borasidagi ixtilofni musulmonlar orasiga asosan soxta salafiylik tarafdorlari olib kirgan. Ular tavassulni shirk darajasiga chiqarib, ko‘plab sahobiylarning qabrlari hamda boshqa qadamjolarni vayron qilish haqida fatvolar chiqargan. Hatto Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi vassallam)ning qabrlariga tajovuz qilishni ham o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan. Ularning bu boradagi qarashlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam) tirikligida u zot vositasida tavassul qilish joiz hisoblangan bo‘lsa, u zotning vafotlaridan so‘ng adashgan toifalar ushbu ishni qilishni shirk amallar sirasiga kiritganini ko‘rishimiz mumkin[3]

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu masalada salafiylik harakati yetakchilari o‘rtasida ham o‘zaro ixtilof mavjud. Salafiylik oqimi yetakchilari tavassulning joiz emasligi haqidagi qarashlariga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradilar.

“Alloh o‘zlarining payg‘ambarlarining qabrlarini masjid qilib olgan yahudiylarni qatl qilsin!”. Salafiylik oqimining g‘oyaviy asoschilaridan biri Ibn Taymiya Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam)dan qabrlarni masjid qilib olishdan qaytarilgan ko‘plab hadislar rivoyat qilinganini ta’kidlab, bunday qiluvchilarni la’natlaydi. Shunga binoan ular qabrlarni ziyorat qilishni haromga chiqarib, ushbu qarashlarini asoslashda mansux hadislardan ham foydalanganlar. Biroq Ahlis-sunna val-jamoa olimlari ularning tavassul borasidagi qarashlarini inkor qilgan holda, Payg‘ambar tavassul qilish joiz, deb xulosa qiladilar. 

Ahlis-sunna val-jamoa olimlari tavassulning joiz ekaniga oyatlar va hadislardan qator dalillar keltirganlar. Jumladan, salafiylarning bu xususdagi botil qarashlariga raddiya sifatida quyidagi hadisdan foydalanganlar.

Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam)ning oldilariga kelib: “Allohga duo qiling, menga ofiyat bersin!” dedi. Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam): “Xohlasang, duo qilaman. Xohlasang sabr qil, bu sen uchun yaxshiroqdir”, dedilar. U kishi: “Duo qiling”, dedi. Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam) uni yaxshilab tahorat qilish va ushbu duoni o‘qishga buyurdilar: “Allohim! Men Payg‘ambaring Muhammad – rahmat payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Men ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun sizni vasila qilib, Rabbimga yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil!”.

Ushbu hadis Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam)ni vasila qilish joiz ekaniga yaqqol dalil bo‘ladi. Aynan ushbu rivoyatda keltirilgan vasila uslubi keyinchalik sahobiylar tomonidan aksar holatlarda qo‘llanilgan. Bu esa salafiylik tarafdorlarining Payg‘ambar (solallohu alayhi vassallam) vafotidan so‘ng bunday qilish joiz emas degan qarashlari noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi. Zero, manbalarda Umar ibn Xattob kabi ulug‘ sahobiylar ham tavassul qilgan holda Allohga duo qilganliklari zikr etilgan. 

Yuqorida berilgan ma’lumotlar asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, sunniy olimlar islomning dastlabki uch asrida yashagan shaxslardan boshqalarga nisbatan “salaf” atamasini qo‘llash mumkin emasligini ta’kidlaydilar. Bugungi kunda o‘zlarini “salaf” deb ataydigan harakat vakillari aslida mutaassiblik g‘oyalarga asoslangan bo‘lib, tor qarashlari bilan ajralib turadilar. Jumladan, ular har qanday sohadagi ijobiy yangilikni ham bid’at deb hisoblaydi. 

Soxta salafiylar ham boshqa zamondosh mutaassib oqimlar kabi hadislar ma’nosini o‘z maqsadlariga to‘g‘rilagan holda talqin qiladilar. Aynan bitta hadisni ba’zan sahih, ba’zan zaif deb e’tirof etish holatlari ham uchraydi. Bu esa ularning hadislardan faqat o‘z maqsadlariga moslashtirib talqin etishlarini ko‘rsatadi. Shuningdek, ular qabr ziyoratini harom ekanligiga oid qarashlarida mansux hadislardan foydalanganlar. Ushbu oqim faoliyati tahlil qilinganda, ularning mujassima va mushabbiha kabi ayrim adashgan tarixiy oqimlarning yo‘lini tutgan holda mutashobih hadislarga noto‘g‘ri ta’vil berganliklari namoyon bo‘ladi. Umuman, soxta salafiylikda hadislardan foydalanishda ularning faqat zohiriga, ko‘r-ko‘rona, hech qanday ta’vilsiz ergashish holatlari ko‘p uchraydi.

 

Aziz Tajiyev, 
Imom Moturidiy xalqaro 
ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi, (PhD)

 


 

[1] Имом Али Қори Ҳанафий. Шарҳ китоби-л-фиқҳи-л-акбар. – Байрут: Дору-л-кутуби-л-илмия, 2007. – Б.57–58.

[2] Аҳмад ибн Али ибн Ҳажар Асқалоний. Фатҳу-л-борий бишарҳи саҳиҳи-л-Бухорий. – ар-Риёд: Дор таййиба, 2005. – Ж.13. – Б.321-322.

[3] Ас-Салафия: ан-нашъа, ал-муртазакат, ал-ҳавия / Тадқиқотчилар гуруҳи. – Байрут: Маъҳаду-л-маъорифи-л-ҳикмия, 2004. – Б.31.

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry