26.07.2022
683

MOVAROUNNAHR TASAVVUFI VA MOTURIDIYLIK AQIDASI

Movarounnahrga hanafiylik ta’limoti Abu Hanifa hayotlik davridayoq Xuroson orqali kirib kela boshlagan. Ilk abbosiylar davrida Xurosonning Movarounnahr hududiga yaqin shaharlarida hanafiylar ustun bo‘lgani manbalarda qayd etiladi. Hanafiylik ta’limoti nafaqat fiqhiy, balki aqidaviy masalalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Shu bilan bir qatorda, dindagi ruhiy yo‘nalish, ya’ni tasavvuf ham Movarounnahrda hanafiylik ta’sirida bo‘ldi.

Movarounnahrdagi ilk tasavvuf davri Hakim Termiziy, Abu Bakr Kalobodiy, Yusuf Hamadoniy kabi shaxsiyatlar nomlari bilan bog‘liq. Yuqorida nomlari zikr etilgan allomalarning  аsarlarida aqida masalasida hanafiylik an’analari yaqqol aks etadi. Garchi yuqorida nomi keltirilgan olimlar Abu Mansur Moturidiyning asarlari bilan tanish bo‘lganlari haqida ma’lumotlar uchramasa-da, ammo ularning yo‘nalishi hanafiylik-moturidiylik tamoyillariga mutlaq to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf vakillari movarounnahrlik hanafiy faqihlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lganlar. Zero, aksar movarounnahrlik sufiylar fiqhda hanafiylik mazhabiga ergashganlar.

Movarounnahrning eng ko‘zga ko‘ringan hamda mintaqa tasavvufiy ta’limotlari asoslari yaratilishiga muhim hissa qo‘shgan Muhammad ibn Ali Hakim Termiziy (vaf. 932 y.) yashagan dastlabki davrda fiqhiy nuqtai nazardan hanafiy mazhabi keng tarqalgan edi. Hakim Termiziy ham hanafiy mazhabida bo‘lgan. Hakim Termiziyning hanafiy mazhabida bo‘lganini uning «Bayon al-farq» asarida imon haqida keltirgan quyidagi fikrlari ham tasdiqlaydi. Chunonchi, u bunday yozadi: «Imon jumhur ulamolar nazdida va shariatga ko‘ra Haqni tasdiq etish, qalb bilan qabul qilish va til bilan tasdiqlashdir. Imon o‘z zotiga ko‘ra quyosh kabi noqis bo‘lmaydi (kamaymaydi), lekin xuddi quyosh nurining tafti havoda bulut, tuman, qattiq issiq yoki qattiq sovuq turganda kamroq bo‘lgani kabi imon nurining tafti ham ba’zi sabablarga ko‘ra kamayadi». Ushbu qarashlar Abu Hanifaning «al-Fiqh al-akbar» asaridagi eng asosiy mavzulardan hisoblangan imon haqidagi fikrlariga to‘liq muvofiq keladi.

Mintaqadan ahli hadisning eng taniqli vakillari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Dorimiy va boshqa bir qancha buyuk muhaddislar yetishib chiqqaniga qaramasdan, bu yerda ahli ra’yning mavqei ancha baland edi. Buni siyosiy-ijtimoiy vaziyat bilan birga, albatta, mintaqadagi hanafiy mazhabi ulamolarining samarali faoliyatining natijasi, deb baholash mumkin.

Umuman olganda, Hakim Termiziy juda sermahsul alloma bo‘lgan. Uning 60 ga yaqin asari hamda savol bilan murojaat qilgan zamondoshlariga yozgan 200 dan ziyod risola va maktublari bizgacha yetib kelgan. Undan ko‘plab Movarounnahr sufiylari ta’sirlanganlar. Ayniqsa, naqshbandiya tariqati uchun uning asarlari katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Hakim Termiziyning asarlarida hanafiylik ta’siri yaqqol sezilib tursa-da, ammo ba’zi asarlarida hanafiylikdagi ayrim uslublarni tanqid qilib ketgan o‘rinlar ham uchraydi. Bunday o‘rinlarni zohiriy fiqhiy va botiniy sufiy qarashlarning nomutanosibligi, deb ham baholash mumkin. Hozirgi kun islom ulamolari asarlarida “tasavvufiy fiqh” atamasi qo‘llanilmoqda. Aynan Hakim Termiziy shu masalani o‘z davrida birinchilardan bo‘lib ilmiy asoslab chiqqan edi. Jumladan, misr muftiysi Ali Jum’a o‘z ma’ruzalarida zohiriy fiqh va sufiy fiqhni farqlagan. Sufiy fiqh o‘z navbatida botiniy fiqhdan boshqa ekanini ko‘rsatib beradi. Masalan “tahorat” fiqhiy jihatdan muayyan a’zolarni poklash bo‘lsa, sufiyona fiqh nuqtai nazaridan gunohlardan poklanish bosqichidan boshlanadi. Sufiy fiqh, ya’ni shar’iy ahkomlarning sufiyona talqini haqida Imom G‘azzoliy “Ihyo” asarida, undan oldinroq Hakim Termiziy “al-Akyos va-l-mug‘tarrin” asarida, Imom Qastaloniy “Asror as-siyom” asarida muhokama qilganlar. Ulardan keyingilar esa shu mazmunda ularning yo‘lini tutganlar. Xususan, Hakim Termiziy “al-Akyos va-l-mug‘tarrun” (Ziyraklar va o‘ziga rom bo‘lganlar) asarida tahorat olish misolida bu mavzuni batafsil ochib beradi: “O‘ziga rom bo‘lgan kishi tahoratida suvni ko‘p sarflab hammayog‘ini xo‘l qilib olib, shu ishi bilan tahoratini ulug‘lamoqchi bo‘ladi. Allohning buyrug‘ini to‘liq bajarganlik hissi uni egallab oladi, o‘z ichida g‘ururlana boshlaydi. Vaholanki, u tahorat odoblarini chetga surib qo‘yib, suv quyishga ko‘proq ahamiyat qaratadi. Uning zehni tahoratning hikmati, uning mazmun-mohiyati, shar’iy maqsadlaridan xoli. Ziyrak kishi esa, Allohning murodi va shariat maqsadlarini ko‘zlaydi”. 

Tasavvufning mintaqadagi keyingi rivojida buxorolik Abu Bakr Muhammad Kalobodiy (vaf. 990/995 y.) o‘rni muhim. Tasavvuf an’anasini tizimlashtirish maqsadida Kalobodiy tomonidan yozilgan “Taarruf li mazhab ahl at-tasavvuf” asarida Movarounnahr va boshqa mintaqa sufiylarining aqidaviy masalalar bo‘yicha qarashlari ochib berilgan. Asarda islomning ilk uch asrida tasavvufda ko‘tarilgan mavzular, sufiylarning qarashlari, ixtilofli masalalar jamlangan. Asar 75 bobdan iborat bo‘lib, uning 26 tasi aynan aqidaviy masalalarga bag‘ishlangan. “Taarruf”da 10 asrga qadar mintaqa sufiylarining fiqhiy, aqidaviy va tasavvufiy masalalarga qaratilgan qarashlari jamlangan. Kalobodiy kitobdagi uslubiga ko‘ra, avval bir masala bo‘yicha aksariyat sufiylarning fikrlarini, bu xususda nima deganlarini zikr qiladi, so‘ngra masalaga oid barcha fikrlarni keltiradi. Ko‘p o‘rinlarida shaxsiy munosabatini ham bildirib o‘tadi. 

G‘arb tadqiqotchilarining xulosasiga ko‘ra, Kalobodiy “Ta’arruf”da Movarounnahrning barcha ko‘zga ko‘ringan shayxlari Abu Hanifa izdoshlari bo‘lganini isbotlashga uringan. Shuningdek, Kalobodiy ta’limotining o‘ziga xos xususiyati ham shundaki, u shofeiy/ash’ariy va hanafiy/moturidiylarni ilohiyot-aqida masalalarida bir xil ko‘rishga intiladi. Moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlarini teng ko‘rish an’anasi keyinchalik ham bir qator olimlar asarlarida o‘z aksini topgan. Shulardan eng ko‘zga ko‘ringani, Sa’duddin Taftazoniy (vaf. 1390 y.)ning “Aqoid an-Nasafiyya” asariga yozgan sharhi hisoblanadi.

Kalobodiy o‘z asarida imon haqida sufiylar keltirgan barcha gaplarni keltirib, amal ham imondan ekani, imon ziyoda va noqis bo‘lishi haqidagi qarashiga moyil bo‘ladi. Ya’ni bu masalada Kalobodiy ahli hadis qarashlariga yaqin bo‘ladi. Umuman olganda, u yuqorida aytilganidek, shofeiy/ash’ariy va hanafiy/moturidiylarni ayrim ilohiyot-aqida masalalarida muvofiqlashtirishga, ular o‘rtasida deyarli ixtilof yo‘q, ekanini asoslab berishga intilgan.

Movarounnahrda xojagon va yassaviya tariqatlari shakllanishida muhim o‘rin tutgan mashhur sufiy Yusuf Hamadoniy (1048–1141) ham moturidiylik an’anasining davomchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Yassaviya tariqati eponimi – Ahmad Yassaviy va xojagon shayxi Abduxoliq G’ijduvoniyni tarbiyalagan Yusuf Hamadoniyning Markaziy Osiyo tariqatlari, xususan, naqshbandiya shakllanishidagi o‘rni juda muhim. Yusuf Hamadoniy haqida uning shogirdi Abduxoliq G‘ijduvoniy O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan “Risolai sohibiya” asarida shunday yozadi: “Yaxshi yoki yomon ortidan namoz o‘qir edilar, qibla ahlidan hech kimni kofir demas edilar. “Yaxshilik ham yomonlik ham taqdiri Xudodan”der edilar, Go‘r azobi, Munkar-Nakir savol-javobi haq, Rasul shafoati, me’roji haq, asharai mubashshara jannatiydir, diydori Haq taolo haq, anbiyolar avliyolardan afzaldir, imon haqiqatdir majoz emas. Imon kamaymaydi ham ko‘paymaydi ham, der edilar”. “Rutbat al-hayot” asarida esa Hamadoniy “imon va islom bir narsami?” savoliga bergan javobi ham uning aqidada hanafiylik yo‘lini tutganini isbotlaydi. Jumladan, u bunday deydi: “Yunus” surasidagi oyatda islom va imon kalimalari bir xil ma’noda qo‘llangan: “Muso dedi: «Ey qavmim! Allohga imon keltirgan ekansiz, bas, Unga tavakkul ham qilingiz, agar musulmon bo‘lsangiz, albatta». Sahih hadisi sharifda Payg‘ambar (a.s.)dan “Imon yetmishdan ortiq bo‘limdan iborat”, boshqa bir hadisda “Islom yetmishdan ziyod bo‘limdir”, deb rivoyat qilingan. Bu esa imonning islom, islomning esa imon ekaniga dalildir”. Ya’ni Yusuf Hamadoniy o‘z yo‘li – xojagon asosini hanafiy-moturidiy aqidasi tamoyillari ustiga barpo qilish tavsiyasini shogirdlariga bergan edi.

Yusuf Hamadoniyning shogirdi Ahmad Yassaviy “Devoni hikmat” asarida tasavvufiy mavzular bilan uyg‘un holda aqidaviy masalalarni ham muhokama qiladi. Jumladan, 18-hikmatda yozadi: 

Ojiz bo‘lib yotqanda, farishtalar kirganda

“Man Robbuk” (Robbing kim) deb so‘rganda na qilg‘ayman Xudoyo?

Eltib go‘rga qo‘yganda, yetti qadam yong‘anda

So‘rguvchilar kirganda, na qilg‘ayman Xudoyo?

83-hikmatda

Malak ul-mavt farmon birlar jonim olsa,

Og‘a ini barcha yig‘lab kuyub-yonsa,

Yetti qadam bosqandin so‘ng xabar bersa

Munkar-Nakir kirib savol so‘rar ermish.

Munkar-Nakir kirib savol so‘rur bo‘lsa,

Ul o‘tlig‘ amud birla urur bo‘lsa,

Yashin yoshnab jonu tanim o‘tqa yonsa

Qiynab jonim tor lahadda kuyor ermish.

Bu xususda Abu Hanifa «al-Fiqh al-akbar» asarida: “Qabrda Munkar va Nakir ismli farishtalarning kirib, marhumdan savol so‘rashlari haq va rostdir. Qabrda bandaga ruhning qaytarilishi, qabrning kofirlar va ba’zi gunohkor musulmonlarni siqishi, ularning qabr azobini tortishlari haq va rostdir”, deb yozgan. 

Yusuf Hamadoniydan keyin ham naqshbandiyada hanafiylik-moturidiylik an’analari davom etdi. Ayniqsa, naqshbandiya tariqatining nazariy tamoyillarini tartibga keltirgan mashhur naqshbandiy shayxi Xoja Muhammad Porso (1345–1419)ning ijodi ham naqshbandiya tariqatida moturidiya ta’limotining o‘rni naqadar muhim bo‘lganini ko‘rsatib beradi. Ma’lumki, Bahouddin Naqshbandning xalifalaridan Ya’qub Charxiy va ayniqsa, Xoja Muhammad Porso juda sermahsul ijod qilib, o‘zlarining asarlari bilan naqshbandiyaning tariqat sifatida shakllanishiga muhim hissa qo‘shgan. Porsoning naqshbandiya tariqati uchun dastur bo‘lib xizmat qilgan “Fasl al-xitob” asarida ham Imom Moturidiy haqida hamda uning ta’limotiga asoslangan aqidaviy masalalar yechimini ko‘rish mumkin. Ma’lumki, “Fasl al-xitob” asari naqshbandiylikda ensiklopedik ahamiyatga ega bo‘lib, unda 500 ga yaqin aqida, shariat, tariqat, diniy firqalarga oid masalalar hanafiylik nuqtai nazaridan muhokama qilingan.

Jumladan, Porso “Fasl al-xitob”da “Muqallidning imoni” haqidagi bobda Abu Hanifa, Abulhasan Rustug‘faniy hamda Abulhasan Ash’ariy va mo‘taziliylarning ixtilofli gaplarini keltirib o‘tgandan so‘ng, bu masalada moturidiyaga muvofiq ravishda “muqallidning imoni sahih”, deya xulosa qiladi: “Imon Allohning yagonaligi va boshqa sifatlarini qat’iy tasdiq etishdir. Qat’iy tasdiq yaxshi martabadir. Albatta, orif banda muqalliddan yuqori darajada. Muqallid haq yo‘lda bo‘lsa, u mo‘min hisoblanadi”. Moturidiylikda shahodat kalimasini taqlidan aytgan kishi ham mo‘min hisoblanadi. Ularning imoni zohiran e’tiborga olinadi, qalblarining holati Allohga havola qilinadi. Ash’ariylik ta’limotida esa, muqallidning imoni “diniy aqidalarlar uchun yetarli emas”, deb baholanadi. Jumladan, hanafiy ulamo Abdurahim ibn Ali Shayxzoda (vaf. 1538 y.) “Nazm al-faroid” asarining “Muqallidning imoni sahihmi yoki yo‘q?” deb nomlangan 26-faslida yozadi: “Jumhur hanafiy olimlari tavhid, nubuvvat kabi din arkonlariga taqlidan imon keltirgan kishining imoni sahih bo‘lishiga ittifoq qilganlar. Jumhur ash’ariy mashoyixlari esa, diniy arkonlarga tegishli masalalarda taqlidiy imon yetarli emas (adam al-iktifa’) ekanligini aytganlar. Shayx Ash’ariy taqlidchining imoni sahihligiga uning barcha masalalarda qat’iy aqliy dalillarni bilishini shart qilib qo‘ygan”.

Porso “Fasl al-xitob”da alohida faslni Imom Moturidiy va Hakim Samarqandiy vasfiga bag‘ishlaydi.

Porsoning boshqa bir muhim asari Abu Hanifaning “al-Fiqh al-akbar” asariga yozgan sharhi hisoblanadi. 

Bahouddin Naqshbandning yana bir xalifasi Ya’qub Charxiyning naqshbandiylar orasida eng ko‘p tarqalgan, asrlar davomida qayta-qayta nashr etilgan “Tafsiri Charxiy” asarida ham moturidiy va uning ta’limoti asosida aqidaviy masalalar muhokama qilingan. Tafsiri Charxiyda Imom Moturidiyni “Hazrati raisi millat”, “ahli sunna va jamoaning peshvosi” deb keltirilib, “Infitor”, “Shams” suralari tafsirida undan iqtiboslar keltiradi. Shuningdek, uning izdoshi Abul Muin Nasafiy (vaf. 1114 y.)ning “Tabsirat al-adilla” asaridan ham iqtiboslar keltirilgan.

Movarounnahr mintaqasida tasavvufning keyingi rivoji naqshbandiya-mujaddidiya tariqati bilan ko‘p jihatdan bog‘liq. Ma’lumki, naqshbandiya-mujaddidiyaning asoschisi hindistonlik Ahmad Sirhindiy (1564–1624) ham hanafiy mazhabi ta’limotining himoyachisi sifatida namoyon bo‘lgan. Mashhur “Maktubot” asarida hanafiy mazhabi ta’limotini boshqa mazhablardan ustun qo‘ygani uchun ham asosan boshqa mazhab ulamolari adabiyotlarida unga ta’nalar bildirilgan. Naqshbandiya-mujaddidiyaning Markaziy Osiyo mintaqadasigi eng yorqin vakili Musoxon Dahbediy asarlarida ham aynan moturidiylik tamoyillari ustuvor ekani ko‘zga tashlanadi. XVIII asrga kelib Buxoroda hukmronlik qilgan Mang‘itlar sulolasi davrida tariqatlar va shayxlarining faolligi birmuncha susaydi. Ayni vaqtda ildizi xojagon-naqshbandiya tariqatiga borib taqaladigan mujaddidiya tariqati Markaziy Osiyoda keng yoyila boshladi. Bu sulukning mazkur hududda yetakchi tariqatga aylanishi bevosita XVIII asrda yashab o‘tgan tariqat peshvosi hamda Maxdumi A’zamning yettinchi avlodi Muhammad Musoxonxo‘ja ibn Isoxo‘ja Dahbediy (vaf. 1776 y.) bilan bog‘lanadi. Taxminan 1756 yillarda Musoxon Dahbediy naqshbandiya tariqatini o‘z diyori – Movarounnahrga qaytarib olib keldi va rivojlantirdi. Musoxon Dahbediy faoliyatining muhim jihati ham aynan shunda namoyon bo‘ladi. Musoxon Dahbediyning bizga qadar yetib kelgan 10ga yaqin asari ichida “ad-Durr al-maknun” asarida tavhid masalasini batafsil ko‘rib chiqqan. Unga ko‘ra tavhid – Allohni yagona deb bilmoq, shunga dil bilan e’tiqod qilmoq va uni til bilan aytmoqdir. Tasavvufni Hindistondan O‘rta Osiyoga qayta olib kelgan bu shaxsning e’tiqodiy masalalar bo‘yicha yozgan ishlari moturidiylikka asoslangan.

Naqshbandiylikning yana bir yirik namoyandasi So‘fi Allohyor (1644–1724) o‘z asarlarida hanafiylik-moturidiylik an’anasi davomchisi va faol targ‘ibotchisi sifatida namoyon bo‘ladi. “Sabotul ojizin” asarida aqoid ilmini o‘rganish zarurligi shunday bayon qilingan: 

“Aqiyda bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldur”. 

Ya’ni zaruriy aqoidni bilmagan kishilar har qancha ibodat qilsalar ham sof aqidani bilmaganlari sababli qilgan ibodatlari ularga naf bermaydi. Asardagi aqidaviy masalalarni So‘fi Allohyor aynan moturidiylik tamoyillari asosida ochib beradi.

Erur jannatu do‘zax holo mavjud

Yaratibdur ani xalqiga Ma’bud.

Mo‘taziliylarga ko‘ra do‘zax va jannat hali yaratilgan emas.

Quyida ash’ariylar va moturidiylar o‘rtasidagi ixtilofli hisoblangan masalalarda So‘fi Allohyor yozgan narsalar qayd etiladi:

Xudodin har ne keldi rost bilg‘il

Tiling birla yana iqror qilg‘il

Musulmonlig‘ yo‘lida buldur imon

Muni bilmay kishi tongla pushaymon

Yaqin bilgilki, imon bo‘lmag‘ay kam

Erur birdek, ziyoda bo‘lmag‘ay ham.

Ash’ariylarga ko‘ra, imon – til bilan aytish, dil bilan tasdiqlash va shariat ruknlarini bajarishdir. Shundan kelib chiqib, imon ziyoda va nuqsonli bo‘ladi.

Yana bir o‘rinda:

Erur bir ma’noda imonu islom

Buni bilsa kerak har xosu har on.

Ash’ariylarga ko‘ra, imon va islom alohida tushunchalardir.

Shuningdek, imon maxluq yo maxluq emasligi to‘g‘risidagi masala ham moturidiya ta’limotiga ko‘ra bayon qilingan:

“Yana imonda aydi ahli tahqiq,

Xudodindur hidoyat birla tavfiq.

Xudoning fe’li ul maxluq emasdur,

Kishi hargiz ani maxluq demasdur”

Uch ming misradan ortiq hajmdagi “Sabot al-ojizin” asari butun turkiy xalqlar adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutishidan tashqari moturidiya ta’limotini talqin etuvchi mo‘tabar manzumadir. So‘fi Allohyor “Sabot al-ojizin”da aqidaviy masalalarni alohida emas, balki sufiyona dunyoqarash bilan mohirona omixtalashtirilgan holda o‘quvchiga taqdim etadi. 

Movarounnahrdagi tariqatlar shakllanish davrini ko‘radigan bo‘lsak bu jarayonlar ham aynan moturidiylik ta’siri ostida kechgani ayon bo‘ladi. Yassaviy va xojagon shayxlari aynan hanafiylik-moturidiylikning eng kuchli targ‘ibotchilari sifatida faoliyat yuritdilar. Asta-sekin tasavvufiy g‘oyalarning Movarounnahr ilmiy va badiiy adabiyotiga kirib borishi asnosida Ya’qub Charxiy, Xoja Muhammad Porso, Alisher Navoiy, So‘fi Allohyor, Boborahim Mashrab asarlarida moturidiylik ruhiyati yaqqol ko‘zga tashlana bordi. 

Buyuk mutasavvif shoir Alisher Navoiy esa sufiy va avliyo zotlar hayot yo‘llariga bag‘ishlagan “Nasoimul muhabbat” asarida Abu Mansur Moturidiyni avliyo sifatida vasf etadi.

Alisher Navoiy fiqhiy masalalarga bag‘ishlangan “Siroj al-muslimin” asarida moturidiylik an’anasining yorqin targ‘ibotchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Shoir mohirona tarzda aqidaviy masalalarni nazmda bayon qiladi:

Burun ul nimakim, farz etti Yazdon,

Erur oqilg‘a bolig‘ bo‘lgach imon.

Aning ma’nisidur til birla iqror,

Qo‘ngul birla inonmog‘lig‘ dag‘i bor.

Shuningdek, asarda shafoat, Allohning sifatlari, taqdir kabi e’tiqodiy masalalar aynan hanafiylik-moturidiylik an’anasi doirasida talqin qilingan.

Markaziy Osiyoda tashkil topgan yana bir tariqat – kubroviyada ham aqidaga oid masalalar ahli sunna va jamoa e’tiqodiga muvofiq bayon qilingan. Najmiddin Kubroning “Favoyih al-jamol” asarida “Valiyning alomatlari” bo‘limida valiylarga xos bo‘lgan “karomat”, “Risola ilal hoim”da qazoyu-qadar, “Usuli ashara”dagi tavba haqidagi matnlarda ham “hanafiylik-moturidiylik” an’anasi ko‘zga tashlanadi.

Asosan Farg‘ona vodiysida tarqalgan qodiriya tariqati namoyandalari ham aqida va fiqhiy mazhabda hanafiylik-moturidiylik an’anasiga ergashganlar. Vaholanki, bu tariqatning boshqa mintaqalardagi aksariyat vakillari shofe’iy/ash’ariylar yoki hanbaliylardir. Farg‘onada qodiriya tariqatining keng yoyilishini Qo‘qon xonlari davri bilan bog‘liq hisoblanadi. Qo‘qon xonlari qodiriy shayxlarga katta e’tibor ko‘rsatganlar. Qodiriya tariqati XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Farg‘ona adabiy muhitiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, natijada o‘z davrining mashhur ijodkorlari yetishib chiqdi. Masalan, farg‘onalik adiblardan Qoriy Xo‘qandiy (1828–1906), Muhammad Siddiq Rushdiy, Haziniy (1867–1923), Furqat, Xoniy (1884–1967) va boshqa mashhur shoirlarning qodiriya tariqatiga mansub ekanliklarini o‘z asarlarida aytib o‘tganlar. Masalan, Qoriy Xo‘qandiy o‘zi uchun Abdulqodir Giloniy – G‘avs al-a’zamni ma’naviy pir deb biladi: 

Bu dunyo uqbasidin ixtiyoricha o‘tolmaydur,

Hidoyat etgali G‘avsi zamon bir avliyo darkor,

Zamona oshnosiga ko‘ngulni bermag‘il Qoriy,

O‘zin oluda qilmoy soxlogon sohibduo darkor.

Qoriyning boshqa ko‘plab baytlari ham uning qodiriyaga mansubligini namoyon etadi:

Tariqi shayx Abdulqodir ushlab toji sar qilg‘on,

O‘tub kuyida Qoriy darbadar bo‘lg‘on qalandarman.

Furqat esa:

Yo g‘ulomi shayxi g‘avsi qodiriya, rahbarim

Bo‘ldingiz shahri Namanganda fano, aylang madad...

Furqatiy yo‘llarda qoldi G‘avsi A’zam dastgir,

Qo‘l tutarga yo‘q erur bir rahnamo, aylang madad.

Haziniyning Devonida shunday satrlar uchraydi:

Sulukim – qodiriya, rahbarimdur piru-piyronim,

Saharlar zikri ilallohni odat qilmasam bo‘lmas.

Shu bilan birga Haziniy Imomi A’zamga ergashishiga ishora qilib yozadi:

Ishq darsini o‘qurg‘a bir muallim topmadim,

Kimga aytsam, aytadur: “Ko‘fada No‘moning kerak”.

Yuqoridagi fikrlar Movarounnahr tasavvufi tariqatlari qandayligidan qat’i nazar, aqidada hanafiylik-moturidiylik an’anasiga ergashganini namoyon etadi.

XVIII asr ikkinchi yarmi Qo‘qon adabiy muhitida shakllangan iste’dodli naqshbandiy sufiy shoirlardan biri Azimxoja Eshon o‘zining o‘sha davr uchun yangicha dunyoqarashi va tasavvufiy g‘oyalarining keng ko‘lami bilan o‘zbek tasavvuf adabiyoti tarixida ma’lum iz qoldirgan ijodkor hisoblanadi. Garchi naqshbandiy tariqatiga mansub bo‘lsada, Azimiy taxallusi bilan tanilgan bu shaxsning ijodi yuqorida zikr etilgan Farg‘ona adabiy muhitida shakllangan qodiriy shoirlarga ta’sir ko‘rsatgan. Uning 4000 misradan ziyod adabiy merosi g‘azal, muxammas, musaddas, murabba’ va mustahzod janridagi she’rlarni o‘z ichiga olib, shoir ularda o‘zining hanafiylik mazhabi va naqshbandiylik yo‘lini tutganini bot-bot aytib o‘tadi. Xususan, “Murod al-oshiqin” devonidagi “Qulmiz” radifli g‘azalida yozadi: 

Erurmiz Abu Hanifa mazhab, Naqshbandiy nisbat ham,

Shariat naxlidan topgan samar, totgan mazo qulmiz.

Na’t musaddasda esa yana shunday yozadi:

Rasulni va’dasidin doxili shafoatmiz,

Suluki xufyadamiz Naqshbandiy nisbatmiz. 

Azimxo‘ja Eshon aqidaviy masalalarni, xususan Allohning sifatlari mavzusini o‘z she’rlarida aynan hanafiylik-moturidiylik tamoyillari asosida yoritib beradi. 

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, jahondagi barcha naqshbandiylar hanafiy mazhabida bo‘lib, moturidiy ta’limotiga ergashganlar, deb bo‘lmaydi. Misol tariqasida naqshbandiyaning xolidiya tarmog‘i asoschisi Xolid Naqshbandiy (1779–1826) manbalarda shofeiylik mazhabida ekanini ko‘rsatuvchi nisba bilan keltiriladi: Abulbaho Ziyouddin Xolid ibn Ahmad ibn Husayn Shahrazuriy Salafiy Shofeiy Naqshbandiy Mujaddidiy. Vaholanki, keyingi davr hanafiylarining eng ko‘zga ko‘ringan olimlaridan Ibn al-Obidin uning shogirdi hisoblanadi.

Xolid Naqshbandiyning aqidaga oid asarlarida uning ash’ariylikka moyil bo‘lgani namoyon bo‘ladi. Jumladan, Xolid Naqshbandiy o‘zining “al-Iqd al-javhariy fi-l-farq bayna qudrat al-abd va kasbihi inda al-Maturidiy va-l-Ash’ariy” asarining ko‘p o‘rinlarida Ash’ariyni maqtaydi, jumladan “uning aqidaga oid kitoblari qat’iy dalillar va ravshan isbotlar bilan to‘la, masalalar chuqur tadqiq qilingani va sharhlangani”ni ta’kidlaydi. Zero, u yashagan muhitida taniqli mo‘tazila va bid’atchi toifalar bilan ko‘p munozara qilgani bois shunga ehtiyoj bo‘lganini, Imom Moturidiy esa bid’atchi toifalardan uzoqda turgani tufayli salaf solihlarning yo‘lidan borib, ba’zi aqidaviy masalalarga chuqur kirishmagan, zero bunga ehtiyoj bo‘lmaganini aytib o‘tadi. So‘ngra o‘zining aqidada tutgan yo‘li haqida shunday yozadi: “Ushbu miskin bandaning mazhabi salafi solihlar mazhabi bo‘lgani, tutgan yo‘li ayni sahobiylar va yetakchi tobeiylar yo‘li siddiqiya tariqati bo‘lgani bois, u zotlar qaytargan (aqidaviy) masalalarga sho‘ng‘ishimda qiyinchilik bo‘ldi. Ammo bu masala muhim diniy masalalardan ekani (ummahat al-masail) hamda aksariyat e’tiqodiy masalalarning asosi ekani, unda mavjud mavhumlik va chalkashlik holati hamda masalalarning yoyilib ketib, aniqlik yo‘qligi tufayli bu borada Imom Ash’ariy va ikki mazhab mutaaxxir ulamolariga ergasha boshladim”. 

Bundan ko‘rish mumkinki, jahondagi hamma naqshbandiylar ham hanafiy emas. Naqshbandiya-xolidiya ulamolar o‘rtasida tezda nufuzga ega bo‘lib, uning takyalari usmoniylar imperiyasi bo‘ylab tarqalib ketgan. Naqshbandiya-xolidiya Hijoz orqali Indoneziya (1840 y.), Malayziya, Seylon, Mozambikka, Shimoliy Turkiya orqali Kavkazga yoyildi. Kavkazda naqshbandiya-xolidiya Imom Shomil boshchilik qilgan “myuridizm” harakatiga g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qilgan. Ayrim yetakchi g‘arb mutaxassislar qayd etganidek, Markaziy Osiyo tarixi ko‘p jihatdan mintaqadagi faol sufiy jamolar tarixidir. Ushbu qarash ma’lum ma’noda o‘z asoslariga ega ekan, Markaziy Osiyo tasavvufi tarixi va istiqboliga oid chuqur, qamrovli va izchil tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Movarounnahr mintaqasida hanafiy mazhabi keng tarqalgani bois, unga monand bo‘lgan moturidiylik ta’limoti asosida aqidaviy masalalar muhokama qilingan. Shu sababli mintaqa tasavvufi ham aqidaviy masalalarda moturidiylikka asoslangan. Tasavvuf Movarounnahr aholisi hayotida katta o‘rin egallagan. Ayniqsa, mo‘g‘ullar bosqini hamda undan keyingi davrlarda, ya’ni XIII asrdan keyin Movarounnahrda faqihlarning jamiyatga ta’siri kamayib, sufiylarning ta’sir doirasi kengaygani kuzatiladi. Aynan sufiylar hanafiylik ta’limotining davomchisi, himoyachisi va targ‘ibotchisi bo‘lib sahnaga chiqdilar. Ular hattoki hukmdorlardan shariat talablarini bajarishni talab qila oladigan darajaga yetdilar. Umuman olganda, Movarounnahrning aksar sufiylari fiqhda – hanafiy, aqidada – moturidiy, tariqatda – yassaviy, naqshbandiy bo‘lganlar.

Ibrohim Usmonov,

Tarix fanlari nomzodi, dotsent

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry