28.07.2022
385

AQIDAVIY MATNLARDA OLIMLARNING MAVQEI BORASIDAGI FIKRLAR TAVSIFI

Ilm jaholatning aksi bo‘lib, u kishining o‘qish, o‘rganish va hayotiy tajribalar orqasidan orttirgan bilimidir. Islom nuqtai nazaridan Alloh insonni yaratgach, unga ilm olish uchun turli vositalarni, jumladan – eshitish, ko‘rish va aql-idrokni ato qildi. Qur’oni karimning: “Alloh sizlarni onalaringiz qornilaridan biron narsa bilmaydigan holingizda chiqardi va shukr qilishingiz uchun sizlarga quloq, ko‘zlar va qalblarni berdi” (Nahl surasi, 78) oyatida yuqoridagi fikr o‘z tasdig‘ini topgan. Islom – bu ilm ekanligi Qur’onda nozil qilingan eng birinchi (Alaq surasi, 1–5) oyatlar bilan dalolatlangani aql egalariga ma’lum. 

Qur’onning 750 ga yaqin o‘rinlarida ilm, uning inson uchun zarurlgi va u bilan bog‘liq ot va fe’l o‘zaklari uchraydi. Allohning ilmi abadiy va cheksiz bo‘lib, uning naqadar qudratli zot ekanligiga dalolat qiladi. Ilmga boshidanoq katta e’tibor qaratish natijasida bilim mohiyatiga ilohiyot, huquqshunoslik, falsafiy, ijtimoiy-axloqiy kabi musulmon ta’limotlarida keng o‘rin ajratilgan. Bilimga intilish har bir mo‘min- musulmon va muslimaning burchi va vazifasi sifatida farz qilindi (Ibn Moja, 224). 

Islom ta’limotiga ko‘ra, olimlar o‘rni alohida hurmat-e’tiborga ega bo‘lib, mavqe nuqtai nazardan boshqalarga nisbatan yuqori sanaladi. Alloh Qur’onda: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”, deydi (Mujodala surasi, 11-oyat) Bundan tashqari, Qur’onda olimlar bilan ilmga ega bo‘lmaganlar o‘zaro taqqoslanib: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar” deyiladi (Zumar surasi, 9-oyat).

Ilk islom tarixidan ko‘rish mumkinki, olimlariga nisbatan xurmat bilan bir qatorda, ularga asossiz ravishda ta’na-dashnomlar toshi otilgan va turli tuhmatlar qilingan. Tabiiyki, bu ishlarni asosan din dushmanlari va bid’atchilar amalga oshirganlar. Bundan tashqari olimlar orasida bo‘lib o‘tgan qizg‘in bahslar va mazhab mutaassibligi natijasida bildirilgan fikrlar oqibatida ham halq orasida tarqalgan turli-tuman gaplar ham sabab bo‘lgan. 

Ahli sunna val jamoa olimlarini haqorat qiluvchi, tahqirlovchi va imonsizlikda ayblovchilarning yo‘liga nazar tashlansa, ularning uslublari bir xil ekanini ko‘rish mumkin. Bunday noo‘rin ishlarning sababi sifatida, olimlar tomonidan, ushbu mubtadi’ vakil adashishlari va bid’atlarini ko‘rsatib bergan vaqtlarida, ularning o‘z kamchiliklarini tuzatish o‘rniga havoi-nafslariga berilib ketishlarini keltirsa bo‘ladi. Olimlarni haqorat qiluvchilar, ushbu amallari bilan nodon musulmonlar ko‘z o‘ngida o‘zlarini jur’atli, ulamolardan ilimliroq ko‘rsatishga xarakat qiladilar. Ushbu mubtadi’ toifalar yetuk olimlarni obro‘ nufuziini pasaytirish maqsadida ularni: “Bu olimlar o‘z xonalariga berkinib olib, voqelik ilmini (“fiqhul-voqe’) bilishmaydi”, “Siyosiy masalalarda ularga ishonish kerak emas”, “Ular rahbarlarga xayrixoh fatvolarni berishadi, chunki tobedirlar”, “Ular hayz va nifos qonlari masalasidagi olimlar” va shu zayldagi beandisha iboralar bilan qoralashadi. Bu gaplar nafaqat hozir paydo bo‘lgan, balki mubtadi’ toifadagilarga meros bo‘lib qolgan qadim illatlardandir.

Abu Ja’far Muhammad ibn Amr Uqayliy (vaf. mil. 934 y.) Yasa’ Abu Sa’dadan rivoyat qilib mubtadi’ tarafdorlarining buyuk ilm sohiblari haqida aytgan haqoratlarini o‘zining “Kitabu-z-Zuafoi-l-kabir” asarida: “Kunlardan bir kun Vosil ibn Ato odamlar orasida gap boshlagan edi, Amr ibn Ubayd: “Uning gaplarini eshitinglar. Hasan Basriy, Ibn Sirin, Ibrohim Naxa’iy va Sha’biylarning so‘zlariga kelsak, ularda ayollarning najasli lattalaridan boshqasini topmaysizlar”, degan so‘zlarini keltiradi. 

Ushbu fikrlarning davomi sifatida Abu Is’hoq Ibrohim ibn Muso Shotibiy (vaf.1388 mil.) o‘zining “al-I’tisom” asarida: “Bizgacha bid’atga ergashuvchilarning bir vakili falsafani fiqhdan ustunligini ko‘rastish maqsadida: “Darhaqiqat, Abu Hanifa va Shofeiy kabi imomlarning ilmlari ayollarning xayz va nifos to‘g‘risadagi masalalardan u yoqqa o‘tmagan” degan so‘zlari yetib keldi” deb ta’kidlaydi. 

Ushbu tahqirlashlarning boshida turgan shaxslarga nazar tashlansa, ular bid’atchi yoki mubtadi’ oqim va guruhlarning rahnamolari ekanligi ayon bo‘ladi. Bu ayblovlarining negizida, yetarli ilmga ega bo‘lmagan musulmonlar orasida ushbu taniqli olimlarning izzat va bilimlarini pastlatish, “takfir”, “jihod”, “musulmon rahbarga qarshi chiqish” (xuruj) va boshqa islomning nozik hamda muhim masalalarida ularga murojaat qilmaslik kabi g‘arazli maqsadlar yotibdi. 

Bu ayblovlar va tahqirlashlarni amalga oshirayotgan shaxslarga baho berish uchun hadislarga murojaat qilinsa, Uboda ibn Somitdan kelgan rivoyatga ko‘ra Payg‘ambar Muhammad alayhissalom: “Oramizdagi keksalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahmli bo‘lmagan va ilm egalarimiz haqlarini bilmaganlar bizlardan emas” deganlar. Shuningdek, Payg‘ambar Muhammad alayhissalom sahobalaridan Ibn Abbos: “Kimki bir faqihga ozor bersa, Rasulullohga ozor beribdi va kim Rasulullohga ozor bersa, Alloh azza va jallaga ozor beribdi”, degan fikrni aytadi. 

“Ahli sunna val jamoa” olimlarining bu to‘g‘risidagi fikrlariga e’tibor berilsa, ikki mazhab asoschilari Abu Hanifa va Imom Shofeiy: “Agar olimlar Allohning valiylari bo‘lmasa, demak Allohning valiylari yo‘q ekan” degan so‘zlarini keltirish mumkin. Yana bir mazhab asoschisi Ahmad ibn Hanbal: “Darhaqiqat olimlarning go‘shtlari zaharlidir! Kim uni hidlasa kasal bo‘lgay, totib ko‘rgan vafot etgay” deb fikr bildirgan. 

Qisqa satrlarda olimlik mezoni islom nuqtai nazaridan qanday belgilanishi haqida aytiladigan bo‘lsa, olim shunday kishiki, u haqida boshqa ilm ahllari undan fatvo va ilm olsa bo‘ladigan olim deb baho bergan bo‘lishsa, inobatga olinadi. Bunday tavsiyani “tazkiya” (تزكيــة (deyilib, bu borada Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)dan namuna olingan. “Qur’onni 4 kishidan: Ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’ab, Mu’oz ibn Jabal va Abu Xuzayfaning mavlosi Solimdan ta’lim olinglar” (Buxoriy, 3758). Yoki “Bu Ummatning xarom va halol masalalarini eng yaxshi biluvchisi Mu’oz ibn Jabal” (Ibn Hibbon, 7131). 

“Ahli sunna val jamoa” olimlarini ayblash va tahqirlash shu darajaga yetdiki, xatto bu masala e’tiqod darajasiga ko‘tarilib, mashhur ulamolar o‘zlarining aqidaviy asarlarida bu mavzuga alohida jumlalar ajratishdi. Masalan, Abu Hanifa o‘zining “al-Fiqhu-l-akbar” asarida olimlarning mavqeini yuqori baholab: “Har kimga tavhid va aqida ilmiga doir biror bir mushkul masala uchrab qolsa, to biror olimni topib, so‘rab, aniqlab olgunga qadar: “Allohning nazdida to‘g‘ri bo‘lganiga e’tiqod qildim”, deb turishi zarur. Olimni izlashda ta’xir etmagay (kechiktirmagay). Ta’xirga yo‘l qo‘ysa uzri qabul etilmas. Agar izlashdan to‘xtasa, kofir bo‘lur” deydi. Ya’ni olimga bo‘lgan ehtiyojni be’etibor qoldirish dindan chiqib qolish xavfiga olib kelishini uqtiryapti. Hanafiy olimi Abu Ja’far Tahoviy (853-933) o‘zining “al-Aqidatu-t-Tahoviya” asarida: “Avvalda o‘tgan salaf ulamolar va ulardan keyingi tobeiynlar – yaxshilar va asar ahli hamda fiqh va nazar ahli – faqat chiroyli so‘z bilan tilga olinadilar. Kimda-kim ularni yomon so‘z bilan tilga olsa, bas, u to‘g‘ri yo‘lda emas ekan”, deydi. Olimning ushbu jumlalarini sharhlar ekan doktor Solih ibn Abdulaziz ibn Muhammad Ol Shayx: “... faqat chiroyli so‘z bilan tilga olinadilar”dan murod, ular shariatni naql qiluvchilar va shariat masalalarida fatvo beradilar. Ular insonlarga Qur’ondagi Alloh so‘zlarining ma’nosini va Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislarining mazmunlarini bayon qilib beradilar. Ular sof aqida, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini isbot qilish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat beriladigan mavzu, munkar va botil hadislarni rad qilish bilan dinni himoya qiladilar. Ular ilmiy himoya bilan shariat himoyachilaridir”, deydi. 

Muhammad Ol Shayx o‘z fikrlarida davom etar ekan: “Olimlarni yaxshilik bilan zikr qilish va ularni yomonlik va haqorat bilan eslamaslik ikki amrga bo‘ysunishdir:

Birinchisi: Allohning ushbu so‘zlariga: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar (Tavba surasi, 71-oyat) va: Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat) hamda: “Agar uni Payg‘ambarga yoki o‘zlaridan bo‘lgan amirlarga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o‘shalardan (so‘rab) bilaverar edilar” (Niso surasi, 83-oyat). Alloh bu oyatlarda ilmni va ilm ahlining fazilatini bayon qilib bermoqda. Ushbu oyatlarda Allohni ilm-ma’rifat bilan taniganlari uchun ilm ahli boshqa mo‘minlardan bir necha daraja yuqori turishlari ko‘rsatib berilgan.

Ikkinchisi: Ahli ilmni xatoga yo‘l qo‘ygan narsalari borasida haqorat qilish, omma nazdida shariatni tashuvchilar va shariatni naql qiluvchilarni tahqirlashga kiradi. Buning natijasida insonlarda shariatga bo‘lgan muhabbat zaiflashadi. Go‘yo ahli ilm insonlar nazdida baland maqom va yuksak darajada bo‘lmay qoladilar. Shunday bo‘lsa, ular dinni naql qilayotgan va shariatni muhofaza qilayotgan narsa borasida shubhaga tushadilar. Bu holatda ishlar vasvasa va turli fikrlarga aylanib qoladi. Odamlarga tushunarsiz bo‘lgan fikrlarni ahli ilmga qaytarish yo‘qoladi. Natijada iymon arkonlari uzilib ketadi. Shuning uchun olimlarni tahqirlash, sahobalarni yomonlik bilan zikr qilishga teng bo‘ladi. Shu maqsadda Tahoviy sahobalar roziyallohu anhum zikridan keyin olimlarni keltirdi”, deb ta’kidlaydi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, jamiyatda olimlarni yuqorida aytilgan mubtadi’ guruh va firqa vakillari singari tahqirlash natijasida insonlar orasida ilm ko‘tariladi va masalalarning yechimi johillarning qo‘lida qolishi muqarrar bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning: “Darhaqiqat, Alloh ilmni bandalardan tortib olmaydi, uni ulamolarni mahv qilish yo‘li bilan tortib olur. Odamlar birorta ham ulamo qolmaganidan dinni tushunmaydiganlarni o‘zlariga boshliq qilib oladilar. So‘ng, ulardan so‘raydilar. Ular bilmasdan fatvo aytadilar. O‘zlari ham adashadilar, o‘zgalarni ham adashtiradilar” degan hadislari shunga dalolat qiladi. 

Shuning uchun hozirgi kunda ilm olish imkoniyatlari har taraflama davlat tomonidan yaratilib berilgan bir paytda, mavjud olimlar hamda ustozlarning hayotiy va ilmiy tajribalaridan keng foydalanish va bu olingan bilimlarni yurt va jamiyat ravnaqi yo‘lida ishlatish davr talabiga aylangan. 

 

Habibullo Sagdiyev,

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa

doktori, dotsent

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry