25.07.2022
430

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTIDA DINIY BAG’RIKENGLIK MASALASI

Bugungi kunda, butun dunyoda bag‘rikenlik va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslar paydo bo‘layotgani tom ma’nodagi do‘stlik qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Endi bevosita islom dinida bag‘rikenglik g‘oyalariga bo‘lgan munosabatga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qur’oni karimda insonlarning Alloh tomonidan qabila va elat qilib yartilgani alohida qayd etilgan: 

Oyat ma’nosi: Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik (Hujurot surasi, 13-oyat).

Qur’onning mazkur oyati donishmand va faylasuflar anglagan, tarix tasdiqlagan haqiqatni yana bir bor ta’kidlaydi. Dunyodagi bu turfa xillik Yaratganning irodasi va hikmati bilan bog‘liq. 

Demak, inson tabiatan madaniydir. Shu ma’nodaki, jamiyatsiz o‘z hayotini qura olmaydi, mukammal bo‘la olmaydi, orzu-umidlariga erisha olmaydi. Insonni o‘z muhiti “farzandi”, deyish mumkin. Chunki, uning ongi tarbiya topadigan muhitidagi mavjud odatlar, qarashlar ta’sirida shakllanadi. Bundan tashqari, tabiiy ravishda har bir insonning ichki dunyosi, mizoji, o‘y-fikrlari, mayllari, qobiliyatlari xilma-xilligi ham inobatga olinsa, kishilar va jamiyatlardagi xohish-istaklar, manfaatlar to‘qnashuvini tabiiy hol sifatida qabul qilish mumkin.

Imom Moturidiy inson uchun aql va tafakkur degan tushunchalar Alloh tomonidan beriladigan eng asosiy ne’mat ekanini alohida qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, insonga aql berilgandan so‘ng, albatta inson bu aqlni ishga solib tafakkur qilishi va hayotda o‘z o‘rnini topishi zarur. 

Abu Mansur al-Moturidiy insonga ta’rif berishda uning sohibi aql ekanini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Imom Moturidiy inson degan tushuncha uning irqi, millati va dinidan qat’i nazar, Alloh tomonidan yaratilgan mukammal mavjudot va U zotning boshqa mavjudotlari orasida eng azizi ekanini alohida uqtiradi.

Imom Moturidiy insonning boshqa mavjudotlardan ajralib turishiga Qur’ondan Isro surasi, 70-oyatni dalil keltiradi:

Oyat ma’nosi: Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik va ularni barru-bahrda – quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) chiqarib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va ularni O‘zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo‘ydik.

Moturidiyning ta’kidlashicha, Alloh ushbu oyatda insonni go‘zal qiyofada, go‘zal xulqda yaratib qo‘ygan hamda unga yaxshilik bilan yomonlik, tinchlik bilan zo‘ravonlik, baxillik bilan saxovatni bir-biridan ajratib olishi uchun aql degan ulug‘ ne’matni ato etganiga urg‘u bermoqda. Ushbu fikrlariga Imom Moturidiy Qur’ondan Tiyn surasi, 4-oyatni dalil keltiradi: 

Oyat ma’nosi: Darhaqiqat, Biz insonni eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratdik. 

Imom Moturidiy Isro surasidagi 70-oyat orqali insonning Allohning boshqa maxluqotlaridan farqli ravishda yashashi kerakligini alohida uqtiradi va har bir inson (irqi, millati, dinidan qat’i nazar) go‘zal xulqda bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi. Imom Moturidiy “Ta’vilot al-Qur’on al-karim” nomli tafsirida shunday deydi:

فعل احلسن فرض واجب على كل أحد

“Yaxshi (go‘zal) fe’lda (xulqda) bo‘lishlik har bir inson uchun farz va vojibdir (zarur)”.

Moturidiy inson Alloh tomonidan yaratilgan boshqa maxluqotlar orasida eng aziz va sharafli bo‘lishiga qaramasdan, u ham oxir oqibat o‘limga ro‘baro‘ kelishini ta’kidlaydi va o‘lim degan tushuncha, xavotir insonni doim xushyorlikka chaqirib turuvchi vosita ekanini bildiradi.

Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan ta’limotda boshqa dinlarga bo‘lgan munosabatda bag‘rikenglik izlarini o‘rganishga harakat qilamiz. Birinchi navbatda moturidiya ta’limotining samoviy dinlarga bo‘lgan munosabatini tahlil qilishga harakat qilamiz. 

Moturidiya ta’limotidagi diniy bag‘rikenglik mavzusini va o‘zga din vakillari bilan muomala qilish uslubini uning asoschisi shaxsida ochib berish maqsadga muvofiq. Bunda bizga Abu Mansur al-Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on al-karim” nomli kitobida mavzuimizga tegishli oyatlar tafsiridan foydalanish fikr va hulosalarimizni kengroq, tushunarli yoritib berishga asos bo‘ladi. 

Imom Moturidiyning “Ta’vilot” nomli asarida mavzuga tegishli oyatlarga bergan tafsiriga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yuqorida aytib o‘tilgan ikkita xususiyatni ko‘rishimiz mumkin.

Moturidiyning din tushunchasida “tavhid” masalasi eng asosiy markazda bo‘lgan. Moturidiy kalom ilmida tavhid nazariyasini barcha narsalardan ustun qo‘ygan va o‘zining maxsus e’tiqodiy sistemasini yaratgan. Buning natijasida u inson qanday dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, Yagona Allohni bilishini eng asosiy masala sifatida ko‘rgan. 

Imom Moturidiy din bilan shariat va imon bilan amal alohida-alohida narsa ekanini qat’iy ta’kidlagan. Bunday keskin e’tiqod hanafiya va moturidiya ta’limotlaridan boshqa ta’limotlarda uchramaydi. Hatto, sunniylikka yaqin bo‘lgan ash’ariylar ham din bilan shariat hamda imon bilan amalni bir narsa sifatida e’tirof etganlar. 

Imom Moturidiyning aynan mana shu aqidasi uning ta’limotida bag‘rikenglik izlarining namoyon bo‘lishiga eshik ochib bergan. U din bilan bog‘liq barcha oyatlarni tafsir qilishda shubhasiz, islom dinini birinchi ustunga qo‘yadi. U islom ilohiy dinlar orasida eng so‘nggi va mukammal din ekanini alohida ta’kidlaydi. 

Imom Moturidiyga ko‘ra, samoviy dinlarning asli o‘zgarmaydi, u haq, sof bo‘lib, ilohiy fitratga asoslangan. Hanif, xolis va muxlis so‘zlarining ma’nolari haqiqatga olib boradigan “haq din” yoki “tavhid”ni ifodalaydi. Olim ushbu fikrlariga Yunus surasi, 105-oyatni dalil keltirgan: 

Oyat ma’nosi: Va (menga buyurilganki), o‘zingizni doimo to‘g‘ri bo‘lgan dinda (islomda) tuting, hargiz mushriklardan bo‘lmang!

Olim ushbu oyatga tayanib, har bir zamonda payg‘ambarlarga yuborilgan din haq din bo‘lgani va bu dinlardan boshqasiga e’tiqod qilingan din qabul qilinmasligini ta’kidlagan. 

Imom Moturidiyga ko‘ra, din barcha payg‘ambarlarga yuborilgan va insonlarga yetkazilishi kerak bo‘lgan o‘zgarmaydigan tizimdir. Payg‘ambarlarning dinlari bir-biriga hech qachon xilof bo‘lmaydi. Barcha payg‘ambarlarning dini birdir, ya’ni tavhid (yakkaxudolik) dinidir. Imom Moturidiy ushbu fikrlarini An’om surasi, 90-oyatning tafsirida ta’kidlagan: 

Oyat ma’nosi: Ana o‘sha (yuqorida mazkur bo‘lgan zotlar) Alloh hidoyat qilgan kishilardir. Bas, o‘shalarning yo‘llarigagina ergashing! Ayting (ey Muhammad); «Men sizlardan buning uchun (ya’ni Qur’on uchun) haq so‘ramayman. Bu (Kitob) butun olamlar uchun eslatma (hujjat)dir, xolos». 

Imom Moturidiy aqidasiga ko‘ra, shariat payg‘ambarlarga berilgan yo‘ldir. Bir payg‘ambarning shariati boshqa payg‘ambarning shariatidan farqli bo‘lishi tabiiydir. Shariatlar o‘zgarishi, bir-birini nasx qilishi mumkin. Imom Moturidiy ushbu qarashlarini Moida surasi, 48-oyatning tafsirida bayon qilgan:

Oyat ma’nosi: Sizga esa (ey Muhammad), o‘zidan oldingi kitob(larni) tasdiqlaguvchi va u (kitoblar) ustida guvoh bo‘lgan bu Kitobni haqqirost nozil qildik. Bas, odamlar o‘rtasida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qiling va Sizga kelgan Haqdan yuz o‘girib, ularning havoyi nafslariga ergashmang! Sizlardan har bir millat (ya’ni din) uchun (alohida) shariat va yo‘l qilib qo‘ydik. Agar Alloh xohlasa edi, hammangizni bir millat qilib qo‘ygan bo‘lur edi. Lekin o‘zi ato etgan narsalarda sizlarni imtihon qilish uchun (har bir millatga alohida shariat yo‘l qilib qo‘ydi). Bas, yaxshi amallarga shoshilingiz! Barchangiz Allohga qaytishingiz bor. So‘ng u zot sizlarga ixtilof qilguvchi bo‘lgan narsalaringizning xabarini berur.

Lekin Imom Moturidiy barcha samoviy dinlar orasida islom dinini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Uning ta’kidlashicha, har qanday ilohiy din keyingi payg‘ambarga yuborilgan din hukmi bilan o‘z mavqeini yo‘qotadi. Lekin ilohiy din sifatida uning qadri saqlanib qoladi. Imom Moturidiy ushbu fikrlarini Oli Imron surasi, 85-oyatning tafsirida bayon qilgan: 

Oyat ma’nosi: Kimda-kim Islomdan o‘zga din istasa, bas (uning «dini» Alloh huzurida) hargiz qabul qilinmaydi va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardandir.

Imom Moturidiyning boshqa dinlardan islom dinini ustun qo‘yishi tabiiy holdir. Chunki har bir musulmon o‘z e’tiqodini himoya qilishi va e’zozlashi farz amalidir. Lekin olim islom dinida diniy bag‘rikenglik katta ahamiyat kasb etishini “Ta’vilot” tafsirining bir qancha o‘rinlarda alohida qayd etib o‘tgan.

Imom Moturidiyning ta’kidlashicha, din ta’ziq va majburlash orqali qabul qilinmasligi zarur. Din ochiq-oydin yuborilgan va shu sababli har bir inson uni ixtiyoriy ravishda tanlab olishi kerak. Shunga ko‘ra, din imon ishidir, imon esa qalbning harakati tufayli ro‘yobga chiqadi. Insonlarning qalblariga hech qanday bosim yoki majburlash mumkin emas. Imom Moturidiy ushbu fikrlarini Baqara surasining 256-oyatini tafsir qilishda bildirgan:

Oyat ma’nosi: Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajralib bo‘ldi. 

Imom Moturidiy An’om surasining 90-oyati tavsirida ta’kidlashicha, Alloh ibodatlarni insonlarga sevdiradi va shundagina inson dinni tanlaydi: 

Oyat ma’nosi: Ana o‘sha (yuqorida mazkur bo‘lgan zotlar) Alloh hidoyat qilgan kishilardir. Bas, o‘shalarning yo‘llarigagina ergashing..! Imom Moturidiyning ta’kidlashicha, insonning qiladigan amallari, ya’ni imon keltirishi boshqalar uchun emas, balki uning o‘zi uchun kerakligi va bunda insonning o‘z ixtiyorida bo‘lishi lozim. Olim bu fikrlariga Kahf surasining 29-oyatini dalil keltiradi: 

Oyat ma’nosi: Ayting: «(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin».

 Imom Moturidiy insonni biron dinga majburlash noto‘g‘ri ekaniga quyidagi so‘zlarni dalil keltiradi:

إنـي بلغـت الرسـالة إليكـم فـا أكرهكـم أنـا علـى اإلسـام وال أحـد سـواي، فمـن شـاء منكـم فليؤمـن ومـن شـاء فليكفـر،.فإنـه إنمـا يؤمـن باختيـاره ومشـيئته، ومـن كفـر فإنمـا يكفـر باختـاره ومشـيئته ال يكـره علـى ذلـك

Turk tadqiqotchisi Saffet Sarikaya o‘z maqolasida yuqoridagi matnni hadis deb atagan. Lekin ushbu matnni tahlil qilganimizda, u hadis emasligi va bironta muhaddisdan rivoyat qilinmagani ma’lum bo‘ldi. “Ta’vilot” matniga e’tibor qaratganimizda, Imom Moturidiy ushbu matnni boshqa mufassirlarning so‘zi sifatida keltirgan va hadis yoki hadis emasligiga oydinlik kiritmagan. 

Moturidiya ta’limotida bag‘rikenglik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladigan yana bir masala, bu – insonlarga rahm-shafqatda bo‘lishlik hamda adolatli muomala qilishlikdir. Imom Moturidiy ushbu masalani Oli Imron surasining 159-oyatini tafsir qilishda bayon qilgan:

Oyat ma’nosi: (Ey Muhammad) Alloh tomonidan bo‘lgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq so‘zli bo‘ldingiz. Agar qo‘pol, qattiq dil bulganingizda edi, albatta atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lar edilar. Bas, ularni afv eting, ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rang va ishlaringizda ularga maslahat soling! Endi (maslahat qilgach, biron ishni) qasd qilsangiz, Allohga suyaning – tavakkal qiling! Albatta Alloh O‘ziga suyanib (ish qilguvchilarni) sevadi.

Ushbu oyatning tafsirida Imom Moturidiy shunday deydi: “Dunyolarning Robbisi o‘zining Alloh va Rahmon ismlarini Fotiha surasining boshiga xos qilib qo‘ygan. Kimki Allohning Rahmon ismiga tajalliy qilib (suyanib) imon keltirsa, najot topadi hamda bu dunyoda turli xavotir va havflardan omonda bo‘lgan”.

Imom Moturidiyning ta’kidlashicha, Allohning mehribonligi va rahmatini idrok eta olgan inson boshqalar orasida sevgi, shafqat va rahmdillikni namoyon qila oladi. Aslida ham, yer yuzidagi jamiki insonlar va boshqa mavjudotlar orasidagi mehr va muhabbatning ifodalanishi Allohning Rahmon sifati bilan namoyon bo‘ladi. 

Imom Moturidiy insonlar orasida rahm-shafqat va bag‘rikenglikning tarqalishi yer yuzida hayotning gullab-yashnashiga eng asosiy vosita ekanini qat’iy uqtiradi. Olim bu o‘rinda insonlarning bir-birlari bilan doim adolatda bo‘lishlari kerakligini ta’kidlaydi. U ushbu fikrlarini Mumtahana surasining 8-oyati tafsirida bayon qiladi: 

Oyat ma’nosi: Alloh sizlarni dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan – ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizda qaytarmas. Albatta Alloh adolat qilguvchilarni sevar. 

Imom Moturidiy o‘z asarida Moida surasining 8-oyatini tafsir qilar ekan, bag‘rikenglik va adolat tamoyillarini shu darajada yuqori cho‘qqiga ko‘taradiki, hatto insonlar orasida o‘zaro dushmanlik avj olgan joyda ham ikki tomon adolatdan chetga chiqmasligi va inson faqat o‘z do‘stlariga emas, balki dushmanlariga ham o‘rnida adolatli muomalada bo‘lishligi zarur ekanini ta’kidlaydi: 

Oyat ma’nosi: Ey mo‘minlar, Allohning O’zi uchun haq yo‘lni tutguvchi, adolat bilan shahodat guvohlik berguvchi bo‘lingiz! Biron qavmni yomon ko‘rishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin! Adolat qilingiz! Shu taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. 

Yuqorida Imom Moturidiyning samoviy dinlarga nisbatan munosabati haqida to‘xtaldik. Endi ilohiy dinlarga ters bo‘lgan aroziy dinlarga va unga ibodat qiluvchilarga moturidiya ta’limotida qanday munosabat bildirilganini tahlil qilamiz. 

Xuddi tarixda bo‘lgani kabi, bugungi kunda ham insonlar tomonidan to‘qib olingan dinlarga, but va sanamlarga ibodat qiluvchilarga nisbatan ayrim musulmonlarning munosabati agressiv bo‘lib qolmoqda. Islom dinida Allohdan boshqa narsaga sig‘ingan kimsaga mushrik deyilishi hammaga ma’lum. Lekin ayrim musulmonlar hissiyotga berilgan holda, bunday toifadagi odamlar bilan umuman muloqot qilmaslikka targ‘ib qiladilar. Ular o‘zlariga Qur’ondan Tavba surasi, 28-oyatni dalil qilib oladilar:

Oyat ma’nosi: Ey mo‘minlar, hech shak-shubhasiz, mushriklar nopok kimsalardir, bas, (ular) bu yildan so‘ng Masjid-al-Haromga yaqin kelmasinlar! Agar sizlar (mushriklar haj mavsumida Makkaga keltiradigan oziq-ovqatlar va boshqa narsalar to‘xtab qolishi sababli) kambag‘allikdan qo‘rqsangizlar, (bilingki) yaqinda (Alloh) xohlasa, O’z fazlu karami bilan sizlarni boy-badavlat qilajak. Albatta, Alloh bilim va hikmat sohibidir.

Aynan ushbu oyatni Imom Moturidiy qanday tafsir qilganiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Imom Moturidiy ushbu oyatdagi “hech shak-shubhasiz, mushriklar nopok kimsalardir” kalimasiga e’tibor qaratib shunday deydi: “Bu yerda “najas” (نجس (kalimasi mushriklarning fe’llariga, ya’ni qilayotgan shirk amallariga nisbatan qo‘llanilgan”.

 Imom Moturidiy bu yerda mushrikning ham inson ekaniga urg‘u beradi va Alloh shirk kabi boshqa ayrim katta gunohlarni nopok, ya’ni “rijs” (رجس (deb atab, mo‘minlarni undan chetlashishga buyurganini ta’kidlaydi. Olim ushbu fikriga Qur’ondan Moida surasi, 90-oyatni misol keltiradi:

Oyat ma’nosi: Ey mo‘minlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar (ya’ni ularga sig‘inish) va cho‘plar (ya’ni cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning xar biridan uzoq bo‘lingiz! 

Imom Moturidiyning ta’kidlashicha, ushbu oyat orqali mo‘minlar Alloh shaytonning ishi, nopok ishlardan chetlashishga chaqirmoqda. Lekin bironta mo‘min ushbu amallarni nafsiga berilib bajarib qo‘ysa, u nopok bo‘lib qolmaydi, balki fe’li nopok bo‘lib, xilqati esa hazrati inson sifatida qolaveradi.

Shu sababli olimning yuqoridagi fikridan biz inson hatto Allohdan boshqa mavjudotga sig‘insa ham, u inson degan maqomida saqlanib qolishiga urg‘u berayotganini anglab olishimiz mumkin bo‘ladi. Demak, moturidiya ta’limotida musulmon inson o‘zining e’tiqodiga asoslanib boshqa din vakillariga, hatto u ilohiy din bo‘lmasa ham, bag‘rikenglik asosida muomalada bo‘lishi moturidiya ta’limotining targ‘ibi sifatida e’tirof etishimizga asos bordir. 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilot” asarida keltirilgan bag‘rikenglik g‘oyalarini bugungi kunda jamiyatimizda aholi orasida tinchlik, totuvlik va hamjihatlikni ta’minlashda targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.

Xalilulloh Saydakbarov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Dinshunoslik yo‘nalishi talabasi

 

Qo‘shimcha malumot

ISLOM TINCHLIK VA HAMJIHATLIK DINI (1-qism)
Islom o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safrlashga, turli fitna va o‘zaro...
Tinchlik va osoyishtalik – oliy ne’mat!
Ma’lumki, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biridir. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘...
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdid
XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry